2018-yil 3-iyulda qabul qilingan "Mediatsiya to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni bilan mustahkamlangan mediatsiya nizolarni hal qilishning tobora talab qilinadigan institutiga aylanmoqda.
Mediatsiya - bu tuzilgan muzokaralar jarayoni bo'lib, unda mediator neytral tomon sifatida nizoning ishtirokchilariga o'zaro maqbul yechimni topishga yordam beradi. Sud muhokamasi yoki arbitrajdan farqli o'laroq, mediator majburiy qaror chiqarmaydi - uning roli muzokaralarni osonlashtirish va tomonlarga kelishuvga erishishda yordam berishdan iborat.
O'zbekistonda mediatsiyaning huquqiy asosini nafaqat "Mediatsiya to'g'risida"gi asosiy qonun, balki Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslari va boshqa qonunchilik hujjatlarining tegishli qoidalarini o'z ichiga olgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar majmui ham tashkil etadi. Mediatsiya institutini rivojlantirishda muhim qadam professional mediatorlar uchun muvofiqlashtiruvchi organ va yarashtirish tartib-taomillarini o'tkazish maydoni sifatida faoliyat yuritayotgan Toshkent mediatsiya markazining tashkil etilishi bo'ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 17.06.2020 yildagi PQ-4754-son “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Toshkent mediatsiya markazi tashkil etilgan bo‘lib, Markaz bir necha asosiy vazifalarni bajaradi, jumladan professional mediatorlarni tayyorlash, mediatsiya tartib-taomillarini uslubiy ta'minlash, mediativ texnologiyalarni qo'llash masalalari bo'yicha maslahat berish, aholi va biznes hamjamiyati o'rtasida ma'rifiy ishlarni tashkil etish.
Mediatsiyaning xususiyatlari qutidagilar bilan tavsiflanadi:
1.Barcha bosqichlarda ixtiyoriylik
- Mediatsiyani tanlashda tomonlarning erkin xohish-irodasi
- Jarayonni istalgan vaqtda to'xtatish imkoniyati
- Qarorlar qabul qilishda mustaqillik
- Erishilgan kelishuvlarni ixtiyoriy bajarish
2.Mediatorning professionallik darajasi
- Adliya vazirligi tasdiqlagan dastur bo'yicha maxsus tayyorgarlik
- Professional mediatorlar reyestriga kiritilish
- Kasbiy etikaga rioya qilish
- Mustaqillik va xolislik
3. Protsessual moslashuvchanlik
- Jarayonni tomonlarning ehtiyojlariga moslashtirish
- Birgalikda va alohida uchrashuvlar o'tkazish imkoniyati
- Norasmiy muhit
- Barcha ishtirokchilar manfaatlarini hisobga olish
O'zbekiston qonunchiligi mediatsiyani quyidagi sohalarda qo'llash imkoniyatini nazarda tutadi:
· Fuqarolik-huquqiy nizolar
· Tadbirkorlik nizolari
· Individual mehnat nizolari
· Oilaviy huquqiy munosabatlar
Bunda mediatsiya jamoat manfaatlariga yoki jarayonda ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlariga daxldor nizolarda qo'llanilishi mumkin emas.
Mediatsiyadan foydalanish quyidagi muhim iqtisodiy afzalliklarni taqdim etadi:
· Vaqt sarfini qisqartirish (jarayon 30 kungacha davom etadi)
· Moliyaviy resurslarni tejash (sud xarajatlari yo'qligi)
· Muvaffaqiyatli mediatsiya holatida davlat boji qaytarilishi
· Ishbilarmonlik munosabatlarini va kelgusi hamkorlik imkoniyatlarini saqlab qolish
Nizolarni sud tartibidan tashqari hal qilishning samarali mexanizmi mavjudligi xorijiy investorlar uchun mamlakatning jozibadorligini belgilovchi muhim omil hisoblanadi. Mediatsiya quyidagilarni ta'minlaydi:
· Nizolarni tez hal qilish
· Jarayon maxfiyligi
· Tomonlarning madaniy xususiyatlarini hisobga olish
· Til va jarayonni o'tkazish joyini tanlashda moslashuvchanlik
O'zbekistonda mediatsiya, o'zining nisbatan yangiligi bilan bir qatorda, nizolarni hal qilishning samarali vositasi sifatida sezilarli salohiyatni namoyish etmoqda. Ushbu institutning rivojlanishi nizolarni tinch yo'l bilan hal qilish madaniyatini shakllantirishga va aholining huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda Toshkent mediatsiya markazi muhim rol o'ynamoqda, u nafaqat mediativ tartib-taomillarning amaliy tatbiq etilishini ta'minlaydi, balki ushbu institutni aholi va biznes hamjamiyati o'rtasida ommalashtirishga ham ko'maklashadi.
Sardor Tulqinov
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi