Hamshiralar akademiyasi tashkil etiladi

    Ta'lim 21 Iyun 2023 2315

    “Maʼmuriy islohotlar doirasida sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Prezident qarori (PQ–197-son, 20.06.2023-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishning quyidagilarni nazarda tutuvchi takomillashtirilgan tizimi joriy etiladi:

    • tuman (shahar) darajasida ambulator va statsionar sharoitda aholining eng koʻp murojaatlariga sabab boʻlayotgan kasalliklar va holatlarni inobatga olgan holda, Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxati shakllantiriladi;
    • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari shifokorlari tegishli hududda eng koʻp tarqalgan kasalliklar va holatlar boʻyicha qisqa muddatli kurslarda oʻqitiladi.

    2024-yildan yillik tibbiy koʻriklar doirasida nuroniylarni maqsadli skriningdan oʻtkazish dasturlari joriy etiladi.

    2023/2024 oʻquv yilidan quyidagilar tashkil etiladi:

    • Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi negizida Hamshiralar akademiyasi;
    • tibbiyot kollejlari negizida Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari;

    Shuningdek, quyidagilar joriy etiladi:

    • tibbiyot OTMda oʻqish muddati 4 yillik “oliy malakali hamshira” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash;
    • texnikumlarning takliflari asosida qabul parametrlari hamda qoʻshimcha ravishda tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish tartibi;
    • tibbiyot yoʻnalishidagi davlat OTM talabalarining bilimlarini 2 bosqichli (fundamental va klinik-amaliy koʻnikmalar) baholash va ularning malakasini tasdiqlash milliy tizimi;
    • tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan uzluksiz kasbiy taʼlim portali.

    Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlariga malaka oshirish kurslarini joriy etish huquqi beriladi.

    Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirish jarayonlari toʻliq raqamlashtiriladi.

    2023-yil yakunigacha:

    • barcha nodavlat tibbiyot tashkilotlari Sogʻliqni saqlash vazirligining maxsus axborot tizimiga ulanadi;
    • nodavlat tibbiyot tashkilotining xodimlari, tibbiy texnikasi, xizmat turlari, tibbiy statistika va boshqa hisobotlari monitoringi yuritiladi;
    • tibbiy faoliyatni nazorat qilishda “xavfni tahlil qilish” tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Shuningdek, quyidagilar tashkil etiladi:

    - Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi;

    - Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi;

    - Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi.