Majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarlarining hudud va tarmoqlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 4-fevralda qabul qilingan SQ-478–IV-sonli Qaroriga asosan hududlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ustidan tizimli parlament nazorati yoʻlga qoʻyilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida aholi bandligini taʼminlash borasidagi vazifalar ijrosi boʻyicha doimiy monitoring yuritish maqsadida Respublika shtabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Joriy yilning yanvar-mart oylarida aholining bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga kengroq jalb etish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, ishsiz va chet elda ishlab qaytib kelgan 72,8 ming fuqaroning mavjud boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashishi taʼminlangan.
Band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlariga ijtimoiy muhofazaga muhtoj 9,5 ming fuqaro ishga joylashtirilgan.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” doirasida 13,2 ming fuqaroga 31,6 milliard soʻm subsidiya ajratilib, oʻzini oʻzi band qilish orqali ularning bandligi taʼminlangan.
Mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari tavsiyalariga asosan 30,7 ming fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitilgan.
Shu bilan birga, ayrim soha va hududlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagani ham qayd etildi.
Xususan, Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida yangi ish oʻrinlarini yaratishning prognoz parametrlari va ularning har oylik ijrosi xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari sessiyalarida muhokama qilinmagan.
Vazirlik va idoralar tomonidan tashkil etiladigan yangi ish oʻrinlarining manzilli roʻyxatlarini shakllantirish toʻliq oxirigacha yetkazilmagan.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari boʻyicha elektron auksion savdolari yuzasidan yetarli ravishda targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmaganligi sababli ularning aksariyati kutilgan natija bermagan.
Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi umumiy ovqatlanish korxonalarida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalari koʻrsatganidek, mazkur sohada ishlovchi xodimlarning qariyb 55 foizi norasmiy band boʻlganlardir. Shu sababli shu kabi yangi ish oʻrinlari soliq organi maʼlumotlari bazasida qayd etilmagan.
Turizm va u bilan bogʻliq xizmat koʻrsatish loyihalari doirasida tashkil etilgan yangi ish oʻrinlari bir vaqtning oʻzida hududiy investitsiya dasturi loyihalarida ham takroran koʻrsatilgan.
Mehnat yarmarkalarida korxona va tashkilotlar yetarli miqdordagi boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etgan boʻlsada, ishsiz fuqarolarni yarmarkalarga jalb qilish, ularni taklif etilgan ish oʻrinlariga joylashtirish boʻyicha zarur choralar koʻrilmagan.
Senatorlar ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi hamda bir qator topshiriqlar berildi.
Majlisda muhokama etilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.