Hech kim taqdir hukmiga tashlab qo‘yilmagan

    Inson qayerda bo‘lsa ham tug‘ilib o‘sgan tuprog‘ining tafti u bilan birga, sog‘inch va shu tuproqqa ilhaqlik bilan yashaydi. O‘zga yurtning qonun-qoidasi, tartib-tamoyillariga qanchalik ko‘nikmasin, o‘z yurtining tayanchi va suyanchiga ham shuncha muhtoj bo‘ladi.

    Inson qayerga ildiz otsa, o‘sha muhitga moslashadi. Issig‘iga ham, sovug‘iga ham ko‘nikadi. Chunki bu o‘z nomi bilan Vatandir.

    Kim ham Vatandan ayro, oilasidan, jon jigarlaridan yiroqda, mahalla- ko‘y, qavm-qarindosh diydoridan olisda yashashni istaydi?! Albatta, hech kim. Hamma o‘z yaqinlari diydoriga to‘yib, ular bilan birga yashagisi keladi. Ammo ba’zan taqdir rizqini olislarga sochgan, vatandan ayro yashashni qismat qilib belgilagan hollarni ham istisno qila olmaymiz.

    Inson qayerda bo‘lsa ham tug‘ilib o‘sgan tuprog‘ining tafti u bilan birga, sog‘inch va shu tuproqqa ilhaqlik bilan yashaydi. O‘zga yurtning qonun-qoidasi, tartib-tamoyillariga qanchalik ko‘nikmasin, o‘z yurtining tayanchi va suyanchiga ham shuncha muhtoj bo‘ladi.

    O‘zga mamlakatlarga ish izlab borayotgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va ular bilan muloqot o‘rnatish, ularning muammo va ehtiyojlarini o‘rganish hamda hal qilish masalalari so‘nggi yillarda davlatimiz e’tibori markazida bo‘lib kelmoqda. Prezidentimizning 2020 yil 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash, xorijda ishlamoqchi bo‘lgan shaxslarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini ta’minlash, shuningdek, ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

    Yurtimizda tashkil etilgan mehnat migratsiyasi ulushi va geografiyasini kengaytirish, tashqi mehnat bozori istiqbollarini o‘rganish orqali fuqarolarni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, dunyoning 30 ga yaqin davlati – Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Ruminiya, Latviya, Litva, Polsha kabi mamlakatlarning 120 dan ziyod ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan shartnoma tuzilib, 100 mingdan ko‘proq bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan.

    Germaniya bilan hamkorlik

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Germaniya Federativ Respublikasining salohiyatli ish beruvchilari bilan o‘rnatilgan hamkorlik kelishuvlari doirasida e’tiborga molik ishlar bajarilmoqda.

    Xususan, hozirgi kunda Germaniyaning 20 dan ziyod yirik ish beruvchi tashkiloti bilan mehmonxona, restoran xizmati, mashinasozlik, mexatronika, hamshiralik, parvarish, yuk avtomobili haydovchisi, AKT, ishlab chiqarish, metalga ishlov berish, mexanik, elektrik, duradgorlik sohalarida o‘zbekistonlik fuqarolarni Germaniyada to‘g‘ridan to‘g‘ri ish hamda Ausbildung – dual ta’lim orqali ish bilan ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qilinayotir.

    Bugungi kunda Agentlik nemis tilini B1 yoki B2 darajada biladigan va daraja sertifikatiga ega mutaxassislarni Germaniyada tashkiliy tarzda ish bilan ta’minlash ko‘lamini kengaytirish maqsadida logistika, omborchi, qishloq xo‘jalik texnikalariga xizmat ko‘rsatish, yo‘l qurilishi, o‘rmonchilik, bog‘dorchilik, vinochilik, hunarmandchilik, payvandchi, mexanik, muhandis, santexnika, isitish va havoni tozalash texnologiyasi mexanikasi kabi o‘nlab yo‘nalishlarda ish beruvchi hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda.

    Hududlarda faoliyat olib borayotgan “Ishga marhamat” monomarkazlarida ayni paytda tanlab olingan 520 nafar yurtdoshimiz uchun nemis tilini o‘qitish o‘quv kurslari tashkil etilgan.

    Shu bilan birga, bugungi kunda tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik o‘rnatgan Germaniya davlati ish beruvchilari tomonidan 50 000 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etilgan.

    Ausbildung – dual tizim nima?

    Ausbildung — dual tizimi muayyan ish profillari bo‘yicha ko‘nikma va bilim beradi. Germaniyada yuzlab kasblar mavjud. Shuningdek, ushbu mamlakatdagi davlat maktablari, vakolatli muassasalar tomonidan ko‘nikma va bilim berishni o‘z ichiga oladi.

    Kasbiy ta’lim odatda ikki qismdan iborat bo‘ladi. Kasb-hunar maktabida nazariy bilim berilsa, korxonada ishlash jarayonida amaliy qism o‘rgatiladi.

    –Mazkur tizim sohaga qarab 2 yildan 3,5 yilgacha davom etadi. Qatnashuvchi ushbu jarayonda sohalar bo‘yicha 750 yevrodan 1200 yevrogacha stipendiya bilan ta’minlanadi. Bu stipendiya kamlik qilsa, haftasiga 20 soatgacha qo‘shimcha ishlashi mumkin. Faqat bu asosiy amaliyot joyiga xalaqit qilmasligi lozim, – deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bosh mutaxassisi Bunyod Yo‘ldoshev. – Ausbildung tizimining qaysi sohasi sizga mos keladi? Oldin maqsad qo‘yib olish kerak. Maqsad Germaniyada o‘qib, yaxshi kadr bo‘lishmi? Unda bu tizim orqali o‘qishga borishdan oldin hamma ma’lumotlarni o‘rganish muhimdir. Yaxshi kadrga albatta yaxshi maosh to‘lanadi. Ausbildung tizimida 30 foiz nazariya, 70 foiz amaliyot, ya’ni bir haftada 5 ish kuni bo‘lsa, bundan 1 kun nazariya va qolgan 4 kun amaliyot o‘tashingiz kerak. Soha uchun belgilangan jarayon yakunida nazariy va amaliy imtihonlardan muvafaqqiyatli o‘tishingiz talab etiladi. Ausbildung tizimi uchun nemis tilidan kamida B1-B2 darajada xalqaro sertifikatga (Gyote, ÖsD, ECL, Telc) ega bo‘lishingiz kerak.

    Malaka oshsa oylik ham oshadi

    Xorijda ishlash istagini bildirgan yurtdoshlarimizni munosib sharoit va maosh taklif etadigan ish joylari bilan ta’minlash jarayoni yildan yilga takomillashmoqda. Yurtdoshlarimizning kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun zarur barcha shart-sharoit yuqori darajada tashkil etilgan.

    – Germaniyada ishlash istagi bo‘lgan fuqarolar kamida kollej, texnikum yoki oliygohni bitirgan bo‘lishi kerak, – deydi B.Yo‘ldoshev. – Malaka diplomlarini O‘zbekistonda tekshiruvdan o‘tkazib, tasdiqlatish uchun Germaniyaga yuboramiz. Malaka diplomi O‘zbekistonga viza hujjatlari sifatida qaytib keladi va biz ishga bormoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimizning hujjatlari Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga taqdim etilishiga ko‘mak beramiz.

    Har bir chet ellik ishchidan til bilishi haqidagi sertifikat talab etiladi. Til bilishning bosqichlari bor. A1 darajadan S1 darajagacha. Yuk mashinasi haydovchilari, texniklar, qurilish, gastronomik yo‘nalishlarda V1 daraja talab etilsa, hamshiralar uchun V2 daraja kerak bo‘ladi.

    Til o‘rganish qiyinmi? Shu darajadagi sertifikatni olish qancha vaqt talab etadi, buning uchun qanday imkoniyatlar yaratilgan, degan haqli savol tug‘iladi.

    Hozirgi paytda til o‘rganish uchun alohida dasturlar mavjud. A1-A2 darajaga chiqish uchun 3-4 oy yetadi. V1 daraja olish uchun 6 oy, lekin kimgadir 8 oy kerak bo‘ladi. Bunda yosh bilan bog‘liq hech qanday to‘siq yo‘q. Chunki til o‘rganish insonning individual qobiliyatiga bog‘liq. Doimiy ish o‘rniga ega bo‘lish uchun vaqt sarflab, til o‘rgansa arziydi.

    Nemis tilini o‘rganish jarayonida agentlikka murojaat qilgan yurtdoshlarimiz ro‘yxatga olinadi. Til bilishi haqidagi sertifikatga ega bo‘lgach, ish beruvchi bilan o‘tkaziladigan tanlovlarga jalb qilinadi.

    Hozirgi kunda O‘zbekistonga berilgan vakansiyalar soni kundan kun ortib boryapti. Albatta, xorijlik ish beruvchilarning ham o‘z talabi bor. Ta’kidlanishicha, bu talablarga mos ravishda murojaat qilgan, umuman, agentlikkacha yetib kelgan yurtdoshlarimiz, afsuski, ozchilikni tashkil etadi. Agentlikkacha yetib kelmaganlar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Deylik, talab kam bo‘lgan yo‘nalishlarda tahsil olgan, katta tajribaga ega bo‘lganlarga tegishli vakansiya bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari topishga harakat qilinadi.

    Germaniyadagi hamkor tashkilotlar bilan birga bir qancha loyihalar ishlab chiqilgan. Nemis tilini yaxshi o‘rgangan mutaxassis to‘g‘ridan to‘g‘ri ish beruvchiga yo‘naltiriladi. Germaniyada dastlab yana 2 oydan 6 oygacha malaka oshiradi. Ushbu vaqt davomida u mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan oylik maoshini to‘liq oladi. Kasb sertifikatini qo‘lga kiritgandan keyin asosiy ish turiga o‘tishi bilan oylik maoshi sezilarli darajada ko‘tariladi. Malakasi qanchalik oshsa, oylik maoshi ham ortib boradi. 2020-2021 yillarda faoliyat boshlagan yurtdoshlarimiz hozir bo‘lim yoki jamoa boshlig‘i sifatida ishlayotgani ham bor gap.

    Diydorning narxi bo‘lmaydi

    Bugungi kunda qancha-qancha yoshlar xorijda ta’lim olish barobarida mehnat faoliyati bilan ham mashg‘ul. Kim qayerda qanday ish bilan band bo‘lmasin, Vatan sog‘inchi bilan yashaydi. Albatta, chet mamlakatda, begona yurtda turli qiyinchilik va mashaqqatlarga chidab, halol mehnat qilib, non topish oson emas. Ammo ularning huquq va manfaatlari doimiy davlatimiz e’tiborida, ular ko‘mak va g‘amxo‘rlikni his qilib turadi.

    Alisher Ahmedov, Simson Privat Akademi talabasi:

    — Insonning kelajagiga muhit, xususan, ota-onaning ta’siri katta. Esimni tanibmanki, ota-onam qo‘shni davlatlarda ishlab, yillab ularning diydorini qo‘msab, bolaligimiz o‘tdi. Kollejda qishloq xo‘jaligi avtotransportlariga texnik xizmat ko‘rsatish mexanigi mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim oldim. Chunki bu yo‘nalishni bolaligimdan yaxshi ko‘raman, kollejga kirguncha usta qo‘shnimizga shogird tushib, avtomobil tuzatishni o‘rganganman.

    Kollejni bitirgach, ota-onamning yoniga ketdim. Maqsadim ularga yordam berish edi. Qurilishda to‘rt yil ishladim. Tushundimki, ota-onamga oson bo‘lmagan ekan. U yerda 35-40 daraja sovuqda ishlardik. Haftada faqat bir kungina dam berilar, ish soati esa ko‘p edi. Oyliklar cho‘zilib ketardi. Yo‘llarda hujjatimiz bo‘lishiga qaramay, biz bilmagan qonunlar ro‘kach qilinib pul undirishga harakatlar bo‘lardi.

    Ota-onam u yerda biroz ishlasam, meni uylantirib qo‘yishini aytishdi. Men esa hali uylanishga tayyor emasdim. Oila boqish uchun biror kasb yoki biznesim yo‘q, oila qurishdan hayiqqanman. Bir do‘stim Germaniyada o‘qish imkonimiz borligi haqida aytib qoldi. Tashqi mehnat migratsiyasi telegram kanalida shu haqda ma’lumot topdik. Nemis tilini o‘rganib, Germaniyaga ketishga qaror qildik. Bu qora mehnatdan ko‘ra yoqimli edi. Uydagilar qarshi bo‘ldi. So‘zimda qat’iy turib olganimdan so‘ng dadam: “Mayli, o‘zingni sinab ko‘r!” deb rozi bo‘ldi...

    Bir yildan ortiq tayyorgarlikdan so‘ng, nihoyat ikkinchi urinishda Germaniyaga yo‘llanma oldik. Quvonarlisi, bizning taqdirimiz uchun ham o‘z davlatimiz, ham Germaniya qayg‘uradi. Do‘stim bilan bu mamlakatga kelgach, to‘g‘ri qaror qilganimizni angladik.

    Bizni bu yerga olib kelgan firma 24 soat yordamga shay. Mana, oradan bir yildan ortiq vaqt o‘tdi. Imtihonlarni yaxshi topshirdik. 2024 yil aprel oyida bitiruv imtihonini topshiramiz. Muvaffaqiyatli o‘tsak, ishchi viza olib, amaliyot o‘tagan firmamiz bilan shartnomani yana 3 yilga uzaytiramiz. O‘z ishimdan zavqlanaman. Bugun tushundimki, odam o‘z sevgan, qiziqqan ishi bilan shug‘ullanishi kerak ekan.

    Bu yerda biror marta polisiya yo‘limizni to‘sib, hujjating bormi, deb so‘ramagan. Yoki so‘roq-savol qilmagan. Yildan yil safimiz kengaymoqda. Maoshimiz hozircha salkam 1000 yevro. O‘qib topayotganim bu. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlari holimizdan muntazam xabar oladi, qo‘llab-quvvatlaydi. Xavfsizligimizni o‘z zimmasiga olgan. Bu vatandoshlar o‘z holiga tashlab qo‘yilmasligining bir isboti. Darvoqe, yaqinda Germaniyadagi konsulimiz kelib, biz bilan suhbatlashdi, qiyinchilik, muammolarimiz bilan qiziqdi. Yutuqlarimiz bilan tabrikladi.

    Ota-onamni, do‘stlarimni, O‘zbekiston bilan bog‘liq har bir narsani sog‘inaman. Aytishadi-ku, diydorning narxi yo‘q deb.

    O‘zbekistonlik hamshira nufuzli xalqaro klinikada

    Oilasi, uch farzandi va sevgan kasbi bor o‘zbek ayolining boshqa davlatga yolg‘iz o‘zi ketishi uncha xushlanmaydi. Dilnura Berdiyeva Germaniyaga ishga otlanganida mentalitetga xos bo‘lgan ana shu qarama-qarshilikka duch keldi. Turmush o‘rtog‘i bu haqda eshitishni ham istamas, ota-onasi, qarindosh-urug‘i ham xayrixoh emasdi. Ammo Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Shveysariyaning “GLOBOGATE Concept AG.” tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihada Germaniya davlatida ishlash tartibi, agentlik tomonidan ko‘rsatiladigan ko‘mak, nufuzli xalqaro klinikada faoliyat yuritish imkoniyati xususida batafsil ma’lumot berilgach, ko‘ngillardagi barcha xiralik va ikkilanish barham topdi.

    Dilnura Berdiyeva, hamshira:

    – Angren tibbiyot kollejini imtiyozli tamomlagach, Toshkent tibbiyot akademiyasining Oliy ma’lumotli hamshira fakultetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindim. Bakalavrni tugatgach, sog‘liqni saqlashni boshqarish yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil oldim. Bu orada turmushga chiqib, farzandli bo‘ldim.

    O‘qishni bitirgach, avval Angren shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida yetakchi mutaxassis, keyinroq akusherlik kompleksida bosh hamshira sifatida ishladim. 9 yillik faoliyat davomida kasbimga mehrim, qiziqishim ortdi, tajribaga ega bo‘ldim. Jarayonda tibbiyot kolleji talabalariga ham amaliyotdan bilim va ko‘nikmalarimni o‘rgatib bordim. 2021 yil aprel oyida Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish hayotimda katta burilish yasadi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Shveysariya Konfederatsiyasining “GLOBOGATE Concept AG.” tashkiloti o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Germaniyada ishlash uchun ro‘yxatdan o‘tdim. Olti oydan so‘ng menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi va loyiha O‘zbekistonda o‘z ishini boshlaganini, men suhbatga kelishim mumkinligini aytishdi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tdim. Bilsam, ikkita yo‘nalish bo‘yicha hamshiralar tanlanayotgan ekan, Gyottingen shahrida psixiatriya yo‘nalishi bo‘yicha mashhur ASKLEPIOS klinikasiga va Axen shahrida somatika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan markazga ishga taklif qilishayotgan edi. Albatta, men har ikki yo‘nalishda ham o‘zimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Qarangki, ikkovidan ham muvaffaqiyatli o‘tdim. Ular menga bittasini tanlashim kerakligini aytishdi va men bugun Axen shahridaman.

    Bu loyiha aynan men uchun tayyorlangandek edi. Chunki orzuim rivojlangan davlatlarda, ayniqsa, Germaniyada bilimim, malakamni oshirish edi. Shu bilan birga, kasbdoshlarimning boshqa davlatlarda qanday faoliyat yuritayotganiga juda qiziqardim. Qarabsizki, taqdir taqozosi bilan orzuimning o‘zi eshik taqillatib turibdi. Bu meni juda ham quvontirdi va xabarni oilamga aytganimda, tabiiyki, avvaliga rozi bo‘lishmadi.

    So‘ng, bu loyiha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan amalga oshirilayotgani, davlat e’tiborida bo‘lishimiz, oilani birlashtirish, ya’ni oila a’zolari bilan birga ketish kabi imkoniyatlar berilishi, bu loyiha orqali chet el tajribasini vatanimizga tatbiq qilishimiz mumkinligini eshitgach, ruxsat tegdi.

    Shu bilan 2022 yil yanvar oyidan boshlab nemis tili kursida tahsil ola boshladim. 10 oylik dastur davomida barcha xarajatlarimiz O‘zbekiston va Germaniya tomonidan to‘liq qoplab berildi. Nemis tilini puxta o‘rganishimiz uchun zarur bo‘ladigan barcha o‘quv materiallari tarqatildi, zamonaviy texnikalar bilan ta’minlandik. Biz katta xohish bilan nemis tilini o‘rganishni boshladik. Bir yil davomida o‘qib, V2 sertifikatini qo‘lga kiritganim ajoyib natija edi.

    2023 yil sentyabr oyida bu yerga keldik. Oktyabr oyida integratsiya dasturida o‘qishni boshladik. O‘qish davomida bizga Germaniya tibbiyoti va biz ishlayotgan klinika haqida chuqurroq, batafsil ma’lumotlar berildi, har birimizni o‘z sohamiz, yo‘nalishimiz bo‘yicha bo‘limlarga ajratishdi. Men operasion ginekologiya bo‘limiga tushdim. Ikki oy mobaynida ginekologiya bo‘limida malaka oshirdim. Boshqa davlatlardan kelgan hamkasblarim bilan tanishdim. Bu yerdagi sifatli, ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlaridan ish o‘rgandim. O‘rganishda hali ham davom etmoqdaman. Hozirgi kunda biz kasbiy tasdiqlanish, ya’ni Germaniya davlatida hamshira sifatida tan olinish jarayonidamiz. Bu ikki oy davom etadi. Men 240 soat amaliyotda ishlab berishim kerak. Bu jarayon tugagach, yana bir marta suhbatdan o‘taman va qayta shartnoma tuziladi, shundan keyin biz Germaniya yoki Yevropaning boshqa davlatlarida tan olinadigan hamshira sifatida o‘z faoliyatimizni davom ettiramiz.

    Kasbiy tasdiqlanish — ya’ni tan olinish bosqichi o‘tgach, biz oilamiz bilan bir joyda yashashimiz mumkin bo‘ladi. Ularga Germaniyaga kelishlari uchun taklifnoma yuboramiz. Shu orqali oilani birlashtirish jarayoni boshlanadi.

    Bu jarayonda loyiha vakillari o‘z yordamini ayamasligini bildirdi. Qabul qilingan yangi qonunlar bilan amaldagi tartib yanada soddalashtirildi. Oila a’zolarim ham bu yerga kelganidan keyin hammamiz birga yashaymiz. Farzandlarim Germaniya maktablarida o‘qib, o‘z ustida ishlab, O‘zbekistonimizga kerakli mutaxassis bo‘lib yetishiga ishonaman.

    Germaniyada tibbiyot xodimlari uchun juda keng imkoniyatlar yaratilgan. Har bir tibbiyot xodimi bemorga yuqori sifatli yordam ko‘rsatishi uchun hamma sharoit bor. Nemis xalqi juda tartibli. Hamma ishni o‘z vaqtida rejalashtiradi va unga amal qiladi. O‘ziga yuklatilgan vazifani astoydil bajaradi. Shu tomonlama menga juda yoqdi. Ko‘p narsa o‘rgandim. Bular o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashimga yordam berdi.

    Maosh haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, kelgan kunimizdanoq o‘qish va amaliyot jarayonida ham oylik to‘lab borildi. Biz bu yerda umuman qiynalganimiz yo‘q. Deyarli har 2-3 oyda O‘zbekistonga kelib, oilamiz bilan ko‘rishish imkonimiz bor. Garchi, internet orqali har kuni ko‘rishib, gaplashib tursak-da, Vatan, oila sog‘inchi ko‘ngilni o‘rtaydi. Baribir, yuzma-yuz diydorga nima yetsin.

    “Har kuni ertalab vatanimni, oila a’zolarimni sog‘inganimni his qilib uyg‘onaman”

    Yusufjon O‘ktamov 2000 yilda Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanida dehqon oilasida tug‘ilgan. Yoshligidan uy ishlarida ota-onasiga qanot bo‘lgan qahramonimizning ko‘p vaqti dala ishlari bilan o‘tardi. Ammo bu uning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini zarracha so‘ndirgani yo‘q. Tumandagi 47-umumta’lim maktabini a’lo baholarga bitirdi. Farg‘ona yuridik texnikumida o‘qish davomida chet tillarni puxta o‘rganishga harakat qildi.

    Farg‘ona davlat universitetining Psixologiya fakultetida sirtqi bo‘limda o‘qish barobarida “Bahodir Log‘on tekstil” qo‘shma korxonasida bosh mexanik yordamchisi sifatida ishlay boshladi. Albatta, ham o‘qib, ham ishlash, til o‘rganish oson emasdi. Kechki payt ishlab, kunduzi o‘qishga borar yoki kunduzi ishlab kechki soatlarda til o‘rganish kursiga shoshgan Yusufjoning shijoati bir zum bo‘lsa-da, so‘nmadi. Maqsad sari dadil odimlar, qiyinchiliklar uni tobora toblab borardi. Bir yillik mashg‘ulotlardan so‘ng V1 til bilish sertifikatini qo‘lga kiritgan Yusufjon Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qildi. Ayni paytda agentlik ko‘magida Germaniyada mexanik vazifasida mehnat qilmoqda.

    Yusufjon O‘ktamov, MAN Truck & Bus kompaniyasi mexanigi:

    —Germaniyada qo‘ldan kelgancha muhitga moslashib, zarur bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lib boryapman. Bu mamlakat tajribasining ilg‘or jihatlari ko‘p. Sababi bu yerda ham o‘qish, ham amaliyot bir vaqtda davom etadi. Men katta yuk mashinalari, ya’ni furalar, avtobuslarga servis xizmati ko‘rsatish yo‘nalishida ishlayman.

    Bir hafta ish bilan mashg‘ul bo‘lsak, bir hafta to‘liq o‘qishda bo‘lamiz. O‘qish bilan amaliyot bir vaqtda olib borilgani uchun amaliyotda o‘rganganlarimizni o‘qish jarayonida yanada teranroq tushunamiz. Yoki o‘qishda o‘rganganlarimizni amaliyotda qo‘llashimiz mumkin.

    Har kuni ertalab vatanimni, oila a’zolarimni sog‘inganimni his qilib uyg‘onaman. Dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan birida yashab, o‘qib yurganim bilan qishlog‘imning chang ko‘chalarini hech qayerga almashmayman. Bu yerda hamma narsa yetarli, hamma sharoit bor, ammo baribir oila tafti, Vatan sog‘inchi, do‘stlar davrasi kamlik qiladi.

    Ishimni yaxshi ko‘raman. Kun davomida yangi bilim o‘zlashtirishga harakat qilaman. O‘rganganlarimni amaliyotga mustaqil qo‘llaganimdan keyin o‘zimda yo‘q xursand bo‘laman. Bu yerdagi mexanik katta ustozlar “Juda tez o‘rganyapsan, ikki-uch yilda o‘rganish mumkin bo‘lgan narsani sen 5-6 oyda o‘zlashtirding”, deganlarida juda xursand bo‘lganman. Germaniyaga kelmoqchi bo‘lgan yoshlar, akalar-ukalarga aytmoqchi bo‘lganim — tilni yaxshilab o‘rganish juda ham zarur. Bu yerga til bilmasdan kelish noto‘g‘ri. O‘zlari qiynaladi. O‘zlari qiziqqan sohada oz bo‘lsa ham tajribaga ega bo‘lishlari shart. Eng muhimi ishtiyoq, qiziqish bo‘lsa, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishi shubhasiz.

    So‘ngso‘z o‘rnida

    Vaqtinchalik xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimiz ham O‘zbekiston fuqarosi. Ular taqdir hukmiga tashlab qo‘yilmagan. Huquq va manfaatlari himoyada, yashash, ishlash sharoiti hamisha nazoratda. Ular qayerda bo‘lmasin, Vatanning bir bo‘lagi. Vatanning qadri, sha’ni ular bilan birga. Borgan joyining toshu tarozusi, yaxshi va yomoniga ko‘nikish, xavfsiz, tartibli faoliyat yuritishi, daromad topishi uchun keng imkoniyatlar ishga solinmoqda. Malaka oshirishi, yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun sharoit yaratilmoqda. Bu sa’y-harakatlar inson qadrini amalda ulug‘lashdek ezgu ishlardan bir nishona.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri