O'zbekiston Respublikasining “Veterinariya to'g'risida”gi qonuniga ko'ra, Respublika hududida veterinariya osoyishtaligini ta'minlash va aholi iste'moli uchun sifatli chorvachilik mahsulotlarini yetkazib berish Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Jahon hayvonlar sog'ligi tashkilotining ma'lumotiga ko'ra dunyoning 60 ta davlatida hayvonlarning o'ta xavfli yuqumli kasalliklari bo'yicha nosog'lom epizootik vaziyat yuzaga kelgan.
Milliy matbuot markazida “Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohasidagi islohotlar va galdagi vazifalar” mavzusida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida mutasaddilarning ma'lumot berishicha, respublikamizga qo'shni Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Afg'oniston davlatlarida hayvonlar orasida kuydirgi, quturish, brutsellyoz, parranda grippi va boshqa turdagi kasalliklar qayd qilib kelinmoqda.
— Dunyo mamlakatlarida, shuningdek qo'shni respublikalarida uchrayotgan hayvonlar kasalliklarini respublikamiz hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida, profilaktik emlash tadbirlarini o'tkazishga maxsus ishchi guruh tuzilib, unga 5 ming nafar rahbar va xodimlar biriktirildi, — deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi boshqarma boshlig'i Hojiakbar Otaboev — Hayvonlar kasalliklariga qarshi o'tkaziladigan profilaktik tadbirlar “Mahallabay” va “Xonadonbay” usul asosida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Respublikamizga qo'shni davlatlardan kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish borasida 38 million bosh chorva mollar11 turdagi hamda 98 million bosh parrandalar 4 turdagi kasalliklarga qarshi profilaktik emlash tadbirlari o'tkazilishi tizimli yo'lga qo'yilib, hayvonlar saqlanadigan joylarda doimiy ravishda profilaktik dezinfektsiya va dezinsektsiya tadbirlari olib borilmoqda.
Mutasaddilarga ko'ra, Davlat chegarasi orqali o'tkazish punktlaridagi davlat veterinariya xizmati tomonidan respublikamizga kirib kelgan 1 millionga yaqin avtotransport vositalari veterinariya-sanitariya ishlovidan o'tkazilib, zararsizlantirilgan. Natijada hozirgi kunda respublika hududida hayvonlarning o'ta xavfli yuqumli kasalliklari bo'yicha epizootik barqarorlik ta'minlanib kelinmoqda. Shuningdek, hududlarda epizootik barqarorlik ta'minlash maqsadida 16,0 millonta laboratoriya diagnostik tahlillari o'tkazilib, tahlillar natijasida 40,0 tonna go'sht va go'sht mahsulotlari, 266,0 ming dona tuxum, 241 tonna o'simlik va poliz mahsulotlari iste'molga yaroqsiz deb topilib, savdoga chiqarilishining oldi olingan.
Joriy yil yakunigacha Xalqaro moliya institutlarning grant mablag'lari hisobidan Qoraqalpog'iston Respublikasi, Andijon va Sirdaryo viloyatlari hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlari ISO-17025 xalqaro standarti bo'yicha milliy akkreditatsiyadan o'tkaziladi.