Adiblar guruhi dastlab universitet rektori qabulida boʻldi. Samimiy suhbat tarzida boʻlib oʻtgan uchrashuvda universitet rektori mehmonlarga ayni kunlarda 50-yillik tantanalarga tayyorgarlik ishlari va talaba yoshlarga, xususan, adabiyotga, ijodga oshno boʻlgan iqtidorli talabalarga yaratilgan sharoitlar tashkil etilganiga 3-yil toʻlgan “Izlanish” klubi faoliyati haqida hikoya qildi.
Shundan soʻng mehmonlar universitet “Professorlar bogʻi”da tashkil etilgan badiiy-musiqiy kechaning mehmoni boʻldi.
— Bugun juda bir katta anjumanning A.Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universitetida respublikamiz boʻylab davom etayotgan “Maʼrifat ulashib” loyihasining ishtirokchisimiz. Uchrashuvlarning debochasi aynan Jizzax davlat pedagogika universitetida boʻlib oʻtishi bejiz emas. Chunki Jizzax viloyatiga maʼrifatni, maʼnaviyatni aynan shu universitetning bitiruvchilari boʻlajak pedagoglar tarqatadi. Uchrashuvga “izlanish” klubining adabiyotga, ijodga sheʼriyatga, tarjimaga. publitsistikaga qiziquvchi ijodkor talaba yoshlarning yigʻilgani nur ustiga aʼlo nur boʻldi. Nega deganingizda, mana shu davrada aytilgan fikrlar, ezgu gʻoyalar zanjir kabi yoshlar ustozlar orqali butun viloyatga yetib boradi. — deydi shoir va tarjimon Asror Moʻmin.
“Professorlar bogʻi”da yaʼni ochiq osmon ostida “Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasida tashkil etilgan uchrashuv ishtirokchilar uchun betakror va unutilmas bir kecha boʻldi. Unda mehmonlar oʻz ijodlaridan namunalar oʻqib berish bilan bir qatorda bugungi uchrashuvlarning asl mohiyati biz orzu qilayotgan Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy qiyofasi yaqqol aks etadigan, xalqimiz intilayotgan va el-yurtimiz baxtiyor yashaydigan maʼrifatli jamiyatni qurish va ushbu ulugʻ niyatni amalga oshirish ekanligini taʼkidlashdi.
— Ayni paytda oliygohimizda ilmiy, ijodiy va kitobxonlik muhiti hukm surib turibdi. Bugun respublikamizni bir qancha taniqli shoir va yozuvchilari universitetimizga tashrif buyurib oʻzlarining ijodi va ulugʻ shoirlarimizning namunalaridan oʻqib berishdi. Bugungi uchrashuv ilmiy, ijodiy va publitsistik yoʻnalishlarda talabalarni maʼnaviy tomondan oʻstirishga xizmat qilyapti, desam xato qilmagan boʻlaman. — deydi “Izlanish” klubi aʼzosi, talaba Hilola Tilabova.
Adiblar JDPUga biriktirilgan maktablarga tashrif buyurishdi.
Shunday davra suhbatlaridan biri bugun Jizzax davlat pedagogika universitetiga biriktirilgan 23 hamda 30 umumtaʼlim maktablarida boʻlib oʻtdi. “Maʼrifat ulashib” nomli ijodiy tadbir avvalida uchrashuv mehmonlari Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir va tarjimon Asror Moʻmin hamda shoir Shodi Otamurod oʻquvchi yoshlarni ijod namunalari bilan bahramand qildi. Shuningdek, mehmonlar uchrashuv davomida bugungi ijodiy muhit, kitob mutolaasi, ijodkorlar hayoti, bugunning adiblari xususida qiziqarli maʼlumotlar bilan ulashdi, va tinglovchilarga oʻzlarining hayot, talabalik va muhabbat haqidagi sheʼrlari, shoir Rasul Hamzatovning oʻzbek tiliga tarjima qilingan asarlarini oʻqib berishdi.
Adiblar dastxati tushirilgan kitoblari faol talabalarga taqdim etildi.
Talabalikdek joʻshqin fasl bormikan? Tuygʻularini misralarga singdirishga harakat qilgan, dilidagini tillarga mohir rassomdek rangin boʻyoqlar bilan bezagan ijodga mehr qoʻygan talaba yoshlar bugun bir davraga yigʻilishdi. Jizzax davlat pedagogika universiteti talaba yoshlari bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli shoirlar Asror Moʻmin va Shodi Otamurod bilan boʻlib oʻtgan ijodiy uchrashuv ana shunday begʻubor tuygʻular va yoshlik hayajonlariga boy boʻldi.
Uchrashuvda, Boshlangʻich taʼlim fakulteti professor-oʻqituvchilari va talabalari shoir va tarjimon Asror Moʻminning ijodga kirib kelishidan to bugungi kunga qadar erishgan yutuqlari haqida qiziqarli hikoyalarni tinglashdi. Shoir Shodi Otamurodning Gʻallaorolning olis qishlogʻida kechgan bolaligi bilan voqealar, ijod namunalari, ayniqsa yoshlik va muhabbatni tarannum etuvchi sheʼrlari yoshlarga juda manzur boʻldi.
Adiblar ishtirokida “Gulxan atrofida” adabiy-badiiy kecha oʻtkazildi.
Jizzax davlat pedagogika universiteti Talabalar turar joyida “Maʼrifat ulashib” loyihasi mehmonlari, yozuvchi va shiorlar ishtirokida adabiy kecha tashkil etildi. Adabiy kechani universitet prorektori S.Nazarqosimov ochib berdi. Gulxan atrofida yigʻilgan talab yoshlar shoir va tarjimon Asror Moʻmin, Shodi Otamurod, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi masʼul xodimi Nilufar Allamurodova ijodidan bahramand boʻlishdi. tashrif buyurishdi. Talabalar turar joyida yoshlar bilan “Gulxan atrofi”da tashkil qilingan maʼnaviy kecha qizgʻin bahs-munozara bilan davom etdi. Turli viktorina va mushoiralarda gʻolib boʻlgan talaba yoshlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlanishdi. Maʼnaviy kechaga talabalar tomonidan tayyorlangan musiqiy dastur yakun yasadi.