Imom Buxoriy bobomiz aytgani kabi: “Ilmdan oʻzga najot yoʻq va boʻlmagʻay”. Shu kabi Islom dini mohiyatida “Haqni tanishning eng birinchi vositasi – maʼrifatdir”, degan aqida islomiy taʼlimot ilm-maʼrifatiga keng yoʻl ochadi. Aytishlaricha, Qurʼonda “ilm soʻzi 811 oʻrinda turli maʼnolarda keladi va ilm egalari tomonidan madh etiladi, “Mujodala” surasi, 11 oyatda:
“Alloh sizlarni imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (marotaba)larga koʻtarur” — deyilgan. Hadisi sharifda:
“Kimki dunyoni xohlasa, tijorat qilsin. Kimki oxiratni xohlasa, zohid boʻlsin. Kimki ikkisini ham xohlasa, ilm olsin”,— deb taʼkidlagan.
Zero, bugungi avlodga taʼlim-tarbiya berishda, ularni ijodiy, maʼnaviy-madaniy yetuk boʻlishlari uchun maktablarga biriktirilgan targʻibotchilarimiz maʼnaviy yuksak bilimli, oʻz ishiga puxta insonlar boʻlishi talab qilinadi.
Shunday ekan, biz targʻibotchilar uchinchi Renessans soʻzini qanday taʼriflaymiz? Birinchi, ikkinchi Renessans davrlari voqealari haqida oʻquvchilar bilan muloqot qildikmi?
Maʼlumki, targʻibotning yoʻnalishlari, uslublari juda koʻp. Biz koʻproq oʻquvchilarning ijtimoiy hayotda ilmli, maʼrifatli, maqsadli qilib tarbiyalashga harakat qilamiz. Buning uchun adabiyot, sanʼatga qiziqtirishimiz, ulardagi ijodiyotga qiziqishni shakllantirib, madaniy saviyasini oshirish, kasbiy va malakaviy iqtidorini oʻrganish va yuzaga chiqara olishida yordamchi boʻlishimiz talab etiladi. Aynan shu maqsadda maktablarda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi joriy etildi. Yoshlarga maʼrifat va madaniyatni chuqur oʻrgatish kerakligi oʻz dolzarbligini namoyon etdi. Bu lavozimlarga asosan shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlarning jalb qilinishidan maqsad ham shu edi. Maʼnaviyati yetuk deb tanlab olingan bu guruhning ishlari bugun qanday ketyapti?
Xorazm viloyati Shovot tumanidagi 26-maktab targʻibotchisi Qadamboy Shodonov asli kasbi quruvchi boʻlsa ham doimiy ijod bilan shugʻullanib kelgan keksalik nafaqasida boʻlsa ham, bor bilimini yoshlarga bagʻishlagan ustozlarning biridir. U quruvchi, ijodkor, tarjimon va fidoiy inson. Bugungi kunda “Shovot mavjlari” ijodiy toʻgaragi rahbari. Uning shogirdlari orasida bugun respublikamizga tanilgan insonlar anchagina.
Shu tumandagi 1-maktab targʻibotchisi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Boltaboy Bekmatov (Bekmuhammad) ham hayotini ijodga bagʻishlagan faollardan biri. Uning 10 dan ziyod turli mavzudagi sheʼriy kitoblari nashr qilingan, rus tilida chiqqan kitoblari ham bor, oʻqimishli, salohiyatli ilm egasi. Viloyatdagi “Oydin orzular” toʻgaragi rahbari, maktabda esa “Isteʼdod” toʻgaragi tashkil qilgan. Tez-tez boshqa maktab oʻquvchilari huzurida boʻlib, maʼnaviyat tarqatishda yetakchilik qilib kelyapti. Uning asarlari bugun respublika ijodkorlari tomonidan keng muhokamalar qilinib kelyapti.
46-maktab targʻibotchisi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Shukurjon Jabbarova, adabiy taxallusi Joziba boʻlgan bu kishining olib borayotgan ishlari respublikada ham maʼlum. Bugungi kunda uning 10 dan ziyod sheʼriy va nasriy, publitsistik va qissa, xotira kitoblari nashr qilingan. Yaqinda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim Vazirligi, Samarqand davlat universitetlari tomonidan oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston — yangi Renessans sari!” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari kitobida kattagina maqolasi nashr qilindi. Bundan tashqari shoira, adiba, jurnalist shu yil 31-oktyabrda Turon fanlar akademiyasi akademigi unvoniga sazovor boʻldi. Bittagina “Oʻzbekiston qishloq va suv xoʻjaligi” jurnalining oʻzida respublika boʻyicha viloyatlardan yozgan 400 dan ziyod maqola va baʼdiyalari, ocherklari nashr qilinganligi eʼtiborga tushmasligi mumkinmi? Maktabda “Yogʻdu” toʻgaragini boshqarib keladi.
36-maktab targʻibotchisi Mahbira Karimova umidli ijodkor jurnalistlarimizdan biridir. U Nukus davlat universitetining jurnalistika fakultetida sirtdan tahsil oladi. Shu bilan birga viloyatimizdagi “Ezgu soʻz” gazetasining muxbiri. Uning oʻquvchilari Toshkentda boʻlib oʻtgan “Abdulla Oripov izdoshlari” insholar tanlovida ishtirok etdi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining eʼtirofiga sazovor boʻldi.
Shu kabi Zebo Qalandarova, Umidjon Qoʻziyevlarning bu boradagi mehnatlari ham ancha samarali. Umidjon 22-maktabda targʻibotchi, “Zomin” seminari qatnashchisi. Bu roʻyxatni hali davom ettirishimiz mumkin.
Biz qadrli Prezidentimizning bir soʻzini aslo unutmasligimiz kerak:
“Biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa Yangi uygʻonish davrining toʻrtinchi ustuni deb, hisoblaymiz”.
Sarvar Yoʻldoshev,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Shovot tuman boʻlinmasi bosh mutaxassisi.