Uzun boʻyli, qop-qora sochlariga oq oralay boshlagan. Qomatini adl tutib, xayolga botib yurib kelayotgan, ozgʻin edi. Hayratlanib yoʻlakning chetrogʻiga oʻtdim va darhol salom berdim. U alik olib, boshlarini qimirlatib, yoʻlida davom etdi. Besh-oʻn qadamlar yurib, bir eshikni ochib kirib ketdi. Bir toʻxtab, men tomonga qarab qoʻygani esimda. Sababini bilmayman. Oʻshanda Ibrohim Gʻafurovning rasmlarini bir-ikki bor koʻrganim bois mashhur shoir Usmon Nosirga oʻxshatgan edim...
Oʻsha lahzalarda mendan baxtiyor odam yoʻq edi. Yoʻlakdan goʻyo men axtarib yurgan nur oʻtib ketgandek boʻldi. Chunki Ibrohim Gʻafurov bilan “Joziba” kitobi orqali maktabning yuqori sinfida oʻqib yurganimda gʻoyibona tanishgan edim. Bu kitobni Karmanadagi kitob doʻkonidan sotib olgandim. Doʻkon menga juda qadrdon edi. Hatto uni tez-tez tushlarimda koʻrib turardim. Tushlarimda dasta-dasta, uyum-uyum kitoblar orasida yurardim. Tushimda ham kitob izlardim. Shunday moʻjizalarga boy holat “Joziba”, soʻng Abdulla Oripovning “Ruhim” kitoblarini olganimda koʻproq sodir boʻlgan va hayratlarga solgan.
Doʻkondan olgan kitoblarimni Jaloyirning keng dalalarida, Zarafshon daryosi va Qasoba kanali boʻylarida mol boqib yurgan kezlarimda qoʻldan qoʻymay yutoqib oʻqir edim. Bu kitoblar hayot sirlarini, goʻzalliklarini yosh yuragimga hadya etardi.
“Joziba” oʻsha kezlarda maktabdan, ayniqsa, adabiyot fanidan olgan bilimlarimni toʻldirib, adabiyotshunoslik, tanqid, tahlil va adabiyotni baholash mezonlaridan saboqlar bergan edi. Eng muhimi, kitobni tushunib oʻqish kerakligini anglab yetganman. Ijodkor kimligini, badiiy asar nimaligini, sheʼr, hikoya, doston, roman janrlari jozibasi, siri nimada ekanini yosh aqlim bilan idrok etishga uringanman. Ayniqsa, sevimli ijodkorlarim Abdulla Qahhor, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov ijodlari teran va qiziqarli tahlil qilingani bois, kitobda Abdulla Qahhorning “Dahshat” hikoyasi tahlilini oʻqib, shu hikoyani yaxshi koʻrib qolganman. Hanuz uni qayta-qayta oʻqib turaman. Bu kitob menga adabiyot sirlaridan ilk saboqlar bilan birga, adabiyotga muhabbat uygʻotgan va uning bir umrlik muxlisiga aylanishimga katta turtki bergan.
1973-yilda Toshkentga oʻqishga kelib, ilk sotib olgan kitoblarimdan yana biri Ibrohim Gʻafurovning “Yonar soʻz” kitobi boʻldi. Bu kitobning mazmun-mundarijasi ancha yuksak va teran edi. Oʻquvchini adabiyotning sirli va sehrli dunyosiga yanada chuqurroq olib kirish bilan birga, izchil fikrlashga, eng muhimi, adabiyotni chuqur oʻrganish sirlaridan saboqlar berilgan edi. Kitobning “Sheʼr bilan suhbatlar” bobida 60–70-yillar adabiyotga gurillab kirib kelgan shoirlarning ijodi yangi fikr, yangi soʻz orqali qiziqarli yozilgan edi. Shoirlarning yutuqlari bilan birga kamchiliklari, ayrim xatolari ham roʻy-rost tahlil va tanqid qilingandi.
Kitobning “Nasrlar, nosirlar” bobida berilgan “Sevgi qissalari” maqolasi koʻproq esimda qolgan. Sababi, maqolada sevib va qidirib kitoblarini oʻqiydigan yozuvchilarimning asarlari haqida soʻz borgan. Abdulla Qahhorning “Muhabbat”, Uchqun Nazarovning “Gʻubor”, “Kunlar”, Oʻtkir Hoshimovning “Shamol esaveradi”, “Qalbingga quloq sol”, Odil Yoqubovning “Qanot juft boʻladi”, “Matluba” qissalarini oʻqib chiqqan boʻlsam-da, Ibrohim akaning maqolasi tufayli asarlarning hayotiyligi, qahramonlar taqdiri, xarakteri qanchalar mahorat bilan yozilgani hamda bu asarlar adabiyotga va kitobxonga qanday maʼnaviy ozuqalar berishi haqidagi oʻtli, ibratli fikrlarni oʻqib, asar nimaligini tushunganday boʻlganman. Eng muhimi, maqolada qissalarning yutuqlari bilan kamchiliklari ham bosiqlik bilan, meʼyorida aytilgan edi. Lekin men, yosh kitobxon bu asarlarning kamchiligini topolmaganman. Chunki adabiy savodim yetarli boʻlmagan...
Ibrohim Gʻafurov tufayli bu qissalar haqidagi joʻn fikrlarim nurli mulohazalarga aylandi. Ibrohim akaning baholaridan soʻng ayrimlarini qayta oʻqib chiqdim. Muallifning haqligiga, teran fikrlariga ishondim. Hali-hanuz koʻplab ijodkorlar, olimlar Ibrohim Gʻafurovning tahlilda ishontirish va qoyil qoldirish sanʼatiga tan berib keladi. Bunda biz olim va tadqiqotchi, olim va tanqidchi, olim va faylasuf, olim va fikrchan ziyoli, olim va yetuk kitobxon boʻlgan Ibrohim Gʻafurovni koʻramiz. Bu ulugʻ siymo turli rakurslarda bizga samimiy nigoh bilan boqib turgan boʻladi...
Endi Ibrohim Gʻafurov va u yozgan kitoblarning chin muxlisiga aylangan edim. Gazeta-jurnallarda bu yurakka yaqin familiyani koʻrsam, oʻsha zahoti unda chop etilgan maqola yoki badiani oʻqib chiqardim. Tashna qalbim taskin topardi. Uzoq vaqt oʻqiganlarimning totli zavqida yurardim.
Ustozning “Yam-yashil daraxt” (1976), “Yurak-alanga” (1979), “Lirikaning yuragi” (1982) kitoblari sotuvga chiqqanida birinchilar qatorida qiziqish va mehr bilan oʻqib chiqqanim hamon yodimda. Ayniqsa, “Yam-yashil daraxt” kitobi menga moʻjiza boʻlib tuyulgan. Biz bu kitobda fikrlari, dunyoqarashi yuksalgan yirik olim Ibrohim Gʻafurovni koʻramiz. Adabiyot, asar, kitob haqidagi gʻoyat teran mulohazalardan hayratga va hayajonga tushamiz. Masalan: “Nuqtai nazar haqida” maqolasida bunday deb yozadi: “... yozuvchi boʻlishni istagan odamda tayinli bir qarash, tayinli bir nuqtayi nazarning yoʻqligi u yaratgan asar yoxud u yozgan asar qahramonlaridan ham allaqanday gʻalati umurtqasizliklarga sabab boʻladi. Bu yosh adib oʻzi nimani yozmoqchi, yozayotgan narsasi orqali nimalarni koʻzlamoqda, qanday gʻoyaviy, siyosiy, badiiy maqsadlarni ilgari surmoqchi, asarning pafosini kimga qarshi koʻrsatmoqchi yoki kimga xizmat qildirmoqchiligini hali oʻzi ham yaxshi, toʻla-toʻkis anglab yetmagan boʻladi”.
Muallifning bu jiddiy fikr-mulohazalari bugungi adabiyot va yosh ijodkorlar uchun hamon dolzarbligini yoʻqotmagan. Yana bir oʻrinda Ibrohim Gʻafurov yosh adiblarga qarata: “... ezgulik uchun, olijanoblik uchun, chinakam odamiylik uchun har damda, har soniyada, har kun kurashish kerakligi”ni alohida taʼkidlaydi.
Bu Ibrohim Gʻafurovning boqiy saboqlaridan bir tomchi, xolos...
“Roman – tarix oynasi” maqolasida buyuk adib Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi” romanini tarix va zamon nuqtayi nazardan keng, atroflicha tahlil qiladi. Maqolada asarning ayrim kamchiliklari haqida ham ochiq-oydin yozadi. Bu Ibrohim Gʻafurovning adolatli, kuyunchak ijodkorligini yaqqol koʻrsatib turibdi. Maqola bunday yakunlanadi: “Odil Yoqubov “Ulugʻbek xazinasi”sini nosir sifatida kuchga toʻlgan yoshda yaratdi. Biz kuchga toʻlgan yoshda yozilgan bu asar kitobxon tomonidan uzoq yillar qoʻldan qoʻymay oʻqilishini, roman Ulugʻbek va zamondoshlari tarixining yorqin hamda haqqoniy adabiy oynasi boʻlib qolishini orzu qilamiz”.
Ibrohim Gʻafurovning “Yurak – alanga” kitobidan oʻrin olgan teran va goʻzal maqolalardan biri — atoqli adib Abdulla Qahhor haqidagi “Qalbning kimyo toshi”ni har safar qayta-qayta oʻqib, huzur qilaman. Nazarimda, adabiyotshunos va taqrizchilar yozgan, Abdulla Qahhorga bagʻishlangan ancha-muncha maqolalar orasida eng saralaridan biri shu. Muallif hayrat bilan yozganidek: “Qanday goʻzal mamlakat bu abadiy siymolar mamlakati!”.
Ibrohim Gʻafurov kitoblarini, maqolalarini oʻqiganim sayin u bilan uchrashish va suhbatlashish istagi paydo boʻldi. Lekin bu ishtiyoq hadeganda amalga oshavermadi. Ibrohim akani koʻp marta Abdulla Qahhorning uy-muzeyida boʻladigan xotira kechalarida uchratar edim. Lekin gap-soʻzimiz salom-alikdan nariga oʻtmasdi. Toʻgʻrisi, yaxshi maʼnoda Ibrohim akadan hayiqar edim. U haqidagi yaxshi va ibratli gaplarni Kibriyo Qahhorova, Ozod Sharafiddinov va ustozim Neʼmat Aminovdan koʻp eshitganman. Ular Ibrohim akani zukkoligi, bilimdonligi, kamtar-kamsuqumligi, koʻp kitob oʻqishi, mumtoz va zamonaviy adabiyotni puxta bilishi, mohir tarjimonligi toʻgʻrisida samimiyat bilan gapirar edi. Faqat uni Kibriyo opa “mullo yigit” deb taʼriflar edi. Bir suhbatda Neʼmat Aminov: “Ibrohim Gʻafurovga qoyil qolish kerak. Bir adabiyot institutining ishini bajaryapti”, degan. Bu gapni Ozod aka ham mamnuniyat bilan tasdiqlab: “Direktori ham, xodimi ham oʻzi”, deb hazil qilgandi.
* * *
Taqdirimda mashhur gazeta – “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” tahririyatida ishlash yozilgan ekan. Bosh muharrir Odil Yoqubovning sharofati bilan 1983-yil 19-aprelda gazetaning sanʼat boʻlimida ish boshladim.
Bir kuni men orziqib kutgan uzoq yillik uchrashuv roʻy berdi. Boʻlim mudiri topshirigʻi bilan Ibrohim akaning xonasiga qaysidir muallifning maqolasini olib kirdim. Tartib shunaqa edi. Sanʼat boʻlimidan tushadigan materiallar Ibrohim akaning nigohidan oʻtardi. Keyin kotibiyatga topshirilardi...
Ibrohim Gʻafurov kitob oʻqib oʻtirgan ekan. Stoli ustida yana ikki-uchta kitob bor edi. Salom alikdan soʻng qoʻlimdagi maqolani uzatdim. U maqolaning oxirgi sahifasiga, muallifga qaradi.
– Oʻzingiz qachon maqola yozasiz, ogʻayni, – deb soʻradi.
– Sanʼat yangi soha boʻlgani uchun hozir kutubxonalarga qatnab, sanʼat turlari va janrlarini oʻrganyapman, – dedim astagina.
– Chuqur oʻrganing sanʼat sohasini. Juda qiziq va ajoyib sanʼat olami. Yaxshi mutaxassis boʻlsangiz, qiynalmaysiz. Sanʼat muassasalarida koʻproq boʻling. Mutaxassislar bilan tez-tez suhbatlashing. Sanʼatning turlari koʻp. Ayniqsa, kino, teatr, rassomlik va musiqani yaxshi bilsangiz, yaxshi yozasiz. Ijod qilishni orqaga surib boʻlmaydi. Yozing. Gʻayrat qiling, uka...
Bu ham ustoz Ibrohim Gʻafurovdan olgan yana bir jiddiy sabogʻim edi. Keyinchalik anglab yetdimki, Ibrohim aka juda toʻgʻri maslahat bergan ekan. Gazeta sabab yana bir ulugʻ ustoz topgan edim...
* * *
Ustoz bir maqolasida bunday deydi: “...Chingiz Aytmatov oʻz oq kemasi, Erkin Vohidov oʻz poetik sayyorasi bilan mashhur boʻldi”. Ibrohim Gʻafurovning oʻzi esa tafakkur va fikr sayyorasi bilan adabiyot olamini boyitdi. U maqolalaridan birida “fikr adabiyotini yaratmoqchiman”, deb yozgan edi. Ustoz oʻz oldiga qoʻygan sharafli vazifasini yuksak darajada ado etdi.
Behbudiy, Fitrat, Choʻlpon, Izzat Sulton, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonovning yuksak mahorat bilan yaratib ketgan ijod maktablari yonida, ustozlarga ehtirom keltirib, oʻz tafakkur va fikr sayyorasini bunyod etdi. Buni faqat qutlash, ustoz isteʼdodiga tahsin aytish kerak.
Ibrohim aka adabiyotga chuqur mehr qoʻyib, oʻqib-oʻrganish va kitobga jiddiy muhabbat qoʻygan kezlaridayoq vaqtni jilovlagan edi. U vaqtdan juda unumli, moʻl-koʻl foydalangan. Baʼzan vaqtni ham uxlatib qoʻyib, ijod qilgan boʻlsa, ajab emas. Vaqtdan oʻziga tegishli umrini ortigʻi bilan olganiga shubha yoʻq. Ustoz yozganidek: “Kitob oʻqish uchun koʻp vaqt kerak, koʻp vaqt ajratish kerak”.
Bu tafakkur va fikr sayyorasini topganimga ham qirq yildan oshdi. Qirq yildirki, uning atrofida aylanaman, ijod sirlaridan voqif boʻlishga intilaman, maʼnaviy oziq olaman, suqrotona dono suhbatlaridan, noyob fikrlaridan bahramand boʻlaman. Nima boʻlganda ham bu qutlugʻ sayyoradan uzoqlashmay oʻrganishga astoydil intilaman. Bu sayyora esa oʻz salobati, kuch-qudrati va salohiyati bilan odamni sust torttiradi. Haybati bosib turadi. Baʼzan unga yaqinlasholmay qiynalib yuraman. Ustozning bagʻri keng – Qizilqum choʻllariday bepoyon. Men tashna, ishtiyoqmand va tortinchoq talabani kechiradi. Bu ulugʻ zot yomonlik va hasad qilganlarni, koʻnglini ogʻritganlarning barcha-barchasini – kattadan-kichigigacha hanuz kechirib keladi. Ibrohim aka kechirgan lahzalarida limmo-lim, toʻlib-toshib oqayotgan sokin daryoni esga soladi. Adabiyotimizda, atrofimizda shunday bagʻrikeng, kechirimli, teran va sokin daryo yana bormikin?.. Kechirish ham donishmandlikning oltin sahifasi.
Men bu ulugʻ daryoni har gal ziyorat qilganimda ruhim yuksaladi, yuragim hayrat bilan ura boshlaydi. Oʻsha kun men uchun baxtli, yorugʻ lahzalarni hadya etadi. Uzoq vaqt Ibrohim akaning nurli siymosi, oq tolalar ishgʻol eta boshlagan kipriklari, qoshlari koʻz oldimdan ketmaydi. Bu nurli chehra qaysidir koʻhna kitoblarda oʻqiganim nuroniy avliyolarning muborak siymosini yodga soladi... Baʼzan bu – kitoblar sehrgari, jahon adabiyotining favqulodda bilimdoni, har bir soʻzida donolik ufurib turgan faylasuf chindan ham avliyo, deb oʻylayman. “Avliyo avliyoligidan belgi beradi”, degan ibratli gap bor. Ibrohim Gʻafurovda esa avliyolik belgilari serob... Yoki Ibrohim Gʻafurov Fridrix Nitshening Zardoʻshtimikin?..
“Men shunday odamni sevamanki, u qalbini tortiq etadi, u minnatdorlik kutmaydi va minnatdorlik qilmaydi: zotan, u mudom oʻzini tortiq etadi va ayamaydi oʻzini”.
“ – Qoʻzgʻal, ey tubsiz fikr, mening teranliklarimdan tashqari chiq”.
“Oʻz kuchingiz yetmagan narsalarni orzu qilmang”.
“Agar siz yuksaklikka koʻtarilmoqchi boʻlsangiz, oʻz oyoqlaringizdan foydalaning! Sizni koʻtarib yurishlariga yoʻl qoʻymang, birovning boshiga va yelkasiga oʻtirmang” (“Zardoʻsht tavollosi”dan).
“Marjonu marvaridlar eslanmasa ham boʻlgay, yoqutlardan qimmatroq turgay donolik...
Qayerdan boshlanadi donolik! Va qayerdadir aqlning oʻrni?”
“Kim yurakka donolik ato etdi, kim aqlga maʼno berdi?” (“Ayub nidosi”dan).
Ustoz bunyod etgan donolik va aql sayyorasining oltin poydevori – KITOB!
Bu qutlugʻ dargohning devorlari, toshi, naqshlari, oynalari va eshigi ham kitobdan bunyod boʻlgan. Hayratli kitob qasri...
Qasr hovlisidagi katta bogʻda daraxtlar emas, turfa kitoblar barq urib oʻsib yotibdi. Daraxtlarning katta-kichik gullari ham kitobga oʻxshab ochilgan.
Bu qutlugʻ makonning qoʻrgʻoni ham, hashamati va ulugʻligi ham kitob. Bu muborak makonni yoritib turadigan nur ham kitob.
Ibrohim Gʻafurov yozadi: “Alloh nurni yaratgan ekan va Oʻzi ham shu nur ichida ekan, kitob ham ilmlar, hissiyotlar, aqllarning nurnomasidir. Mening haqiqatim shuki, odam kitoblar olamiga shoʻngʻimagunicha hech qachon sayqal topmaydi. Kitoblar inson hayotining xayrli pogʻonalaridir”. Bir oʻrinda ustoz bunday deydi: “Men kitob oʻqish maqtanarli bir narsa deb bilmayman. Odam non yeyishi, suv ichishi, havo olishi bilan hech qachon maqtanmaydi-ku, toʻgʻrimi?”.
Ustoz “Kitob va shaxs” maqolasida: “Kitob aqlga ham, yurakka ham faol taʼsir koʻrsatadi: aqlni toʻldiradi, yurakning hissiyotlar dunyosini boyitadi, rang-barang qiladi. Lekin kitob oʻqish va kitobdan oʻz hayotiy maqsadlarida foydalanishning yozilmagan qoidalari, tartiblari bor”, deydi.
“Ustoz, shaxsiy kutubxonangizda taxminan qancha kitob bor?” degan savolimizga, u bunday javob bergan: “Hisoblab chiqqan emasman. Uch uy kitobim bor. Ular orasida hali oʻqilmaganlari va qayta oʻqiladiganlari koʻp. Harakatsiz yotgan kitoblar jigarimni ezadi. Qoʻlimda, koʻksimda duoga ochilgan ibodatdagi kaftday ochilib tursa, kitob oʻz xizmat vazifasini oʻtayapti, deyman”.
Ibrohim Gʻafurov va kitob, adabiyot va kitob oʻta noyob hodisalar. Tuganmas, boqiy xazinaga oʻxshaydi. Yozgan sayin yozging kelaveradi. Xazina toʻla quduqqa oʻxshaydi. Ibrohim Gʻafurov bunyod etgan maʼnaviy-badiiy ilm dorilfununining ildizini topish, sirlarini bilish mushkul vazifa. Bu hodisani oʻrganish va tadqiq qilish mutaxassis va olimlarning, qolaversa, ijodkorlarning ham ishidir. Bundan adabiyot, kitob va yosh ijodkorlar, adabiyotga mehr qoʻygan muxlislar yutadi, xolos.
Bir suhbatimizda ustoz bunday degan:
– Eng zoʻr gap va fikrni hazrat Naqshband aytgan: “Dil ba yoru dast ba kor”. Bundan zoʻri yoʻq. Men shu hikmatli fikrga doimo amal qilaman...
Ibrohim Gʻafurovning isteʼdodi va mehnatkashligiga Oʻzbekiston xalq shoirasi rahmatli Oydin Hojiyeva nihoyatda topib baho bergan edi: “Ibrohim aka ipak qurtiga oʻxshab tinimsiz ishlaydi. Asalariga oʻxshab zahmat bilan bol yigʻadi”.
Erkin Vohidov esa ustozning tugʻilgan kunida: “Ibrohimjon adabiyotshunos boʻlmaganida, albatta shoir boʻlardi”, degan edi.
Abdulla Oripov bir suhbatda eʼtirof etganidek: “Ibrohim Gʻafurov tugʻma donishmand”.
* * *
Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurovning “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan chop etilgan 8 jildli kitoblari ham yuqoridagi fikrlarning yorqin isbotidir. Xuddi Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Oybek, Odil Yoqubov, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva asarlari kabi Ibrohim Gʻafurov asarlari, yuksak tarjimalari bir yuz yillikdan ikkinchi yuz yillikka qutlugʻ qadamlar bilan oʻtdi. Oʻzbek adabiyotidan oʻzining mustahkam oʻrnini topdi. Bu umrboqiy kitoblar yangi Oʻzbekistonning yangi avlodlarini, farzandlarini tafakkurning gullagan boʻstonlariga chorlab turishga ishonamiz. Adabiyotning yangi-yangi ilm sirlari bilan ularning qalblarini nurlantiradi.
Ibrohim Gʻafurovning sakkiz jildli kitoblari – uning zahmatli, fidoyi va mehnatkash umriga qoʻyilgan bebaho haykal. Ibrohim Gʻafurovning bu kitoblari oʻzbek adabiyotining salkam yetmish yillik davrini qamrab olgan boʻlib, adabiyotning yorugʻ va jozibador oynasidir. Unda adabiy jarayonning yutuqlari, yuksalishlari, izlanishlar, oqsashlar hamda adabiyotga aynan shu davrlarda kirib kelgan katta bir isteʼdodli avlod haqidagi tahliliy maqolalar, yangicha qarashlar, yangicha tahlillar, qisqasi, adabiyotning oʻziga xos bebaho, qiziqarli maʼlumotlarga boy ensiklopediyasi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Bu kitoblar yangi Oʻzbekistonning yangi adabiyoti ham gullab-yashnashidan hayotiy dalolat va yorqin misoldir.
Davrimiz mutafakkiri Ibrohim Gʻafurov va kitob mavzusi boqiyligi, kengligi, dolzarbligi bilan bir maqolaga sigʻmasligi ayon boʻlib qoldi...
Ustozga mehr-muhabbatimizni yana bir bor izhor etib, Prezidentimizning Ibrohim Gʻafurov haqidagi nurli fikrlarini birga oʻqiymiz:
“Men muhtaram Ibrohim aka timsolida Navoiy hazratlari kabi pok yurakli, olijanob va matonatli insonni koʻraman. Shu bois, ustoz adibimizga “Oʻzbekiston Qahramoni” degan yuksak unvon berish toʻgʻrisidagi farmonga xursandchilik bilan imzo chekdim.
Ibrohim Gʻafurov oʻzining beqiyos ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan el-yurtimizga juda katta xizmat qilgan ulugʻ zamondoshimizdir. Ishonamanki, u kishi bundan keyin ham oʻzining yangi-yangi goʻzal va barkamol asarlari bilan barchamizni, butun xalqimizni xushnud etadi”.
Ashurali Joʻrayev,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist