Zamonaviy hayotni ilm-maʼrifat va taʼlim taraqqiyotisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Boisi, bu boradagi izlanishu tadqiqotlar, alaloqibat, insoniyat turmushi farovonligiga xizmat qiladi. Yurtimiz oliy taʼlim tizimini isloh qilish, sifat koʻrsatkichlarini yaxshilash borasidagi bugungi islohotlar zamirida ham malakali kadrlar tayyorlash orqali jamiyat taraqqiyotiga erishish maqsad qilingan.

Oʻzgarishlar shiddati va samarasi esa xalqaro jamoatchilikning ham eʼtiboriga tushgan. Bozor munosabatlari sharoitida oliy taʼlim xizmatlari, albatta, mehnat bozori talablariga mos boʻlishi, dunyo standartlariga javob berishi kerak. Yoʻqsa, unda tayyorlangan kadrlar bandligini taʼminlash yechilishi lozim boʻlgan yana bir yangi masalani yuzaga keltiradi.

Boʻshliq qanday toʻldiriladi?

Ochigʻini aytish kerak, oliy taʼlimdagi oʻzgarishlarni roʻyobga chiqarish oson kechayotgani yoʻq. Axir, butun boshli mexanizmni qaytadan isloh qilish, kun sayin taraqqiy etayotgan dunyo tamadduniga qadam-baqadam harakatlanish katta kuch va mehnat talab qiladi. Shunga qaramay, tizimlilik, masʼuliyat va qatʼiy intizom bilan islohotlarning amaldagi natijalariga erishilmoqda.

Xorijiy davlatlardan talabalar oʻqishini koʻchirishda sinovning Davlat test markazi tomonidan oʻtkazilishi tufayli adolatli va shaffof tizim yaratilgani erishilgan ijobiy natijalardandir. Ichki oʻqishni koʻchirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni oʻzgartirish — hal etilishi zarur boʻlgan navbatdagi dolzarb masalalardan. Nazarimizda, ichki akademik mobillikni kuchaytirish orqaligina muammoga ijobiy yechim topish mumkin. Boisi, butun dunyoda mazkur tajriba rivojlanib, amaliyotda uning xalqaro va ichki akademik mobillik shakllaridan keng foydalanilmoqda.

Nima oʻzgaradi?

Ichki akademik mobillik, bu — muayyan mamlakat ichidagi oliygohlarning shartnoma, memorandum va boshqa kelishuvlar asosida talabalarini kelishilgan muddat davomida oʻqitib berish tizimidir. Deylik, bilim sohasi oʻzaro mos keladigan 2 ta oliy taʼlim muassasasi muayyan muddatda talabalarini almashgan holda oʻquv jarayonini tashkil qiladi.

Masalan, poytaxtlik talaba oʻqishga topshirish vaqtida beshta taʼlim yoʻnalishini belgilab, Samarqanddagi oliygohga oʻqishga kirdi. Ammo u yerda oʻqish uchun uning sharoiti yoʻq. Mazkur vaziyatda Toshkentda joylashgan oliy taʼlim muassasasi bilan Samarqanddagi oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida akademik mobillik boʻyicha kelishuv amalga oshiriladi. Yaʼni talabaning sharoiti inobatga olinib, ota-onasi bagʻrida oʻqishni davom ettirishi uchun unga sharoit yaratiladi. Haqli savol tugʻiladi: bu taʼlim sifatiga taʼsir koʻrsatmaydimi?

Muammolarga yechim bor

Ochigʻini aytish kerak, tizimda oliy taʼlim muassasalariaro oʻqishni koʻchirish va magistraturaga qabul jarayonida korrupsion holatlarni batamom yoʻq qilish va taʼlim jarayonini sifatli tashkil etishga toʻsqinlik qilayotgan muammolar ham yoʻq emas.

Chunonchi, oliy taʼlim muassasalariaro oʻqishni koʻchirish boʻyicha “rejalashtirilgan” murojaatlar soni ortib borayotgani oʻquv jarayonini sifatli va oʻz vaqtida tashkil etishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Birgina 2020-yilda 28 ming, 2021-yilda esa 56 ming nafar talaba davlat oliy taʼlim muassasalariaro oʻqishni koʻchirish istagini bildirgan.

Jumladan, Urganch davlat universitetiga 2,8 ming, Fargʻona davlat universitetiga 2 ming nafar talaba oʻqishini koʻchirgan boʻlsa, Jizzax davlat pedagogika institutidan 1,4 ming, Guliston davlat universitetidan 1,3 ming nafar talaba boshqa oliy taʼlim muassasalariga oʻqishini koʻchirish istagini bildirgan. Bu koʻrsatkich 2022-yilda 100 mingdan oshishi kutilayotgani har bir masʼulni sergak torttirishi kerak.

Sirtdan qaraganda, buning biror salbiy tomoni yoʻqdek koʻrinadi. Ammo oʻqishga kirish, uni boshqasiga koʻchirish, umuman, oliy taʼlimda biror yoʻnalish boʻyicha ilm olish oʻyin emaski, talaba oʻqishni boshlagandan soʻng birdan boshqa universitetda oʻqigisi kelib qolsa. Axir, birgina talabaning oʻqishni koʻchirishi bilan taʼlim jarayonidagi vaziyat oʻzgarishi mumkin.

Yaʼni talabaning bir universitetdan ikkinchisiga oʻtish foizining ortishi oliy taʼlim muassasasidagi oʻquv jarayoni, oʻqituvchi-professor zimmasidagi yuklamalarning belgilangan rejaga mutanosib boʻlmasligiga taʼsir qiladi. Pirovardida taʼlim sifati mezonlarining buzilishiga olib keladi.

Akademik mobillik bizga nima beradi?

Akademik mobillik oliy taʼlim tizimida yuqori koʻrsatkichlarga erishishning muhim omillaridandir. Bu taʼlim muassasalarini bir-biri bilan solishtirish imkoniyati, muhim jihatlarini oʻzlashtirish, joriy etish orqali oliy taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Mobillik oliy taʼlim muassasalari tuzilmalarini, davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalarini takomillashtirishga zamin yaratadi.

Uning ishtirokchilari talabalar, oliy taʼlim muassasalarining akademik va maʼmuriy personallari boʻlishi mumkin. Aslida xalqaro mobillik global mehnat bozori sharoitida kasbiy moslashish hamda taʼlimni davom ettirish imkoniyatini beradi. Ichki akademik mobillik talaba va ularning ota-onalariga qulaylik yaratadi.

Masalan, bir talaba oʻzi yashaydigan joydan boshqa, uzoqroq hududdagi oliygohga oʻqishga kirsa-da, borib oʻqishga, yotoqxonada yashashga imkoni boʻlmasa, oʻz hududidagi OTMda yaratilgan akademik mobillik asosida muayyan muddat davomida oʻqishi mumkin. Bunda muhim talab, bilim sohalari, taʼlim yoʻnalishlari va fanlar oʻzaro mutanosib boʻlishi kerak.

Bunda muayyan muddat oʻqiganligi haqida maʼlumotni asosiy oʻqishiga taqdim etadi, tegishli fanlarni oʻzlashtirgan, kreditlarni toʻplagan holda asosiy oliygohda tahsilni davom ettirishi mumkin.

Korrupsiyaga asos boʻlmaydimi?

Korrupsiya dunyo miqyosida batamom yoʻqotilishi shart boʻlgan global muammolardandir. Ayniqsa, taʼlim tizimida korrupsiyaviy holatlarning uchrashi bevosita millat va jamiyat kelajagi bilan bogʻliq boʻlgan strategik masala hisoblanadi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ayni jihat eʼtiborga olinib, xorijiy davlatlardan talabalar oʻqishini koʻchirish va ijodiy imtihon oʻtkazish jarayoni bilan bogʻliq korrupsion holatlarning oldini olish borasida tizimli ishlar bajarilmoqda.

Natijada fuqarolarning oʻqishni koʻchirish boʻyicha norozi boʻlib yoʻllagan murojaatlari soni 5 mingtaga, ijodiy imtihonlar boʻyicha esa 14 barobar kamaydi. Ichki oʻqishni koʻchirish oʻrniga akademik mobillik dasturlarini keng joriy etilishi turli korrupsion xavflarning oldi olinishiga, talabalar va keng jamoatchilikning eʼtirozlari kamayishiga xizmat qiladi. Va bu, oʻz navbatida, taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Xorij tajribasi qanday?

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, rivojlangan davlatlarning oliy taʼlim muassasalarida ham oʻqishni koʻchirish, ichki akademik mobillik oliy taʼlimning bir qismi hisoblanadi. Ayrim davlatlarda barcha vakolat oliy taʼlim muassasalari ixtiyorida boʻlsa, baʼzilarida qatʼiy cheklovlar, muayyan talablar joriy etilgan.

Hatto ichki akademik mobillik dasturlari universitetlar aro oʻzaro kelishuv shartnomalari asosida tashkil qilinadigan mamlakatlar ham bor. Mazkur tizimning amaliyotga joriy etilishi talabalarning muayyan oliy taʼlim muassasasidan oʻqishni boshqa nomdorroq oliy taʼlim muassasasiga koʻchirishi uchun emas, balki tanlagan mutaxassisligi boʻyicha malakali kadr boʻlib yetishishiga xizmat qiladi.

Jumladan, AQSHda bakalavriat bosqichidagi oʻqishini koʻchirmoqchi boʻlgan talaba ushbu mamlakatda akkreditatsiyadan oʻtgan oliy taʼlim muassasasi bakalavriatida kamida bir yillik oʻqishni tamomlagan boʻlishi shart. Universitetlar oʻqishni koʻchirish istagini bildirgan talabalar uchun oʻrtacha oʻtish balini turlicha belgilagan.

Aksariyat universitetlar oʻqishni koʻchirish uchun minimal oʻtish balini 2,5 GPA (fanlardan oʻtish uchun minimal ball) etib belgilagan. Xususan, nufuzli universitetlarda oʻtish bali ancha yuqori. Masalan, Garvard universiteti har yili oʻqishni koʻchirish istagini bildirgan talabalarning bor-yoʻgʻi 0,97 foizini qabul qiladi.

Bundan tashqari, talaba qatʼiy belgilangan talablar boʻyicha test va boshqa sinovlardan oʻtishi kerak. Oʻqishni koʻchirish jarayonida talaba tark etayotgan OTMga toʻlov-shartnomaning umumiy summasidan kelib chiqib, yana qoʻshimcha 20-30, qabul qilayotgan OTMga toʻlov-shartnoma summasining 35 foizi miqdorida qoʻshimcha pul toʻlaydi.

Massachusets texnologiya institutiga 2021-yilda oʻqishni koʻchirish istagida 419 nafar talaba ariza topshirgan boʻlsa, shulardan 19 nafarigina oʻqishga qabul qilingan. Braun universitetida oʻqishni koʻchirish istagidagi 2746 nafar talabaning 81 nafarigina belgilangan talablarni bajargan.

Kanadada esa oʻqishni koʻchirish faqat transfer shartnomalari boʻlgan oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida amalga oshiriladi. Ushbu universitetlar roʻyxati maxsus saytlarda eʼlon qilinadi hamda Kanadaning ichki va tashqi akademik mobilligi qabul komissiyasining ixtiyoriga koʻra qaror qabul qilinadi. Oʻqishni koʻchirish taʼlim bosqichlari mazmunining muvofiqligiga asoslanadi.

Dasturlarning bir-biriga mos kelishiga qarab, koʻchirishda ham bir nechta kreditdan butun ikki yillik oʻqish davrigacha inobatga olinadi. Bosqich muddati qisqa yoki fanlarni oʻzlashtirish baholari past boʻlsa, oʻqishni koʻchirish rad etilishi mumkin. Fanlardan oʻtish uchun minimal ball 60 foizdan past boʻlmasligi kerak.

Buyuk Britaniya oliygohlari nufuzi jihatidan dunyoda yuqori oʻrinda turgani uchun talabalarning oʻqishni koʻchirishi ham qatʼiy tartibga solingan. Talaba oʻqishni koʻchirishdan avval oʻtmoqchi boʻlgan universiteti bilan maslahatlashishi shart. Yaʼni u oʻqishni koʻchirish uchun oʻzidan-oʻzi ariza yoza olmaydi.

Chunki ayrim universitetlar, ayniqsa, nufuzli oliygohlar oʻqishini koʻchirgan talabalarni osonlikcha qabul qilmaydi. Bundan tashqari, oʻquv yilining oʻrtasida oʻqishni koʻchirish taqiqlanadi. Talaba ariza topshirish vaqtida boshqa universitetga oʻtish sabablari va bu yangi universitet nima uchun unga koʻproq mos kelishini tushuntirib beruvchi shaxsiy ariza (bayon) yozishi kerak.

Har bir kursning oʻz talablari mavjud, ushbu talablarga javob bermagan talabalarning arizasi esa rad etiladi. Germaniyada birinchi semestrdan keyingi bosqichlar “yuqori semestrlar” deb ataladi. Mamlakatda “yuqori semestrlar” uchun oʻqishni koʻchirishda cheklov mavjud boʻlib, talabalarning oʻqishni koʻchirish boʻyicha arizalariga OTM maʼmuriyati aksariyat hollarda rad javobini beradi.

Yaponiyadagi hamma oliygohlarda ham talabalar oʻqishini koʻchirish dasturi yoʻlga qoʻyilmagan. Shuningdek, mavjudlarida ham bu jarayon oson kechmaydi, yaʼni dasturlar har yili amalga oshirilmaydi. Baʼzi yoʻnalish va fakultetlarga ruxsat beriladi. Talabaning oldingi oʻqigan joyida olgan krediti va natijasi har doim ham oʻrinli deb topilmaydi. Ritsumeken universiteti va Akita xalqaro universiteti oʻrtasida talabalar almashinuv dasturi yoʻlga qoʻyilgan.

Bu dastur orqali talabalar Akita xalqaro universiteti tizimida mavjud 16 ta kollejdan birida oʻzi qiziqqan yoʻnalish boʻyicha qisqa kurslar orqali olti oydan bir yilga qadar taʼlim olishi mumkin. Qoʻshnimiz Qozogʻistonda esa talabalarning bir OTMdan boshqasiga oʻqishini koʻchirish tartibi mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, har bir oliygohning akademik siyosatidan kelib chiqib mustaqil belgilanadi.

Talaba oʻqishini koʻchirish uchun dastlab oʻzi taʼlim olayotgan universitet rahbariyatiga ariza bilan murojaat qiladi. Agar rahbariyat ijobiy xulosa bersa, talaba boshqa universitetga oʻqishni koʻchirish uchun ariza topshira oladi. Bu jarayonda OTMlar har bir yoʻnalish boʻyicha oʻrtacha oʻtish bali (GPA) ni mustaqil belgilaydi.

Masalan, Almati menejment universiteti oʻrtacha oʻtish balini 2.18 GPA etib belgilagan. Oʻqishni koʻchirish qoidalari barcha uchun birdek amal qiladi. Biror toifa uchun alohida imtiyozlar qoʻllanmaydi. Oʻqishga qabul qilish yoki rad etish qarori ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, OTM rahbariyati tomonidan qabul qilinadi.

Oʻzgarishlar taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi

Mamlakatimiz taʼlim tizimi ham xalqaro standartlarga integratsiyalashmoqda. Samarali tajribalar amaliyotga tatbiq etilyapti. Maqsad taʼlim sifatini yaxshilash, oʻquv ishlarini bozor ehtiyojidan kelib chiqib tashkil etishga qaratilgan. Ammo barcha saʼy-harakatlar kutilganidek natija bermayotgani ham bor gap.

Mazkur kamchiliklarni bartaraf etishda baʼzi omillarga eʼtibor qaratish lozim. Xususan, taʼlim jarayoni toʻliq kreditmodul tizimiga oʻtkazilgani sababli talabalarni akademik mobillik asosida boshqa oliy taʼlim muassasasida kamida bir va koʻpi bilan ikki semestr oʻqish imkoniyatini yaratish kerak. Akademik mobillik amaliyotini oliy taʼlim muassasalari tomonidan oʻzaro shartnomalar tuzish orqali joriy qilish payti ham keldi.

Talabalarning ichki akademik mobillik orqali oʻqishini tashkil etish vakolatini oliy taʼlim muassasalariga oʻtkazish esa ular mustaqilligini taʼminlashga xizmat qiladi.