Ibrohim Gʻafurov: “Prezidentimiz oʻz lavozimini kabinetdan xalq orasiga olib kirdi”

    Zamonaviy oʻzbek adabiyotining zabardast namoyandasi, atoqli adabiyotshunos, tarjimon va publitsist Ibrohim Gʻafurov bilan suhbatimiz xalqimizning bugungi yangi hayoti, turmush tarzi, yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning mohiyati haqida boʻldi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurovni yuksak unvon bilan tabriklar ekan, ustoz adibimizning bosib oʻtgan yoʻliga alohida taʼrif berdi: “Men “Boburnoma”ni koʻp-koʻp oʻqishga, Boburning hayot yoʻlini oʻrganishga harakat qilaman. Bilasizlarmi, Boburda umuman halovat boʻlmagan. Uning hayot yoʻli mashaqqatlar va kurashlarda oʻtgan, faqat mehnat qilgan. Ibrohim akaning ham hayotida halovat boʻlmagan, umri mehnatda oʻtgan. ­Hozirgi adabiyot sohasidagi barcha yozuvchi va shoirlarimiz bu insonni ustoz deydi. Bu insonga halollik va poklik boʻyicha munosib boʻlishga harakat qiladi. Ochiq gap, men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan doʻst edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin Vohidov bilan esa, kechalari ham gaplashardik. ­Erkin akaning bir gap­lari boʻlar edi: agar oʻzbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan soʻrash kerak. Sevib gapirardilar. Ibrohim aka adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi. Ibrohim akaga ­oʻxshagan halol insonlar bizga oʻrnak boʻlishi kerak. Hayotda, mehnatda, umrda. Bitta stol, ruchka va bitta xona. Boshqa biror narsani bu inson oʻzi uchun ep koʻrmagan. Mana shunday inson, albatta, Oʻzbekiston Qahramoni boʻlishga loyiq!”.

    Yurtimizda bayram shukuhi kezib yurgan shu kunlarda biz ham ustoz adibimizni ziyorat qildik. Zamonaviy oʻzbek adabiyotining zabardast namoyandasi, atoqli adabiyotshunos, tarjimon va publitsist Ibrohim Gʻafurov bilan suhbatimiz xalqimizning bugungi yangi hayoti, turmush tarzi, yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning mohiyati haqida boʻldi.

    — Ustoz, bugun qay bir maskanga, goʻshaga, tashkilotga bormang, ularning barchasi davlatimiz rahbarining mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan farmonida yurtimiz madaniy-maʼrifiy, ijtimoiy hayotida samarali faoliyat yuritgan ziyolilar, olimlar, shoir va yozuvchilar, sanʼatkorlarga katta eʼtibor qaratilganini quvonch bilan tilga olishmoqda...

    — Juda toʻgʻri aytasiz. Prezidentimizning ushbu farmonida atoqli olimlar, adabiyot va madaniyat namoyandalari faoliyatiga juda katta urgʻu berilgan. Keng jamoatchilik bu voqelikni zoʻr quvonch va hayajon bilan qarshi oldi. Faol xizmati bilan el-yurt ichida obroʻ-eʼtibor qozongan zamondoshlarimiz — akademiklar, olimlar va ijodkorlar bilan suhbatlashar ekanman, ularning barchasi bugungi taqdirlanish uncha-muncha hodisa emasligini taʼkidlashmoqda. Oʻzbekiston deb atalgan mamlakat oʻttiz yillik dovondan oshib oʻtayotgan ekan, oʻz isteʼdodi, izlanishlari va mehnatlari bilan bu jarayonda kamarbasta boʻlayotgan yurtdoshlarimiz bilan bir safda ekanimdan faxrlanaman. Ishonamanki, bu eʼtibor har bir zamondoshimiz hayotiga yangi turtki, shoirona til bilan aytganda, yangi ilhomlar beradi. Yuksak marralar sari dadil qadam tashlashga undaydi. Xalqimizning koʻz oʻngida bu qadar eʼzoz va qadr topish men uchun eng oliy baxtdir.

    Farmon mazmuniga nazar tashlasangiz, qanchadan-qancha yozuvchilarning qilgan mehnatlari, yozgan asarlari, ijodiy faoliyati bu yerda qisqa shaklda oʻz ifodasini topgan. Shu bilan birga, bu hujjatda oʻz ijodi bilan xalqimiz madaniyatini koʻtarishga hissa qoʻshgan marhum olimlar, yozuvchilar, jurnalistlar va shoirlarning borligi meni juda hayajonga soldi. Prezidentimiz ilk faoliyat boshlagan yillardayoq bu kabi yurtdoshlarimiz qadrlanishi va yodga olinishiga katta eʼtibor qaratdi. Masalan, Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaning “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanishi barcha ijod ahlini, shoiraning muxlislarini, yaqinlarini juda quvontirib yubordi. Gap faqat ordenda emas, gap el ulugʻlagan, yaxshi koʻrgan shoiraning ijodiga boʻlgan ehtirom va eʼzozda. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Oʻtkir Hoshimov, Neʼmat Aminov, Shukur Xolmirzayev, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Ibroyim Yusupovlar bu kunlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrganlarida qanchalar boshlari osmonga yetgan boʻlardi. Bu ijodkorlarning asarlarini oʻqigan odam oʻzbek xalqining qanchalar kuchli maʼnaviy xazinaga ega ekanini anglaydi.

    Yoki, mana, qahramonlarimiz haqida gapirsak. Qishloq xoʻjaligida ulkan yutuqlarga erishgan ilgʻor fermer, seleksioner olim Muhammad Ahmedov Buxoroning shoʻr bosgan yerlarida bir necha yillardan beri 40-42 sentnerdan hosil olib kelmoqda. Suv tanqisligi sharoitida bunday natijaga erishish baʼzilarning tasavvuriga ham sigʻmaydi axir. Kuni kecha suhbatlashayotgan chogʻimizda Muhammad Ahmedov “Hali mana shu yerlarimning oʻzidan paxta hosilini 50 sentnerga yetkazaman”, deb qoldi. Dastlab bu gapni eshitganimda ichimda rosa mubolagʻa qilyaptilar-ku, deb oʻyladim. Keyin eʼtibor bersam, oʻta jiddiy holatda, katta masʼuliyat bilan gapirayotgan ekan. Axir shu ulkan va mashaqqatli ishlarni odam bir oʻzi uchun amalga oshirmaydi-ku! Albatta, Vatanim, xalqimga nafim tegsa, deb umid qiladi. Mana shu uygʻoq fikrli qahramon yurtdoshimiz bir necha yillardan beri paxtaning yangi navi ustida ilmiy izlanishlar olib borayotgan ekan. Bu nav suv tanqisligiga, shoʻr yerlarga chidamli boʻlib, har qanday achchiq shamolga bardosh bera olar ekan. Ildizlari bilan Buxoro tuprogʻida mahkam tura olar ekan. Axir bu ham ijodiy mehnat, kashfiyot va ixtiro emasmi?

    Akademik Shavkat Ayupov esa, matematika olamida qancha kashfiyotlar qilish bilan birga, oʻz maktabini ham yaratgan buyuk olimdir.
    U qirq yoshida akademik unvoniga sazovor boʻlgan. Koʻplab yoshlarni oʻz maktabida oʻqitib, xalqaro olimpiadalarga tayyorlayapti.

    Oʻzbekiston xalq artisti Munojat Yoʻlchiyeva bebaho milliy musiqiy xazinamiz durdonalarini kuylab, yosh avlodga oʻrgatib kelayotgan ustoz sanʼatkorlarimizdan. Uning ijrosidagi maqomlar yangraganida, jahonning manaman degan sahnalari ham hayratlarga choʻmgan.

    — Suhbatlaringizning birida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ilk qadamlarini kuzatganingizdayoq Uchinchi Renessans shabadasi kelayotganini sezganingizni taʼkidlagansiz. Siz bu shabadaning taʼsirini qaysi jabhalarda koʻrgan edingiz?

    — Men Prezidentimizni nima uchun hurmat qilaman — Shavkat Miromonovich besh yil avval yuksak vazifaga kirishganidan boshlab oʻz lavozimini kabinetdan xalq orasiga olib kirdi. Uzoq qishloqlarga, taʼlim auditoriyalariga, qoʻshni davlatlar qalbiga kirib bordi bu inson.

    Davlatimiz rahbari besh yil ilgari soʻzlagan nutqida barcha rahbarlarga bitta chaqiriq bilan chiqdi —“Xalqni rozi qilaylik!”. Bu chaqiriq vaqt oʻtishi bilan gʻoyaga, gʻoyalar esa falsafaga aylanib ketdi. Mamlakatimizda kechayotgan ichki siyosatning asosiy falsafasiga aylandi. Oʻsha ilk maʼruzadayoq Prezidentimizning shijoatiga, jasoratiga, mana shu sodda, lekin oʻta hayotiy falsafasiga qoyil qolganman. Har bir jabhada boʻlayotgan oʻzgarishlar va yangilanishlarga nazar soling, barcha ishlarning mazmun-mohiyatida xalqni rozi qilish gʻoyasi yotadi.

    Mamlakatimizda hozir oliy oʻquv yurtlari soni ikki barobar oshdi. Endi bu yilgi oʻqiydigan yoshlarimizni koʻz oʻngingizga keltiring. Ilgari 70 ta oliy oʻquv yurti mavjud boʻlsa, bu yil 140 dan ortiq shunday muassasa ularni oʻz bagʻriga oladi. Yangidan-yangi va zamonaviy mutaxassisliklarning olamiga olib kiradi. Bu imkoniyat yoshlar uchun ham, jamoat uchun ham katta hodisa emasmi?

    Men bundan 30 yillar oldin “Milliy tiklanish” partiyasi dasturini tuzib yurgan paytlarimda bir xulosaga kelganmanki, kambagʻallikning, qashshoqlikning, xoʻrlik va kamsitilishlarning sababi bitta. Bu — odamning qoʻlida muayyan kasb-hunar yoʻqligi. Kambagʻallikni, yetishmovchilikni quritadigan narsa esa, odamlarning mutaxassislikni egallay olishidir. Hozirgi kunda dunyoda kamida 3 000 ta mutaxassislik bor. Ularning barchasini yashayman, intilaman, kurashaman, Vatanimni obod qilaman deb shaylanib turgan yoshlar egallasa bormi. Mana, biz agrar mamlakatmiz, bu sohada shunchalar koʻp mutaxassisliklar borki, qolganlarini qoʻyavering. Prezidentimiz yer bilan, suv bilan, tuproq bilan tillasha oladigan, agrotexnik bilimlarni egallagan yoshlar xohlaganicha yer olsin, deya taʼkidlayapti. Yerni olgandan keyin esa, uning ustiga 8 qavatli bino qurish bilangina cheklanib boʻlmaydi. Zaminimizni paxta, gʻalla, meva-cheva oladigan madaniy makonga aylantirishimiz zarur.

    Davlatimiz rahbari kambagʻallikni yengib oʻtish masalasini besh yildan beri yechishga intilib keladi. Bu gʻoya ham xalqni rozi qilish falsafasining asosini tashkil qiladi.

    Shu zamonda ham uysiz-joysiz, kulbalarda, kapalarda, hattoki gʻorlarda yashab yurgan oilalar bor edi. Davlatimiz rahbari tomonidan oʻshalarning barchasiga uy berish gʻoyasi koʻndalang qoʻyildi. Agar uy olishga kuchi yetmasa, uzoq muddatli kredit asosida berish, juda boʻlmasa el-yurt, qarindosh-urugʻ yordami bilan boshpanali qilish gʻoyasi oʻrtaga tashlandi. Uy-joyli boʻlgan ana shu odamlarning ruhoniyatini koʻz oldingizga keltiring. Axir ular ham odam, ularning ham tomirida issiq qizil qon aylanadi, ularning ham orzu-niyatlari, bola-chaqasi bor. Farzandlarini odam qilay, ularga sharoit yaratib beray deb yashaydi, lekin qoʻli qisqaligi tufayli uy-joy qilolmagan. Kulbada, chaylada, ijarada sarson yashab yurishga majbur boʻlgan. Mana, endi bu baxtiyor insonlar qalbiga quloq tuting, ular davlatimiz rahbaridan qanchalar minnatdor ekaniga guvoh boʻlasiz. Butun umri yotoqxonada oʻtgan 6 farzandli ona uyli boʻlgach, koʻz oʻngimda yum-yum yigʻlaganini hanuz unutolmayman. Nogiron ekaniga qaramay, ijarada turib, uy egalarining xizmatini qilib yashab kelgan kosib otaning ahvolini aytaymi sizga...

    “Bizlarga qayerda edi bunday hayot? Shunday yoʻl tutsa ham boʻlar ekan-ku, rahbarlarning oʻzlari uylarimizga kelib muammolarimizni soʻrayapti”, deya yolgʻiz onalar quvonch bilan soʻzlaganlarida koʻnglim qanchalar faxrga, gʻururga toʻldi.

    — Demak, ana shu oʻzgarishlar, yangilanish­lar jarayonida bevosita yangi Oʻzbekiston poydevoriga gʻishtlar qoʻyilib bormoqda. Biroq bu jarayonni jiddiy qabul qilmayotgan, kechagi qarashlardan qutula olmayotgan zamondoshlarimiz ham bor...

    — Tan olib aytishimiz kerak, biz hali Uchinchi Renessansning boshlangʻich pogʻonasida turibmiz. Aytganingizdek, bizga ishonqiramay, miyigʻida kulib qarab turganlar ham yoʻq emas, anchagina. Lekin bizning ajdodlarimiz hamisha taraqqiyot sari intilgan maʼrifatli insonlar boʻlgan. Ayni paytda odamlar hayotidan, oʻz turmushidan, maishiy sharoitidan, bola-chaqasining kelajagidan rozi boʻlishi uchun bejiz harakat qilayotganimiz yoʻq. Axir bu muammolarni hal qilmasdan turib, yangi davrga qadam qoʻyib boʻlmaydi-ku. Bugungi kundagi intilishlarimiz samarali boʻlishi uchun esa, hayotimizning mazmuniga, mundarijasiga aylanadigan amaliy ishlar kerak.

    Keling, shu oʻrinda tarix sahifalariga bir nazar tashlab oʻtaylik. Mirzo Ulugʻbekning hayo­tini oʻrganib shu xulosaga keldimki, u temuriylardan boʻlsa ham hech qachon urushni xohlamagan. Oʻsha paytlarda Movarounnahr markazi boʻlgan ­Samarqandga har tomondan hujumlar boʻlib turgan. Bir tomondan moʻgʻullar, bir tomondan koʻchmanchi qipchoqlar obod yurtimizga tez-tez koʻz olaytirib turishgan. Koʻchmanchilarning hech narsasi yoʻq-da, faqat talon-taroj bilan, podani haydab, begona uylarni vayron qilish, talonchilik bilan shugʻullanishgan. Ulugʻbek ularning barchasini qirib tashlashi mumkin edi, lekin urushishni xohlamaydi. U koʻproq madrasalar qurishni, yoʻllar barpo qilishni, bogʻlar yaratishni istaydi. Gʻijduvondan tortib Toshkentgacha, Toshkentdan Turkistongacha juda koʻplab joylarga sanoqsiz madrasalar qurdirgan. Mirzo Ulugʻbek davrida shahar va qishloqlar rosa gullab-yashnagan. Mana shu intilishlari, saʼy-harakatlari bilan u ­Renessansning maʼno-mazmunini, mohiyatini ochib bergan. Madrasalar ochibgina qolmasdan, hazrat Ulugʻbek xalqimizning koʻzi osmonlarni koʻrsin, yulduzlarni oʻrgansin, degan niyatda osmon jismlarini kuzatish mumkin boʻlgan ulkan ilmiy maskan — rasadxona qurdirgan. Yaʼni xalqimizning nigohini koinotga qaratgan, koʻzini ochgan ­benazir olim edi.

    Shavkat Mirziyoyev nima uchun yangi Oʻzbekiston tushunchasini, yuksak orzularni, maqsadlarni bizning qalbimizga, ongu shuurimizga olib kirdi? Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi bobolarimizdek bun­yodkor, tashabbuskor, ilmparvar yangi avlodlar tarbiyalanishini, kamol topishini istayapti. Ajdodlarimiz qanchadan-qancha tarix qatlamlarini, til qatlamlarini, ilm-fan kashfiyotlarini yaratib ketishgan. Demak, Uchinchi ­Renessans yuzaga kelishi uchun bugungi avlodlar kamida Shavkat Ayupovdek, Muhammad Ahmedovdek, Munojat Yoʻlchiyevadek boʻlishi kerak!

    — Sizningcha, Oʻzbekiston davlatining bugungi kundagi asosiy missiyasi qaysi jabhalarda va nimalarda koʻrinmoqda?

    — Bu savolingizga faxr va gʻurur bilan aytishim mumkinki, Oʻzbekistonning hozirgi kundagi missiyasi dunyoni kiyintirish va maʼnaviyat suyanchigʻiga aylanish bilan bogʻliq. Bu gʻoyani BMT ham bevosita qoʻllab-quvvatlamoqda. Axir jahonda hozir kiyimga zor, och-nahor millionlab onalar, bolalar va qariyalar bor. Yelkasiga bitta roʻmol tashlab yurishga zor goʻzallar bor. Atrofingizga bir qarang: dunyo maydonida vasvasali qirgʻinlar kechmoqda, birovlarning yerlarini yangi niqoblar ostida tortib olishmoqda. Vahimali oʻyinlar oʻynalmoqda. Goʻdaklar bir soniyada daydi oʻqlar qurboniga aylangan onaizorlari bagʻrida yetim boʻlib qolishmoqda. Goʻzal hayot, muhabbat haqida xayol surishi mumkin boʻlgan oʻsmirlar oʻz jonini asrab qolish uchun begona samolyotlar qanotlariga osilib oʻzga yurtlarga bosh olib ketmoqchi boʻlyapti. Mana shunday sharoitda davlatimiz rahbari odamlarni kiyintiraman, yetimlarning boshini silayman, yurtimizni maʼnaviyat suyanchigʻiga aylantiraman, deya bor qalb quvvati, shijoati bilan harakat qilayotgani, ortidan butun bir xalqni ergashtirayotgani qanday ulugʻvor ish!

    Bu niyatlar hech qanday mubolagʻa emas, real maqsadlardir. Chunki 42 sentnerdan paxta yetishtirayotgan odamlarning azmu shijoatini, mehnatini qanday qilib quruq gapga yoʻya olasiz? Faqat bu ezgu ishlarning barchasini yuksak darajadagi tashkilotchilik, tashabbuskorlik bilan yoʻlga qoʻyish zarur boʻladi. Xotin-qizlarning har tomonlama himoyasini kuchaytirish, gender tenglikka amal qilish, bolalarni majburiy mehnatdan ozod qilish kabi necha yillardan beri kutilgan amaliy ishlar natijasini oʻz koʻzimiz bilan koʻrib turibmiz-ku!

    Shu bois, Shavkat Mirziyoyev gʻoyalarini butun dunyo hamjamiyati qoʻllab-quvvvatlamoqda. Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusi dunyoning koʻplab tillariga tarjima boʻlayotgani, targʻib qilinayotgani bejiz emas. Chunki Markaziy Osiyo markazidagi Oʻzbekiston deb atalgan davlatning osmonidagi quyosh ham, bulut ham hamisha eʼtibor markazida boʻlib kelgan. Bugun ular bu mamlakatning maʼnaviy, iqtisodiy iqlimida boʻlayotgan yangilanishlar shamolini oʻz koʻzlari bilan koʻrib, jarayonlarda bevosita ishtirok etishmoqda. Davlatimiz rahbari bejiz har bir sohaga innovatsion usullarda yondashaylik, deya bong urmayapti. Jadid bobolarimiz yoʻlini tutib, har bir sohaga yangicha qarashni oʻrganaylik, deganida ham hikmat bor. Agar biz yangicha yashashga, fikrlashga oʻrganmasak, bugungi avlod oldida uyalib qolishimiz, hatto ulardan begonalashib ayrilib qolishimiz mumkin.

    — Ikki asrni koʻrgan qadrli va ardoqli zamondoshimiz, muhtaram ustozimiz, millatimiz eʼtirof etgan shaxs sifatida bugungi yoshlarga nimalar degan boʻlardingiz?

    — Prezidentimiz faoliyatining ilk damlaridanoq yoshlarimizga juda katta ishonch bildirdi. Katta-katta lavozimlarga bilimli yigit-qizlarning nomzodlarini koʻrsatib, ularning tashabbuslariga toʻsqinlik qilayotgan odamlarni esankiratib qoʻydi. Kechagi zamon mafkurasi, aqidasi bilan yashayotganlar endi zamon boshqacha ekanini, yangi dunyo bilan birga nafas olayotgan, fikrlayotgan odamgina bugungi talablarga javob berishi mumkinligini anglay boshlashdi.

    Ayniqsa, davlatimiz rahbarining joriy yilgi Yoshlar forumidagi “Oʻz tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor oʻtmasin! Yoshlik — umrning eng bebaho davri. Ilm oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang! Sizlar mustaqillik farzand­larisiz. Ota-bobolaringiz koʻrgan toʻsiq va qiyinchiliklarni koʻrmay, ozod Vatanda erkin nafas olib, voyaga yetyapsizlar. Yuksak maqsadlar yoʻlida siz — yoshlar hal qiluvchi kuch boʻlishingiz kerak. Men sizlarning zimmangizga yuklangan ana shunday ulkan masʼuliyatni, tom maʼnodagi ­tarixiy vazifani sharaf bilan ado etishingizga qatʼiy ishonaman”, degan soʻzlari meni nihoyatda toʻlqinlantirib yubordi.

    Shu oʻrinda Prezidentimizning yosh ijodkorlarga boʻlgan alohida eʼtiborini ham aytib oʻtmasam boʻlmas. Kuni kecha Zarkent qishlogʻida Parkent ijod uyining ochilish marosimida qatnashdim. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yana bir ijod uyi foydalanishga topshirildi. Chotqol togʻi etaklarida qurilgan bu ajoyib imoratni koʻrib, ogʻzim ochilib qoldi. Eng soʻng­gi dizayn asosida qurilgan shinam va chiroyli xonalarda oʻtirib bemalol xayol surishingiz, katta-katta syujetlar asosidagi asarlarni orzu qilib qalam tebratishingiz mumkin. Xonalarga yosh ijodkorlar bilan birga kirib borar ekanmiz, ularga “Yigitlar, bu xonalar dunyodagi eng zoʻr rusumdagi avtomobilning salonidan ham qulay va zoʻr ekan-a!” deya hazil qildim. Har bir ijodxonasining derazasi Chotqol togʻlarining betakror va goʻzal manzaralariga tutashib ketgan. Qarab toʻymaysan. Beixtiyor tilingga shoirning “Eh, sening yoshliging menda boʻlsaydi!” degan misralari keladi. Togʻ yonbagʻirlaridagi doʻlanazoru archazorlar, sharillab oqayotgan soyning yoqimli ovozini aytmaysizmi?..

    Bu manzaralarga boqqan sayin butun ruhiyatingiz yengil tortib, beixtiyor qoʻlingizga qalam olganingizni sezmay qolasiz. Men chet ellarda koʻp boʻlganman, doʻstlarim bilan ham haligacha gaplashib turaman. Lekin bunaqasini eshitmaganman. Hech qaysi yurtda davlat rahbari ijod ahliga bunday jannatmonand goʻsha sovgʻa qilganini bilmayman. Axir bu imkoniyatlar, zamonaviy besh yulduzli mehmonxonalarga oʻxshash ijod uylari, eng avvalo, yosh ijodkorlarga ilhom berish, ularni qoʻllab-quvvatlash uchun qurib berilyapti-ku!

    Bu Prezidentimiz ulkan orzular bilan yashayotganidan, kelajagimiz egalari boʻlmish yoshlarga katta umid bilan qarayotganidan, ularni qanchalar ardoqlayotganidan darak beradi-ku!

    Viloyatlarda tashkil etilgan ijod maktablariga bir borib koʻring. Bu yerda saboq olayotgan qorakoʻzlar bilan bir suhbatlashing. Chindan ham davlatimiz rahbari orziqib kutayotgan yangicha fikrlaydigan, qoni toza, yuragi sof, niyatlari ulkan oʻzgacha bir avlod kirib kelmoqda. Bu shunchaki balandparvoz gaplar emas. Aniq maʼrifiy dasturlar va zahmatli mehnatlar evaziga qanotimizga kirib kelayotgan izdoshlarimiz quvonchidir!

    Bu juda katta miqyosda yuritilayotgan madaniy siyosatdir. Dunyoda kechayotgan voqealarni, boʻlayotgan ishlarni astoydil kuzatsangiz, yurtimizdagi islohotlar qanchalar buyuk maqsadlar, dasturlar asosida sodir boʻlayotganini yanada chuqurroq ang­laysiz! Shuni unutmaylikki, dahshatli qirgʻinlar, ocharchiliklar, jaholat oʻyinlari bizdan uzoqda emas. Biz ayni paytda har daqiqada hushyor boʻlishimiz, davlatimiz rahbarini qoʻllab-quvvatlab, ijodkor-islohotchi sifatida maydonga chiqishimiz, kurashishimiz zarur!

    Istiqlol shaʼn-shukuhlari kezayotgan ayni baxtli lahzalarda yurtdoshlarimizga ana shu soʻzlarni aytgim keldi. Istiqlolimizni, ­Oʻzbekistonimizni asrab-avaylaylik, aziz yurtdoshlar! Bayramingiz muborak boʻlsin!

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.