Ilmiy salohiyat oshayotgani sohaga qaratilayotgan e’tibor samarasidir

    Dunyo iqtisodiyotida to‘rtinchi sanoat inqilobi rivojlanishi davrida inson kapitali birinchi o‘ringa chiqdi. Mamlakatimiz aholisi 37 million nafarga yetdi, buning yarmidan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.

    Demak, bu kapitalning asosiy qismi kuch-quvvatga to‘la yoshlardir. Davlatimiz yoshlarga alohida e’tibor qaratib, keng imkoniyatlar yaratib berayotgan bir davrda ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kelajakni yetuk va sifatli kadrlar bilan ta’minlash borasida oliy ta’lim muassasalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi.

    Tibbiyot sohasida sifatli kadrlar tayyorlash — ustuvor vazifa

    “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida xalqimizning erkin va farovon, qudratli yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash asosiy maqsad etib belgilangan. Zero, bu yoshlarning kelajakdagi o‘rni, darajasi, jamiyat rivojiga qo‘shadigan hissasini belgilashda muhim rol o‘ynaydi.

    Strategiyada oliy ta’lim qamrovini kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida bir qancha vazifalar belgilangan: yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, 30 ta oliy ta’lim muassasasi ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish, 10 ta oliygohni dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish.

    Bugungi global tendensiyalarga ko‘ra, dunyo mamlakatlari, jumladan, yurtimizda ham tibbiyotga, xususan, sohada malakali xodimlar tayyorlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent davlat stomatologiya instituti jamoasi ham
    mamlakatimizdagi islohotlarning muhim ishtirokchisiga aylangan. Maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish eng ustuvor vazifa etib belgilangan.

    Mazkur yo‘nalishda institut jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilm-fan maktablari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatmoqda. O‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallar keng joriy etilmoqda. O‘quv-pedagogik faoliyatga, mahorat darslariga, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor ta’lim muassasalaridan yuqori malakali o‘qituvchilar va olimlar faol jalb qilinyapti. Ularning bazasida tizimli asosda oliy ta’lim muassasalari magistrant, yosh mutaxassis va ilmiy xodimlari uchun amaliyot o‘tash, professor-o‘qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkil etilmoqda.

    2022-yili akademik va moliyaviy mustaqillik berilgani institut salohiyati, ta’lim sifati, moddiy-texnik bazasini yil sayin oshirib borishga mustahkam zamin yaratdi.

    Nufuzli reytinglardagi ko‘rsatkichlar

    Toshkent davlat stomatologiya institutida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash, keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish bugungi kunning qat’iy vazifasiga aylandi. Jahon talablari darajasida kadrlar tayyorlash uchun yurtimiz oliy ta’lim muassasalari xalqaro reytinglarga kirishga, nufuzli xalqaro OTMlar bilan hamkorlik o‘rnatishga intilmoqda. Natijalar esa quvonarli.

    Ushbu yo‘nalishda Toshkent davlat stomatologiya instituti “QS Asia University Rankings — 2024” reytingida e’tirof etildi. Mazkur reytingga Osiyo mintaqasidagi 31 davlatdan jami 739 ta oliy ta’lim muassasasi kiritildi. Reyting universitet va institutlar faoliyatining 18 ta indikatori tahlili asosida shakllanadi. Sharqiy, Janubi-sharqiy va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlarini akademik mavqei, ish beruvchilar orasidagi ko‘rsatkichi, fakultetdagi talabalar nisbati, ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar, xalqaro talabalar soni, xalqaro xilma-xillik hamda iqtiboslik bo‘yicha baholaydi.

    Bu nima uchun kerak? Bu, avvalo, xorijiy talaba va professor-o‘qituvchilarni yurtimizdagi oliygohlarga ko‘proq jalb qilish imkonini bersa, ikkinchidan, ta’lim muassasalarining jahon ta’lim maydonida nufuzli universitetlar bilan raqobat olib
    borishiga yo‘l ochadi.

    Institut zamonaviy talablarga muvofiq kadrlar tayyorlash, ularning kasbiy mahoratini oshirish, ilmiy tadqiqot izlanishlari olib borishni takomillashtirish yo‘lida 21 davlatning 124 dan ortiq ta’lim muassasasi, ilmiy markazlari va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik o‘rnatgan. Xalqaro maydonda ham o‘z mavqeiga ega. Bu yerda birinchilardan bo‘lib 3D texnologiyalarga asoslangan simulyatsion markaz tashkil etildi. Finlyandiya universiteti bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy jurnal chop etildi. Grantlar asosida stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi sohasida diqqatga sazovor yutuqlarga erishildi.

    Bugungi kunda ta’lim dargohida 500 ga yaqin professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 60 nafari Yevropa, Osiyo, Janubiy Koreya va Hindiston ta’lim muassasalari professorlaridir. Ilmiy salohiyatimiz 71,5 foizga yetdi. Bu yurtimiz tibbiyot OTMlari orasida yuqori ko‘rsatkich.

    Ushbu yo‘nalishda institutimiz xalqaro e’tirof etilgan ISO sertifikatiga va Jahon tibbiy ta’lim federatsiyasi — WFME akkreditatsiyasiga ega bo‘ldi. 2023 yilda esa THE reytingda dunyoning kuchli 1000 + OTM orasida “Reporter” maqomini qo‘lga kiritdi. So‘nggi 3 yilda oliygohda 18 nafar fan doktori (DSc) va 57 nafar falsafa doktori (PhD) tayyorlandi. Pedagoglarimizning 11 nafari jahonning nufuzli 1000 talikdagi OTMlarida PhD yoki DSc ilmiy darajasini oldi. Professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan 14 ta patent, 77 ta EHM dasturi va 55 ta mualliflik guvohnomasi olingan. Bundan tashqari, 2 mingdan ortiq ilmiy maqola chop etildi.

    Talabalar hamisha yetakchi

    Pedagoglar va talabalarga yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli oliy ta’lim muassasalari jahon standartlari asosida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqishga muvaffaq bo‘lmoqda. Bu esa tibbiyot oliy ta’lim muassasalari oldida salmoqli vazifalar turganini anglatadi. Bugun talabalik maqomiga erishgan yigit-qizlarni har tomonlama yetuk kadrlar etib tayyorlash orqali yurtdoshlarimizning salomatligini tiklashga hissa qo‘shish eng ustuvor vazifamizdir.

    Institutda 5700 dan ziyod talaba kasb sirlarini o‘rganmoqda. Jarayon 6 ta’lim yo‘nalishi va 3 ta qo‘shma ta’lim dasturi orqali amalga oshiriladi. Talabalarimiz orasida Prezident davlat stipendiyasining 6 nafar, nomdor davlat stipendiyalarining 11 nafar sohibi, respublika va xalqaro tanlovlarning 100 dan ortiq g‘olibi borligi qalbimizni hamisha g‘urur va iftixor tuyg‘ulariga to‘ldiradi. Bundan tashqari, 6 talabamiz yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida magistraturani, 3 nafari doktoranturani muvaffaqiyatli bitirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu kabi yutuqlar yoshlarning iqtidorli ekani bilan birga, professor-o‘qituvchilarning yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor bilan yondashayotganining ham belgisidir.

    Institutimizda an’anaviy o‘tkazilayotgan “Yosh olimlar kuni” respublika ilmiy-amaliy anjumani talabalarimizni yagona maqsad atrofida birlashtirishi, fikr va bilim almashishi, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun muhim qadam bo‘lmoqda. 2024-yildagi anjumanimiz dasturida stomatologiya yo‘nalishida 62, davolash ishi yo‘nalishida 51, fundamental va tibbiy-biologik fanlar yo‘nalishida 75 yosh olim ma’ruzalari o‘rin oldi. Talabalarimizning mazkur anjumanga qiziqishi yildan yilga ortib borayotgani bu yo‘nalishdagi keng ko‘lamli islohotlar natijasidir.

    Natijani 80 foizga yetkazish maqsad qilingan

    Davlat ilmiy texnik dasturlari doirasida institutning yetakchi olimlari rahbarligida “3D skaner texnologiyalaridan foydalanib yuz-jag‘ patologiyali chaqaloqlarning milliy ma’lumotlar bazasini yaratish”, “Tishlarni tiklash paytida kompozitsion materialni isitish uchun yangi stomatologik qurilma yaratish”, “Respublikamizda stomatologik kasalliklar tarqalishining geografik kartasini yaratish” mavzularida qator ilmiy tadqiqot loyihalari bajarilgan. Bundan tashqari, 2024-yil uchun yana 19 ta ilmiy tadqiqot loyihasi bo‘yicha asoslovchi hujjatlar tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan.

    Institutimiz ilmiy jamoasi tomonidan joriy yilda oliy va professional ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi. 30 ta PhD va 15 ta DSc himoyasi orqali institut ilmiy salohiyatini 71,2 foizdan 80 foizga ko‘tarish va “Scopus” bazasida chop etiladigan maqolalar sonini 80 taga yetkazishni rejalashtirdik. Shu bilan birga, umumiy miqdori 2 milliard so‘m bo‘lgan 4 ta (3 ta amaliy, 1 ta innovatsion) davlat granti natijasida 10 ta ilmiy daraja (2 ta DSc, 8 ta PhD), 3 ta patent (1 ta FAP, 2 ta IAP), 20 ta mualliflik guvohnomasi (DGU, BGU, IP) olishni maqsad qilganmiz.

    Oliy ta’lim muassasasining Stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi ilmiy-amaliy markazi orqali 4 ta ilmiy mahsulot va patentni tijoratlashtirishdan keladigan mablag‘ni 1,3 milliard so‘mga yetkazib, 12 ta xo‘jalik shartnomasiga xizmat ko‘rsatishdan tushadigan daromadni 128 million so‘mdan 0,8 milliard so‘mgacha ko‘paytiramiz.

    Respublikaning yetakchi ilmiy-amaliy markazlari bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan buyrak va jigar transplantologiyasi, bronxoskopiya usulida bronxlarni stentlash, bariatrik xirurgiya samarali usullari bo‘yicha Yevropa va MDH davlatlarining yetakchi tibbiyot markazlari tajribasi o‘rganilib, ularni klinik protokollarga kiritish tavsiyalari ishlab chiqildi.

    Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan bolalar va kattalarda immunologik patologiyalarni yangi usulda davolash, kasalliklarni aniqlashda zamonaviy immunologik testlardan foydalanilmoqda. Bioorganik kimyo instituti bilan xirurgik stomatologiya amaliyotida mahalliy kollagen asosli biomaterial uchun tajriba namunasi ishlab chiqildi va eksperimental sinovlar o‘tkazildi.

    Institutimizdagi bu kabi ishlardan ko‘zlangan maqsad talabalarimiz sifatli ta’lim olishi, ilm-fan sohasida yangi kashfiyotlar yaratilishi, ilg‘or xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar bilan raqobatlasha oladigan kadrlar tayyorlash uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratishdir.

    Nodir HAYDAROV,
    tibbiyot fanlari doktori, professor

    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 94-sonida (2024-yil 16-may) chop etilgan.