Har bir oʻquvchi qalbida isteʼdod yashiringan boʻladi

    Bo'sh vaqtda 11 Noyabr 2021 3611

    Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Ijodiy- madaniy ishlar boʻyicha targʻibotchi” lavozim yoki ish oʻrnining tashkil etilishi men kabi yuzlab insonlarning hayotini tubdan oʻzgartirdi.

    Maktabni tugatishim bilanoq yana shu maktabning oʻzida ish faoliyatimni boshlab, boshqa maktablarda turli vazifalarda ishlasam ham mana shunday bir lavozim, ish oʻrni boʻlishini ich-ichimdan orzu qilar edim.

    2000-yil maktabni tugatib oliy oʻquv yurtiga maʼlum bir sabablarga koʻra oʻqishga kirolmadim. 2002-yilda esa pedagogika kollejida tahsil olib, maktabdagi ish faoliyatimni davom ettirdim. Oʻquvchilik davrimdan kitobga oshno boʻlib sheʼr va hikoyalar mashq qilib turardim, ammo hech qachon ularning ustida jiddiy ishlamas edim. Baʼzan maktabda turli tadbirlarda sahna koʻrinishlarini ham oʻzim yozib sahnalashtirardim. Yozganlarim esa keyinchalik esimdan chiqib ketar yoki shunchaki daftar varaqlarida qolib ketardi...

    Bunday oʻylab qarasam, bugungi kunda ham qanchadan-qancha oʻquvchi yoshlarning isteʼdodlari togʻ jinslari orasida koʻmilib yotgan olmoslar kabi mavjud, ammo yashirin va nomaʼlum holda qolib ketyapti. Bu borada boshlangan shu ishlar, aynan ana shunday olmoslarni yuzaga chiqarishga qaratilgandek, goʻyo. Oʻquvchi yoshlar bilan yaqindan ishlab, ularning isteʼdodlarini anglab, toʻgʻri yoʻnaltirish olmoslarni topibgina qolmay, unga ishlov berish ham demakdir. Oʻtgan qisqa davr mobaynida olib borilgan ishlar natijalarini birgina “Targʻibotchi” jurnali yoki mahalliy gazetalarda chop etilayotgan oʻquvchi yoshlarning ijod namunalaridan koʻrib turibmiz. Nafaqat oʻquvchilar, balki ularning ustozlari ham oʻz qoralamalarini taqdim etib, oʻzlarining ochilmagan qirralarini kashf etyaptilar. Ajablanarli joyi shundaki, aynan ijodkor deb izlab topilayotgan oʻquvchilarimizning aksariyati tabiatan oʻta uyatchan yoki oʻta sergap boʻlib, baʼzilarini bir koʻrishda adabiyotdan yiroqda deb oʻylaysan kishi. Bundan koʻrinib turibdiki har bir oʻquvchining oʻz olami, yashirin qobiliyati mavjud.

    Yuqori sinflarda, yaʼni oʻtish davridagi yigit-qizlarning baʼzilari qandaydir qoʻrs yoki jizzaki boʻlib koʻrinmasin, ular bilan muloqotda boʻlganingda ichki olami umuman boshqacha ekanini anglaysan. Ularning baʼzilari aktyorlikka, sportga hech boʻlmaganda eng past oʻzlashtirayotgani texnikayu tikuvchilikka qiziqishi va iqtidori borligini payqaysan. Bu esa bugungi kun ustozi shaxsan targʻibotchisi nafaqat ijodiy- madaniy ishlar boʻyicha targʻibotchi, balki chin maʼnoda feʼli keng ruhshunos ham boʻlishi kerak demakdir. Zero targʻibotchi aynan oʻquvchilar bilan faoliyat olib borar ekan, ularning koʻngliga yoʻl topa bilishi, sirlasha olishi, ulardagi yashirin qobiliyatlarni shunday yuzaga chiqarishi lozimki, bundan beixtiyor oʻquvchining oʻzi ham joʻshqinlanib, ilhomlanib yanada yorqinroq porlashga harakat qilsin.

    Gulasal Jumaniyazova,

    Tuproqqalʼa tumani

    9-sonli maktabning

    Ijodiy- madaniy ishlar boʻyicha

    targʻibotchisi.