Interaktiv, kreativ tanqidiy fikrlash zarur

    Fikr 27 Noyabr 2024 193

    Bu jarayonda har bir oliygoh oʻzini namoyon etishi kerak

    Joriy yil 20-noyabr kuni davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida taʼlim sifatini yanada oshirish, yoshlarimizni har tomonlama yetuk insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan davlat siyosati izchil davom ettirilishini, kelgusi yillarda bogʻchalarda qamrovni 80 foizga, oliygohlarda esa kamida 50 foizga yetkazish hukumat uchun asosiy vazifa boʻlib qolishini bildirdi. Darhaqiqat, yurtimiz tarixida yangi davr boshlandi. Mamlakatimiz yuksak taraqqiyot choʻqqilarini zabt etish uchun har bir sohaga alohida eʼtibor qaratayotir. Qaysi sohani olmaylik, ishga yondashuv, munosabat, talab va mezonlar oʻzgarmoqda. Ayniqsa, taʼlim sifatiga eʼtibor davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan.

    Oʻzbekiston farzandlarini dunyo tan olmoqda

    Oliygohlar yoshlarga bilim berishni emas, bilimlarni izlab topishni oʻrgata boshlagan kundan taʼlim sifati ham, samaradorligi ham taraqqiyotga yuz tutish yoʻliga oʻtadi. Boʻlajak zamonaviy mutaxassislar oʻz kasbi metodologiyasini, xorijiy tillarni, kompyuter texnologiyalarini puxta oʻzlashtirgan boʻlishi shart, — deydi Buxoro innovatsiyalar universiteti rektori, professor Dilnoz Roʻziyeva. — Buning uchun eski tartibdagi bir xil maʼruzalar oʻqishdan voz kechib, talabaga fanning global muammolarini olib chiqadigan motivatsion, oʻz mutaxassisligiga yoʻnaltiruvchi maʼruzalar oʻqilishi kerak. Auditoriyada talaba professor-oʻqituvchilardan konsultativ darslar, muhokamali masalalar yechimini tanqidiy munosabat orqali topishi, shu orqali individual qobiliyatlar yuzaga chiqarilishi lozim. Taʼlimni sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib individuallashtirish, talabaning mustaqil yoʻnalishini shakllantirish muhim.

    Yoshlarning taʼlim olishi uchun katta imkoniyatlar yaratilayotgani imtiyozli taʼlim kreditlari, talabalar uchun arzon va qulay yotoqxonalar yildan yilga koʻpayayotgani, universitetlar moddiy-texnik bazasi yaxshilanib borayotgani, rivojlangan mamlakatlarda oʻqish uchun ochilgan yoʻl, kam taʼminlangan oila farzandlarining oliy maʼlumot olishi uchun gʻamxoʻrlik kabilarda koʻrinmoqda. Bular yoshlarda shukronalik kayfiyatini, vatanparvarlik tuygʻularini joʻsh urdirmoqda.

    Yoshlar salomatligiga eʼtibor, kelajak avlod iqtidorini rivojlantirish natijasi oʻlaroq, bugun fan olimpiadalarida oʻgʻil-qizlarimiz nufuzli oʻrinlarni egallab, oltin medallar shodasi bilan qaytmoqda. Buning ortidan nafaqat oʻzlari, balki ustozlari ham munosib ragʻbatlantirilmoqda. Demak, bugun yangi Oʻzbekiston farzandlarini dunyo tan olmoqda.

    Soʻnggi yillarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari soni oshishi hisobiga sogʻlom raqobat muhiti paydo boʻldi, maktab bitiruvchisi oʻzi xohlagan kasbini oʻrganishi imkoniyatlari kengaydi, oʻqishga kirishda korrupsion holatlarga barham berildi. Talabada sifatli taʼlim olish, yaxshi shart-sharoitlarda oʻqish imkoni yaratildi. Bu kabi misollarni koʻplab keltirish mumkin. Qisqa aytadigan boʻlsak, oliy taʼlim tizimi rivoji uchun barcha eshiklar ochib berildi.

    Kasblar kelajagi

    2020-yilda boʻlib oʻtgan Jahon iqtisodiy forumining Kasblar kelajagi toʻgʻrisidagi hisobotiga koʻra, 2025-yilga kelib, inson yangi texnika va texnologiyalar oʻrtasidagi mehnat taqsimoti oʻzgarishi tufayli 97 milliondan ziyod yangi raqamli ish oʻrni yaratilishi yoki, aksincha, 85 million ishchi oʻrni qisqarishi mumkin.

    Demak, oliy taʼlim muassasalarida dasturchilar, moliyaviy texnologiyalar boʻyicha zamonaviy mutaxassislar, ijtimoiy tarmoqlar va maʼlumotlar xavfsizligi boʻyicha ishlay oladigan muhandislar, masofaviy taʼlim, raqamli logistika, raqamli marketologiya, robototexnika, kompyuter lingvistikasi boʻyicha zamonaviy va istiqbolli kasb egalarini tayyorlash bugungi kunning eng dolzarb masalasi boʻlib turibdi. Shuning uchun oliy taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglarga bilim va salohiyatini, malaka va tajribasini ishga solib, talabalarga yaxshi saboq berishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Buxoro innovatsiyalar universitetida ham bu borada yetarli imkoniyatlar mavjud. Biroq muammolar ham yoʻq emas.

    Oliy taʼlim tizimida oʻttiz yildan koʻproq faoliyat yuritgan olima sifatida meni bir qator masalalar oʻylantiradi, — deydi Dilnoz Roʻziyeva. — Afsuski, haliyam aksariyat oliy taʼlim muassasalarimiz internetda qalashib yotgan maʼlumotni talabaga olib kelib, takrorlash bilan shugʻullanmoqda. Bu eng ogʻriqli nuqtamiz. Aslida, hozirgi axborotlashgan taʼlim sharoitida talabalarga motivatsion, maslahat maʼruzalarigina berilishi, qolgan barcha masalalar, dasturni oldindan oʻrganib kelgan talaba bilan interaktiv, kreativ, tanqidiy fikrlash, individual qobiliyatlarni yuzaga chiqarish tartibida ishlanishi juda muhim. Tan olib aytishimiz kerakki, ayrim nodavlat oliy taʼlim muassasalari kim oʻzarga, pulni toʻlatib, diplom bersa boʻldi, qabilida ish koʻrayotganini ham inkor eta olmaymiz. Ular talabaning choʻntagiga, mablagʻiga qarab ishlayapti, sifat uchun emas. Bunga barham berish kerak. Shunday sharoitda tahsil olgan bilimi sayoz yoshlarning jamiyatga qanday nafi tegishi mumkin?

    Yana bir muhim jihat, tayyor bilim berish amaliyotidan toʻla voz kechishimiz, yoshlarga asl adabiyot oʻqitish, masalaga tanqidiy ­munosabatini rivojlantirish, bilimlarni izlab topishga oʻrgatishimiz koʻproq natijali ekanini anglashimiz kerak. Universitetni tamomlagan bitiruvchi talaba diplom bilan birga oʻz kasbiga oid bilimlarni ingliz tilida izlab topish darajasidagi yuqori balli xorijiy til sertifikati, dasturlash boʻyicha xorijiy sertifikatlarga ham ega boʻlishi shart. Ayni damda xalqaro bozorga kadr tayyorlash, taʼlimda ishlab chiqarishning bevosita ishtirokini taʼminlash, oʻquv reja, dasturlar ishlab chiqarishning ilgʻor vakillari ishtirokida tuzilishiga erishishni kechiktirmaslik lozim.

    Xalqchilroq va soddaroq qilib aytsam, oliy taʼlim muassasalari toʻliq oʻzlashtirish prinsipiga oʻtishi kerak: jigarning 60 foizini bilib, 40 foiziga boshqa doktordan maslahat oladigan boʻlajak shifokor, oʻz mutaxassisligi boʻlgan xorijiy tilida qoʻpol xatolar bilan yozib gapiradigan oʻqituvchi, birorta dasturlash tilini oʻzlashtirmagan informatiklar, biror marta dalaga kirmagan agrar soha vakillariga diplom berishni bas qilishimiz kerak. Taʼlim jarayoniga sunʼiy intellekt taʼsirini tan olishimiz, undan samarali foydalanish imkoniyatlarini ochishimiz joiz. Talabalarga fan tanlash, yangi zamonaviy kasblarga oʻrgatish, oʻqituvchini tanlash imkoniyatlarini ochib berish va sunʼiy intellekt yordamida maʼruzalar oʻqitish fursati yetib keldi.

    Sunʼiy intellekt yordamida taʼlimni individuallashtirish, mustaqil taʼlim trayektoriyalarini talabaning oʻzi tanlashiga erishishimiz muhim. Hozir universitetimizda sunʼiy intellekt yordamida maʼruzalar oʻqishni tashkil etyapmiz. Talabalarga maʼruza oʻquvchi professor 10 ta adabiyotni oʻqib, bir maʼruzaga tayyorlanadigan boʻlsa, sunʼiy intellektga 50 ta adabiyotni beryapmiz va bu adabiyotlarni bir-ikki kunlab oʻqiyapti hamda bitta mavzu boʻyicha ham maʼruza, ham taqdimot tayyorlayapti. Pedagogika fani boʻyicha Abdulla Avloniy, matematikadan Albert Eynshteyn timsolida sunʼiy intellekt oʻqityapti, qolgan fanlar boʻyicha ham tayyorgarliklar olib borilyapti. Buning uchun maxsus studiya qilganmiz. Axborot texnologiyalari boʻyicha bilimli, izlanuvchan tadqiqotchilarimiz jamoasi boʻlgan shijoatli yoshlarimiz xalqaro grantlarga ariza topshirgan. Gʻolib boʻlsa, 300 ming AQSH dollari miqdorida grant berilar ekan. Albatta, ushbu loyihamiz amalga oshishiga ishonyapmiz, umidimiz katta.

    Davlatimiz rahbari 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Hech shubhasiz, bu davrning qanday boʻlishi birgalikda oʻz oldimizga qoʻygan ulkan maqsad va vazifalarni samarali amalga oshirishimizga bogʻliq. Ishonchim komil, bu — yangi Oʻzbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot choʻqqilarini zabt etadigan davr boʻladi”, deya taʼkidladi. Bu yoʻl nafaqat davlat yoki hukumat ishi, balki oʻzini vatan va millat xizmatiga daxldor deb bilgan, yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini koʻzlagan, orzu qilgan har bir fuqaroning muhim pozitsiyasi boʻlishi shart. Bizning universitetimiz ham bu jarayonda faol qatnashadi.

    Aytishga arzigulik yangiliklar, istiqbolli rejalar, yangi loyihalarimiz koʻp. Misol uchun, transport logistikasi yoʻnalishi uchun virtual laboratoriyalar sotib olindi va ishga tushirildi, axborot texnologiyalari yoʻnalishida xalqaro grant yutilib, loyiha uchun investitsiya kiritildi. Taʼlimning kredit-modul tizimi doirasida LMS elektron platforma yaratilib, talabalarga mavzular boʻyicha bir necha videodarslar, maʼruzalardan foydalanish imkoniyati yaratildi.

    Talabalarni xalqaro bozorga tayyorlash maqsadida bepul dasturlash darslari tashkil etilgan. Sanayversak, imkoniyatlarimiz doirasi keng. Ammo asosiy maqsadimiz malakali, zamonaviy bilimlarni egallagan, oʻz sohasining yetuk kadrlarini yetkazib berishdan iborat.

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi — biz uchun katta minbar. Nufuzi, unda berilayotgan fikr va takliflar eʼtiborsiz qoldirilmasligini hisobga olib bir taklifimni bildirsam, shoyad mutasaddilarga yetib borsa... Universitetlarga nisbatan davlat, nodavlat tarzidagi munosabatni tubdan oʻzgartirish, taʼlim tizimiga vazirlik va idoralar aralashuvidan koʻra, jamoatchilik ixtiyoriga tayanib ish koʻrish shart deb oʻylayman. Jumladan, Prezidentimizning yangi zamonaviy binolar qurish, yoshlar uchun qulay va yanada yaxshi moddiy-texnik baza yaratish istagida boʻlgan tadbirkorlarga qurish uchun yer maydonlari ajratish boʻyicha qarori ijrosini taʼminlash, katta tajribaga ega turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik kabi masalalarda universitetlarni qoʻllab-quvvatlashga yanada eʼtiborni kuchaytirish lozim. Baʼzilar yoʻlimizga, ishimizga gʻov boʻlmasin.

    Xalqaro aloqalarga keng yoʻl berilmoqda

    Buxoro innovatsiyalar universiteti bugun toʻliq raqamlashtirilgan. Dunyoning top universitetlari roʻyxatida boʻlgan 20 dan ortiq oliygoh bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. Turkiyaning Istanbul universiteti bilan hamkorlikda professor-oʻqituvchilar uchun “Sunʼiy intellekt yordamida taʼlim samaradorligini oshirish” mavzusida qoʻshma malaka oshirish dasturi tuzilib, respublikamizning barcha oliy taʼlim muassasalaridan xohlovchilar uchun kurslar tashkil etilgan.

    Har bir kasb egasi oʻz faoliyatini loyihalashtira olishi, elektron dasturiy taʼminotini amalga oshirishi muhim. Yaʼni Alisher Navoiyning qayerda va qachon tugʻilgani haqida maʼruza oʻqishni emas, balki darsni dasturlashtirib, Alisher Navoiy haqidagi savollarga mutafakkirning oʻzidan javob olishiga sharoit yarata oladigan pedagoglar kerak, — deydi universitetning xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori Janitxa Amaresana.

    Yosh pedagog Umidjon Rustamov ham Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini imtiyozli tamomlab, ayni paytda Buxoro innovatsiyalar universitetida talabalarga kompyuter savodxonligi sirlarini oʻrgatib kelayotir. Bu kurslar universitet talabalari uchun mutlaqo bepul tashkil qilingani va kurs yakunida qoʻlga kiritiladigan dasturlash boʻyicha xorijiy sertifikat asosida oylik maosh 8 million soʻmdan boshlanadigan ish bilan taʼminlanishi yoshlarni yanada ruhlantirmoqda.

    Taʼlim sifatini oshirish uchun talabalarga fan arboblari, taniqli professor-oʻqituvchilarning doimiy maʼruzalari tashkil etilgan. Buxoro innovatsiyalar universiteti faxriy professori, akademik Saidahror Gʻulomov talabalarga “Yangi Oʻzbekistonda taʼlim sifati va yoshlarda aqliy mehnatning samaradorligi” mavzusida maʼruza qilish bilan birga, Prezidentimiz farmon va qarorlari ijrosi doirasidagi vazifa va topshiriqlardan yoshlarni oʻz vaqtida boxabar qilib boradi.

    Dars soatlarida taniqli defektolog-logoped, “Oʻzbekiston logopedlari” nodavlat taʼlim muassasalari asoschisi, neyropsixolog Sabina Azizova hamda amaliyotchi-psixolog Umida Abdullayevaning turli mavzulardagi seminar-treninglari yoshlar kamolotida muhim ahamiyat kasb etayotir. Talabalarning qiziqishini inobatga olib, Buxoro innovatsiyalar universiteti binosida logopediya kurslari ham tashkil etilgan boʻlib, bu ularning amaliyot oʻtishini tashkil etishda qulaylik yaratmoqda.

    Taʼlim sifati pedagog bilimi va mahoratida

    Nufuzli bir oliy taʼlim maskanini bitirib, qoʻliga diplom olib ish boshlagan ayrim yoshlar bilan suhbat qursangiz, nafaqat oʻz sohasini mukammal bilishi, balki aql-zakovati bilan ham sizni lol qoldiradi. Ammo yana shundaylari borki, qariyb 4-yil oliy taʼlim muassasasida taʼlim olgan, darsga ketyapman deb haftaning 6 kunida baʼzan ertadan kechgacha vaqtini universitet va institutlarda oʻtkazgan boʻlsa-da, fikrlash doirasi torligini, bilimi sayozligini ilk suhbatdayoq sezib qolasiz. Undaylarga qarab, esiz yoshlik, esiz beunum oʻtayotgan damlar va ularga ketgan mablagʻlar, degimiz keladi. Albatta, bunga, birinchi navbatda, oʻsha talabaning dangasaligi, ishtiyoqsizligi, uquvsizligi koʻz oldingizga kelsa, ikkinchidan, oʻqituvchilarning oʻz kasbiga loqayd munosabati sabab boʻladi.

    Nega deysizmi? Agar oʻqituvchilar oʻz fanini qiziqarli qilib oʻtsa, necha yillardan buyon yod boʻlib ketgan maʼruzasini takrorlayvermay, oʻtilayotgan mavzuga maʼno va mazmun baxsh etsa, fan magʻzini zoʻr chaqib bersa, talabalarda ham oʻsha fanga va sohasiga qiziqish uygʻonishi tabiiy. Buning uchun taʼlim tizimida sohasini sevgan, yetarli malakaga ega pedagoglar dars berishi, yoshlarni kasbiga qiziqtirib borishi lozim boʻladi. Zero, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, qancha islohot qilmaylik, birinchi navbatda, oʻqituvchining bilimi va kasb mahoratini oshirmas ekanmiz, sifatli taʼlimni taʼminlay olmaymiz.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri