Hozir mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini taʼminlash, raqobatbardoshligini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish uchun innovatsion iqtisodiyotni joriy qilish eng muhim omillardan boʻlib qolmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining shu yil 26-apreldagi “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 17-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-42-son qaroriga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilindi.
Ushbu meʼyoriy hujjatlarda inson kapitalini, intellektual salohiyatini takomillashtirish orqali mamlakatimizda innovatorlarni tayyorlash boʻyicha tegishli vazifalar belgilangan. Mazkur vazifalarni Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga mos holda bajarish va iqtisodiy-ijtimoiy hayotimizga innovatsiya joriy qilinishiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Innovatsion iqtisodiyotga erishish uchun innovatorlarni kamolga yetkazish, buning uchun esa inson tafakkurini rivojlantirish lozimligi taʼkidlangan. Shuningdek, aholining oʻsishi bilan resurslar tejamkorligiga erishish hamda ishlab chiqarishni miqdor va sifat jihatidan oshirish zarurligi ham koʻrsatilgan. Davlatimiz rahbarining saʼy-harakatlari, innovatsiyaga qaratgan eʼtibori tufayli 2017-yili ilmiy-tadqiqot ishlarining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 0,1 foizdan 0,5 foizga oshirildi.
Bir qarashda ushbu koʻrsatkich ancha yaxshi. Chunki ilmiy izlanishlarga ajratilgan mablagʻ YAIM tarkibida 5 barobar oshirilgan. Biroq bu imkoniyatdan, mavjud salohiyatdan toʻlaqonli foydalanilyapti, deb aytolmaymiz. Sababi ajratilgan mablagʻning aksariyat qismi binolar qurish va taʼmirlashga ishlatilmoqda. Bu esa sarmoya sarflashdagi passivlikdan dalolat beradi. Mamlakatimizda tizimli ravishda innovatorlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyildi, lekin ular hozircha samara bera olgan emas.
Natijada har yili 1 million aholi soniga toʻgʻri keladigan yangidan yaratilgan, xorijiy patent idoralarida tan olingan innovatsiyalar soni boʻyicha juda orqadamiz. Buni quyidagi maʼlumotlardan ham koʻrish mumkin. Ushbu koʻrsatkich AQSHda 261,7 tani, Yaponiyada 213, Germaniyada 206,3, Fransiyada 171,9, Rossiyada 1,3 tani tashkil etadi. Oʻzbekistonda hali birga ham yetgani yoʻq. Bugun dunyoda aholi soni 8 milliardga yetdi. Rivojlanish ilm-fan asosida barqaror davom etmoqda.
Hozir birgina gidroponika usulida tuproqsiz, kam suv sarflagan holda aholining salmoqli qismiga yetgulik sabzavot yetishtirilmoqda. Bu, shubhasiz, innovatsiya hosilasidir. Chunki oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, muttasil koʻpayayotgan aholi ehtiyojlarini qoplash uchun innovator insonlar jamiyatga juda zarur. Bu toifaning saʼy-harakati tufayli qishloq xoʻjaligida samaradorlik misli koʻrilmagan choʻqqiga koʻtarilmoqda.
Jumladan, innovatsion gʻoyalarning amaliyotga joriy qilinishi natijasida Niderlandiyada sigirlar 80-90 litrdan sut beradi. AQSH fermalaridagi buqalar 3 tonnadan ziyod goʻsht qiladi. Polshada oʻstiriladigan pakana mevali daraxt lar katta hosil beradi. Yana bir muhim jihat: sersut va sergoʻsht jonivorlar oddiy hayvonlarga nisbatan juda tez yetiladi. Serhosil daraxt va oʻsimliklar ham tez yetiluvchan va kamxarajat boʻladi.
Xalqaro tashkilotlar va ekspertlar 2050-yilga borib Oʻzbekiston aholisi 45–50 millionga yetishini taxmin qilgan. Dunyo miqyosida ham odamlar koʻpayishda davom etadi. Biroq yer usti va yer osti resurslari, chuchuk suv, havo, oziqovqat, energiya kabilar bugungi surʼatda ishlatilsa, necha yilga yetishi noaniq. Ekologiyaning buzilishi va isrofgarchilik hisobiga oziq-ovqat mahsulotlari sifati keskin pasayib, hajmi kamayishi hamda oziq-ovqat tanqisligi xavfi paydo boʻlishi mumkin. Agar iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni hal qilish kechiktirilsa, aholining oʻrtacha umr koʻrish muddati qisqarishi va turmush darajasida ham pasayish roʻy berishi taxmin qilinmoqda.
Rivojlangan mamlakatlarda turli neʼmatlarning isrofgarchiligiga yoʻl qoʻyilmoqda. Xususan, ayrim yurtdoshlarimiz ham bundan mustasno emas. Bu esa, oʻz navbatida, bir qancha mahsulotlar tanqisligi bilan birga, ekologiyaning buzilishiga olib kelishi mumkin. Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolar shaharu qishloqlarimizda suv tanqisligi oshishiga sabab boʻladi. Boz ustiga, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi ham, asosan, qoʻshni davlatlar hududida shakllanadigan suv zaxiralari hisobiga obod. Suv tanqisligi oshishi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxiga taʼsir etishi muqarrar.
Shu bois, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun qishloq xoʻjaligida gidroponika usulidan koʻproq foydalanish bilan birga, shaharlarda suvni, ayniqsa, ichimlik suvni tozalash va qayta ishlatish texnologiyalarini faol joriy etish zarur. Bugun ehtiyojlarimizni qondirish bilan birga, avlodlarimizga tabiiy, moddiy va maʼnaviy resurslarni yetarlicha qoldirish, ularni ilm-fan, innovatsiya hamda intellektual taʼlim asosida aholi oʻsishiga mos tarzda tabiat neʼmatlarini muntazam koʻpaytirib borishga oʻrgatishimiz kerak.
Ota-bobolarimizdan qolgan aqliy merosni koʻpaytirish, manbalarni batafsil oʻrganib, bugungi taraqqiyotga mos yoʻnalish va imkoniyatlardan samarali foydalanish joiz. Zotan, hozir aholi, ayniqsa, yoshlarning yangi innovatsion va raqamli texnologiyalarga qiziqishi katta. Chunki busiz muvaffaqiyatga erishish mumkin emasligi tobora ravshanlashmoqda. Mazkur chora-tadbirlarning barchasi eʼtibor va mehnat talab qiladi.
Oddiy qiyos shuki, mevali daraxtga oʻgʻit, suv va sifatli ishlov bersangiz, yaxshi hosil olganingiz kabi miyani ham rivojlantirish boʻyicha tegishli tadbirlarni qoʻllash orqali innovatsion gʻoyalarni yaratadigan shaxslar shakl lanadi. Odamning aqliy mahsuldorligi oshadi. Baquvvat ildizsiz daraxt meva bermaganidek, rivojlanmagan miyaning ham innovatsiyalarni yaratishga qurbi yetmaydi.
Koʻrinib turibdiki, kelajagimiz bevosita innovatsiyalarga bogʻliq. Bularsiz taraqqiyotni taʼminlash, mamlakat raqobatbardoshligi va aholi farovonligini oshirish masalasi murakkablashib boraveradi. Ayni paytda Oʻzbekistonda YAIMning oʻsish surʼati 5-6 foizni tashkil etmoqda. Bu AQSH, Yevropa Ittifoqi va Yaponiyada 1-2 foizga teng. Chunki ularda, asosan, sifat koʻrsatkichiga katta eʼtibor beriladi va shu yoʻl bilan bu davlatlar dunyo bozorini egallamoqda. Natijada aholisining turmush darajasi ham muttasil oshmoqda.
Yon-atrofdagi mamlakatlar bilan taqqoslaganda yurtimizdagi oʻsish koʻrsatkichi yomon emas, biroq foizlarning salmogʻi hali juda kam. Zero, hozirgi rivojlangan davlatlar taraqqiyoti, asosan, innovatsiyalardan foydalanish orqali tabiiy va moddiy resurslarni tejash, ularni kelgusi avlodlar uchun saqlash, ishlab chiqarilgan mahsulot sifati va mehnat unumdorligini oshirish, dunyo bozorida raqobatbardosh boʻlish ustiga qurilmoqda.
Masalan, bugungi pishgan gʻisht bilan bundan 500-yil oldingi kvadrat shaklidagi gʻisht orasida juda katta farq bor. XIV-XV asrlarda qadimgi gʻishtlardan qurilgan tarixiy obidalar, masjidlar hali-hamon shaklini deyarli yoʻqotmay saqlanmoqda. Demak, tafakkurimizni bobolarimiz darajasida ishlatishimiz uchun ham har bir ishga innovatsion gʻoyalar asosida yondashmogʻimiz lozim.
Zero, innovatsiya faqat yangilik yaratish emas, balki unutilgan yaxshi anʼana va tajribalarni tiklash hamdir. Yevropa meʼmorligida qoʻllanayotgan yuqori markali sement bir necha oʻn yillar davomida olib borilgan izlanishlar, innovatsion gʻoyalar mahsuli. Barcha ishni uzoqni koʻzlab qilishning natijasi. Biz hech boʻlmaganda bobolarimiz XIV-XV asrlarda foydalangan qurilish materiallarini ishlab chiqarish anʼanasini tiklashimiz, shu tariqa oʻzimizga xos innovatsion yoʻl orqali taraqqiyotga erishishimiz mumkin.
Innovatsion gʻoya, ishlanma va texnologiyalar sonini koʻpaytirish bilan birga, sifatga ham eʼtibor qaratilmogʻi lozim. Butun dunyoda sifat menejmenti shakllangan. Uning zamonaviy modellari ham yaratilgan. Bular asosida toʻliq sifat tamoyillari va jarayonlari ham boshqarilmoqda. Bunday yondashuvlar xorijiy mamlakatlarda innovatsion gʻoyalardan samarali foydalanish imkonini bermoqda. Buni yurtimizda ham joriy qilish vaqti keldi, nazarimizda. Taraqqiyotning navbatdagi bosqichida mamlakatimizni bevosita innovatsion omillar evaziga rivojlantirish koʻzda tutilmoqda.
Zotan, rivoj langan davlatlar tajribasi xalqning intellektual imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uzoq muddatga moʻljallangan hamda samarali investitsiya ekanini koʻrsatmoqda. Prezidentimizning 2022-yil 6-iyuldagi “2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni shundan dalolat beradi. Shu kuni davlatimiz rahbari “2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni ham imzoladi.
Farmonda mamlakatimizda innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida innovatsiyalar hamda texnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etish, inson kapitalini, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Keyingi yillarda bu borada keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganiga guvohmiz. Birgina misol: 2018-yili yurtimizda yosh olimlar 6,5 ming nafarni tashkil etgan boʻlsa, bu yil ular 10,8 ming nafarga yetdi, bir yarim barobar oʻsish kuzatildi. Ilmga yuksak eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas.
Chunki mamlakatimiz kelajagi, endigi taraqqiyoti bevosita innovatsion omillarga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Shu tufayli iqtidorli yoshlarni koʻpaytirish hayotiy zaruratdir. Buning uchun oʻzimizda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrishimiz, yechimini topish uchun tegish li “yoʻl xarita”lari ishlab chiqib, ijrosini kechiktirmasligimiz lozim. Jumladan, farzandlarimizga, asosan, aqliy mehnat bilan shugʻullanib, innovatsion gʻoyalarni ishlab chiqadigan, ularni hayotga tatbiq qilib, boy boʻladigan ishni oʻrgatishimizni davrning oʻzi talab qilmoqda.
Mamlakatimiz aholisi keskin koʻpaymoqda. Shuni hisobga olib, taʼlim sifati va tadbirkorlikni aholi oʻsishiga monand rivojlantirmasak, taraqqiyotdan orqada qolib ketishimiz, tabiiy resurslar taqchilligiga duch kelishimiz mumkin. Yoshlarimizni yangilik qilishga oʻrgatish bilan birga, tejamkor texnologiyalarni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratishimiz joiz. Chunki aqliy mehnat, innovatsiya, sifat va resurslar tejamkorligi jamiyat taraqqiyotining hamma sohalarini qamrab olyapti. Oʻzimiz orzu qilgan buyuk maqsadlarga shu yoʻl orqali yetisha olamiz.
Tadqiqotlarga koʻra, odamlar, ayniqsa, yoshlarning intellektual qobiliyati bugungi talab darajasida emas. Bu koʻrsatkichning pastligiga, insonlar hayotidagi aqliy faol muddat qisqaligiga taʼsir qiluvchi bir qancha omillar mavjud. Birinchidan, odamlarda, ayniqsa, yoshlarda asab buzilishi va irsiy kasalliklarning avloddan-avlodga oʻtish jarayoni kuchaymoqda. Bunga oila qurish paytida ota-onalar, boʻlgʻusi kelin-kuyovlarning eʼtiborsizligi va loqaydligi, nikohdan oldin davolanmagani sabab boʻlmoqda. Oqibatda nosogʻlom avlod va oilalar paydo boʻlishi kuzatilmoqda. Bu oilaviy ajralishlarga ham turtki bermoqda.
Ikkinchidan, koʻplab kelin-kuyovlarda nasliy kasalliklar toʻgʻrisida umuman tushuncha yoʻq. Oila qurish jarayonida ushbu masalaga butunlay eʼtiborsiz boʻlish, davolanmasdan zurriyod qoldirish ham ushbu kasallikning nasldan-naslga oʻtishini taʼminlaydi. Bugun nikohdan oʻtadigan yoshlar 5 ta yuqumli kasallik boʻyicha tekshirilib, maʼlumotnoma beriladi. Lekin irsiy kasalliklar (qandli diabet, yuqori qon bosimi kabilar) keyingi avlodga ham oʻtadi.
Masalan, kelinning yettinchi bobosida qon bosimi yuqoriligi yoki kuyovning yaqin ajdodida qand kasalligi boʻlishi mumkin. Bu xastaliklar ikkalasidan ham oʻtib, farzandda qoʻshaloq irsiy kasallik yuzaga keladi. Bularni davolamasdan dunyoga keltirilgan bolaning miyasi yaxshi ishlamaydi, surunkali nasliy kasallik asorati bilan kurashib yashashiga toʻgʻri keladi. Natijada bularning umri qisqaroq boʻlishi yoki uzoq yashasa-da, aqli toʻlaqonli ishlaydigan odamlar qatoriga kira olmasligi mumkin.
Uchinchidan, toʻgʻri ovqatlanish qoidalarini bilmaslik oqibatida yashirin ochlikning saqlanib qolishi kuzatiladi. Bunday holatda odamning qorni ovqatga toʻygani bilan organizmga kerakli miqdorda makro va mikroelementlar, vitaminlar yetib bormaydi. Buning uchun har bir insonga atalgan individual va manzilli minimal isteʼmol savatchasi boʻlishi shart. Shunda aholining immuniteti yuqori boʻladi, har xil viruslar jiddiy xavf tugʻdirolmaydi.
Toʻrtinchidan, miya tomiri yomon xolesterin tufayli torayadi, bir maromda samarali ishlashi uchun unga kislorod va ozuqaviy moddalar yetishmaydi. Bu esa insonning toʻlaqonli, hayotdan rozi boʻlib yashashiga toʻsqinlik qiladi.
Beshinchidan, turli maishiy omillar sabab odamlarda asab buzilishi holati koʻpaydi. Natijada bezovtalik, uyqusizlik oshdi. Yaxshi dam olish imkoniyati chegaralandi. Shu bois, aholi orasida asabni yoshlikdan asrash yoʻl-yoʻriqlarini targʻib qilib borish maqsadga muvofiq.
Oltinchidan, inson organizmida quvvatning yetarli darajada taqsimlanmasligi yuzaga kelmoqda. Odam vujudining 80 foizi suvdan iborat. Organizmda energiya va suv muvozanati teng boʻlmasligi natijasida ogʻir jismoniy mehnat ham katta zarar keltirishi mumkin. Sport turini ham har bir bolaning boʻyi, vazni va boshqa holatlariga mos tarzda tanlash zurur. Juda ogʻir jismoniy mehnat va professional sport bilan shugʻullangan odamning yegulik orqali hosil qilgan quvvati, ichgan suvi va olgan kislorodi ter orqali chiqib ketadi va isrof boʻladi. Miyaga bu quvvat yetarli darajada yetib bormaydi. Natijada miya bilimni shakllantirib, yangi innovatsiyalar yarata olmaydi! Aqlli tibbiyot bu masalalarni ham chuqur oʻrganishi kerak.
Yettinchidan, badantarbiya mashgʻulotlari bilan har kuni shugʻullanish imkoniyati bor. Ammo miya faoliyatini rivojlantirish boʻyicha 200 ga yaqin mashq boʻlsa-da, oʻrgatilmaydi ham, aytilmaydi ham. Oqibatda inson hayotida miya rivoji bilan bogʻliq oʻta muhim ishlar qolib ketmoqda. Aqliy salohiyatdan foydalanish yoʻllarini oʻrganish va oʻrgatish vaqti keldi, nazarimizda.
Sakkizinchidan, bilimlarni oʻrgatish bilan birga, ulardan samarali foydalanmaslik anʼanasiga ham barham berish kerak. Bilimlarni shunchaki egallash emas, balki undan foydalanish yoʻllarini ham oʻrgatib borish lozim. Bogʻchadan boshlab bolalarning qobiliyatiga tashxis qoʻyish, qaysi sohaga qiziqishini aniqlab, shu yoʻnalishga boshqarish zarur. Biri musiqaga, ikkinchisi rassomlikka, uchinchisi matematikaga, navbatdagisi tabiiy fanlarga qiziqishi mumkin. Maktab davridayoq ularning qobiliyatidan samarali foydalanib, innovatsiyalar yaratishga qiziqtirish, egallagan bilimini ishlatishga oʻrgatish kerak.
Toʻqqizinchidan, aholida alkogol, tamaki va narkotik taʼsiriga qarshi mustahkam immunitet shakllantirish lozim. Chunki bu moddalar insonning nasliga, oʻqishi va aqliy mehnatiga, umrning uzayishiga, bolalar tarbiyasiga salbiy taʼsir qiladi. Oqibatda ziyoli va boy oila boʻlmaydi. Bunday sharoitda samarali aqliy mehnat ham, barqaror jamiyat ham shakllanmaydi. Ushbu omillarni chuqur tahlil qilib, oʻrganib, ularni bartaraf qilishga kirishilmasa, jamiyatning toʻlaqonli taraqqiyotiga erishish mushkulligicha qolaveradi.
Aholi turmush darajasini oshirish, uni sifatli qilish uchun ham barcha jabhada innovatsion rivojlanishga erishish maqsadga muvofiq. Zero, hozirgi innovatsion va integratsion rivojlanish sharoitida sifatga eʼtibor qaratmasdan turib, bunga erishib boʻlmaydi. Farzandlarimizning qobiliyatini yoshlikdan aniqlab, ularni tanlagan sohasiga mos tarzda tarbiyalasak, shubhasiz, mamlakatimizdan Mahmud Zamaxshariy, Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuklar yana chiqadi.
Chunki Uchinchi Renessans poydevori osmondan tushmaydi, uni oʻzimizning farzandlarimiz bunyod etadi. Ayniqsa, taʼlim zanjirining birorta boʻgʻinida sifatga eʼtibor susaymasligi lozim. Shundagina koʻzlangan maqsadga toʻliq erishamiz. Bu saʼy-harakatlar Yangi Oʻzbekistonning rivojlangan 50 mamlakat qatoridan joy egallashida asos boʻladi. Mana, sportga eʼtiborni kuchaytirdik, sportchilarga juda katta ragʻbat berdik, natijasini dunyo koʻrib turibdi. Bolalarimiz jahon sahnasida ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritayotir.
Ular ham oʻzimizning bolalarimiz, chet eldan kelgan emas. Taʼlim muassasalarida ham oʻzimizning qora koʻzlar tarbiyalanmoqda, bilim olmoqda, kasb-hunar, mutaxassislikni egallamoqda. Bu yoshlar — kelajagimiz, ularning taqdiriga befarq boʻlishga haqqimiz yoʻq. Koʻrinib turibdiki, innovatsiyalarni hayotimizga tatbiq etib, shunga mos innovatorlarni tayyorlay olsak, insonning kamoloti, iqtisodiyotning rivoji, ijtimoiy hayotning oʻng lanishi, aholi farovonligining oshishi va nihoyat, jamiyat taraqqiyotiga tez orada erishamiz.