Ijtimoiy tarmoqlarning ijtimoiy manzarasi

    Internet sahifalari, ijtimoiy tarmoqlar, turli tashkilot va muassasalarning rasmiy sayti juda faollashib borayotgani koʻzni ham, koʻngilni ham quvontirmoqda. Bu hammaga oʻz fikrini, qarashlarini, nuqtayi nazarini aytish uchun juda erkin maydon vazifasini oʻtamoqda. Biroq...

    Keyingi paytlarda bu erkinlik mohiyati odam oʻzi tushungan-tushunmagan mavzularga bemalol burun tiqishi, oʻrinlimi yoki oʻrinsiz istagan gapini, hatto haqoratomuz soʻzlarini ham yozishidan iborat boʻlib qoldi. Videolarni aytmaysizmi...

    Bir sartarosh oʻshqirib, mijozning sochini butkul olib tashlagan, bir juvon bolasini kaltaklaganini kameraga tushirib, shu lavhani xorijga ketgan eriga borgan. Eri esa darrov uni ijtimoiy tarmoqqa joylagan. Bir-birini tushunish, muammoni hal etish oʻrniga oilaning ikki kattasining qilgan ishini, koʻrsatgan namunasini qarang-a. Yoshlarning mushtlashayotgani, toʻy-hashamda pachkalab pullarni goh tomga chiqib, goh mashina oynasidan sochayotgani, kimlar ularni olqishlayotgani... Faqat shu pul sochayotganlar nimadan zavq olayotganini tushunolmay hayronmiz-da... Xullas, zerikish yoʻq, rang-barang lavhalar. Kamiga dori-darmon, kiyimkechak reklamalari. Ehhe, koʻrib, oʻqib “dil yayraydi”, asablar “dam oladi”.

    Bunda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchi har bir kishining saviyasi, savodi, madaniyati, maʼnaviy qiyofasi shundoq koʻrinib turadiki, “ijodkor”ligidan hayratlanmay iloji yoʻq. Bu toifadan ruhlanib, oʻrnak olib, boshqalar ham nimalarnidir suratga olyapti, yozyapti, chizyapti.

    Fan-texnika, innovatsiya taraqqiyoti tufayli bu maydon qoʻlingiz tagida turibdi. Tahririyatlarga borib rmaysiz, qachon eʼlon qilisharkan, qoralamamning saviyasini qanday baholasharkan deb ham bosh qotirmaysiz. Shartta ikki ogʻiz fikr yozsangiz, telefonda nimanidir tasvirga olib joylasangiz, lop etib ijtimoiy tarmoq va saytlarda chiqib turibdi-da. Yozgan qoralamalaringiz, olgan suratlaringizni koʻrib, zoʻr, aqlli gap aytgandek quvonib ketasiz. Aniqrogʻi, oʻzingizni ancha zukko, hozirjavob his etasiz. “Qoyillatib gap aytib qoʻydim, hamma hayron qolsa kerak”, degan oʻyingizdan joʻshib ketasiz.

    Metro, avtobuslarda oʻtirib ketayotgan ayrim yoshlar tik turgan yoshi kattalar, ayollar koʻziga tik qarashga “uyalib”, telefonda shularni tomosha qilgancha oʻzini oʻzi band qilib ketadi.

    Ijtimoiy tarmoqlar, saytlardan shu yoʻsinda foydalanayotgan ishqibozlar, “ijodkorlar”ning qanchalar savodli yozayotgani, qanaqa fikr-mulohaza bildirayotganiga eʼtibor bermayotgani ham alohida mavzu. Masalan, “Xokimlar kayakko karyapti... Svet uchib kolsa kayirga orish kerak... Blik ovga kelila” kabi gaplarning toʻgʻri yozilganini tekshirishga, oʻrinli yoki oʻrinsiz ekanini mulohaza qilishga vaqti ham, xat-savodi ham, umuman, saviyasi ham yoʻqligini mardlarcha bildirib turibdi. Qolaversa, koʻpchilik bunga eʼtibor ham berayotgani yoʻq, toʻgʻrimi? Eng muhimi, xalqning maʼnaviyati, aql-idroki inʼikosi deb taʼriflangan ona tilida yozyapti-ku.

    Ayrim telekanallar titrida uchrayotgan imloviy xatolar (“Yangi yilni nishollaymiz”, “Ijotkor doʻstlar” kabi) bilan ham bulardan oʻtib keta olmaydi. Chunki ularda baʼzan, ijtimoiy tarmoqlarda esa muntazam va ommaviy koʻrinishda aks etib turibdi.

    Bu borada koʻpchilikning oʻzbek tilida shunday erkin, istagan koʻrinishda yozayotganining oʻzini oqlaydigan muhim sabablaridan biri — aholi kitob, bosma nashrlarni oʻqimay, “qimmatli vaqti”ni tejayotganida. Kitob yoki gazeta-jurnal uchun pul tejab, bir necha soatlik dangʻillama toʻy-hasham, tugʻilgan kun, hech boʻlmasa, ulfatlar bilan “oʻta muhim gaplar” aytiladigan gap-gashtak uchun sarflayotgani tafakkurning oʻzgarganidan dalolat beradi. Qaysi tomonga ekanining ahamiyati yoʻq.

    Eng taʼsirlisi, bugungi bolalar, yoshlar telefonga bor mehrini, vaqtini ajratgan. Ular ayrim saviyasizlar yozayotgan gap-soʻzlarni oʻqiydi, oʻrganadi, taqlid qiladi. Turli videolavhalarni miriqib koʻradi. Shu maʼnoda, kelajak avlodga savodsizlik uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti. Axir ular shundoq ham maktablarda muallimlarning xatoni koʻrsatishi, tuzatishi, tanbehidan bezib ketgan.

    Undan koʻra, “Baxa 01”, “Davron svarshik”, “Nigina LY” kabi bir-biridan cirli taxalluslar bilan ijod qilayotgan “ustozlari”dan oʻrganganlari yaxshi-da. Qolaversa, siz ham bolangiz (nevarangiz)ni ovutib, taʼlimtarbiya berishdek gʻalvadan qutqarayotgani uchun telefonni qoʻshqoʻllab tutqazasiz. Axir shu bir parcha matoh ham tarbiya, ham taʼlim berishga ulguradi. Muhimi, bularning bari vijdoningizni qiynash tugul, asabingizga ham tegmaydi. Ana shunday sovuqqonlik, beparvolik bilan kuzatishda davom etavering.

    Lekin bir gapni aytib qoʻyish kerak. Ijtimoiy tarmoqning yana bir oʻziga xos jihati bor. Masalan, ilgʻor ishtirokchilar “layk” — ragʻbat olishni birinchi galdagi maqsad deb biladi. Siz ham nimalar yozayotganingizdan, boshqalar qanday munosabat bildirganidan koʻra, layklar soniga koʻproq qiziqing. Shunda yanada mashhur boʻlasiz. Maʼnaviyat, maʼrifat, savod deganlari bir gap boʻlar. Nima dedingiz?..

    Rustam BOYTOʻRA,

    jurnalist

    Felyeton