Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining masʼul vakillari tomonidan yangi tartibdagi nogironlikni belgilash, inklyuziv jamiyatga erishish va nogironlar uchun bandlikni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbarining “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”dagi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yil 1-sentyabrdan boshlab fuqarolarga nogironlikni belgilash boʻyicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Mazkur amaliyot Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman va shaharlarida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida amalga oshiriladi.
— 18 yosh va undan katta shaxslarning funksionalligini baholash tartibi joriy etildi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma boshligʻi Mirzobek Niyazov. — Nogironlikni belgilash jarayonida avtomatik tarzda muhtojlik belgilanib, kerakli protez ortopediya moslamalari reabilitatsiya qilishning texnika vositalari uchun vaucher shakllantiriladi. Elektron tijorat yoki my.ihma.uzdagi shaxsiy akkaunt orqali muhtoj shaxs kerakli vositaga buyurtma berishi va foydalanishi mumkin boʻladi. May oyidan buyon hozirgacha ushbu tizim orqali 43 mingdan ortiq vaucher shakllantirildi. Shundan 22500 nafar fuqaro oʻziga kerakli mahsulotlarni buyurtma qilgan. 17500 nafardan ortiq fuqaroga kerakli vositalar yetkazib berilgan. Ish bilan taʼminlash masalalariga toʻxtaladigan boʻlsak, Bugungi kunga kelib ushbu tizimda 52 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlari uchun tanlov eʼlon qilindi. Malaka talablariga javob bergan 3400 dan ortiq fuqarolar ish bilan taʼminlandi.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatga integratsiyasini taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda fuqarolarning bandligini taʼminlash, kasbga va sportga yoʻnaltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi timidagi ishchilarning 10 foizini nogironligi bor shaxslar tashkil etadi.