Har tuni qadrli, har tongi farahbaxsh

    Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!

    Ayni kunlarda ona diyorimizda yasharish va yangilanish ramzi, sharqona yangi yil — Navroʻzi olamni kutib olish va uni keng nishonlashga alohida tayyorgarlik koʻrilmoqda. Prezidentimizning “2024-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori qadimiy va asl milliy bayramimizni oʻziga xos oʻtkazish yoʻlida muhim hujjat boʻldi.

    Navroʻz bayramining asl mazmun-mohiyati, tarixi, oʻlmas qadriyatlari va yana qaysi mamlakatlarda u keng nishonlanishi toʻgʻrisida barchamiz ham toʻliq tasavvurga egamizmi? Navroʻzning milliy qadriyatlarimiz bilan bogʻliq qanday jihatlari bor? Uni bayram sifatida nishonlash tarixi qaysi davrlarga borib taqaladi? Qaysi davlatlarda qachon, qay maqsadda nishonlanadi?

    Qadriyatlarga yuksak ehtirom

    — Navroʻz oddiy bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha va tasavvurlari, qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan, millat bilan ulgʻayib, millat bilan birga taraqqiy etgan, necha zamonlardan buyon elimizni eʼzozlab, yurtimizni ulugʻlab kelayotgan bayramdir, — deydi tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov. — Bu ayyom oʻzining qadimiyligi, tabiatimizga uygʻunligi, mazmun-mohiyatining teranligi bilan boshqa bayramlardan ajralib turadi. Shu shukuhli kunlarda odamlarning bir-biriga mehr-oqibati, bemorlarga, imkoniyati cheklanganlarga koʻmak berishi, qarindosh-urugʻlar holidan xabar olishi, yoshi ulugʻlarning duosini olib, tevarak-atrofni va qabristonlarni tozalash, obodonlashtirish uchun hashar tashkil etilishi ushbu bayramning azaliy udumlaridan eng asosiylari hisoblanadi. Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida ushbu bayramni munosib nishonlashga katta taraddud koʻrilmoqda. Zero, uch ming yildan ziyod tarixga ega Navroʻz — sharqona Yilboshi yangilanish, yasharish va bahor nafasini boshlab kelishi bilan ham qadrli va suyukli hisoblanadi. Yurtimiz mustaqillikka erishganidan soʻng uning nufuzi yanada oshdi. Har yili Navroʻz bayrami arafasida ulugʻ sana munosabati bilan davlat rahbarining qarori qabul qilinishi bejiz emas. Joriy yilda ham Prezidentimizning tegishli qarori asosida inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlikni aks ettiradigan, bugungi osoyishta hayotimizni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga undaydigan, maʼno-mazmuniga koʻra gʻoyat taʼsirchan usullarda nishonlash rejalashtirilgan. Ha, ushbu bahor ayyomini har yili davlatimiz rahbarining qarori asosida nishonlashga oʻrganib qolganmiz. Chunki bu bayramga hayotimizdagi barcha oʻzgarish va yangilanishlar, zafarli yutuqlar uchun debocha — yangi davrning boshlanishi deb qaraladi.

    “Har tuning qadr oʻlubon, har kuning oʻlsun Navroʻz!”

    — Kun tunga teng boʻlgan va har bir keyingi keladigan tundan bir necha daqiqani yorugʻlik foydasiga tortib oladigan, yangilanish davri, yangi quyosh yili boshlanadigan kun — Navroʻz, — deydi filologiya fanlari doktori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Muslihiddin Muhiddinov. — Ajdodlarimiz Navroʻz bayramini yangi yilning boshi hisoblab, faslning qanday kelishi, qay tarzda boshlanishiga qarab yil davomida dehqonchilik, chorvachilik, tijorat va umuman, hayotning barcha jabhalarida sodir boʻladigan voqea-hodisalar haqida maʼlum xulosalarini yozib qoldirgan. Shu asosda “Solnoma”, “Navroʻznoma”, “Meʼrojnoma” kabi asarlar bitilgan. Aslida, bu bayram, avvalo, yaratuvchilik va xotirjamlik bayrami deb hisoblanadi. Bayramning eng muhim maʼnosi — uning maʼnaviy va madaniy hayotdagi, tinchlik va totuvlikni, mehr-oqibat hamda insonparvarlik gʻoyasini, doʻstlik va oʻzaro yordamni mustahkamlashdagi rolidir. Yaʼni qarindosh-urugʻni yoʻqlash, xonadonlarda milliy taomlar tayyorlanishi va gina-kuduratlar unutilishidir. Hazrat Alisher Navoiyning “Har tuning qadr oʻlubon, har kuning oʻlsun Navroʻz!” degan bitiklari bugun ham xalqimizga xayrixoh. Yangi Oʻzbekistonimizning har tuniyu kunini hikmatu maʼrifati bilan ulayotgan muqaddas Ramazon oyi ofiyat va farovonlik nafasini yurtimiz uzra yoymoqda. Bugungi kunda yuritilayotgan oqilona ijtimoiy siyosat bayramona kayfiyat sururini jadallashtirar ekan, xalqimizning har tuni qadrli, har tongi farahbaxsh boʻlishini tasdiqlayotgandek.

    Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Navroʻz oʻzining oʻlmas ruhi, umuminsoniy gʻoyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur oʻrin egallamoqda.

    Fasllar almashinuvi

    — Biz har yili Navroʻz bayramini oʻzgacha hayajon bilan nishonlaymiz va har yili yangidan yangi qirralarini, asrlar boʻyi sir-sinoat boʻlib kelayotgan jihatlarini kashf etib boraveramiz. Tarix bu — shunchaki raqamlardangina iborat emas. U har bir xalqning tushuncha va tasavvurlari, quvonchu tashvishlari, orzu-umidlarini ham ifoda etadi, — deydi folklorshunos olim, ­filologiya fanlari doktori Jabbor Eshonqulov. — Maʼlumki, mavsumiy marosimlar dunyoning barcha xalqlari orasida eng koʻhna tasavvurlar bilan bogʻliq holda paydo boʻladi. Ular har bir xalq yashayotgan hududning shart-sharoiti, ob-havosi, turmush tarzi va boshqa bir qator xususiyatlari bilan bogʻliq ravishda shakllanadi, rivojlanadi. Shuning uchun ham xalqning asl, azaliy bayramlari, eng avvalo, uning folklorida oʻz aksini topadi. Yil fasllarining almashinuvi bilan bogʻliq bilim va tajribalari, taqvim va hisoblari avloddan avlodga turli aytim, maqol, matal, topishmoq, naql va afsonalar shaklida meros boʻlib oʻtadi. Bayram marosimlarida ijro etiluvchi qoʻshiqlarda esa uning mazmun-mohiyati betakror metafora va oʻxshatishlar orqali, timsoliy tarzda ifoda etilganini kuzatamiz.

    Ayni koʻklam chogʻida tabiatning qayta tirilishi, uni jonlantirish bilan bogʻliq “Qozon toʻldi” kabi qadimiy marosimlar, ­tomosha sanʼati, polvonlar kurashi, baxshilar bellashuvi, sumalak, lola sayillari boʻlib oʻtgan. Ushbu marosim va sayillar mohiyatan inson hayotini yanada yaxshilash, tabiat mushkulotlarini yengillashtirish, kelayotgan koʻklam va yangi yilni qutlab, uning qut-barakali oʻtishini Yaratgandan soʻrash, turli oʻyin, harakat, qoʻshiqlar asosida yangi yilning qanday boʻlishini chamalab koʻrishga xizmat qilgan.

    Ushbu eʼtiqod va u bilan bogʻliq marosimlar tizimi elimiz orasida bugungi kungacha yashab kelmoqda. Biz Navroʻzni qancha oʻrgansak, uning tarixi shunchalar teran ekanini yanada koʻproq anglab boraveramiz. Navroʻz haqidagi afsonalardan birida ushbu ayyom kunida davlat qushi uchirilib, u kimning boshiga qoʻnsa, oʻshani shoh etib saylaganlari haqida soʻz yuritiladi. Aslida, bu davlatchilik haqidagi qarashlarning ilk kurtaklari edi. Bu yurtda, bu tuproqda Amir Temur davlati kabi ulkan saltanat oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmagan. Buning zamiri juda olis zamonlarga, ajdodlarimiz oʻz qadriyatlarini ulugʻlab, uni Navroʻz deb atalgan qomusiy bir tizimga sola boshlagan davrlarga borib taqaladi. Navroʻz shunchaki bir bayram emas, bu xalqimizning jipslashishi, davlatchilik tushunchalarining shakllanish jarayoni bilan chambarchas bogʻliq ulkan qadriyatdir.

    Navroʻz qachon, qanday paydo boʻlgan?

    — Navroʻz bayrami Markaziy Osiyo, Eron va Afgʻonistonda Ahamoniylar davrida, miloddan avvalgi VI asrlarda keng tarqalgani haqida bizgacha yetib kelgan qadimiy manbalar maʼlumot beradi. Shu maʼnoda, olimlar Navroʻz tarixini 25-30 asrga ega, deb taxmin qiladi. Navroʻz qachon, qanday paydo boʻlganidan qatʼi nazar, u har tomonlama ilmiy asoslanib, koinot va tabiat qonuniyatlari hisobga olingan holda joriy etilgan, — deydi Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir Elov. — Chunonchi, quyoshning hamal burjiga kirishi, kunduzning uzaya boshlashi, yorugʻlikning kuchayishi, tabiatning jonlanishi — Navroʻz deb qabul qilingan. Navroʻz eski quyosh taqvimi hisobida farvardin oyining boshlanishiga (22-martga) toʻgʻri kelgan va “kichik Navroʻz” deb atalgan. Ayni shu kundan boshlab tabiatdagi hamma narsa amalga kiradi deb hisoblangan.

    Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida Navroʻz haqida qimmatli maʼlumotlar yozib qoldirgan. Unda kichik bayram farvardin oyining oltinchi kunigacha davom etishi taʼkidlangan. Demak, olim farvardin oyining oltinchi kuni “Katta Navroʻz”ning mohiyatini bevosita tabiat bilan bogʻlaydi va bu haqda shunday yozadi: “...U butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, yaʼni bahor yomgʻirining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilguncha, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, hayvonlarda nasl vujudga kelguncha davom etadigan vaqtda keladi. Shuning uchun Navroʻz olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan”.

    Oʻzbekistonda Navroʻz bayrami 21-mart kuni nishonlanadi. Ushbu kun kecha bilan kunduzning tenglashgan payti. Yer butunjahon astronomik tenglashgan davriga kirib keladi. Yana shu davrda yarimshar boʻyicha yil fasllari oʻzgarib turadi, agar janubiy yarimsharda kuz kelsa, shimoliy yarimsharda bahor. Hozirgi kunda ushbu bayram dunyodagi eng koʻhna bayram sanalib, bir qancha Sharq xalqlari va Yevropadagi baʼzi davlatlarning ayrim mintaqalarida ham nishonlab kelinadi. Jumladan, Afgʻoniston, Albaniya, Bahrayn, Suriya, Eron, Hindiston, Iroq, Livan, Ozarbayjon, Pokiston, Turkiya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlari va Rossiyaning ayrim hududlari shular jumlasidan. U barcha xalqlarning doʻstlik va birlik ramziga ega boʻlgan umumxalq bayramidir.

    * * *

    Olimlarimizning Navroʻz haqidagi fikrlarini tinglar ekanmiz, bayram bilan bogʻliq qarashlarning asl negizida yovuzlik ustidan ezgulikning, zulmat ustidan yorugʻlikning tantana qilishini koʻramiz. Navroʻzi olam nafaqat tun bilan kunning tenglashishi, balki qish faslida uyquga ketgan va erta bahorda keng quloch yozayotgan koʻklamoyning, hayotimiz yuksalishining boshlanishi, deganidir.

    Zero, ona zamin bagʻriga qadalgan urugʻ ertangi rizqimizdan, momolarimiz sumalagi esa mehr-oqibatdan darak beradi. Elimizning koʻp asrlik urf-odatlari, orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navroʻz ayyomini yurtimizda yashayotgan barcha millatlar orziqib kutadi va umumxalq bayrami sifatida nishonlab, oʻzbekona urf-odatlarimizning betakrorligi va boqiyligini butun olamga yoyadi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri