Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan respublika hududlari iqtisodiyotidagi tafovutlar tahlil qilindi (Tafovut deganda, hududlarning eng yuqori va eng past qiymatga ega koʻrsatkichlari nisbati nazarda tutilmoqda).
Dunyo miqyosida iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan bugungi kunda ishlab chiqarish faoliyati xorijiy mamlakatlar bilan bevosita bogʻliq, iqtisodiyotida tashqi savdoning ulushi yuqori boʻlgan hududlarga bu beqarorlik kuchli taʼsir qilishi mumkin. Xususan, koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-yilda hududlar iqtisodiyotidagi tafovut YAHMning aholi jon boshiga ulushi boʻyicha 2019-yildagiga nisbatan 25 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning aholi jon boshiga ulushi boʻyicha 17 foizga ortdi. Bu tafovut 2021-yilga kelib, mos ravishda 3 va 11 foizga qisqargan boʻlsada, hozirgi mavhumlik sharoitida kelajakda hududlarni kompleks rivojlantirishni prognoz qilish hamda tabaqalashuv ortib ketishining oldini olish uchun moʻljallangan chora-tadbirlarni ishlab chiqish dolzarb masala hisoblanadi.
Tadqiqotda 2016-2021-yillarda hududlar iqtisodiyotidagi tafovutlarning qisqarishi va ularning barqaror holatga yaqinlashishi Beta (β) yaqinlashish modeli vositasida tahlil qilindi. Ushbu neoklassik oʻsish modeliga koʻra, agar hududlar boʻyicha yagona farq ular kapitalining boshlangʻich darajasida boʻlsa, kichik hajmdagi kapitalga ega boʻlgan kambagʻal hududlar yirik kapitalga ega boʻlgan boy hududlarga qaraganda iqtisodiy jihatdan tezroq oʻsadi. Bu esa hududlar oʻrtasidagi nomutanosiblikning kamayib borishini anglatadi.
Qaysi mamlakatni olib qaramaylik, uning poytaxti (yirik shaharlari) iqtisodiyotining koʻlami boʻyicha boshqa hududlardan bir qator ustun jihatlarga ega boʻladi. Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi yetakchi mavqei tufayli Toshkent shahriga ham hududlar oʻrtasidagi nomutanosiblikning asosiy manbai sifatida qarash mumkin. Shuningdek, uning iqtisodiy salohiyati Toshkent viloyatining iqtisodiy koʻrsatkichlariga ham ijobiy taʼsir qiladi. Mamlakat boʻyicha ishlab chiqarilgan isteʼmol tovarlarining 35,7 foizi, koʻrsatilgan xizmatlarning 44,9 hamda YAIMning 27,8 foizi ularning hissasiga toʻgʻri keladi. Shu bois, ular yaqinlashish modelidan chiqarib tashlansa, hududlar oʻrtasidagi tafovut yaqqolroq namoyon boʻladi. Yuqoridagilarni inobatga olib, tadqiqotda shartli Beta modelining 14 ta hudud uchun (1-model), Toshkent shahrisiz (2-model) va Toshkent shahri va Toshkent viloyati ishtirok etmagan (3-model) variantlari tahlil qilindi.
Natijalar: shartli Beta yaqinlashish modelining uchta varianti ham mamlakatimizda hududlarning iqtisodiy barqaror holatga yaqinlashayotgani va ular oʻrtasidagi tabaqalashuv qisqarayotganidan dalolat beradi. Chegaradosh hududlarning muvofiq tarzda rivojlanishi ham iqtisodiy oʻsishga ijobiy taʼsir qilayotgani maʼlum boʻldi. Shuningdek, optik tolali aloqa liniyalarini oʻtkazish eng rivojlangan hududlar darajasiga yaqinlashishda yordam beradi. Tahlildan eng rivojlangan hududlarni chiqarib tashlash esa bu omilning ahamiyatini pasaytiradi.
Barcha hududlar boʻyicha hisoblangan Halflife koʻrsatkichi tafovutni 50% ga kamaytirish uchun 35 yil, Toshkent shahri va Toshkent viloyatini hisobga olmaganda esa 25 yil kerak boʻlishini koʻrsatdi.
Tadqiqot natijasida geografik joylashuvi hamda iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari yaqin boʻlgan hududlar uchun hududiy siyosat yoʻnalishlarini aniqlash va ular boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish lozim, degan xulosaga kelindi. Masalan, Beta yaqinlashish modeli Surxondaryo, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari nafaqat geografik jihatdan, balki iqtisodiy oʻsish surʼati jihatidan ham yaqin hududlar ekanligini koʻrsatdi. Xuddi shunday, geografik jihatdan yaqin joylashgan Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari YAHMning aholi jon boshiga ulushi jihatidan, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlari iqtisodiy oʻsish surʼati boʻyicha oʻxshash hududlar boʻlib, ular uchun rivojlanishning umumiy yoʻnalishlarini belgilash maqsadga muvofiq.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti