Iqlim o‘zgarishlariga moslashish, Orol fojeasi oqibatlarini yumshatish hududni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi

    Saylov 11 Oktabr 2021 1980

    Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Oʻzbekiston Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov qoraqalpogʻistonlik saylovchilar bilan uchrashuvida Orol fojeasi oqibatlarini yumshatish masalalari alohida qayd etildi.

    Taʼkidlanganidek, butun dunyoda global iqlim oʻzgarishi boʻyicha vaziyat jiddiyligiga qaramay, sanoat korxonalari tomonidan atrof-muhitga chiqarilayotgan tashlama, oqova suvlar va chiqindilar hajmining hamon yuqori darajada qolayotgani iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq inqirozni yanada murakkablashtirmoqda. Bu borada tezkor choralar koʻrilmasa, kelgusida global tusdagi muammolar bundanda ayanchli koʻrinish olishi mumkin.

    Buning uchun barcha saʼy-harakatlarni mintaqamizda iqlim oʻzgarishining asosiy omili boʻlgan Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish orqali Orolboʻyi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratish zarur.

    Bunda asosiy faoliyat yoʻnalishlari global iqlim oʻzgarishi boʻyicha Parij bitimi doirasida mamlakatda issiqxona gazlarini qisqartirishni nazarda tutuvchi milliy strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish, Orol fojeasi oqibatlarini bartaraf etish, hududda ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik holatni yaxshilashga davlat byudjeti, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari mablagʻlarini maqsadli yoʻnaltirish, Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasi faoliyatini rivojlantirishdan iborat boʻladi.

    Shuningdek, Orol muammosini hal etishga hamda bu muammoning hudud aholisi genofondiga va atrof-muhitiga salbiy taʼsirini yumshatishga jamiyatning barcha kuchlarini jalb etish hamda Orolboʻyi mintaqasiga ekologik innovatsiya va texnologiyalarni tatbiq etish ishlarini kuchaytirish, qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali Orolboʻyi hududiga Amudaryoning yuqori va oʻrta qismidan yiliga kamida 5-6 km/kub hajmda suv yuborilishini taʼminlash zarur.

    Orol dengizining qurigan tubida oʻrmon-meliorativ ishlarini amalga oshirish yoʻli bilan Orolboʻyini ekologik jihatdan sogʻlomlashtirish, qurigan dengiz oʻrnini oʻrmon bilan toʻliq qoplash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, koʻchatchilik va oʻrmonlashtirish ishlariga davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy etish Orolboʻyi hududdagi 3 ming nafardan ortiq aholining bandligini taʼminlash imkoni yaratiladi.

    Nukus, Buxoro, Urganch, Xiva, Navoiy, Moʻynoq kabi aholi yashash punktlari atrofida “yashil belbogʻlar” barpo etish hamda mazkur hududlardagi istirohat bogʻlari maydonlarini kengaytirish, Orolboʻyi hududining Qozogʻiston hamda Turkmaniston bilan tutash hududlarida transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Sudochye koʻlini, Navoiy viloyatidagi “Quyimazor” va “Toʻdakoʻl” suv omborlarini xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suvli-botqoq hududlar (Ramsar konvensiyasi) roʻyxatiga kiritilishini taʼminlash, Orolboʻyi hududida “Oʻzbekiston Qizil kitobi”ga kiritilgan noyob hayvon turlarini koʻpaytirishga ixtisoslashtirilgan pitomniklar barpo etish zarurligi qayd etildi.