Innovatsion ijodkorlik

    Ta’lim o‘rganish va tajriba almashish orqali bilim, ko‘nikma va qadriyatlarni egallash, intellektual, ijtimoiy, hissiy va jismoniy rivojlanishni ta’minlash jarayonidir. U shaxsni muvaffaqiyatga, jamiyatga hissa qo‘shishga va kasbiy yuksalishlarga tayyorlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

    Ilgari dastlabki e’tibor o‘quvchining umumiy savodxonlik va hisoblash ko‘nikmalariga qaratilgan bo‘lsa, bugungi ta’lim yanada xilma-xillashib, keng ko‘lamli amaliyotni, jumladan, tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, muloqot va hamkorlik, inklyuziv ta’limni rivojlantirishga urg‘u berilgani bilan ahamiyatli.

    Uzoq yillar davomida ta’lim tizimida o‘qitiladigan fanlar va o‘rgatish usullari an’anaviy bo‘lib, resurslar cheklangan edi. Bugun esa ta’limning barcha shakllari va turlarida interfaol hamda amaliy yondashuvlarga tayanilmoqda. Bunda eksperimental o‘rganish va loyihaga asoslangan faoliyatga e’tibor yuqori. Ta’lim tizimida innovatsiya va ijodkorlik, tanqidiy-tahliliy fikrlash, muammolarni hal qilish ko‘nikmalarini tarbiyalash old planga chiqdi. Bu orqali yoshlarga fuqarolik mas’uliyati va tuyg‘usini singdirish, bugun va kelajak avlodlar farovonligiga hissa qo‘shuvchi to‘g‘ri qarorlar qabul qilish qobiliyatini shakllantirishga erishish mumkin. Boisi, axborot tizimi shiddat bilan rivojlanayotgan, yoshlar ma’naviyati va kamolotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ko‘plab g‘ayriinsoniy g‘oyalar va mafkuralar atrofimizni o‘rab olgan bir davrda davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.

    Jahonda kechayotgan globallashuv jarayonida mamlakat va xalq taqdiri, inson manfaati ilm-fan, ta’lim-tarbiya samaradorligiga bog‘liq bo‘lib bormoqda. Shu bois, ta’limning barcha bo‘g‘inlarida uning mazmunini takomillashtirish, sifatini yaxshilash asosiy vazifa bo‘lib qolayotir. Jumladan, oliy ta’lim tizimi zimmasiga jahon standartlariga javob beradigan, zamonaviy bilim va yuksak axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan malakali kadrlarni tayyorlashni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish vazifasi yuklangan.

    Mamlakatimizda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni keskin oshdi. O‘qitishning turli shakllari yo‘lga qo‘yildi. Bu esa o‘z-o‘zidan ular o‘rtasida adolatli raqobat shakllanishiga ta’sir etmoqda.

    Bu borada Buxoro davlat pedagogika institutida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, dunyoning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarini joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagoglar va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy ta’lim dargohlarida stajirovkadan o‘tkazish va malakasini oshirish kabilarga alohida yondashilmoqda.

    2023-yil davomida xalqaro hamkorlik doirasida 20 dan ortiq professor-o‘qituvchimiz Turkiya, Germaniya, Finlyandiya, Rossiyaning eng nufuzli 1000 ta OTM qatorida turuvchi Hacettepe, Laybnit instituti, Nordik universiteti, Keralia amaliy fanlar universiteti, Qozon federal universitetlarida stajirovka o‘tab, malaka oshirib keldi. M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Istanbul universitetidan xorijiy professor-o‘qituvchilar ma’ruzalar o‘qish uchun jalb qilindi.

    Institut faoliyat boshlaganiga endigina uch yil bo‘lganiga qaramay, ilmiy sohada sezilarli yutuqlarga erishildi. 2023-yil mobaynida 4 ta fan doktori (DSc), 23 ta falsafa doktori (PhD) himoyasi amalga oshirildi. Hozirgi kunda institutning ilmiy salohiyati 31,7 foizni tashkil qilayotgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni yil oxiriga qadar 35 foizgacha ko‘tarish rejasi ishlab chiqilgan.

    Ta’limga “kecha va bugun” misolida qarasak, bugungi ta’lim o‘sib kelayotgan yosh avlodni zarur ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish orqali ularning o‘zgaruvchan dunyoda muvaffaqiyatli qadam tashlashi uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini ko‘ramiz.

    Xulosa qilib aytganda, ta’lim tizimida sifat va adolatga, innovatsiya va ijodkorlikka e’tibor qaratilishi, malakali mutaxassislarning jahon miqyosida raqobatbardoshligini ta’minlash bugungi va ertangi kun muvaffaqiyati garovidir.

    Bahodir MA’MUROV,
    pedagogika fanlari doktori, professor

    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 72-sonida (2024-yil 16-aprel) sonida chop etilgan.