Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti haqida nimalarni bilasiz?

    Bilasizmi? 8 Noyabr 2023 4713

    IHT hamkorligining asosiy yoʻnalishlari har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan aʼzo davlatlar rahbarlarining sammitlarida belgilanadi.

    Bugungi kunda Oʻzbekiston faol, pragmatik va koʻp tomonlama tashqi siyosat yuritmoqda. Mamlakatimiz tashqi siyosiy faoliyatining muhim yoʻnalishi bu uning yaqin atrofdagi davlatlari, shuningdek, koʻp tomonlama institutlar - MDH, SHHT, YEOII, TDT bilan hamkorlik qilishdir. Ularning ichida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti ham alohida oʻringa ega.

    Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 1985-yilda Tehronda (Eron) tashkil etilgan mintaqaviy davlatlararo tashkilotdir. Uning maqsadi Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari oʻrtasida savdo va sarmoyaviy aloqalarini kengaytirish. IHT Birlashgan millatlar tashkiloti va Islom hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega.

    IHT hamkorligining asosiy yoʻnalishlari har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan aʼzo davlatlar rahbarlarining sammitlarida belgilanadi.

    Maʼlumot uchun. Bugungi kunda IHTga oʻnta davlat – Ozarboyjon, Afgʻoniston, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Oʻzbekiston aʼzo boʻlib kirgan.

    Oʻzbekiston IHTga 1992-yil 28-noyabr aʼzo boʻldi. Oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish, xorijiy sheriklar bilan sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, mintaqada transport yoʻlaklarini rivojlantirish, ulardan samarali foydalanish va yangilarini yaratish Oʻzbekiston va xorijiy sheriklar oʻrtasidagi xalqaro hamkorlikning eng muhim yoʻnalishlaridandir.

    Maʼlumot uchun: 2022-yil yakuni boʻyicha Oʻzbekiston va IHT davlatlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12,3 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2017-yilga nisbatan 2 barobar koʻpdir.

    Oʻzbekiston IHT sammitlarida muntazam ishtirok etib keladi. Jumladan davlat rahbari darajasida 7-marta (1993, 1996, 1997, 1998, 2000 va 2021-yillarda), Oliy Kengash, Oliy Majlis va Oliy Majlis Senati Raisi darajasida – 7-marta, Bosh vazir oʻrinbosari darajasida – 2-marta (1995 va 2017), Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchisi darajasida – 1-marta (2010) IHT majlislarida qatnashgan.

    2021-yil 4-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiya raisligida videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtgan IHT 14 sammitida ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

    2021-yil 28-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti IHT 15 sammitida ishtirok etdi. Sammit yakunlari boʻyicha IHTga raislik ilk marotaba Oʻzbekistonga oʻtdi.

    2022-yil 17-26-yanvar kunlari boʻlib oʻtgan IHT Hududiy rejalashtirish kengashining yigʻilishida Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2022-yil “Oʻzaro aloqalarni mustahkamlash yili” deb eʼlon qilindi.