Oʻzligingizdan kechmang, eldan chiqmang!

    Bugungi kun yoshlariga havas qilsa arziydi. Ular til oʻrganyapti, ixtirolar qilyapti, fan choʻqqilarini egallayapti, xalqaro tanlov va sport musobaqalarida gʻoliblik shohsupasiga chiqyapti, yangi asarlar yozyapti... Xullas, yoshlar har sohada faol, harakatchan.

    Prezidentimiz kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqishga bagʻishlangan majlisidagi nutqida yoshlarimiz ongu tafakkurida milliy gʻurur bilan birga umumbashariy qadriyatlarga hurmat hissini kamol toptirish maqsadida yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish zarurligini qayd etdi.

    Farzandlarimizni zamonaviy bilim va dunyoqarash, daromadli kasb egalari etib tarbiyalash, ularni ilm-fan, IT texnologiyalar, maʼnaviyat, sanʼat va adabiyot, sport bilan oshno etish uchun hech narsani ayamay, bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishini taʼkidladi.

    “Bugun faqat mana shunday ilgʻor yoshlarga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, vatan ravnaqi yoʻlida birlashgan xalqqa ega boʻlgan davlatgina oʻz milliy manfaatlarini taʼminlashga erisha oladi. Bizning ikkita oʻq tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri iqtisodiyot, biri maʼnaviyatdir. Maʼnaviy buyuk xalq iqtisodiy tomondan ham buyuk boʻladi”, dedi davlatimiz rahbari.

    Xalqimiz azaldan yoshlar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratgan. Bir bolaga yetti mahalla masʼul ekanini yodda saqlagan. Xushaxloq, gʻururli, Vatan va millat xizmatiga shay avlod tarbiyalashni oʻz burchi deb bilgan.

    Bugungi eʼtibor, imkoniyatlardan toʻgʻri foydalana olmayotgan yoshlarning borligi esa kishini oʻyga toldiradi. Ayrim yoshlarning maʼnaviy olami qashshoqlashib borayotgani, muomala madaniyati yoʻqligi, odob-axloq haminqadarligi, Gʻarb madaniyatiga koʻr-koʻrona taqlid qilib, uni oʻz trendiga aylantirayotgani ham ayni haqiqat. Yoxud baʼzi vaynerlarning nomaqbul videoroliklariga oshuftaligi, ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqayotgan soʻkongʻich “tik-tok”chilarga ergashayotgani ham bor gap.

    Yoshi ulugʻlar birovlar oldida ogʻizga olishni uyat sanagan soʻkinishlar nafaqat yosh yigitlar, balki qizlar tomonidan kundalik odatga aylanib borayotgandek. Yarim-yalangʻoch kiyimlari, bachkana qiliqlaridan hech xijolat chekmay, omma oldida oʻzini namoyish qilayotgan oʻzbek qizlarining bu ahvoliga ham odatiy holdek qaralyapti.

    Xoʻsh, bugun ijtimoiy tarmoqning zararli va salbiy jihatlaridan yoshlarni uzoqlashtirish uchun nima qilish kerak? Ularning qalbida, ongu tafakkurida ijobiy hislarni, fazilatlarni shakllantirish, kuchaytirish uchun biz, kattalar qanday yoʻl tutishimiz lozim? Millatimizga, oʻzbekona qadriyatlarimizga mos va xos boʻlmagan illatlarni yoshlarning fikru oʻyidan yulqib tashlash, tozalash uchun-chi?

    Ushbu savollarimizga qisman boʻlsa-da javob topish maqsadida yoshi ulugʻ, koʻpni koʻrgan faxriylarimiz, Oʻzbekiston Qahramonlari bilan suhbatlashdik, ularning fikr, maslahat va tavsiyalarini yozib oldik.

    Toʻkis sharoitlar bir paytlar orzu boʻlgan

    Sodiqjon TURDIYEV,

    Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi, Oʻzbekiston Qahramoni:

    — Bugungi kunda yoshlar tarbiyasiga, iqtidori va salohiyatini yuzaga chiqarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi 8-yil ichida yoshlarga doir koʻplab hujjatlar imzolandi.

    Uzoqqa bormaylik, Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisidagi nutqida deputatlarning 11 nafari 35 yoshgacha, ilk bor yoshlar parlamentining 2 vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylanganini taʼkidladi. Bu maʼlumotning oʻziyoq mamlakatimizda yoshlar siyosatining ustuvor ahamiyat kasb etayotganidan darakdir. Oʻz ustida ishlayotgan, intilayotgan yigit-qizlar davlatimiz siyosatida ham muhim oʻringa ega boʻlayotir.

    Imtiyoz turi va soni yildan yilga ortib borayotgani kelajak avlodning baxtli va saodatli hayotiga qoʻyilgan mustahkam poydevordir. Ochigʻini aytganda, bildirilayotgan ishonch va yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli yoshlar Oʻzbekiston ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda. Zamonaviy bilimlarni, axborot texnologiyalarini oʻrganyapti. Ularning xalqaro maydonlarda oʻz iqtidorini namoyish etib, ulkan natijalarni qoʻlga kiritayotgani esa barchamizni birdek quvontirmoqda. Fan olimpiadalarida jahondagi eng salohiyatli yoshlar bilan munosib bellashib, ularni dogʻda qoldirayotgan ham bizning farzandlarimiz. Yurtimiz sharafini ulugʻlayotgan yoshlarimiz bilan har qancha gʻururlansak arziydi.

    Ammo yoshlar taʼlim-tarbiyasida qiladigan ishlarimiz juda koʻp. Oliy taʼlim muassasalarida, maktablarda ayrim talaba va oʻquvchilar oʻqituvchilariga bepisand muomala qilishi, bilim olishga eʼtiborsizligi, oʻyinqaroqligi, toʻqlikka shoʻxlik qilayotgani achinarli. Vaqtida bilim olmay, kasb-hunar oʻrganmay voyaga yetgan, oila qurib, farzandli boʻlgan, biroq ota-onalik masʼuliyatini toʻla anglamayotgan yoshlarimiz ham anchagina.

    Shu sababli yoshlar tarbiyasi bugunning eng dolzarb vazifasi etib belgilandi. Yurtimizda kasb-hunarsiz yoshlarga hunar oʻrgatish, hayotda oʻz yoʻlini topa olmay yurganlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Qanchadan-qancha oʻgʻil-qizlarga yer berildi, tadbirkorlik qilishi uchun imtiyozli kreditlar ajratildi.

    Bir soʻz bilan aytganda, yoshlarning toʻkin yashashi, puxta bilim olishi, iqtidorini yuzaga chiqarishi uchun hamma imkoniyatlar ishga solinmoqda. Shuncha toʻkis sharoitlarga qaramay, qingʻir yoʻllarga kirayotgan, jinoyat koʻchasiga moʻralayotgan, ijtimoiy tarmoqning salbiy tomonlarini oʻzlashtirayotgan, Gʻarb madaniyatiga koʻr-koʻrona taqlid qilayotganlar ham, ming afsuski, oʻzimizning yosh avlod.

    Yoshligimizda bugungi sharoitlarning oʻndan biri ham yoʻq edi. Ammo qoʻlimizdan kitob tushmasdi. Tinmay oʻqirdik, mushtdayligimizdan dalalarda ishlardik, oʻzimizdan kattalarga tik qarashga istihola qilardik, uyalardik. Hozir yoshlar uchun shunchalar sharoit yaratilganiga qaramay, ular buning qadriga yetmayapti. Hatto noliyotgan, noshukurlik qilayotganlari ham yetarlicha. Ota-onasiga, yaqinlariga tap tortmay qoʻl koʻtaryapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ayrim voqealarni koʻrib, yoqa ushlaysan kishi. “Gap egasini topadi” deganlaridek, bu eʼtirozlarim ayrim yoshlargagina tegishli.

    Obod va ozod oʻlkamizning aziz dilbandlari! Sizlar buyuk allomalarni ulgʻaytirgan tuproqda kamolga yetyapsiz. Yurtning ishonchli ertasi, or-nomusi boʻlasiz. Yoshi ulugʻ bir ota sifatida nasihat qilmoqchiman: oʻqing, oʻrganing, lekin oʻzligingizdan kechmang, eldan chiqmang. Bugungi gʻayrat-shijoatingiz, intilishingiz kun kelib jamiyatda oʻz aksini topsin. Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu tashabbusning tub zamirida ham siz, yoshlarga katta ishonch mujassam. Bugun shu gʻamxoʻrlik va eʼtiborning, tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetib, vaqtdan unumli foydalansangiz, kelajakda buyuk allomalarimizga munosib izdosh boʻlishingiz tayin!

    Har bir yosh mening farzandim — oʻgʻlim va qizim

    Muhabbat SHAROPOVA,

    Oʻzbekiston Qahramoni:

    — Yoshlar — Oʻzbekiston bunyodkorlari, bitmas-tuganmas boyliklari. Shonli tarixga ega ajdodlarimiz bilan qanchalik faxrlansak, hozirgi yoshlar salohiyati, vatanparvarligi bilan yangi Oʻzbekistonimizning shon-shavkatini davom ettiramiz. Men oddiygina bir ustoz sifatida yosh avlodga havas koʻzi bilan qarayman, ularning isteʼdodiga tan beraman.

    Gʻam bilan shodlik, yaxshilik bilan yomonlik birga yuradi. Demak, qalbimizga faxr tuygʻusini berib, bizni quvontiradigan, jonimizga ozor berib uyaltiradigan ham yoshlardir. Baʼzi yoshlar oltinga teng vaqtini behuda sarflab, soatlab telefon titkilab, keraksiz saytlarga kirib, faqatgina maʼnaviy dunyosini sayozlashtirmoqda.

    Kitob oʻqish orqali inson oʻz maʼnaviyatini yuksaltiradi, miyasini charxlaydi. Internet hech qachon kitobning, gazeta va jurnallarning oʻrnini bosa olmaydi. Hamma koʻrgilik kitob oʻqimaslikdan kelib chiqadi. Kitob oʻqish, avvalo, tarbiyani mustahkamlaydi, odamni yaxshilikka chorlaydi, qalb olamini boyitadi.

    Mening Oʻzbekiston Qahramoni sifatida emas, oddiy va mehribon buvi sifatida yoshlarga aytar gaplarim bor: aziz oʻgʻil-qizlarim, shuni yaxshi anglab yetingki, bizning jannatmonand goʻzal yurtimizga, osoyishtaligimizga hasad qiladigan gʻanimlarimiz koʻp. Ular gʻarazli niyatini internet tarmoqlaridagi turli yot gʻoyalar orqali singdirishga, ongingizni zaharlashga urinishi tabiiy. Kerak boʻlsa, payt poylaydi. Shuning uchun ham biz, keksa avlod sizni avaylab, toʻgʻri yoʻl koʻrsatishni insoniylik burchimiz deb bilamiz. Sizni gʻanimdan asramasak, ularning domiga ilinishingiz tayin va qanchangiz oʻsha gʻanimlar tashlagan toʻrda haliyam oʻralashib, undan chiqa olmay yuribsiz.

    Aslida, siz oʻz urf-odatlarini eʼzozlagan, oriyat va nomusni boshida tutgan xalqning zurriyotisiz, tomiringizda ulugʻ ajdodlar qoni oqayotir. Gʻanimlarning yot gʻoyalarini shuuringizga singdirishga, oʻzbekona anʼanalarimizni oyoqosti qilishga, tilimiz sofligini yoʻqotishga, fikrlash doirangizni xasta qilib, maʼnaviyatingizni yaralashiga yoʻl qoʻymang va ularning domiga ilinib qolmang.

    Ijtimoiy tarmoqda gullab-yashnashingiz yaxshidir, ammo “Oila qilmay, 5-6-yil bir-birini sinab, birga yashash ham mumkin”, degan ahmoqona fikrlarni ilgari surayotgan oramizdagi orsizlardan uzoqroq boʻling. Egniga oʻzbek adrasini kiyib olib, bu niqob ostida, aslida, Gʻarb madaniyatini ilgari surayotgan ichimizdagi dushmanlarimizdan ogoh boʻling, ularni oʻzingizdan yiroq tuting! Koʻpni koʻrgan ayol, hayotini yoshlar tarbiyasiga bagʻishlagan pedagog sifatida haddim sigʻib, sizlarga koʻnglimni toʻkib soldim. Soʻzlarimdan ranjimang. Axir oʻzbekman degan, shu mamlakatda yashayotgan har bir yosh mening farzandim — oʻgʻlim va qizim.

    Hech kim tashqaridan kelib, taʼlim-tarbiya ishlarini tartibga solib bermaydi

    Shavkat AYUPOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni:

    — Prezidentimiz joriy yilning oktyabr oyida Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida: “Mening eng katta tashvishim, maqsadim — yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, oʻqishingiz kerak. Olgan bilimingiz, oʻrgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot boʻladi”, degan fikrni kuyinchaklik bilan taʼkidladi. Bu bejiz emas.

    Yuksak maʼnaviyatli, sogʻlom, bilimli, madaniyatli yoshlar mamlakat taraqqiyoti va kelajagini belgilab beruvchi hamda jamiyatda ijobiy oʻzgarishlarni amalga oshirishda harakatlantiruvchi asosiy kuchlardan sanaladi. Mamlakatimizdagi koʻplab maktablarga uchrashuvlarga boramiz, oʻquvchilar bilan dildan suhbatlashamiz. Suhbatlarda har safar ularga: “Barcha fanlarni yaxshi oʻzlashtiring, ayniqsa, matematika, informatika va chet tillarni oʻqing, oʻrganing. Yuqori sinflarga oʻtganingizda esa oʻz qobiliyatingizga qarab, kelajakda kim boʻlishingizni qatʼiy maqsad qilib oling”, deya uqtiraman. Yurtimizda taʼlim, fan sohalariga eʼtibor soʻnggi yillarda jonlandi.

    Bugungi yoshlar qoʻlga kiritayotgan yutuqlar taʼlimga eʼtiborning mevasi. Bu — Uchinchi Renessans poydevori. Bugun zamon oʻzgarib, ota-onalar farzandlariga bilim berish kerakligini yaxshi tushundi. Nafaqat oʻqituvchi, ustozlar, balki har bir ota-ona oʻz farzandini kichikligidanoq ilm olamiga olib kirsa, koʻchada vaqtini behuda sarflamaslikka oʻrgatsa, oʻylaymanki, yosh avlod buni tez anglab yetadi.

    Hech kim tashqaridan kelib, taʼlim-tarbiya ishlarini tartibga solib bermaydi. Bugungi tezkor asrda hayot sinovlari nafaqat yoshlarni, balki har bir fuqaroni hushyor, ziyrak va dono boʻlishga undaydi. Dunyoda kechayotgan beqaror siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy holatlar har birimizdan yoshlar kelajagiga befarq boʻlmaslikni qatʼiy talab etmoqda. Yoshlar orasida boshboshdoqliklarning tobora avj olishi esa bor narsa. Buning oldini olish uchun yoshlarni kitob oʻqish, oʻzi qiziqqan sohaga yoʻnaltirish lozim. Ilm-fanga eʼtibor kuchayib boraversa, yoshlar maʼnaviyati oldi-qochdi yolgʻonlar bilan toʻldirilmasa, kelajak avlodning istiqboli yorqin boʻladi, albatta.

    Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya

    Oʻz ilmi, iqtidori, ixtirosi, kuch va shijoati bilan dunyoga tanilgan yoshlarimiz borligi yutugʻimiz, kelajagimiz taʼminoti. Agar yosh yigit-qizlar oʻz oldiga maqsad qoʻyib, turli nagʻmalarga uchmay, obdan fikr yuritib, bugungi imkoniyatlar qadriga yetib, yaxshi oʻqisa, mehnatdan qochmasa, oʻz kelajagini oʻzi qura oladi, mahalla-koʻyga, yurtga nafi tegadi. Kelajakda koʻpning duosini olib, xotirjam va farovon yashaydi.

    Agar oʻz ongini oldi-qochdi yolgʻonlar bilan toʻldirsa, kunim oʻtsa boʻldi deb yashamoqchi boʻlsa, oʻz oyogʻiga bolta urgan boʻladi. Shunday ekan, har bir yosh ota-onasi, ustozlari, yoshi ulugʻ kishilar pand-nasihatlariga amal qilishi lozim. Aslida, nuroniylarimiz televizorni yoqib, oyoqlarini choʻzib, divanga yonboshlab, hech bir yoshga hech nima demay, oʻz xotirjamligini oʻylab yashashi ham mumkin. Biroq azaldan vijdoni uygʻoq, oriyati kuchli, birovning tashvishi va gʻamini oʻziniki hisoblagan keksa avlod vakillari yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishni oʻz burchi deb bilgan va shunga amal qilgan. Maslahat va oʻgitlarga quloq tutish esa har kimning vijdoniga bogʻliq.

    Maqolamizni davlatimiz rahbarining quyidagi fikri bilan yakunlashni lozim topdik: “Bizni hamisha oʻylantirib keladigan yana bir muhim masala bu — yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir soʻz bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bogʻliq. Bugun zamon shiddat bilan oʻzgaryapti. Bu oʻzgarishlarni hammadan ham koʻproq his etadigan kim — yoshlar. Mayli, yoshlar oʻz davrining talablari bilan uygʻun boʻlsin. Lekin ayni paytda oʻzligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulugʻ zotlarning avlodimiz, degan daʼvat ularning qalbida doimo aks sado berib, oʻzligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri