Ikki davlat hamkorligi asrlarga tatiydi

    Yaqin yillarda oʻzaro tovar aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

    O'zbek xalqi azaldan barcha millat va elatlar bilan hamjihatlikda, totuv va inoqlikda yashashni qadriyat darajasiga aylantirgan. Bunga xolis tarixning o'zi guvoh. Bugungi kunga kelib ushbu qadriyat zamonaviy munosabatlarga yo'g'rilib, yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Bunga birgina yon qo'shnimiz — qirg'iz millati bilan tobora rivojlanib borayotgan do'stlik aloqalarimizda ham ko'rishimiz mumkin.

    O'tgan hafta davlatimiz rahbarining Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan ushbu mamlakatga davlat tashrifini birgalikda kuzatdik. Rasmiy uchrashuvlar doirasidagi amaliy jarayonlar har ikkala xalq uchun manfaatli bitimlarga boy bo'ldi. Bu hamkorlik aloqalari davlatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.

    O'zbekistonda qirg'iz madaniyati

    Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Ularning 300 mingdan ortig'i qirg'iz millatiga mansub. Mamlakatimizda o'qitish qirg'iz tilida olib boriladigan 60 ta maktab bor. Qirg'iz xalqining an'ana, qadriyatlari biznikiga juda o'xshash va yaqin. Yurtimizda jami oltita Qirg'iz milliy-madaniy markazi faoliyat yuritib keladi. Ularda o'zbek milliy bayramlariga o'xshash “Navro'z”, “Orozoayt”, “Kurbanayt” kabi milliy va diniy bayramlar doimiy tarzda nishonlanadi. So'nggi yillarda diyorimizda qirg'iz millati vakillarining madaniyati, qadimgi urf-odatlari, xususan, beshiktoy (chaqaloqni beshikka yotqizish), tushokesu (bolaning qo'ygan birinchi qadamiga bag'ishlangan) kabi qator xalq marosimlari qayta tiklandi. Qirg'iz miliy-madaniy markazi qoshida “Do'stlik”, “Jash kiyal”, “Manas”, “Jan Janay” singari jamoalar faoliyati yo'lga qo'yilgan. Bu maskanlarda qirg'iz madaniyati, an'analari, urf-odati va tilini rivojlantirish maqsadida xalq og'zaki ijodiyoti, milliy va jahon madaniyati gavhari bo'lmish “Manas” xalq dostoniga alohida e'tibor qaratiladi.

    O'zbekistonda qirg'iz xalqiga ko'rasatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlikni har lahzada his etish mumkin. Masalan, 2018-yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Obod qishloq dasturi” doirasida birinchilardan bo'lib Jizzax viloyati Do'stlik tumanidagi aholisining 90 foizi qirg'izlar bo'lgan eski “Manas” qishlog'i 45 kun ichida qayta qurilib, yangi shahar qiyofasiga kirdi. Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludning 90 yilligi diyorimizda keng nishonlandi. Toshkent shahrining markaziy ko'chalaridan biriga Chingiz Aytmatov nomi berildi va buyuk yozuvchimiz xotirasiga bag'ishlab, yodgorlik o'rnatildi.

    Ishonch yaxshi qo'shnichilikni mustahkamlaydi

    Yana bir qiziq ma'lumot: ikki davlat ham bir kunda — 1991-yil 31-avgustda mustaqillikni qo'lga kiritishgan. Diplomatik aloqalar 1993-yilda o'rnatilgan bo'lib, shundan beri o'zaro munosabatlarni tartibga soluvchi 200 dan ziyod hujjat qabul qilingan. Ular orasida 2017-yil 5-oktyabrdagi Strategik sheriklik, do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va ishonchni mustahkamlash to'g'risidagi deklaratsiyani alohida tilga olish lozim. Zero, o'shanda O'zbekiston — Qirg'iziston davlat chegarasi to'g'risida shartnoma imzolangan. SHundan so'ng o'zbek-qirg'iz chegarasida 18 ta nazorat punkti ochildi. Bu esa ikki mamlakat fuqarolariga ancha qulaylik yaratdi.

    2017—2022-yillar mobaynida esa chegaraning qolgan 15 foiz (bahsli) uchastkalarida delimitatsiya va demarkatsiya qilish ishlari olib borildi. Har ikki tomondan ham alohida komissiya tuzilib, goh O'zbekistonda, goh Qirg'izistonda bir necha bor uchrashuv va muzokaralar o'tkazildi. Ta'kidlash joizki, komissiya o'ta murakkab masalalarni ko'rib chiqdi va katta natijalarga erishdi. Ikki davlat rahbarlarining birodarlik irodasi bilan bugungi kunda chegara chizig'i bilan bog'liq birorta ham bahsli yoki kelishilmagan bo'lak qolmadi, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi. Siyosiy aloqalardan tashqari, xalqlarning ko'ngli bir-biriga yaqinligi ham o'zaro munosabatlarni yaxshilashga asos bo'lmoqda.

    Samarali kelishuv

    Prezidentimizning Qirg'iz Respublikasiga bu galgi tashrifi ikki davlatning keyingi yillarda har tomonlama faollashayotgan harakatlarining mantiqiy davomi bo'ldi. Davlatimiz rahbari “Qirg'iziston bizning muhim strategik hamkorimiz, eng yaqin qo'shnimiz va vaqt bilan sinalgan do'stimizdir”, deya ta'kidlaydi. Albatta, yaxshi hamkorik bor joyda baraka, rivojlanish bo'ladi. Ana shu jihatni o'zbek-qirg'iz munosabatlarida ko'rishimiz mumkin.

    O'zaro savdo-sotiq aylanmasi oxirgi yillarda bir necha barobar o'sdi. Xususan, 2016-yildan 2022-yilgacha bo'lgan davrda O'zbekistonning Qirg'iziston bilan tovar aylanmasi 7 barobarga o'sib, 167,5 million dollardan 1 milliard 260 million dollarga etgani ko'rsatilmoqda. Yaqin yillarda bu miqdorni 2 milliard dollarga etkazish rejalashtirilgan.

    Tashrif davomida ikki davlat rahbari o'zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi, keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiyaga imzo chekdilar. Qolaversa, davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo va hududlararo hujjatlar almashildi. Jami 25 ta hujjat imzolangani tashrif qanchalik samarali bo'lganini ko'rsatmoqda.

    Eng muhim jihatlardan yana biri, ikki davlat hududlari o'rtasidagi aloqalar, bordi-keldilarni rivojlantirish rejalari belgilandi. Jizzax va Issiqko'l, Andijon va O'sh, Farg'ona va Botken, Namangan va Jalolobod viloyatlari o'rtasida hamkorlikni kengaytirish bo'yicha 2023—2025-yillarga mo'ljallangan kompleks dasturlarning imzolanishi o'zaro do'stlik va hamjihatlik an'analarini mustahkamlashi turgan gap.

    Uzoq kutilgan bitim

    Ikki tomon uchun kutilmagan, ammo quvonarli yana bir bitimga ham rasman imzo qo'yildi. Bu 2006-yil 3-oktyabrda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg'iziston Respublikasi Hukumati o'rtasida imzolangan fuqarolarning o'zaro borib-kelishlari to'g'risidagi Bitimga o'zgartirishlar kiritish to'g'risidagi Bayonnomadir. Uning muhim ahamiyati shundaki, endi ikki davlat fuqarolari ID-kartani ko'rsatish orqali chegaradan o'tishi mumkin bo'ladi. Ya'ni, fuqarolarning chegaradan kirish-chiqishi haqidagi ma'lumotlar elektron tarzda qayd etiladi va pasportga shtamp bosishga hojat qolmaydi.

    Ushbu engillik istalgan transport vositasi orqali chegarani kesib o'tishda amal qiladi. Mazkur tartib imzolangan hujjatlar ikkala davlat tomonidan tegishli tartibda tasdiqlangandan so'ng kuchga kiradi. Bu taxminan 1-2 oy vaqt olishini ma'lum qilishmoqda. Yangi tartib, ayniqsa, O'zbekistonning eksklav hududlari bo'lgan So'x, hohimardon, Cho'ng'aradagi yurtdoshlarimiz uchun katta engillik bo'ladi. Ularning chegaradan o'tishlaridagi ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qo'yadi. Ahamiyatlisi, bugungi kungacha hali birorta davlat bilan ID-karta orqali o'zaro borib-kelish tartibi yo'lga qo'yilmagan edi. Bu borada Qirg'iziston birinchisi bo'lgani ham ramziy ma'noga ega.

    Umuman, tashrif davomida imzolangan barcha hujjatlar o'zbek va qirg'iz xalqlari rivojiga birdek xizmat qilishi nazarda tutilgan. Ularda, ayniqsa, ikki davlat xalqining, fuqarolarning manfaatlari ko'zlangani qardosh ellarda inson omili har narsadan ustun ekaniga yana bir ishora.

    Azizbek OMONOV,

    Buxoro davlat universiteti birinchi prorektori,

    sotsiologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori