2020-yil 24-martda Adliya vazirligi tomonidan “Ijtimoiy tadbirkorlik” to'g'risadagi qonun loyihasi muhokamaga qo'yilgan edi. Aynan mazkur tashabbus orqali ijtimoiy tadbirkorlikni jamiyatimizga olib kirish hamda huquqiy asoslarini yaratish borasida amalda dastlabki qadam tashlandi.
Ijtimoiy sohada yuzaga keluvchi ayrim muammolar bir necha yo'llar orqali qonunchilikda o'z echimini topgan. SHunday ekan, ijtimoiy tadbirkorlik tushunchasini olib kirish qay darajada o'rinli va ahamiyatli degan savol yuzaga keladi.
Bu tushuncha XIX asrda Evropada, ya'ni saksoninchi va to'qsoninchi yillarda innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash hamda korxonalarni joriy etish maqsadida yuzaga kelgan. Mazkur tushuncha borasida bir necha qarashlar, nazariyalar sanab o'tilgan. Xorij nazariyasiga ko'ra, “ijtimoiy tadbirkorlik” jamiyatda yuzaga keluvchi ijtimoiy chaqiriqlarga yuqori darajada ijobiy echim, ya'ni xizmat yoki mahsulotlarni taklif etishdir. Mazkur nazariya shunday tadbirkorlik yo'nalishini bizga taqdim etadiki, unda asosiy maqsad foyda olishga yo'naltirilmaydi, aksincha, jamiyatdagi ijtimoiy ahvoli og'ir yoki nochor qatlam vakillariga yordam berishni nazarda tutadi. Ijtimoiy tadbirkorlarning asosiy “xaridor”lari kam ta'minlangan yoki moliyaviy vositalarga egalik qilish imkoniyati bo'lmagan shaxslar yoki shaxslar guruhi sanaladi.
Ijtimoiy tadbirkorlar qo'lga kiritgan foydasini o'z rivojlanishiga emas, balki ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamni qo'llab-quvvatlash, zaif ijtimoiy qatlamning ahvolini yaxshilashga yo'naltiradi.
Mazkur munosabat hamda undan kutilgan natijalar xorijda o'z tarixi, tajribasiga ega bo'lishi bilan bir qatorda, ijobiy natijalariga ham ega, ya'ni chet elda ushbu soha o'zini oqladi deb ayta olishimiz mumkin. AQShning Kaliforniya shtatida o'z biznes faoliyatini olib boruvchi “Toms” kompaniyasi oyoq kiyimlar ishlab chiqarish bo'yicha etakchi korxonalardan biri bo'lib, uning jamiyat aholisi uchun yaratib bergan qulaylikligi qaysidir xaridor o'zi uchun oyoq kiyim sotib olsa, boshqa bir rivojlanayotgan davlatning kam ta'minlangan bolalariga bir juft oyoq kiyim hadya qilinadi.
Yana bir misol, RecycleForce (AQSh) kompaniyasining amaliyotga joriy etgan eng foydali ishlaridan biri atrof-muhitni muhofaza qilish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
“Ijtimoiy tadbirkorlik” o'rnini boshqa usullar orqali to'ldirish mumkinmi?
“Ijtimoiy tadbirkorlik” to'g'risadagi qonun loyihasining ilgari surilishida pandemiya sharoiti hamda uning natijasida yuzaga kelgan murakkab vaziyat va qiyinchiliklar asosiy katalizator vazifasini bajardi.
Ha, biz hozir shunday zamonda yashayapmizki, unda zamondan ikki qadam oldinda yurmasak, deyarli engilamiz. Negaki, huquq nazariyasida quyidagicha qoida belgilanadi:
“Qonunchilik huquqbuzarlikdan yoki yangi yuzaga keluvchi ijtimoiy munosabatlardan bir qadam ortda yuradi”, ya'ni, qachonki yangi ijtimoiy munosabat yuzaga kelar ekan, keyin qonun tartibga solishga tushadi, oldindan bashorat qilish esa nisbatan murakkabdir.
Lekin hozirgi raqamli zamon bu qoidalarni chetga surib qo'ymoqda, biz yangi munosabatlarni yuzaga kelishini kutib turishimiz emas, oldindan qanday vaziyat bo'lishini bila olishimiz lozim.
Birgina pandemiya davrida, deyarli har bir soha qiyinchilikka uchradi va shu sababdan o'z faoliyat doirasida oqsalishlar kuzatildi. SHunday hollarda biz ko'proq tadbirkorlarga hamda ularning qo'llab-quvvatlashlariga har qachongidanda ko'proq ehtiyoj sezdik. Bir tadbirkorlik korxonasi qisqa vaqt ichida boshqa bir faoliyatga osonlikcha moslashishiga to'g'ri keldi. Qiyin vaziyatda xalqqa sifatli ham arzon narxlarda mahsulotlar etkazib berish muhim ahamiyat kasb etdi. Ayrim xo'jaliklar doimiy daromad manbayiga ega emasligi bois, ish topish bilan bog'liq muammolarga duch kelishdi.
Inkor etmaymiz, homiylik ishlari orqali bu kabi muammolarga qaysidir darajada echim topildi deya olamiz, ammo birgina savol, biz doimiy ravishda bu sistemani qo'llay olamizmi?
Keling, o'z-o'zimizga savol beramiz, bir nogiron insonga qanday qilib yordam berishimiz mumkin, pul berish orqalimi, mavjud qaysidir ehtiyojini qondirish orqalimi yoki doimiy ish o'rnini yaratib berish orqalimi?
Fikrimizcha, aynan uchinchi taklif ancha samaraliroq va qoniqarliroq, bu orqali bir necha masalalar o'z echimini topadi, masalan, nogiron shaxslar uchun ish o'rni, ishsizlar sonining kamayishi, tadbirkor uchun esa ish faoliyatining doimiy yurib turishi va shu kabilarni aytish mumkin.
Ijtimoiy tadbirkorlik, nafaqat ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamni qo'llab quvvatlaydi, balki ijtimoiy sohada mavjud bo'lgan yoki yuzaga kelgan muammolarga yuqori darajada echim topishga ham o'z e'tiborini qaratadi. Masalan, pandemiya davrida, ayrim korxonalar tomonidan tibbiyot niqoblari, sanitar-gigienik vositalar arzon narxlarda yoki bepul tarzda aholiga etkazib berildi.
Aholining kam ta'minlangan yoki ijtimoiy yordamga muhtoj qatlami manfaatlari ijtimoiy tadbirkorlik orqali ta'minlanishi mumkin. Ammo bilamizki ijtimoiy yordam masalalari bugunga qadar boshqa yo'llar orqali ham ta'minlab kelinmoqda, birgina mehnat qonunchiligi nogironlar uchun har bir korxona, muassasa va tashkilotda ish joyi ajratib berilishini nazarda tutadi yoki davlat xususiy sherikchilikda berilgan imtiyozlarni olishimiz mumkin. Ammo ijtimoiy tadbirkorlikning tadbiq etilishi ushbu kunda yuzaga kelayotgan, hali tartibga solinmagan yoki to'liq tartibga solinmagan ayrim ijtimoiy muammolarni bartaraf etadi.
Ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati huquqiy va me'yoriy asoslar, moliyaviy resurslar, biznesni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish tuzilmalari, o'qitish va ishchi kuchini rivojlantirish bilan bog'liq bir qator muhim masalalarda to'siqlarga duch kelmoqda. Ijtimoiy korxonalar paydo bo'lishi, mustahkamlanishi va rivojlanishi uchun qulay ishbilarmonlik muhiti zarur.
Ijtimoiy korxonalar ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolarni hal qilishda, ijtimoiy birdamlikni oshirishda, mahalliy ijtimoiy kapitalni to'g'ri yo'naltirishda, demokratik ishtirokni qo'llab-quvvatlashda va sifatli xizmatlar ko'rsatishda muhim rol o'ynaydi. Ijtimoiy korxonalarni qo'llab-quvvatlovchi davlat siyosati hukumatlarga ish bilan ta'minlash va boshqa muammolarni yanada samarali va tezroq hal qilish imkonini beradi, shu bilan birga davlat pullarini to'g'ri yo'naltirilishini ta'minlaydi.
Ijtimoiy tadbirkorlik uchun foydali asoslar yaratish siyosatchilardan ijtimoiy tadbirkorlik va uning hissasi haqida tizimli tasavvurga ega bo'lishni, shuningdek, “tadbirkorlik” va “ijtimoiy tadbirkorlik” tushunchalarini bir-biridan farqlay ola bilishni talab qiladi. Ijtimoiy tadbirkorlikning huquqiy tartibga solinishi, ijtimoiy korxonalarga beriladigan imtiyoz va preferensiyalar quyidagi asoslarga ko'ra jamiyatga, undagi kam ta'minlangan qatlam vakillariga yaxshi xizmat ko'rsatish, ularning ijtimoiy hayotini yaxshilash imkonini beradi:
- Jamiyat manfaatlarining ustuvorligi. Ijtimoiy korxonaning boshqa daromadli bizneslardan ajralib turadigan xususiyati ularning ijtimoiy yoki ekologik missiyaga sodiqligidir, ya'ni foyda olish ushbu turdagi tadbirkorlik faoliyatida oliy maqsad emas.
- Jamiyat hayotida muhim hamda yangilikka muhtoj sohalarga e'tibor qaratilishi. Tizimli ravishda barcha muhim tovarlar va xizmatlar etishmasligining bartaraf etilishida va iqlim o'zgarishini hal qilish kabi sohalarda katta ijtimoiy imtiyozlarga ega bo'ladi. Misol uchun, moliyaviy inklyuzivlik, quyosh nuri, suvni tozalash tizimlari, arzon maktablar, ko'chma shifoxonalar, chiqindilarni yig'ish va boshqarish masalalari.
- Aholi bandligini ta'minlashda sifat va tenglik darajasini oshirish. Masalan, tadbirkorlarni ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun safarbar etish, aholining kam ta'minlangan qatlamlari, ya'ni boquvchisiz qolgan oilalar va nogironlar uchun moslashuvchan ish o'rinlari yaratish.
Respublika miqyosida ijtimoiy tadbirkorlikning elementlari uchrasa-da, ammo jamiyat uchun mazkur termin nisbatan yot kategoriya hisoblanadi, qolaversa, bizda hali ushbu munosabatning amaliyotga kiritilishi, tatbiq etilishi, xalqning mazkur tushunchaning mavjud bo'lishini qabul qila olishi uchun asosiy katalizator ham bo'lishi, bo'lishi lozim.
Ijtimoiy tadbirkorlik va uning yuzaga kelishi, yashab ketishi uchun qulay atmosferani ta'minlab berishimiz bugungi kundagi huquq sohasining oldida turgan asosiy masalalardan biri deb aytishimiz mumkin, zero tadbirkorlik muhiti iqtisodiyot o'sishining eng bosh omili hisoblanadi. Shunday ekan, ijtimoiy tadbirkorlik tushunchasi ham keng ommaga etkazilishi, qo'llab-quvvatlanishi hamda tatbiq etilishi, huquqiy asoslarga ega bo'lishi jamiyatning ijobiy ijtimoiy hayoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi deb ayta olamiz.
Sayohat Ahrorova,
Aminjon Qalandarov,
Toshkent davlat yuridik universiteti o'qituvchilari.