Hayotimizning yuarcha jabhasiga innovatsiyani olib kirish — kun talabi

    Innovatsion rivojlanish vazirligida "Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirishning ustuvor vazifalari" mavzusida seminar o'tkazildi.

    Seminarda innovatsion rivojlanish vaziri o'rinbosari SHahlo Turdiqulova, innovatsion rivojlanish vazirining yuqori martabali xalqaro maslahatchisi Karsten Xaynts ishtirok etdi. SHuningdek, vazirlik boshqarma boshliqlari ma'ruza qildi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 1 apreldagi "Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo'yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to'g'risida"gi farmoniga ko'ra, barcha vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo'jalik birlashmalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo'lgan yirik tashkilotlarning amaldagi rahbar o'rinbosarlaridan biriga innovatsiyalarni joriy etish (Chief Innovation Officer) vazifasi yuklatilgan.

    — YUrtimiz ilm-fani oldida turgan eng katta masalalardan biri ilm-fan natijalarini iqtisodiyotning turli tarmoqlariga, ijtimoiy soha yo'nalishlariga joriy etishdir, — dedi vazir o'rinbosari SH.Turdiqulova. — Aynan innovatsiyalar bo'yicha mas'ul rahbarlar mana shu ishga bosh-qosh bo'lishi, soha, tarmoq oldida turgan muammolarni aniqlab, ularni vazirlik orqali olimlarga etkazishlari zarur. Olimlar sizning topshirig'ingizga ko'ra ma'lum muammoni hal etish ustida tadqiqotlar olib borishlari kerak. Ana shundagina innovatsion tsikl hosil bo'ladi. Muammolarning ilmiy echimini berish orqali mahsulot va xizmatlarning sifatini oshirish, xalqaro standartlarga mos tovarlar ishlab chiqarishni tashkil etish bizu sizning oldimizdagi vazifadir.

    Seminar vazirlik va idoralar, xo'jalik birlashmalari innovatsiyalarni joriy etish bo'yicha biriktirilgan rahbar o'rinbosarlarining asosiy vazifalari, funktsiyalari, vazirlik tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik birlashmalari, tarmoq tashkilotlar tomonidan innovatsion faoliyat sohasida uch yilga mo'ljallangan "yo'l xaritasi"ni ishlab chiqishda asosiy e'tibor berish kerak bo'layotgan jihatlar muhokama qilindi.

    Davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik birlashmalari rahbar o'rinbosarlarining biriga innovatsiyalar bo'yicha qo'shimcha vazifalar yuklatilgan bo'lib, ular, xususan, iqtisodiyotning real sektori va ishlab chiqarish tarmoqlarining ilmiy ishlanma va innovatsiyalarga bo'lgan ehtiyojlarini aniqlashda ishtirok etish hamda tarmoq bo'yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish asosida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga mas'uldir. SHuningdek, innovatsiyalarni joriy etish rahbar o'rinbosarlaridan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish hamda ratsionalizatorlik faoliyatini rivojlantirish choralarini ko'rish talab etiladi.

    — O'zbekistondagi o'zgarishlarni men o'z tanamda his qilib turibman, — dedi xalqaro maslahatchi K.Xaynts. — Konvertatsiya masalasi hal bo'ldi, davlat korxonalari xususiylashtirilmoqda, odamlarning ijtimoiy muammolariga alohida e'tibor qaratilyapti, so'z erkinligi berildi. Ikki yil avval kelganimda, meni ro'yxatga qo'yish masalasida katta byurokratik to'siqlarga duch kelgandim. Bu safar bu masala ikki daqiqada hal qilindi. Buni O'zbekistonda elektron hujjat almashinuvi to'g'ri yo'lga qo'yilganidan deb bildim. Demak, o'zgarishlar bor, ularni o'z ko'zimiz bilan ko'rib turibmiz. endigi vazifamiz hududlarning innovatsion rivojlanishini ta'minlashdir. Hududlarning innovatsion rivojlanishi qandaydir fantastik g'oyalarni amalga oshirish emas, balki aholiga ish joylarini tashkil etish, ularning turmush sharoitini oshirish, bilim olishi uchun sharoit yaratishdan iborat. Malakali kadrlarning hududlarda ish bilan ta'minlanishi va yashashi uchun yaxshi sharoit bo'lishi bevosita innovatsiyalarning kirib kelishiga xizmat qiladi.

    Bugungi kunga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 140 ta tashkilotdagi rahbar o'rinbosarlarning biriga innovatsiyalarni joriy etish (Chief Innovation Officer) vazifasi yuklatildi va ularning bazaviy lavozim maoshiga har oyda 30 foiz miqdorida ustama to'lanish tizimi joriy etildi. SHuningdek, davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik birlashmalarida innovatsion faoliyat bilan shug'ullanishga mas'ul bo'linmalar 110 taga yaqin tashkilotda tashkil etildi hamda tegishli bo'linmalarni faoliyati muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo'jalik birlashmalari innovatsiyalarni joriy etishga biriktirilgan o'rinbosarlar faoliyati yil yakuni bo'yicha vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan baholash mezonlari asosida baholanadi hamda eng faol o'rinbosarlar taqdirlanadi, deyiladi vazirlik axborot xizmati xabarida.