Afgʻoniston xalqining manfaatlari va orzu-intilishlariga hurmat, oʻzaro kelishuvchanlik ruhida muloqot maydonini yaratgan Oʻzbekiston hukumati bu oʻlkaning iqtisodiyoti tobora rivojlanib borishini umumiy ustuvor yoʻnalishi sifatida koʻra oldi.
Bu borada muhtaram Prezidentimiz Afgʻonistonda amaldagi hukumat bilan xalqaro muloqot oʻrnatilmasa, hech qanday ijobiy natijaga erishib boʻlmasligini taʼkidlaganlari albatta bejiz emas. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan 2022-yilda qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasida Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo oʻrtasida aloqalarni oʻrnatishda Afgʻoniston alohida oʻrin tutishi eʼtirof etilganligi esa bu boradagi oqilona siyosatning yaqqol ifodasi boʻldi.
Shu maʼnoda, Oʻzbekiston birinchilardan boʻlib Afgʻonistonning muvaqqat hukumati bilan konstruktiv va oʻzaro maqbul muloqotni yoʻlga qoʻygan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Xususan, kuni kecha Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Qobul shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Afgʻoniston biznes forumi hamda “Made in Uzbekistan” koʻrgazmasining rasmiy ochilish marosimidagi ishtiroki ming yillar davomida yonma-yon yashab kelayotgan oʻzbek va afgʻon xalqlarining iqtisodiy aloqalari kengayib borayotganligini koʻrsatdi.
Tashrif doirasida Qobul shahrida Afgʻoniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Gʻani Barodar, Bosh vazirning maʼmuriy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Abdul Salom Hanafiy, Bosh vazirning siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Abdul Kabir va Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mutakiy bilan ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar doʻstlik, hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangani, Oʻzbekiston Afgʻonistonga Markaziy Osiyoning uzviy va ajralmas qismi sifatida qarashi qayd etildi.
Ahamiyatlisi, endilikda shu yilning 1-oktyabridan ikki mamlakat oʻrtasida Imtiyozli savdo kelishuvi ishga tushadi. Ushbu hujjat doirasida kelishilgan 14 xil mahsulotga import boji bekor qilinadi, eksportchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratiladi.
Shuningdek, Xalqaro Termiz savdo markaziga keluvchilar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy qilinadi va ular barcha soliqlardan ozod etiladi.
Aytish mumkinki, bu kabi hamkorlik aloqalari qoʻshni Afgʻoniston uchun foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish boʻyicha yangi istiqbollar yoʻlini ochadi.
Bahodirjon Shermuhammadov,
Fargʻona davlat universiteti rektori
Hamkorlik material