Zummerlar: internet — bu hayot yoxud “klip fikrlash” shakliga qobiqlanayotgan avlod

    Fikr 23 Noyabr 2024 601

    Dunyo tadqiqotchilari taxminan 1990-yillar oxiridan boshlab, obrazli aytganda, “gadjetlar olamida tugʻilib taʼlim-tarbiya topayotganlar”ni shu avlod vakillari, deb xulosa chiqargan.

    Taʼlim va tarbiya, maʼnaviyat va maʼrifat koʻhna, ayni paytda eskirmas mavzulardir. Ular asrlar davomida asosan yozma manbalar, taʼlim muassasalari saboqlari, ota-ona tarbiyasi, qolaversa, jamoatchilik fikri bilan singdirib kelingan. Lekin shiddatli taraqqiyot, oʻzgarishlar bu boradagi qarashlarimiz, tahlil va yondashuvlarimizni oʻzgartirib yuboryapti. Chunki taraqqiyot davomida yangi qiyofadagi avlodlar yuzaga kelmoqda. Vaholanki, bu omillar muttasil yangilanib turadigan barcha avlodlar qiyofasiga ham tegishli.

    Avlodlar dunyoqarashi va texnologiya taraqqiyoti

    Dunyo mamlakatlari taʼlim tizimida oʻquvchilarning bilimi yaqin vaqtlargacha oʻzgacha mezonlar bilan oʻlchangan. Soddaroq aytganda, ularning bilimi qanchalik koʻp narsa oʻqigani va eslab qolganiga, darsda ularni qanchalik aytib bera olishiga koʻra baholangan.

    Endi esa konveyer ishlash asri – sanoatlashtirish davridan oʻtish yuz beryapti. Ish jarayonlarini robotlashtirish va raqamli texnologiya sababli barcha eski ishlab chiqarish jarayonlari avtomatik tarzda bajarilmoqda. Demak, yoshlarni oʻqiganlarini xotirada toʻplashga emas, fikrlashga, maʼlumotlarni mustaqil izlab topish, tahlil qilish va tanqidiy baholashga oʻrgatish talab etilmoqda.

    Insonning bilim egallashi va shaxs sifatida shakllanishi bolalik va yoshlik yillarida ildiz otib mustahkamlanadi. Yangidan yangi texnik va texnogologik vositalar esa oʻzidan avvalgilaridan farqlanuvchi yangi avlodlar yuzaga kelishiga sabab boʻlayotir.

    Dunyo olimlari uzoq yillardan buyon qarashlari, fikrlash tarzi, munosabatlari butunlay boshqacha avlod shakllanishiga oid muammolarga javob topishga harakat qilib keladi. 1990-yillar boshida amerikalik tadqiqotchilar Neyl Xou va Uilyam Shtraus avlodlar nazariyasini yaratishdi.

    Bu mavzuda soʻz yuritishdan maqsad shuki, barcha rivojlangan, aniqrogʻi, kundalik hayotiga zamonaviy texnologiya kirib kelgan, ularsiz hayotini tasavvur eta olmaydigan yangi – “raqamli avlod” yuzaga keldi.

    Dunyo tadqiqotchilari taxminan 1990-yillar oxiridan boshlab, obrazli aytganda, “gadjetlar olamida tugʻilib taʼlim-tarbiya topayotganlar”ni shu avlod vakillari, deb xulosa chiqargan. Keling, ushbu avlodga xos belgilar nimalardan iborat ekaniga eʼtibor qarataylik.

    Ular uchun internet, bu – hayot

    Texnologiyalar juda tez rivojlanishi dunyo mamlakatlaridagi kabi Oʻzbekistonda ham dastlabki internet (zummerlar yoki “zet”) avlod shakllanishiga sabab boʻldi. Aslida zummer – tovush signallarini uzatish uchun foydalaniladigan elektr qurilma. Shunga nisbat bergan holda kundalik hayotini kompyuter, gadjetlarsiz tasavvur eta olmaydigan bugungi avlod “zummerlar” deb atalgan.

    “Zet” avlod uchun dunyo internet tarmogʻi va gadjetlar biror vazifani hal etish vositasigina emas, shaxsiy munosabatlar oʻrnatiladigan, nom chiqaradigan, obroʻ-eʼtibor shakllanadigan, oʻyin oʻynab chalgʻiydigan, son-sanoqsiz videoroliklarni tomosha qilib vaqt oʻtkazadigan va boshqa yaxshi-yomon koʻplab hokazo-hokazolarni uchratish mumkin boʻlgan bir makon. Goʻyo hayot yon-atrofda emas, shu quticha (kompyuter, gadjetlar)dagi ovoz va tasvirlar jamlanmasi. Eng yomoni, maʼlumot va axborotlarga yondashuv notoʻgʻri, ularni tanlash, tahlil qilish, tanqidiy yondashuv yoʻq darajada.

    Aslida aynan maʼlumot va axborotlarni tanlay bilish va tahlil qilish juda muhim. Albatta, internetdan foydalanuvchilar har gal toʻxtovsiz axborotlar oqimi tartibsizligi (xaos) bilan toʻqnashadi. Bu esa tubsiz axborot makonidan foydalanishda etika qoidalarini anglash, axborotni savodxonlik bilan izlash, uni tizimlashtirish va qayta ishlash asosida mediamadaniyat shakllanishini talab qiladi.

    Ayni avlod borasida tadqiqot oʻtkazayotgan va muayyan xulosalarga kelgan olimlar fikricha, “zummer” avlodning oʻziga xos yutuqlari bilan birga zaif jihatlari yaqqol koʻzga tashlanadi.

    Birinchidan, deya taʼkidlaydi olimlar, bu avlod tafakkuri “klip fikrlash” shaklini olgan. Yaʼni ular axborot va maʼlumotlarni parcha-parcha, qisqa va yorqin obrazlar orqali qabul qilishga odatlangan. Ular muayyan voqea, badiiy yoki hujjatli maʼlumotni asosan koʻrib eshitish orqali qabul qilish shaklini oʻzlashtirib olgan. Bunday tarzda axborot olish savodli soʻzlash, savodli yozishdan uzoqlashtirib yubormoqda. Bu esa bilim olish jarayonini boshqa yoʻsinga solib, mavzuni batafsil oʻrganish, chuqurroq anglashdan chetlatadi.

    — “Z” avlod alohida auditoriya hisoblanadi. Biz ularni axborot ummoniga gʻarq boʻlgan yoki yangiliklar toʻfonida qolib ketgan, deb oʻylaymiz, – deya fikr bildiradi filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov. – Vaholanki, yosh avlod faqat oʻziga kerak axborotni, xususan, qisqa hajmdagi matnlarni oʻqiydi. Tahliliy materiallarga eʼtibor bermaydi. Nima uchun? Sababi, ular har sohadan bir shingil yangilik topishni istaydi. Ularda “qisqa oʻylash” (inglizcha “clip thinking”, ruscha “klipovoye mыshleniye”) juda yaxshi shakllangan. Bitta axborot mavzusiga chuqur kirib borishga yoki bir mavzuga atroflicha tahliliy yondashilgan materialni oʻqib oʻtirishga ularda vaqt ham, imkoniyat ham chegaralangan. Shundan kelib chiqib, ular biror masalaga jiddiy va chuqurroq kirishishga oʻzida sabr-toqat topa olmaydi. Masalan, agar videosyujet boʻladigan boʻlsa, undagi 1-2 daqiqalik axborotni yaxshi koʻrib, tomosha qiladi. Ular uchun matnli yangilikka nisbatan videoyangiliklar koʻproq qiziq...

    ***

    “Zet” avlodda diqqat-eʼtibor tarqoq. Ular kliplar, qisqa videotasvirlarga koʻnikkan, uzun matnlarni oʻqib oʻzlashtirishga toqatsiz, deb taʼkidlanadi shu mavzuga oid tadqiqotlarda. Internetga suyanib oʻsayotgan avlod mamlakat yoki dunyodagi muhim voqealar, sanalar, tarixiy va geografik nomlar kabi muhim maʼlumotlarni yodda saqlab qolishga harakat qilmaydi. Chunki kerakli maʼlumotni olish uchun internetdan foydalanib oʻrgangan. Ular yaxshi xotira ishda, kundalik hayotda, oʻqishda ham zarur ekanini, uni mashq qilib turish muhimligini tushunmaydi, deya xavotirli xulosalar bermoqda olimlar.

    “Duo qiling, grin-kartadan yutib olay”

    “Yolgʻonni oʻn marta qaytarsang, bir kun kelib chinga aylanadi”, mazmunidagi kinoyali hikmat bor. Fikrlash tarzi oqsoq, feyk xabarlardan tortib behayo suratu qisqa videolarni tinimsiz koʻrayotgan oʻsmir va yoshlarda bularning bari toʻgʻri, degan ishonch uygʻota boshlaydi (tinimsiz tomgan tomchi vaqt oʻtib hatto toshni yorgani kabi).

    Bularning bari ular ongida odatiy holat kabi oʻrnashib, tahlil koʻnikmasini egallashga imkon bermaydi, uyat hissini yoʻqota boshlaydi. Hatto ayrim yoshlarning hayotdagi maqsad va orzulari, intilishlari maydalashib ketishiga olib boradi.

    Shu oʻrinda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir va publitsist Shodmonqul Salom bilan OʻzAning YouTube sahifasiga qoʻyilgan videosuhbat matnidan parcha keltiraman. Bu uning subyektiv fikri va xulosalari, albatta.

    «...Odamning yashash sharoiti qancha osonlashsa, shuncha erkatoy, tanti boʻlib boraveradi. Shuning uchun bugun bir-biridan uzoqlashish kuchaydi. Yolgʻizlashish kuchayib, inson individuallashib qoldi. Yolgʻizlik bugun, ayniqsa, ilmiy tilda aytganda “Z” (zet) avlodni qamrab oldi. “Z” avlod deganda hech narsaga qiziqmaydigan, hech narsa uni ergashtira olmaydigan avlod tushuniladi. Ana shu avlod bugun yolgʻizlanib qoldi. Yoshlikdagi zerikish xavfli, keksalikdagi zerikish alamli boʻladi. Inson yolgʻizlandimi, zerikadi. Buni oʻz vaqtida anglamayapmiz. Bu bizning katta fojiamiz.
    ...Ramazoy oyi edi. Andijon viloyatiga xizmat safariga borgandik. Ogʻiz ochishga ketayotgan paytimiz mashinamiz chorrahaga toʻxtagan paytda 20-21 yoshlardagi yigitcha idishda yoʻldagi odamlar ogʻzini ochsin, deb suv uzatdi. Savobtalab yigit ekan, deya xursand boʻldim. Rahmat deb suvni olsam, idishga “Duo qiling, grin-kartadan yutib olay”, deb yozib qoʻyibdi. Xafa boʻlib ketdim. 21 yoshli, hali oʻn gulidan bir guli ochilmagan, uylanmagan yigitning ramazon oyida, muqaddas kunlarda eng katta orzusi shu ekan... Kitob nega kerak? Mana shu narsalarni oʻrgatish uchun. Kitob oʻqigan, adabiyotga yaqinlashgan insonlarning qalbi boʻladi. Qalbi bor odam, hech qachon vatanga xiyonat qilmaydi...».

    Milliy kontent yoki jaholatga qarshi maʼrifat bilan

    «Agar biz Oʻzbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni oʻz qoʻlimizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan boʻlamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy maʼlumotlar, real voqealarga boʻlgan ehtiyojni biz toʻldirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi», deya taʼkidlagan edi davlatimiz rahbari joriy yil Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida.

    Bugun dunyoda mamlakatlar iqtisodiyoti bilan birga jamiyatlar hayotining bir-biriga bogʻlangan holda rivojlanishi – globallashuv jarayoni kuchayib borayotir. Nafaqat yosh avlod, katta yoshdagilar hayotining ham ajralmas qismiga aylangan internet bu jarayonga, ayniqsa, madaniyat va maʼrifat borasidagi qarashlarimizga katta taʼsir koʻrsatayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. Shu sababli fikrga qarshi fikr, gʻoyaga qarshi gʻoya, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish tamoyili eng samarali vositaga aylangan.

    Xorijiy OAV orqali tajovuzkor gʻoyalarga qarshi milliy manfaatlar inobatga olingan asarlar va axborotlar bilan javob qaytarish siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy, taʼlimga oid yoki koʻngilochar mavzuda mediamakon – kontent yaratish eng samarali, dolzarb masalaga aylangan. Milliy kontentni rivojlantirish maqsadida Oliy Majlis Senati hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilingan. Mazkur qarorlar asosida milliy kontentni yaratish boʻyicha kompleks dastur ham tasdiqlangan.

    Ochigʻi, milliy ommaviy axborot vositalari, jumladan, internetda bu borada qilinayotgan ishlardan unchalik koʻngil toʻlmaydi. Fikrimizcha, kompleks dasturni sifatli amalga oshirish uchun masʼul etib belgilangan vazirliklar va idoralar, shuningdek, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlaridan tashqari fuqarolarimizning faolligi yetishmayapti.

    Hozir targʻibot-tashviqot mablagʻ va qurollardan ham katta kuchga ega ekanini dunyoda boʻlayotgan voqealar silsilasidan ham bilib turibmiz. Axborotga ega boʻlish hokimiyatga ega boʻlish, boshqarish ekani yaqqol koʻrinib turibdi. Bu faqat tom maʼnodagi hokimiyat, jamoani yoki xalqni boshqarishdan tashqari va eng nozik jihati – yosh avlod, umuman, insoniyat ongini boshqarish, shaxsini shakllantirish jarayoniga ham bevosita taʼsir koʻrsatishi bilan sergak torttiradi. Bunda esa faqat bilim, maʼrifat, tiniq tafakkur va tahlil toʻgʻri yoʻl koʻrsata oladi. Eng muhimi, bunga istak boʻlsa bas.

    Rustam BOYTOʻRA,

    jurnalist