Ijodiy fikrlash, kreativ gʻoyalar va amaliyotni uygʻunlashtiramiz

    Joriy yil 19-iyunda Prezidentimiz maktabgacha va maktab taʼlimi sifatini, pedagoglar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishish asnosida sohani rivojlantirish boʻyicha qator vazifalarni belgilab berdi.

    Taqdimotda soha mutasaddilari malaka oshirish markazlari hamda pedagogika kollejlari imkoniyatidan toʻla foydalanish uchun Prezident maktabi tajribasi asosida Abdulla Avloniy nomidagi milliy tadqiqot institutida bogʻcha va maktablar rahbar hamda pedagoglarining har 5-yilda malakasini oshirish tizimini yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi. Shuningdek, hududlardagi 11 ta pedagogika kollejini malaka oshirish markazlari tasarrufiga oʻtkazib, xorijdan trenerlar jalb etish, kam quvvatda ishlayotgan pedagogika kollejlari negizida bogʻcha va maktablar, texnikumlar, “Barkamol avlod” maktabi tashkil qilish tashabbusi bildirildi. Mazkur takliflar taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash sifatiga eʼtiborni kuchaytirish, sohada ilgʻor xorijiy tajribani keng joriy etish, pedagogik taʼlim infratuzilmasini yaxshilashga hissa qoʻshishi kutilmoqda.

    Mamlakatimiz oʻqitish tizimini takomillashtirish uchun rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalanish ham samara bermoqda. Misol uchun Finlyandiyada maktabgacha taʼlimga katta eʼtibor beriladi. Dars jarayonida oʻquvchilarning erkinligi cheklanmaydi. Bu bolalarda mantiqiy hamda ijodiy fikrlashni kuchaytiradi. Biz ham rivojlangan mamlakatlar taʼlim tizimidagi islohotlarni oʻrganish va institutimizda tatbiq etish uchun oʻqituvchilarimizni tajriba oshirgani Finlyandiyadagi Xalqaro Nordik universitetiga yuboryapmiz. Kelgusida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirib, institutimizdagi oʻquv rejalar rivojlangan davlatlar taʼlim tizimiga moslashtiriladi. Shuningdek, hamkor oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlar bilan birga qoʻshma dasturlar ishlab chiqish hamda ilmiy konferensiyalar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu talabalarga zarur bilim va koʻnikmalarni egallash, tajriba almashish va yangi innovatsion yechimlar izlashda yordam beradi.

    Shu orqali talabalarimizning xalqaro maydonda raqobatbardoshligini oshirish va global miqyosda muvaffaqiyatli karyera qurish imkoniyatini taqdim etish niyatidamiz. Malaka oshirish dasturlarini kengaytirish bilan birga, ilmiy-tadqiqot ishlariga eʼtibor qaratamiz. Talabalarimizning ilmiy yutuqlari xalqaro miqyosda tan olinishi uchun bor bilim va tajribamizni qoʻllaymiz.

    Taqdimotda Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti negizida Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish belgilandi. Institut oldiga “mahalla — ota-ona — maktab” hamkorligini kuchaytirish, ota-onalar va bolalar uchun tarbiyaga oid adabiyotlar yaratish, jadidlarning tarbiyaviy qarashlarini ilmiy tadqiq etish kabi vazifalar qoʻyildi. Bu har bir oʻquvchining bilim olishiga alohida eʼtibor qaratilayotganini anglatadi. Zotan mahalla, ota-ona, maktabning oʻzaro birlashib, faoliyat yuritishi bolaning barkamol shaxs sifatida voyaga yetishiga sabab boʻladi.

    Shahrisabz davlat pedagogika instituti ham maktab va mahalla bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Ijara xonadonlarda yashayotgan talabalarning turmush sharoiti mahalla faollari bilan hamkorlikda oʻrganilmoqda. OTM pedagogika yoʻnalishiga ixtisoslashgani hamda talabalarimiz kelgusida yoshlarga taʼlim-tarbiya berishini inobatga olib, iqtidorini rivojlantirishga eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, institutda turli tanlovlar tashkil etilib, talabalarimizning iqtidori sinovdan oʻtkazilmoqda. 2023-2024 oʻquv yilida bir necha talabamiz Prezident davlat stipendiyasi hamda nomdor stipendiyalarga munosib koʻrildi.

    Endi yoshlarning startap gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun tanlovlar tashkil etib, gʻoyalarni realizatsiya qilish uchun kerakli resurs va imkoniyatlar taqdim etamiz. Bu tanlovlar orqali talabalar innovatsion gʻoyalarini namoyish etish va tajribali mutaxassislar bilan ishlash imkoniyatiga ega boʻladi. Shuningdek, biznes reja tuzish, mahsulotni bozorda joylashtirish, moliyalashtirish va marketing strategiyalarini ishlab chiqish boʻyicha amaliy koʻnikmalarni oʻzlashtiradi. Tanlov gʻoliblari nafaqat pul mukofoti, balki investorlar va hamkorlar bilan uchrashish imkoniyatini ham qoʻlga kiritadi. Shu bilan birga, dasturlar orqali ular oʻz loyihalarini yanada rivojlantirish va amalga oshirish uchun yoʻl-yoʻriq oladi.

    Asosiy maqsadimiz — talabalarning ijodiy fikrlashini rivojlantirish. Shuningdek, asosan amaliyot orqali boʻlgʻusi pedagoglarning bilim va koʻnikmasini mustahkamlab borishga eʼtibor qaratilmoqda. Hozir aksariyat talabalar hududlardagi umumtaʼlim maktablarida amaliyot oʻtamoqda. Jarayon davomli boʻlib, dual taʼlim prinsiplariga asoslangan.

    Yangi Oʻzbekiston — isteʼdod qadrlanadigan mamlakat. Bugun ilm-fan, taʼlim, innovatsiya, texnologiya va kadrlar zamonaviy demokratik jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi omili ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Mamlakatimiz taraqqiyotini zamon talablariga mos ravishda ilm-fansiz tasavvur etish qiyin. Shunday ekan, astoydil mehnat qilib, yosh avlodni yetuk kadrlar sifatida tayyorlashimiz lozim. Buning uchun esa barcha imkoniyat mavjud. Faqat bundan unumli foydalansak boʻlgani.

    Sherzod NEʼMATOV,

    fizika-matematika fanlari doktori,

    professor