Ijro hokimiyati: xalqchillik va ochiqlik sari

    Suhbat 24 Iyun 2022 1749

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Vazirlar Mahkamasi va mahalliy davlat hokimiyati organlariga oid bildirilgan konstitutsiyaviy takliflardan davlat boshqaruvini “davlat – inson uchun” tamoyili asosida takomillashtirishga boʻlgan intilishni yana bir bor koʻrish mumkin.

    Mazkur takliflarning mazmun-mohiyati haqida Toshkent davlat yuridik universitetining Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi mudiri Bekzod Narimanov suhbatlashdik.

    – Aytingchi, Bekzod Abduvaliyevich, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi muhim masala – bu joylarda hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatini ajratish masalasi Konstitutsiyada aks etishi nimalarni anglatadi. Siz bunga qanday qaraysiz?

    Shuningdek, hokimlar bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash taklif etildi. Mutaxassis sifatida mazkur taklifning mazmun-mohiyatini oʻquvchilarga tushuntirib bersangiz.

    – Juda ham yaxshi taklif boʻldi. Rosti, mazkur islohotni ancha yillardan beri kutib yurgandik. Hokim mahalliy kengashga rahbarlik qilganda, xuddiki hokim oʻz qarorlarini mahalliy kengash qoʻli bilan mustahkamlab olayotgandek koʻrinardi.

    Ijro boʻgʻini faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi “Byurokratik toʻsiqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, 2020-yil 1-yanvardan boshlab:

    – mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 11 ta funksiya va vakolatini tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalariga oʻtkazish;

    – davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolardan 32 turdagi hujjatlar talab etilishi, shuningdek, ularning fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan berilishi taqiqlandi;

    – 29 ta idoralararo hayʼat organlari tugatildi.

    Shu bilan birga, Prezidentimiz oʻz Murojaatnomasida hokimliklarda qariiyb 300 ta vazifa va funksiya mavjudligi, ularning 175 tasi ularga xos emasligi va boshqa idoralar funksiyalarini takrorlashi, bu esa ularning faoliyati yetarli darajada samarali emasligi va ortiqcha qogʻozbozliklar mavjudligidan dalolat berishini taʼkidladi. Mazkur holat ijro hokimiyati organlari faoliyatini oshirish boʻyicha qilinadigan ishlar talayligini koʻrsatadi.

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va aholini qiynayotgan muammolarni aniqlashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish qisqa muddatda fuqarolarning davlat organlariga ishonchini oshirish, xususan, xalq bilan davlat ahamiyatiga molik masalalarni bevosita muhokama qilish, yurtdoshlarimizning har bir dolzarb mavzuga doir fikr va mulohazalarini oʻrganish imkonini berdi. Mazkur jarayonning ahamiyatli jihati shundaki, xalqimiz oʻz vakillari, yaʼni deputatlar orqali mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini nafaqat kuzatib, balki nazorat qilib bormoqda. Ijro hokimiyati organlarining vakillik organlari oldidagi masʼuliyati va hisobdorligini oshirish hokimiyatning ijro boʻgʻini demokratiya darajasini aniqlab beruvchi Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlarning muhim yoʻnalishi hisoblanadi.

    Hokimlar bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidaning Konstitutsiyadan chiqarib tashlanishi hokimiyatning tiyib turilishi qoidasiga toʻliq mos keladi, hokimning mahalliy Kengash oldidagi hisoboti ham, istiqboldagi vazifalari ham deputatlar tomonidan hech qanday bosimsiz erkin muhokama qilinadi, xolis baholanadi.

    Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida parlament va Xalq deputatlari mahalliy kengashlarida davlat organlari rahbarlari va hokimlarning fuqarolar murojaatlarida koʻtarilgan masalalari qay darajada hal etilayotgani toʻgʻrisidagi hisobotlarini muntazam eshitish tizimini yoʻlga qoʻyish zarurligini qayd etdi. Shu bilan birga, joylardagi vakillik organlari faoliyatiga Kengash soʻrovini joriy etish va hokimlar oʻziga taqdim etilgan vakolatlardan qanchalik samarali foydalanayotganini aniqlash imkonini beruvchi yangi nazorat tizimini yaratish taklif etildi. Shu asosda mahalliy byudjetlar qoʻshimcha daromadlarini taqsimlash, nafaqalarni adolatli belgilash, ijro organlari rahbarlari faoliyatini baholash, Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilish asnosida amalga oshiriladigan boʻldi.

    Mazkur tashabbuslar hokimning deputatlar timsolidagi vakillari orqali xalq bilan uzluksiz muloqotini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Zero, xalqni jamiyat hayotidagi yangiliklardan xabardor qilish va xalq tomonidan saylangan deputatlar orqali hukumat faoliyatini baholash amaliyoti mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi real voqelikka aylanib bormoqda.

    Shu sababli mahalliy ijro va kengashlar vakolatlarini aniq ajratish va hokimlar bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash, oʻz navbatida, oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

    – Konstitutsiyada Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning ekologiya, yoshlar siyosatini amalga oshirish, oilani qoʻllab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, qulay jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha masʼuliyatini belgilash lozimligi taklif etildi. Aytingchi, mazkur dolzarb vazifalar Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi nima beradi?

    – Darhaqiqat, ekologiya, yoshlar siyosatini amalga oshirish, oilani qoʻllab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, qulay jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar zamonaviy davlat uchun eng muhim yoʻnalishlar hisoblanadi.

    Bir soʻz bilan aytganda, ushbu qoʻshimchalarning Konstitutsiyaga kiritilishini yoqlayman. Men alohida eʼtibor berganim bu ekologiya, jamoat transportini rivojlantirish va aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratishdir. Ushbu sohada muammolar yigʻilib qolgan.

    Hokimlar ushbu qoʻshimchalarning kiritilishini kutmasdan bugundan boshlab ushbu sohalar boʻyicha alohida hududiy dasturlar ishlab chiqishi kerak.

    Bugun jamiyatimizni tashvishga solayotgan va mansabdorlarning eʼtiboridan chetda qolayotgan sohalar ushbu taklifda aniq qilib koʻrsatilgan. Masalan, Konstitutsiya darajasida mansabdor shaxslarning ekologiya va ijtimoiy sohadagi ishlar uchun masʼuliyatini belgilash masalasini barchamiz his qilib turibmiz.

    Yaqinda eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra, Toshkent shahrining “yashillik” darajasi 26 foizni tashkil qilar ekan. Boshqa hududlarimizchi? Mazkur yoʻnalishlar hokimlarning faoliyatiga baho berish indikatorlari sifatida belgilanishi lozim.

    Mamlakatni rivojlantirishning zamonaviy bosqichida keng miqyosli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish hamda Yangi Oʻzbekiston maqsadlariga erishish davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali va sifatli tizimini yaratish, joylardagi davlat boshqaruvi va ijro hokimiyati organlarining uygʻun faoliyatini tashkil qilishni taqozo etadi.

    Hozirgi vaqtda Qonunchilik palatasida amal qilayotgan yangi mexanizm, yaʼni Bosh vazir va Hukumat aʼzolari tomonidan Oliy Majlisga muhim parlament qarorlari va qonunlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish bilan bir qatorda, davlat dasturi ijrosi haqida chorak hisobot taqdim etish amaliyoti takomillashtirilmoqda. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasida “Hukumat soati” instituti kiritilib, uning davomida Hukumat aʼzolari deputatlar savollariga javob beradi, 2019-yildan esa quyi palata tomonidan Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzodlarni koʻrib chiqish amaliyoti amal qilmoqda.

    Demak, mazkur konstitutsiyaviy normaning joriy etilishi Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning yuqorida keltirilgan eng ogʻriqli va zarur yoʻnalishlar boʻyicha parlament va jamoatchilik nazoratida boʻlishiga olib keladi. Bu esa, oʻz oʻrnida, har birimizning kundalik turmushda yuzaga kelayotgan muammolarimizga samarali yechim topilishiga olib keladi degandir.

    Mazkur tashabbusni amalga oshirish ijro hokimiyati samaradorligini sezilarli ravishda oshirish, davlatning xalq bilan muloqotini sifat jihatdan yangi bosqichga oshirish va joylardagi muammolarni taʼsirchan hal etish imkonini beradi.