Bugun jahonda mafkuraviy jarayonlarning globallashuvi juda katta tezlik bilan kuchayib bormoqda. Bu jarayon, oʻz navbatida, odamlarga gʻoyaviy va maʼnaviy taʼsir oʻtkazish imkoniyatlarini haddan tashqari kengaytirib yubordi. Yer yuzining barcha mintaqalarida mafkuraviy kurash allaqachon umumbashariy miqyos kasb etgan. Endi dunyoning biron-bir hududi bunday ziddiyatli holatdan qutila olishi qiyinga oʻxshaydi.
Darhaqiqat, hozirgi inson ongi, hissiyotlari uchun kurash tobora kuchayib borayotgan bir paytda maʼnaviy, mafkuraviy, gʻoyaviy tahdid va xurujlar jamiyatimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotiga taʼsir oʻtkazishning kuchli quroli, xavf-xatarlar manbaiga aylanib qolmoqda. Mazkur muammoning oʻta jiddiy ekaniga eʼtibor qaratgan holda, Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida shunday yozadi: “Jamiyatimizda sogʻlom fikr, sogʻlom kuch ustuvor boʻlishi uchun biz maʼnaviy hayotimizni yuksaltirish, aholi, avvalo yoshlarimizni turli zararli taʼsirlardan asrash, ularni har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash haqida muttasil oʻylashimiz, faol ish olib borishimiz zarur. Ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlarning tahlili, afsuski, ular aksariyat hollarda kutilgan natijani bermayotganini koʻrsatmoqda”.
Ha, biz bu borada keyingi yillarda qator ishlarni bajardik, turli tadbirlar oʻtkazdik, fuqarolarni nimalargadir chorlagandek boʻldik. Biroq bu ishlarimiz biz oʻylagandek natijani bermadi. Jamiyat ijtimoiy-maʼnaviy holatiga taʼsir etuvchi ichki va tashqi tahdidlar koʻpaysa koʻpaydiki, ammo kamaymadi. Yoshlarimizning muayyan qismida jamiyatdan begonalashuv jarayoni yuz berdi. Jamiyatda ayrim fuqarolarimiz loqaydlik kasaliga mubtalo boʻlgandek. Maʼnaviy-mafkuraviy immunitetning sustligi oqibatida baʼzi yoshlarimizda radikallashuv holati yuz bera, milliy qadriyatlarimizga, axloqiy tamoyillarimizga beparvolik kayfiyati shakllana boshladi.
Men bu fikrlarni boʻrttirib bildirayotganim yoʻq. Bular, afsuski, butun maʼrifatli dunyoda boʻlgani kabi, bizning jamiyatimizda ham maʼlum maʼnoda oʻzining boʻy-bastini koʻrsatmoqda. Nazarimizda, bunday salbiy holatning paydo boʻlishi sabablari juda koʻp. Dunyoning tobora globallashuvi, bir qutbli dunyoning koʻp qutbli dunyoga aylanishi tufayli sodir boʻlayotgan milliy manfaatlar qarama-qarshiligining kuchayib borishi, “ommaviy madaniyat”ning yangi-yangi usullarda oʻzini koʻrsatishi bilan bogʻliq tashqi tahdidlardan tortib, mamlakatimizda tashqi taʼsirlar natijasida baʼzi yoshlarimizning “haddan ortiq” individuallashuvi, jamiyatdan begonalashuvi, oʻz mustaqil ijtimoiy moʻljaliga ega emasligi, ularda konform dunyoqarash shakllanishidan iborat ichki xavflar oʻzini oʻta salbiy koʻrinishlarda namoyon etmoqda.
Men bu fikrlarni aynan bugun bildirayotganimning sababi bor. Barchaga maʼlumki, joriy yilning 30-aprel kuni mamlakatimiz aholisi hayotidagi muhim sana boʻlib tarixga kiradi. Shu kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendum oʻtkaziladi.
Yangi tahrirda qabul qilinishi kutilayotgan Bosh qonunimiz loyihasi, shubhasiz, uning bugungi kun talablariga hamda jahon hamjamiyati, xalqaro xuquqshunoslik talablariga mutlaqo javob beradigan, amalda yangi konstitutsiyaviy hujjat ekanligidan darak beradi. Shubhasiz, ushbu hujjat mamlakatimiz va Oʻzbekiston jamiyatini taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqishiga ishonamiz.
Loyihada mening diqqatimni koʻp narsalar tortgan boʻlsa-da, biroq bir muhim narsaga alohida eʼtibor berishni lozim topdim. Bu barchamizning taqdirimizda muhim oʻrin egallayotgan, ammo yuqorida taʼkidlaganimiz kabi, keyingi paytlarda muayyan darajada eʼtibordan chetda qolgan masala – axloqiy tarbiya bilan bogʻliq masalaga tegishlidir.
Gap shundan iboratki, qabul qilishimiz nazarda tutilayotgan Konstitutsiya loyihasining beshta moddasida (21, 33, 44, 71, 79-moddalar) axloq masalasi koʻtarilgan. Vaholanki, amaldagi konstitutsiyada ushbu masala birorta ham moddada oʻz aksini topmagan. Ayni paytda, 21, 33, 71 moddalarda mazkur masalaga yanada kengroq yondashilgan. Axloq ijtimoiy axloq sifatida talqin etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida ushbu masalaga alohida eʼtibor berilishining sabablari, fikrimizcha, barchaga ayon. Bu boʻyicha ayrim mulohazalarni yuqorida ham bildirdik. Shu oʻrinda, oʻquvchilarning diqqatini axloq masalasi bugun mamlakat va jamiyat taqdirida alohida oʻrin egallaydigan masalaga aylanganini taʼkidlashni lozim topdik. Tarbiya, maʼnaviyat-maʼrifat, axloq masalasi bilan butun jamiyat, davlat shugʻullanmas ekan, jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligiga erishish amri mahol. Buni barchamiz bilamiz.
Ammo, biz yuqorida qayd etganimiz kabi, bugungi dunyoning shiddat bilan rivojlanishi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar transformatsiyasi, inson, uning ongi, tafakkuri, ayniqsa, qalbi uchun tobora kuchayib borayotgan gʻoyaviy-mafkuraviy kurashlar axloq fenomeni ahamiyatini bashariyat uchun nechogʻli zarur ekanini isbotlab qoʻymoqda.
Meni, oddiy bir fuqaroni xursand qilgan narsa shundan iboratki, mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasida axloq masalasi, fuqarolar tarbiyasi, maʼnaviy rivojlanishi masalalari ham jamiyat, ham davlatning eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Masalaga shu taxlitda yondashishning yana bir oʻta muhim tomoni bor.
Gap shundaki, keyingi paytlarda ayrim “soxta demokratlar”, oʻzlarini inson huquqlarining himoyachilari, deb biluvchi “shovvozlar”da tarbiya, maʼnaviyat-maʼrifat, ayniqsa, axloq masalalariga teskari koʻz bilan qarash alomatlari kuchayib borayotgan edi. Emishki, axloq har bir fuqaroning shaxsiy ishi. Unga koʻr-koʻrona aralashish shaxsning fuqarolik erkinliklarini boʻgʻarmish!
Masalaga shunday tarzda yondashish, shubhasiz, shaxs, jamiyat, davlat oʻrtasidagi ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bizning milliy qadriyatlarimizda, tarixiy taraqqiyotimizning hech bir davrida axloq hech qachon jamiyat taraqqiyotidan alohida ajratib olingan darajada tashlab qoʻyilmagan. Xalqimiz tarbiya, axloq masalalariga jamiyat tomonidan beeʼtiborlik albatta maʼnaviy falokat, ijtimoiy muhitning yemirilishiga sabab boʻlishini yaxshi bilgan. Shu maʼnoda biz oʻrganayotgan hujjatda ijtimoiy axloq masalasiga alohida urgʻu berilishi davlatning adolatli jamiyat, mamlakatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishdan manfaatdorligidan dalolatdir.
Xoʻsh, ijtimoiy axloq, deganda nimani tushunish kerak, haqiqatdan ham bugun ayrimlar davlat va jamiyatning inson axloqi masalalariga aralashuvi uning erkinligini boʻgʻishdan iborat, degan iddaolarining konseptual kamchiligi nimadan iborat? Nazarimizda, ijtimoiy axloq toʻgʻrisida ayrim fikrlarni bayon etishdan avval, umuman axloq haqida qisqacha toʻxtalishni lozim topdik.
Olim, mutaxassislarning fikricha, axloq inson va jamiyat hayotida oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan ijtimoiy-maʼnaviy hodisadir. Arabchada axloq xulqning koʻpligini anglatuvchi tushuncha boʻlib, kishilarning tarixan tarkib topgan xulq-atvori, ijtimoiy, shaxsiy hayotdagi oʻzaro munosabatlari, shuningdek, jamiyatga boʻlgan munosabatlarni tartibga soluvchi barqaror, hayotiy tajribadan oʻtgan meʼyorlar, qoidalar majmuasidir. Oʻzbek xalqi azal-azaldan axloq deganda sogʻlom iymon-eʼtiqodga ega, kuchli irodali, insof va adolatni oʻzining hayotiy tamoyiliga aylantira olgan kishilarni tushungan.
Oʻzbek xalqi ijtimoiy-madaniy hayoti tarixiga eʼtibor beradigan boʻlsak, uning barcha davrlari insonlarni kamolot sari safarbar qilish, ularda ruhni tarbiyalash, yuksak irodani shakllantirish bilan bogʻliq ijtimoiy vazifalarga juda keng oʻrin berilganini koʻrish mumkin. Muqaddas “Avesto” kitobida, turkiy xalqlar tosh bitiklarida, “Temur tuzuklari”da, umuman Markaziy Osiyodan, buyuk Turondan yetishib chiqqan barcha alloma-yu mutafakkirlar, jadid bobolarimiz asarlarida shaxs tarbiyasi, inson ruhiyati islohotida axloq masalalari dunyoda tengi yoʻq mukammal konsepsiya holatida shakllanganini koʻrish mumkin.
Keling, yaxshisi, ular haqida ayrim misollarni keltirish bilan yuqorida bildirgan xulosamizni asoslay qolamiz. Buyuk bobomiz Abu Nasr Forobiy oʻzining hikmatlarida axloqli odam oʻzida 12 tugʻma xislatni birlashtirishi lozimligini koʻrsatadi.
Ular quyidagilardan iborat:
birinchidan, bunday odamning barcha aʼzolari shu darajada mukammal taraqqiy etgan boʻlishi zarurki, u bu aʼzolari yordamida bajarmoqchi boʻlgan barcha ishlarini osonlik bilan amalga oshira olsin;
ikkinchidan, barcha masalani, muhokama va mulohazani toʻgʻri tushuna oladigan, uning maʼnosini anglay oladigan, soʻzlovchining maqsadi, aytilgan fikrining chinligini tezda payqay oladigan boʻlsin;
uchinchidan, xotirasi juda baquvvat boʻlsin, koʻrgan, eshitgan, sezgan narsalarining birortasini ham esidan chiqarmay, yodida saqlab qoladigan boʻlsin;
toʻrtinchidan, zehni shu darajada oʻtkir boʻlsinki, biror narsaning alomatini sezishi bilan bu alomat nimani bildirishligini tezda bilib olsin;
beshinchidan, soʻzlari aniq boʻlsin, fikrini va aytmoqchi boʻlgan mulohazalarini ravon va ravshan bayon eta olsin;
oltinchidan, bilish va oʻqishga muhabbati boʻlsin, oʻrganmoqchi boʻlgan bilimini charchashni sezmasdan osonlik bilan oʻzlashtira olsin;
yettinchidan, ovqatlanishda, ichimlik isteʼmol etishda ochkoʻz boʻlmasin, tabiati qimor oʻyinlarini oʻynashdan uzoq boʻlsin va ular keltiradigan xursandlikdan jirkanadigan boʻlsin;
sakkizinchidan, haqiqatni va haqiqat tarafdorlarini sevadigan boʻlsin, yolgʻon va yolgʻonchilarga nafrat bilan qaraydigan boʻlsin;
toʻqqizinchidan, ruhining gʻururi va vijdonini qadrlaydigan boʻlsin, uning ruhi oʻz tabiati bilan past ishlardan yuqori va oliyjanob ishlarga ishlatiladigan boʻlsin;
oʻninchidan, dirham, dinar va shu kabi turmush buyumlariga jirkanish bilan qarasin;
oʻn birinchidan, oʻz tabiati bilan adolatni sevadigan va adolat uchun kurashuvchi boʻlsin, adolatsizlikka, jabr-zulm oʻtkazuvchilarga nafrat bilan qaraydigan, adolatni targʻib etadigan boʻlsin;
oʻn ikkinchidan, adolatli boʻlsin, ammo qaysar boʻlmasin, oʻzi zarur deb bilgan narsasini amalga oshirishda qatʼiylik koʻrsatsin, qoʻrqmas, jasur boʻlsin, qoʻrqish va ojizlikni bilmasin.
Buyuk mutafakkir allomaning yuqorida bildirgan fikrlarining bugungi kun uchun afzalligi shundaki, ularda shaxsning nafaqat tarbiyasi, shuningdek, muhim insoniy sifatlar boʻlgan qatʼiy xarakter, adolat prinsiplariga amal qilish, haqiqat fenomenini oʻz faoliyatining asosi tarzda qabul qilish, vijdon, kishi ruhiyati bilan bogʻliq jihatlari ham axloq koʻrinishi sifatida eʼtirof etiladi.
Axloq juda keng tushuncha. Uning oʻziga xos meʼyorlari, qoidalari borki, ularga beeʼtiborlik ushbu muhim ijtimoiy hodisaning ahamiyatini sayozlashtiradi. Aslida, axloq yordamida inson adabi boshqarib boriladi. Bu haqda zamonamizning buyuk va ulugʻ allomasi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf shunday deydi: “Axloq – barcha maxluqotlar bilan xusni xulqda boʻlishdir. Axloqning asosini xilm, avf va sabr tashkil etadi. Xaloyiq senga qanday muomalada boʻlishlarini istasang, sen ham ularga shunday muomala qilishing axloqdir. Ozorni toʻxtatib, ehsonni sochib; insofni koʻrsatib, jafoni yoʻqotib; safoni topib, dunyoni ortga otib yubormoq axloqdir. Axloq – shahvat va gʻazab qoʻziganda nafsni jilovlamoqdir”.
Nazarimizda axloq kategoriyasiga bundan ortiq taʼrif berish mushkulga oʻxshaydi. Chunki ushbu taʼrifda axloq masalasiga nafaqat tarbiya usuli sifatida, ayni paytda uning ham ijtimoiy-maʼnaviy, ham siyosiy-mafkuraviy jihatlariga eʼtibor qaratilgan. Aslida ham shunday. Shu maʼnoda bu yorugʻ dunyodagi barcha odamlarni yuqoridagi taʼrif boʻyicha “axloqli odam” va “axloqsiz odam”ga boʻlishning hech qiyin joyi yoʻqqa oʻxshaydi.
Xalqimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotini tarbiya, axloqni isloh qilish jarayonlarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Milliy tariximizning qaysi davrini olib qaramaylik, barchasida milliy axloqimiz oʻsha davr xususiyatlarini eʼtiborga olgan holda takomillashib, sayqallanib borganini koʻrishimiz mumkin. Jumladan, jadid bobomiz Abdulla Avloniy shunday deydi: “Insonlarga eng muhim, ziyoda sharaf, baland daraja beruvchi axloq tarbiyasidir. Biz avvalgi darsda tarbiya ila dars orasida farq bor, dedik, chunki: dars oluvchi – biluvchi, tarbiya oluvchi – amal qiluvchi demakdir”.
Darhaqiqat, jadid bobomizning ushbu fikriga qoʻshilmaslikning iloji yoʻq. Gap shundaki bugungi shaddat bilan rivojlanib borayotgan axborot dunyosida yoshu qari bilmagan oʻqimagan narsaning oʻzi yoʻq. Oddiy tarbiya jarayonidan to mukammal texnologiyalargacha, tirikchilik muammolarini hal etishdan jahoniy geopolitik muammolargacha – barcha-barcha narsadan xabardormiz. Yaʼni, jadid bobomiz qayd etganidek, hammamiz biluvchimiz. Ammo bilgan narsaga amal qilish bobida esa noʻnoqligimiz kunday ravshan. Axloq fenomeni esa ana shu nomutanosiblikni bartaraf etuvchi vositaga aylanishi biz uchun juda muhim.
Endi masalaning yana bir muhim jihati – ijtimoiy axloq masalasiga eʼtiborni qaratsak. Bu masalani oʻrganish asnosida yangi tahrirda qabul qilinishi kutilayotgan Konstitutsiyamiz loyihasining 1-moddasiga eʼtibor qaratmoq kerak. Unda mamlakatimiz “Oʻzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”, deya taʼriflanadi.
Bugungi Oʻzbekiston muhtoj boʻlayotgan ijtimoiy axloq aslida Konstitutsiya loyihasida taklif etilayotgan “Ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan bevosita bogʻliq.
Ijtimoiy davlat aslida, eng avvalo, ijtimoiy adolatga, fuqarolarning ijtimoiy hamjihatligi va hamkorligiga, jamiyat barcha aʼzolarining yagona maqsad sari birlashishi, milliy birlikka asoslangan, kishilarning ijtimoiy himoyalangani xususida gʻamxoʻrlik qiladigan davlat. Bu juda murakkab jarayon ekanini barchamiz anglab turibmiz.
Nazarimizda ijtimoiy davlatni barpo etishning eng muhim omillaridan biri, bu – ijtimoiy axloqni shakllantirish masalasidir. Ayrimlar bu masalada ham oʻz ikkilanishlarini sezdirmoqda. Goʻyoki, hamma uchun bir xil boʻlgan axloqiy tamoyillarni ishlab chiqish va ularni barcha orasida keng yoyish shaxs huquqlarini paymol qilish emish. Bu mutlaqo haqiqatdan uzoq fikr va xato xulosa.
Negaki, milliy axloqimizning yaxshilik, adolat, insonparvarlik, or-nomus, mehr-oqibat, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, jamoa ruhi bilan yashash, oʻzaro hurmat, hamkorlik, tinchliksevarlik, burch, vijdon, baxt kabi qator muhim tarkibiy qismlarini shaxs kamolotini shakllantiruvchi buyuk kuch sifatida inkor etish ogʻir oqibatlarga olib kelayotganini barcha ham birday tan olmayapti. Shuning uchun ham, bugungi Oʻzbekiston jamiyatida axloqsizlik alomatlari koʻp uchrayapti, adolat tamoyillarining buzilish holatlari koʻzga tashlanib, odamlarimiz orasida mehr-oqibat rishtalarining uzilishlari sodir boʻlmoqda.
Ana shunday sharoitda oʻz milliy taraqqiyotini, kelajagini, yosh avlod taqdirini oʻylagan va unga daxldor boʻlgan har qanday davlat ijtimoiy axloq masalasiga kuchli nigoh bilan qarashi lozim. Xoʻsh, ijtimoiy davlatni barpo etishning zarur sharti boʻlgan ijtimoiy axloqning ijtimoiy vazifalari nimalardan iborat boʻlishi mumkin?
Birinchidan, jamiyat rivoji, ijtimoiy davlatni barpo etish shu jamiyatdagi barqaror va maqbul ijtimoiy muhitga bogʻliq. Bir tomondan, insonning oʻzi ijtimoiy muhit mahsuli boʻlsa, boʻlak tarafdan, ana shu barqaror muhitning ijodkori ham inson. Ijtimoiy axloq mazkur obyekt (ijtimoiy muhit) va subyekt (inson)ning ijtimoiy moslashuvchanligini taʼminlaydigan, ularning samarali hamkorligini yoʻlga qoʻyadigan omil hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan ham ijtimoiy davlatni ijtimoiy axloqsiz barpo etishning mutlaqo iloji yoʻq.
Ikkinchidan, jamiyat aʼzolarining barchasida oʻz shaxsiy ehtiyojlari mavjud. Biz barchamiz kecha-yu kunduz ushbu ehtiyojlarimizni qondirish maqsadida tinmay harakat qilamiz. Bu yoʻlda baʼzan toʻgʻri, ayrim paytlarda qingʻir yoʻllarni poylaymiz, mavjud qonunchilikka zil ravishda faoliyat koʻrsatamiz. Boshqacha soʻz bilan aytganda, oʻz axloqsizligimizni namoyon qilamiz.
Shu bilan birga bugungi sivilizatsion dunyoda ijtimoiy ehtiyojlar, jamiyat manfaatlariga asoslangan qadriyatlar ham bor. Biroq biz oʻz shaxsiy manfaatlarimiz yoʻlida ularni inkor etamiz. Ijtimoy axloq ana shu nomutanosiblikni bartaraf etadi. Yana ham aniqroq aytadigan boʻlsak, axloq bizning shaxsiy ehtiyojlarimiz bilan abadiy murosaga intilishimizning muhim koʻrinishi sifatida ijtimoiy mazmunga ega boʻladi. Shaxsiy va ijtimoiy axloqning muvofiqlashuvi, bir-biriga toqat qilish muhitining yaratilishi, nazarimizda ijtimoiy davlatni bunyod etishning asosini tashkil etadi.
Uchinchidan, ijtimoiy axloq insonni axloqiy idealga yaqinlashtiradi. Axloqiy ideal axloq meʼyorlariga asoslangan xulqning yuksak darajasi, mukammal holati hisoblanadi. Axloqiy ideal shaxsning bugungi real hayotdagi turli voqea-hodisalarga munosabatida aks etgan holda, uning hayotda oʻz oʻrnini topishiga, hayotiy pozitsiyasini mustahkamlashga asos boʻlib xizmat qiladi.
Afsuski, bugun real hayotdan adashgan, oʻzligini topa olmayotgan, shu tufayli axloqsizlikning turli koʻchalariga kirib ketayotgan yoshlarimiz ham uchrab turibdi. Bundaylar, odatda, virtual dunyoni haqiqiy dunyo sifatida tasavvur qiladi. Virtual dunyoga gʻarq boʻlganda oʻzini oʻzi boshqarish amaliyoti asta-sekinlik bilan yoʻq boʻla boshlaydi. Ular real dunyoni tan olmaydi va haqiqiy lazzatni, hayotning mazmunini boshqa dunyo, yaʼni virtual dunyodan qidiradi. Bu oʻta xavfli hodisa hisoblanadi. Ijtimoiy axloq kishilarni ana shu halokatdan saqlaydigan kuch hisoblanadi.
Toʻrtinchidan, ijtimoiy axloq insonlarni ijtimoiylashtiruvchi muhim vosita. Darhaqiqat, individuallashgan jamiyatda tom maʼnodagi ijtimoiy davlat toʻgʻrisida fikr bildirish amri mahol. Endi ikki ogʻiz ijtimoiylashuv haqida fikrlashsak. Ijtimoiylashuv biron-bir voqea, hodisa, shaxs yoki harakatning ijtimoiy mohiyat kasb etib, koʻpchilikka daxldor boʻlib, ijtimoiy munosabatlar majmuiga aylanishini taʼminlaydigan jarayon.
Ayrimlar shaxs va jamiyatning ijtimoiylashuvi va individuallashuvini bir-biriga zid qoʻyadi. Bu, nazarimizda, xato xulosa. Hamma gap shundaki, jamiyat va shaxsning ijtimoiylashuvi insonning individuallashuvi natijasida paydo boʻladi. Yaʼni shaxs va jamiyatning ijtimoiylashuvi har qanday taraqqiyot uchun zarur ekanini anglash uchun ham insonda individuallashuv jarayoni yuz berishi lozim. Mazkur holat asta-sekinlik bilan sifat jihatdan boyib borishi, mukammallashuvi tufayli jamiyat ijtimoiylashuvi yuz beradi. Aniqroq aytiladigan boʻlsa, ijtimoiy davlat oʻzida individual sifatlarga boy, amalga oshirayotgan ishlarini ongli ravishda anglagan, oʻz faoliyatini jamiyat manfaati va ehtiyojlariga uygʻunlashtira olgan, ijtimoiy axloq normalariga qatʼiy amal qiladigan mustaqil kishilar mamlakatidir.
Beshinchidan, ijtimoiy axloq jamiyat aʼzolarini yagona maqsad sari safarbar etishga yoʻnaltira oladigan muhim kuch. Ayyor, qoʻrqoq, oʻzini isloh qilishga ehtiyoji yoʻq, befarq, dangasa, yakkalikdan rohat topadigan odamlarning jamiyat oldidagi katta maqsadlar yoʻlida birlashishi amri mahol. Mutafakkirlarning qayd etishicha, ayyorlik – axmoqning aqli.
Ana shunday illatlarga ega insonlar axloqning ijtimoiylashuvidan manfaatdor emas. Chunki bu borada ularning oʻz “dunyosi” bor. Jamiyat tomonidan qabul qilingan strategik vazifalar, ijtimoiy moʻljallar ularni qiziqtirmaydi. Ijtimoiy axloq esa ana shunday kishilarni tarbiyalaydi, ularning samarasiz harakatiga mazmun kiritadi, asta-sekinlik bilan ongsiz faoliyatini axloqiy fazilatlar bilan bezay boshlaydi.
Bugun biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga ahd qilganmiz, Uchinchi Renessansni yaratish amaliy harakatimizga aylangan. Maʼrifatli jamiyat va yangi maʼnaviy makon quruq orzuimiz emas, balki, barcha harakatlarimizning asl maqsadiga aylangan. Bu boradagi ishlarni faqat va faqat butun jamiyatni maʼnaviy sogʻlomlashtirish hamda yuksaltirishiga kuch beruvchi omil – ijtimoiy axloq tufayligina amalga oshirish mumkin.
Oltinchidan, ijtimoiy axloqni juda keng maʼnoda tushunish lozim. Axloq dini, tili, eʼtiqodi, irqidan qatʼiy nazar barcha insonlarni hamjihatlikka, ijtimoiy hamkorlikka chaqiradi. Ijtimoiy axloq butun jamiyat aʼzolarining xulq-atvori, xatti-harakatini yagona maqsadga yoʻnaltira oladigan fenomen hodisadir.
Shu oʻrinda axloqiy qadriyatlar iyerarxiyasida barcha millat va xalqlar uchun ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan qadriyatlar borki, ularsiz jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy barqarorlikni taʼminlash, sogʻlom gʻoyaviy-mafkuraviy muhitni yaratish aslo mumkin emas. Shubhasiz bunday qadriyatlar sarasiga tinchlik, ijtimoiy hamkorlik, turli xalqlar oʻrtasidagi hamjihatlik, barqaror rivojlanish kabilarni kiritish mumkin.
Shu asnoda taʼkidlash lozimki, bugungi dunyoda ijtimoiy axloq fenomenida milliylik mazmuni bilan teng ravishda uning baynalmilallik jihatlari ahamiyati ham ortib bormoqda. Bu holatni koʻrmaslik aslo mumkin emas. Boshqacha soʻz bilan aytganda, bugungi dunyoning haddan tez ravishda globallashuvi, davlatlar va mintaqalar oʻrtasidagi integratsiya jarayonlari kengayishi va chuqurlashuvi, migratsion harakatlar ortishi, jahon Internet tizimi va ijtimoiy tarmoqlar kishilar ongi va tafakkur tarziga taʼsiri kuchayishi ijtimoiy axloqning ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Masalaning yana bir muhim jahati bor va u mintaqamiz – Markaziy Osiyo davlatlarida istiqomat qilayotgan xalqlar taqdiri bilan bevosita bogʻliq. Ushbu mintaqa xalqlari azal-azaldan bir havodan nafas olib, bir daryodan suv ichib, oʻz taqdirlarini bir-biri bilan bogʻlab kelgan. Aslida, bu xalqlarning tarixi ham, taqdiri ham, doʻsti va dushmanlari ham bir boʻlgan. Ayni shunday, bizning axloqiy qadriyatlarimiz ham deyarli bir xil.
Qolaversa, keyingi 5–6 yillar mobaynida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi avvallari turli sabablar natijasida yopilgan “temir darvozalar”ning ochilishi, ushbu mamlakatlar orasidagi oʻzaro ishonch, hamjihatlik va barcha sohalardagi hamkorlikning ham boʻyiga, ham eniga kengayib, chuqurlashib borishi ijtimoiy-gumanitar jabhadagi aloqalarni yanada kengaytirishni talab etmoqda. Bularning barisi, shubhasiz, ming yillar mobaynida bitta makon va zamonda shakllangan xalqlarimiz axloqiy qadriyatlariga, tarbiya tizimiga ham bevosita tegishlidir. Bas, shunday ekan, bugun bu xalqlar milliy axloqi ijtimoiy mazmunga ega boʻlmoqda, xalqlarimiz va davlatlarimizni umumiy manfaatlar yoʻlida bir-biriga yaqinlashtirmoqda.
Shaxsning toʻliq shakllanishi uning axloqiylik darajasi bilan bogʻliq. Axloqiylik esa har bir insonning oʻzi va jamiyat oldidagi burch va masʼuliyatga nisbatan munosabatida aks etadi. Axloqiylikning ayrim koʻrinishlari insonning tashqi harakatlarida namoyon boʻlsa-da, ayni paytda, uning tom maʼnodagi axloqiy sifatlari individning ichki ruhiyatida makon topadi. Shuning uchun ham axloqiylik har birimizning ichki, botiniy hayotimizda yashaydi. Ana shunday sifatlar asosida biz tarbiya topamiz, oʻzimizni isloh qilishga ehtiyoj sezamiz, pirovard natijada real hayot va axloqiy ideal oʻrtasidagi chegaralarni qisqartiramiz.
Ijtimoy axloq esa jamiyat ijtimoiy-maʼnaviy, gʻoyaviy-mafkuraviy muhitini sogʻlomlashtiradi, kishilarni umummilliy maqsadlarni bajarishga safarbar etadi. Kishilar oʻrtasidagi turli munosabatlarni muvofiqlashtirish, jamiyat aʼzolari amaliy faoliyatini sogʻlom, insonparvarlik, vatanparvarlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan qadriyatlar bilan bezaydigan kuch ham ijtimoiy axloqdir.
Shu maʼnoda biz nimani yutsak ijtimoiy axloq tufayli yutamiz, nimani boy bersak, u ham ijtimoiy axloq normalariga beeʼtiborligimiz natijasida sodir boʻladi. Darhaqiqat, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida axloq, xususan, ijtimoiy axloq masalasiga jiddiy eʼtibor berilishi mamlakat va millat taqdirida alohida oʻrin egallashidan darakdir.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor