Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya ishlari sifatini yana-da oshirish yoʻlida

    Fikr 22 Fevral 2021 1800

    Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti ilk bor ishtirok etib, nutq soʻzladi.

    Davlatimiz rahbarining ushbu nufuzli tadbirdagi ishtiroki, hech shubhasiz, tarixiy ahamiyatga ega hodisa boʻldi. Shu kungacha MDH mamlakatlari rahbarlari Inson huquqlari boʻyicha kengashning sessiyasida ishtirok etmagan.

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida mamlakatimizda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari hamda Inson huquqlari boʻyicha kengash doirasidagi ishlarning asosiy vazifalariga batafsil toʻxtaldi. Davlatimizning 2021-2023-yillar davriga ushbu tuzilma aʼzosi sifatida ustuvor yoʻnalishlariga eʼtibor qaratdi.

    Shuningdek, bir qator muhim ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surildi. Ular orasida BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi bilan birgalikda Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi qabul qilinganligining 10 yilligiga bagʻishlab global forumni oʻtkazish taklifi alohida oʻringa ega.

    Jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish fuqarolarning huquqlarini taʼminlash va himoya qilish hamda qonun ustuvorligini mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir. Inson huquqlari madaniyatini shakllantirish davlat faoliyatining muayyan shakllarida, jumladan, barcha turdagi va darajadagi taʼlim tizimi, malaka oshirish tizimlari inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar faoliyatida ifodalanadi.

    Keyingi yillarda Oʻzbekistonda bu borada tizimli va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. 2019-yilda BMT Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi tasdiqlandi. Shu asosda “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlar bajarilmoqda.

    Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiyaga alohida urgʻu berilgan. Bu borada maktabgacha taʼlim va umumtaʼlim muassasalarida, akademik litsey va kollejlarda, shuningdek oliygohlarda “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” oʻquv kurslarini joriy etish muhim vazifa sifatida belgilangan.

    Bundan tashqari, Inson huquqlari milliy markazi qoshida inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etilgan. Ushbu kurslar BMTning bir qator yirik tuzilmalari hamda YEXHT loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Xususan, 2020-yil dekabr holatiga koʻra, 500 dan ortiq rahbar kadrlar tinglovchi sifatida ishtirok etib, oʻz malakasini oshirdi.

    Shuningdek, 2020-yilda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qoʻshgan, inson huquqlari sohasida taʼlim-tarbiya ishlarida hamda jamiyatda inson huquqlari qaror topilishida faol boʻlgan fuqarolarni ragʻbatlantirish maqsadida “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni taʼsis etildi. Fuqarolik jamiyati institutlari, taʼlim muassasalari, davlat organlarining 12 nafar vakillari taqdirlandi.

    Oʻzbekiston milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻygan bir davrda milliy huquqiy tizimni tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish va malakali yuridik kadrlarni tayyorlash boʻyicha jiddiy ishlar amalga oshirildi.

    Inson huquqlari sohasidagi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin sheriklik kengaymoqda, huquqni himoya qilish borasida hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar bilan amaliy muloqot yoʻlga qoʻyildi.

    2018 va 2020-yillarda Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi hamda “Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi inson huquqlari boʻyicha veb-forumi boʻlib oʻtdi. Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiyani yuksaltirish masalasi ushbu tadbirlarning asosiy mavzularidan biri boʻldi.

    Umuman olganda, davlatimiz rahbarining global forumni oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusi mamlakatimizda inson huquqlari sohasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, bu borada taʼlim va tarbiya ishlarini mazmunan boyitishga hamda yuqori sifat darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

    Adhambek RASHIDBEKOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

    Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar

    instituti bosh ilmiy xodimi.