Internet va ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarga taʼsiri

    Mamlakatimizda 2 Dekabr 2021 18819

    2021-yil 2-dekabrda “Internet va ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarga taʼsiri” mavzusida xalqaro vorkshop boʻlib oʻtdi.

    Unda innovatsion rivojlanish, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, UNISEF, INXA universiteti, Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirni Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari D.Toshmuhamedova olib bordi. U oʻz chiqishida ijtimoiy tarmoqlar insonlar hayotiga chuqur kirib borib, yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasiga ham ijobiy, ham salbiy taʼsir koʻrsatayotganini qayd etdi.

    Xususan, koʻpchilik yoshlar vakillari uchun real hayotdan koʻra Internetda muloqot qilish qulayroq. Bu shaxsning jamiyatdagi oʻz oʻrnini topishida salbiy iz qoldiradi, uni yanada cheklaydi.

    Xususan, koʻpchilik yoshlar vakillari uchun real hayotdan koʻra Internetda muloqot qilish qulayroq. Bu shaxsning jamiyatdagi oʻz oʻrnini topishida salbiy iz qoldiradi, uni yanada cheklaydi. Vorkshop ishida INXA universitetining (Janubiy Koreya) xorijlik professor-oʻqituvchilari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar parlamenti aʼzolari onlayn ishtirok etdi.

    Ijtimoiy tarmoqlarning hamma uchun qulayligi, tezda axborot almashish mumkinligi, ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻz dunyoqarashini namoyon qilishning eng qulay usuli sifatida foydalanuvchi yoshlar orasida uning juda mashhurligi tufayli hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarning taʼsiri juda yuqori ekani taʼkidlandi.

    Vorkshop ishtirokchilari hozirgi zamon yoshlarining ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanishi, kibersotsiallashuv tahdidi, Internetning taʼsiri va boshqa masalalarni muhokama qildi.

    Koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.