Ijro intizomi — islohotlarni amalga oshirishda asosiy harakatlantiruvchi kuch

    Joriy yilning birinchi choragida jami 1429 ta, shundan 614 ta yozma, 720 ta elektron, 95 ta og'zaki murojaatlar kelib tushdi.

    So'nggi besh yilda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ulkan o'zgarishlar ro'y berdi. Shu bilan birga, Bosh qomusimizda inson manfaatlarini to'laqonli ta'minlashga qaratilgan norma va qoidalar davlat siyosatining negizini tashkil etdi.

    Prezidentimizning: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan g'oya va tashabbuslari, boshqaruv organlari hamda ijro tizimi ma'muriyatiga katta mas'uliyat yukladi. Xalq bilan ochiq muloqot yo'lga qo'yilib, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning yangi instituti shakllanib ulgurdi.

    Fuqarolarning davlat rahbariga to'g'ridan-to'g'ri murojaat qilishlari natijasida yillar davomida yig'ilib qolgan muammolarning aksariyati bartaraf etildi, davlat dasturlariga kiritish orqali boshqa muammolarning echimi nazoratga olindi.

    Bir so'z bilan aytganda, muammolarning hajmi, bartaraf etish yo'llari, zarur bo'ladigan mablag' miqdori va muddatlari bo'yicha aniq ma'lumotlar bazasi shakllandi. Muhimi, har qaysi bo'g'indagi rahbar faoliyatiga odamlarning roziligidan, murojaatlarga bo'lgan munosabatidan kelib chiqib baho berila boshladi. Ayni jarayonda islohotlarning samaradorligiga erishish uchun soat mexanizmidek aniq ishlovchi ijro tizimiga ehtiyoj yuzaga keldi.

    Ma'lumki, ijro intizomi — har qanday davlat organlari va tashkilotlarning ish samaradorligini ta'minlovchi eng muhim hamda asosiy faoliyat ko'rsatkichlaridan biridir.

    Shu ma'noda aytganda, jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlarning samarali amalga oshirilishi, birinchi navbatda, davlat organlari va tashkilotlarning barcha bo'g'inlarida ijro intizomining zarur darajada tashkil etilishiga bog'liq.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi PF–6166-son “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni davlat idoralari va tashkilotlarining ijro tizimida temir intizom o'rnatishga huquqiy zamin yaratdi.

    Farmon bilan qonunchilik, qonunosti hujjatlarini puxta ishlab chiqish va qabul qilishning ta'sirchan amaliyotini shakllantirish, ularni aniq ijrochilar, keng jamoatchilik hamda aholiga tezkor etkazish, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan ijro-nazorat faoliyatining yagona tizimi joriy etilmoqda.

    Farmon ijrosini ta'minlash hamda ijro intizomini mustahkamlash bo'yicha Moliya vazirligida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Jumladan, Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi bo'yicha vazirlik Hay'atining kengaytirilgan yig'ilishi o'tkazildi. Unda hujjatdan kelib chiqib, vazirlik tizimida ijro intizomini samarali tashkil etish bilan bog'liq vazifalar belgilab olindi. Yig'ilish qarori bilan Farmon talablarini bajarishda yuqori, o'rta va quyi bo'g'in rahbarlariga shaxsiy mas'uliyat va javobgarlik yuklandi. Hay'at majlisida “Yangi O'zbekiston” gazetasining 2021-yil 3-mart sonida Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi R.V.Abduqodirov bilan e'lon qilingan suhbat asosida tayyorlangan ko'rgazmali material orqali tizimga kiritilayotgan yangiliklar atroflicha tushuntirildi.

    Hozir vazirlikda har hafta yakuni bo'yicha ijro muddati yaqinlashayotgan hujjatlar tahlil qilinib, tegishliligiga qarab departament yoki boshqarma rahbarlariga vazifalarning bajarilish holati bo'yicha ogohlantirish berilmoqda. Zarur hollarda tegishli mutaxassislarni jalb qilish orqali topshiriq va vazifalarni belgilangan muddatida bajarilish choralari ko'rilmoqda.

    Tizimli nazoratning yo'lga qo'yilishi qisqa vaqt ichida o'zining ijobiy samarasini ko'rsata boshladi. Ayniqsa, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishilishi bo'yicha kiritilgan hujjatlarning aylanish davri sezilarli darajada qisqardi.

    So'zimizni raqamlar tilida davom etiradigan bo'lsak, 2021-yil 1-aprel holatiga ko'ra, normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona tizimi — “project.gov.uz” dasturi orqali Moliya vazirligiga 3 016 ta hujjat loyihalari ko'rib chiqish va kelishish uchun kiritilgan bo'lib, shundan 2 867 tasining (95 foiz) ijrosi ta'minlangan.

    Soha mutaxassislarimizning chuqur o'rganishlari natijasida 27 ta (1foiz) hujjat loyihasini kelishish uchun ortiqcha vaqt talab etildi. Lekin, ayrim vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan kelishish uchun kiritilgan hujjatlar qo'shimcha huquqiy, iqtisodiy ekspertiza talab etganligi sababli, muddatidan kech ijro etildi. Ijrosi kechikkan hujjatlar soni 122 tani (4 foiz) tashkil etmoqda.

    To'g'ri, 4 foiz katta raqam emas. Lekin, bularning har biri mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga, aholiga qulaylik yaratishga, yangi ish o'rinlarini ochishga qaratilgan hujjat ekanligini hisobga olsak, ijro intizomini yanada samarali ishlashini ta'minlash kerak, degan fikrga boramiz.

    Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor

    Ijro intizomi bo'yicha yana bir muhim yo'nalish bu jismoniy va yuridik shaxslardan tushayotgan murojaatlar bo'lib, 2020-yil yakunlariga ko'ra Moliya vazirligiga jami kelib tushgan murojaatlar soni 55 612 tani tashkil etdi.

    Misol uchun, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti veb-sayti orqali kelib tushgan murojaatlar soni 29 310 tani tashkil etib, 2019-yil bilan taqqoslaganda, murojaatlar 15 442 taga ko'payganligini ko'rsatmoqda.

    SHu bilan birga, joriy yilning birinchi choragida jami 1429 ta, shundan 614 ta yozma, 720 ta elektron, 95 ta og'zaki murojaatlar kelib tushdi. Ushbu murojaatlar to'liq o'rganib chiqilib, murojaatchilarning savol va takliflariga o'z vaqtida tegishli javoblar berilmoqda.

    Vazirlikning mas'ul xodimlari tomonidan murojaatda keltirilgan masalalar zurur ekspert va ishchi guruh bilan joyiga chiqib o'rganilayotganligi ham takroriy murojaatlar sonining kamayishiga olib kelmoqda.

    Shuningdek, vazirlik rahbariyati tomonidan respublika bo'ylab o'tkazilayotgan sayyor qabullar davomida eng ko'p murojaat qilinayogan yo'nalishlar, ya'ni pensiya tayinlash, subsidiya ajratish, arzon uy-joylarga ega bo'lish, shuningdek, 2 yoshdan – 14 yoshgacha bo'lgan voyaga etmagan bolalar uchun nafaqa ajratish bilan bog'liq savollarga javob qaytarilmoqda. Aksariyat masalalarning qariyb 90 foizi shu erning o'zida hal etilmoqda.

    Vazirlik rahbariyati tomonidan murojaatlar bilan ishlashda talabchanlikni va natijadorlikni oshirib borish, ijro intizomi va muddatlariga qat'iy rioya etish, takroriy murojaatlarning ko'payish sabablarini chuqur o'rganib chiqish talab etilmoqda.

    Islohotlar — amalda, hayotda

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev 2020-yil 25-dekabr kuni mamlakatimiz yoshlari bilan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida, O'zbekiston yoshlari forumida hamda 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga qilgan navbatdagi Murojaatnomasida davlat boshqaruvi organlari oldidagi bir qator ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

    Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PF‒6155-son “2017–2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi.

    Farmonga muvofiq, 2021-yilda 273 ta banddan iborat bo'lgan Davlat dasturi tadbirlarini bajarish uchun jami 57,6 trillion so'm, shundan 29,5 trillion so'm, 2,6 milliard AQSH dollari va 57,5 million yevro xarajatlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.

    Yil davomida 120 ta normativ-huquqiy hujjat, 150 ta chora-tadbir va 3 ta Vazirlar Mahkamasining Rayosati bayoni belgilangan tartibda qabul qilinishi lozim. Xususan, Moliya vazirligi oldiga ham bir qator muhim ustuvor vazifalar turibdi. Jumladan:

    - qabul qilingan Davlat dasturlari bo'yicha zarur mablag'larni o'z vaqtida ajratilishini ta'minlash;

    - keyingi yillar uchun byudjet parametrlarini shakllantirishda mehribonlik uylarining uy-joyga muhtoj etim bitiruvchilari
    va ota-onasining qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni uy-joy bilan ta'minlash uchun zarur mablag'larni nazarda tutish;

    - joriy yilda tajriba tariqasida har bir hududda bittadan tuman yoki shahar byudjeti xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida bildirilgan takliflarga yo'naltirish mexanizmini joriy qilish. Buning uchun zarur bo'ladigan qo'shimcha mablag'larni respublika byudjetidan ajratish;

    - 2022-yildan boshlab, har bir tuman (shahar) byudjeti xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida bildirilgan takliflarga yo'naltirish uchun alohida qatorlarda mablag'larni rejalashtirish;

    - Hisob palatasi va Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda byudjet ijrosi to'g'risidagi ma'lumotlarni vazirlik va idoralar tomonidan o'zlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirish tartibini ishlab chiqish;

    - davlat idoralarining byudjetdan tashqari jamg'armalarining daromad va xarajatlari, davlat ulushiga ega bo'lgan tashkilotlar xaridlari, davlat subsidiya va grantlariga oid ma'lumotlarni e'lon qilish amaliyotini yo'lga qo'yish;

    - 2021-yilning ikkinchi yarim yilligida davlat xaridlari sohasida barcha ma'lumotlarning ochiqligini ta'minlovchi Davlat xaridlari bo'yicha markaziy axborot portalini yaratish asosida jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish;

    - 2019–2020-yillarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etilishi holati va uning samaradorligi tahlilidan kelib chiqib, xarajatlarning bir qismini qoplab berish tizimini takomillashtirish;

    - milliy valyutada chiqariladigan suveren xalqaro obligatsiyalarning ulushini kelgusi yillarda bosqichma-bosqich 25 foizdan kamida 40 foizga oshirish choralarini ko'rish va shu kabi boshqa bir qator vazifalar yuklatilgan.

    Ta'kidlash kerakki, ushbu ustuvor vazifalar xalqimizning buguni va ertasiga daxldor bo'lib, byudjetdan ajratilayotgan mablag'ning har bir tiyinini maqsadli sarflash, loyihalar ustidan qat'iy budjet nazoratini o'rnatish vazirligimiz zimmasidagi asosiy vazifalardan biri bo'lib qoladi.

    Bundan tashqari, mamlakatimizda aholiga ko'rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini yanada oshirish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, aholini ijtimoiy himoya qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda.

    Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimini yaratish maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-avgustdagi PQ–4797-son “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarori qabul qilindi.

    Qaror talablaridan kelib chiqqan holda, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to'g'risidagi arizalarni ko'rib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillarini bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi vositasida amalga oshirish, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasiga “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi joriy etilishini va faoliyat ko'rsatishini ta'minlash bo'yicha ish olib borilmoqda.

    Soha istiqbolini kadrlar hal qiladi

    Vazirlik o'z zimmasiga belgilangan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi:

    - iqtisodiy o'sishning barqaror yuqori sur'atlarini, iqtisodiyot
    va ijtimoiy sohaning moliyaviy mutanosibligini ta'minlash;

    - davlatning ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlarini to'liq va o'z vaqtida bajarish;

    - Moliya vazirligi, uning markaziy apparati hamda tarkibiy bo'linmalarining ish shakllarini va usullarini tubdan takomillashtirish, moliya organlari faoliyatida byurokratizm va sansolarlik hollariga yo'l qo'ymaslik singari bir qancha tamoyillar asosida faoliyat yuritadi. Bu esa, o'z navbatida, xodimlarning kasbiy mahorati va tajribasiga bog'liqdir.

    Shunga ko'ra, Moliya vazirligi Inson resurslarini rivojlantirish va xodimlarni ma'murlash departamenti tomonidan vazirlik huzuridagi O'quv markazi bilan hamkorlikda Inson resurslarini rivojlantirish tamoyili asosida xodimlarning bilim, malaka va ko'nikmalari hamda salohiyatini, shuningdek, kasbiy mahoratini rivojlantirish maqsadida markaziy apparat hamda uning tarkibiy bo'linmalari xodimlari uchun malaka oshirish kurslari yo'lga qo'yilgan.

    Moliya sohasida olib borilayotgan bu kabi amaliy sa'y-harakatlar mamlakatimizning yanada ravnaq topishida munosib xizmat qiladi.

    Timur ISHMETOV,

    O'zbekiston Respublikasi
    moliya vaziri