Ishonch inqirozi

    Yoxud ajralishlar nega ko'paymoqda?

    Ochig'i, bu tuyg'u asrlar mobaynida hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ketgani uchunmi, bir tomondan qiymatsiz ko'ringan, lekin bebaho ekani e'tirof etilgan. Bugunga kelib bu e'tirof asl qiyofasi — bebaho boylik sifatida kuchliroq namoyon bo'lmoqda. Hozir fikr yuritmoqchi bo'lgan mavzuimiz ishonchning hayotimizga bevosita ta'siri — oilalarimiz, yanayam aniqrog'i, oilaviy ajrimlar haqida. Oilalar tinchligi nafaqat umrimiz mazmuni va hayotimiz halovati, balki yurtimiz taraqqiyoti hamda jamiyatimiz ravnaqini ta'minlaydi. Oilani asrash millatni, uning jamiki ma'rifiy qirralari va mezonlarini asrash demakdir.

    Keyingi yillarda yurtimizda oilaviy nizolarning oldini olish, ajralish yoqasida turganlarni yarashtirish, ro'zg'ordagi etishmovchilik va kamchiliklarni bartaraf etishga erishilmoqda. Ammo shuncha sa'y-harakatga qaramay, ajralishlar soni ko'payib boryapti. Buning ishonchga nima aloqasi bor, dersiz?

    Tadqiqotchilar va psixologlar fikricha, xiyonat, rashk, moddiy etishmovchilik, er-xotin munosabatlaridagi chigalliklar, uchinchi shaxsning aralashuvi ortidan kelib chiqayotgan ko'ngilsizliklar ajralishga olib kelyapti. Aslida, hech bir sabab muqaddas rishtalar bilan bog'langan oilaning barbod bo'lishiga, begunoh bolalarning etim qolishiga bahona bo'lolmaydi.

    Raqamlar mulohazaga chorlaydi

    Statistika agentligi ma'lumotlariga ko'ra, 2022 yilda 48 ming 733 ta, 2023 yilda 49 ming 198 ta oila ajrashgan. Joriy yilning yanvaridan mart oyigacha bo'lgan davr orasida esa 11 ming 481 ta nikoh bekor qilingan.Bu raqamlar har qanday kishini o'yga soladi. Demak, bir yilda qariyb 50 mingga yaqin oila ajrashayotgan bo'lsa, qancha o'g'il-qiz otasiz yoki onasiz ulg'ayishga mahkum bo'layotgan ekan? Ajralishlar bois, nafaqat oilalar taqdir zarbasiga duch kelayotir, ayni paytda davlat, jamiyat ham moddiy, ham ma'naviy zarar ko'ryapti.

    Xo'sh, ajralishlarning oldini olish, oilani mustahkamlash, farzandlarimiz etim bo'lib qolmasligi uchun nima qilishimiz kerak? YUrtimizda bu borada qanday ishlar bajarilyapti? Ushbu savollar bilan soha mas'ullariga murojaat qildik.

    Bosh qonunimizning alohida bobi oilaga bag'ishlangan

    Ozoda PARPIBOEVA,

    Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi:

    — Mamlakatimizda oila va nikohga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilgan. Bosh qonunimizning alohida bobi oilaga bag'ishlangani, Oila kodeksi qabul qilingani, qator qonun va qonunosti hujjatlarining hayotga tatbiq etilayotgani yurtimizda oila va oilaviy qadriyatlarning nechog'liq muhim ahamiyatga ega ekanligi ifodasidir.

    Oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo'shgan oilalarni rag'batlantirish maqsadida ­Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 sentyabrdagi qarori bilan “Ibratli oila” ko'k­rak nishoni ta'sis etilgan. Joriy yilda yurtimizda ilk marotaba 208 ta oila ushbu ko'k­rak nishoniga munosib deb topildi.

    Qo'mitamiz tomonidan ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalar muhitini mo''tadillashtirish, ajralishlardan jabr chekib sud zallarida otasi yoki onasini tanlay olmay biz kattalarning ishlariga hayron bo'lib turgan farzandlarimiz taqdiriga tamg'a bosmaslikka harakat qilyapmiz. Bu borada qator yangicha yondashuvlarni qamrab olgan dastur va loyihalar yaratildi. Bir qator vazirliklar, Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda mas'uliyatli ota-onalik mezonlarini ichiga olgan 10 ta indikator, “Farovon oila — kelajak poydevori” mavzusida tatbiq etilishi zarur bo'lgan 10 ta loyiha ishlab chiqildi. Oilaviy ajralish, otalikni belgilash, yolg'iz onalik va erta nikoh ko'rsatkichlari yuqori bo'lgan hududlarda ijtimoiy tadqiqotlar o'tkazish bo'yicha tavsiyalarimizni Oila va gender ilmiy-tadqiqot institutiga taqdim etdik.

    Albatta, oilalar bilan ishlash tizimini chuqur isloh qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash, qadriyatimizning milliy va diniy ­mezonlar bilan uyg'un bo'lishi lozimligini targ'ib etishda oldimizda bajarilishi kerak bo'lgan vazifalar anchagina. Ilgarilari oiladagi kelishmovchiliklar xalqimiz ta'biri bilan ­aytganda, “doka ro'molning qurishi...” darajasida engilroq hal bo'lardi.

    Ammo bugun qancha-qancha “doka ro'mollar qurib ketsa” ham er-xotin va qaynona o'rtasidagi janjallarning nihoyasiga etish, ularni yarashtirish jarayonlari og'ir kechmoqda. Avvallari oilada o'zaro nizo yuzaga kelsa, urishgan er-xotin yoki qaynona-kelin, ikkita kayvoni va mahalla keksalarining nasihati, maslahati bilan yarashib ketishi mumkin edi. er-xotin ajralishiga nafaqat ikki yoshning o'zaro janjallari, balki o'zini ro'zg'orning malikasi deb bilgan ba'zi bir qaynonalar ham sababchi bo'lmoqda. Bunday illatlarning oldini avvalroq olishimiz kerak. “Sen menga gapirma, sen bilan ishim yo'q”, qabilida loqaydlik esa xudbinlikdir. Aytmoqchimanki, oilani asrash bugungi kunda har bir fuqaroning insoniylik burchiga aylanishi lozim, shunda amaliy natijalarga erisha olamiz.


    Bag'rikeng va kechirimli bo'laylik

    Abira HUSEYNOVA,

    Oliy Majlis Senati a'zosi,

    falsafa fanlari doktori, professor:

    — Men bugun Senat a'zosi yoki professor sifatida emas, balki ona, buvi va qaynona sifatida kelinlarga, qaynonalarga, umuman farzandlarimizga nasihat va maslahat bermoqchiman. Barchamiz bu omonat dunyoda g'animat ekanligimizni bilamiz, umrimiz o'tkinchiligini ham. Lekin shuni anglab turib, er-xotin ajralishlariga, kelajak avlod tarbiyasiga befarq qarayapmiz nazarimda. Oilaviy ajralishlar ko'payib boryapti. Oilaning suyanchi sanalgan otalar, farishtali onaxonlar, er yigitlar negadir beparvo. Qaynona va kelin esa murosa qila olmayapti. O'rtada bolalar sarson.

    Demak, ham oilada, ham tarbiyamizda oqsoqlik bor. Yo'qsa ajralishlarga jimgina qarab turmasdik? Yoshlarni-ku mayli, yosh deymiz, biroq ko'pni ko'rgan, hayotning zarbalarida pishgan ayrim qaynonalarning molparast yoki pulparastligi oqibatida ro'zg'orga zarar etmoqda. Aslida, oilani asrab qolish ko'p jihatdan aynan qaynonalarga bog'liq. Aziz qaynonalar, keling, bag'rimizni sal kengroq qilaylik, siz yomon deya ko'rishni xohlamayotgan kelinlar shiringina nevarangizning onasi, axir? Mayli, xato, kamchilik ulardan o'tgandir, yoshlik qilgandir, sizlar kechirimli bo'linglar. “Qaynonam, bizni tinch yashashga qo'ymayapti”, degan kelinlar og'zini shirin gaplar bilan yopaylik. Toki o'zi uyalib qolsin.

    Qadimda qaynonalar kelinlariga juda mehribon bo'lgan, o'z navbatida kelinlar ham. So'nggi vaqtlarda yigitlar na onasiga, na xotiniga yon bosa olmay ikki o'tning orasida qolyapti. O'g'lonlarim, aslo unday qilmang, shunchaki adolatli bo'ling. Tarozining pallasini teng tuting, mayda-chuyda gaplardan baland bo'lib, ikki tomonga birday mehr bering. SHunda oilangiz tinch, bolalaringiz bag'ringizda, o'zingiz xotirjam bo'lasiz. Xato, kamchilik hammamizdan o'tadi, biz bag'rikeng va kechirimli bo'lib, qahr emas, mehr bilan kelin-kuyovlarni yo'lga solsak, olam guliston.

    Men bugun nevaralari, chevaralari ko'p buvi sifatida, oilaning buzilishiga sababchi bo'layotganlarga qarata ko'nglimdagi gaplarni to'kib soldim. Bu gaplardan xulosa chiqarish vijdoningizga havola.

    “Oila sud`yalari” tashkil etildi


    Gulnora PARPIEVA,

    Oliy sud Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'ati raisi o'rinbosari:

    — Agar fakt va raqamlarga ­murojaat qiladigan bo'lsak, 2023 yil davomida fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar tomonidan nikohdan ajratish bilan bog'liq 63 ming 625 ta ish ko'rib chiqilgan va 34 ming 635 ta nikoh bekor qilingan. 20 ming 972 tasining da'vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan. 5434 tasi ko'rmasdan qoldirilgan, 2584 ta da'vo bo'yicha ishni yuritish tugatilgan.

    Joriy yilning birinchi choragi mobaynida esa fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar tomonidan 15 ming 585 ta nikohdan ajratish bilan bog'liq ish ko'rib chiqildi va 8239 ta nikoh bekor qilindi.

    Afsuski, ajralishlar soni yil sayin kamayish o'rniga ko'payib bormoqda. Achinarlisi, oilalarning barbod bo'lishi oqibatida murg'ak bolalar jabr ko'ryapti.

    Amaliyotda ba'zi ajralish bilan bog'liq ishlarni ko'rib, dilimiz xufton bo'ladi. Koshkiydi, oilani buzib, guldek bolalarni ko'chada sarson-sargardon qoldirishga arziydigan jiddiy sabablar bo'lsa. “Xarakterimiz to'g'ri kelmadi”, degan shablon bahonada turib olganlar, turmush o'rtog'i chetga ishga ketgach, qaynonaning nazorati yoqmayotgan o'zboshimcha kelinlar, ba'zida esa keliniga zug'um qilayotgan qaynonalar tufayli necha-­necha oilalar barbod bo'lyapti. Bularning ichida xiyonat sabab parokanda bo'layotgan oila­lar ham bor.

    Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabr­dagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo'­yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, joriy yil 1 fevraldan mavjud shtat birliklari doirasida tajriba tariqasida fuqarolik ishlari bo'yicha Samarqand shahar, Namangan tumanlararo va Mirzo Ulug'bek tumanlararo sudlarining ikki nafardan sud`yasini oilaviy nizolarni ko'rish bo'yicha ixtisoslashtirgan holda ushbu sudlarda “Oila sud`yalari” tashkil etildi.

    2025 yilga qadar yurtimizning ­barcha hududlarida shunday sud`yalar faoliyati ­bosqichma-bosqich yo'lga qo'yilishi belgilangan.

    Davlatimiz rahbarining mazkur qarori va unda belgilab berilgan vazifalar oilalar mustahkamligi va ajralishlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonchimiz komil.

    Shaytonni eng xursand qiladigan ish — oila buzilishi

    Zulayho SOATOVA,

    Toshkent shahri bosh imom- xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi:

    — Bir oila buzilishi sababli ko'plab oilalar o'rtasida dushmanchilik paydo bo'ladi. Shuning uchun ham shaytonni eng xursand qiladigan ish — oila buzilishi. Bu haqda hadisda shunday deyiladi:

    Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Iblis o'z taxtini suv ustiga quradi va o'z lashkaridan guruhlarni yuboradi. Ularning eng ko'p fitnachisi, unga eng yaqinidir. Birisi kelib “undoq qildim, bundoq qildim” deydi. U bo'lsa “hech narsa qilmabsan!” dey­di. Keyin boshqa biri kelib “uni qo'yarda qo'ymay xotini bilan orasini buzdim” deydi. U esa o'shani o'ziga yaqinlashtirib “Ha! Balli! Qanday ham yaxshisan!” deydi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

    Hozir ayrim qizlarimiz qaynota va qaynonaga xizmat qilish dinimizda yo'q, demoqda. Ammo Fotima roziyallohu anho ham qaynonalari Fotima binti As'adga xizmat qilganlari, ularning roziligi va duosini olganlarini bilmaydilar. Oila ostonasiga qadam qo'yayotgan qizlarimizga nubuvvat xonadonida o'sib ulg'aygan butun ummatga go'zal xulqlari ila namuna bo'lgan onalarimizning hayotlarini o'rgatib, qaynota va qaynona uyning rahmat eshiklari manbai ekanini, ularning duolari dunyo va oxirat uchun sarmoyaligini tushuntirishimiz lozim bo'ladi.

    SHuningdek, yigitlarga ham uyning rahbari ekanligini, ona va kelin o'rtasidagi muvozanatni adolat ila tutishi oilaviy baxt, saodat va xotirjamlikni ta'minlovchi omillardan ekanini ham bildirishimiz kerak.

    “Bu masalada yumshoqroq bo'linglar”

    Farida ABDURAHIMOVA,

    Din ishlari bo'yicha qo'mitaning xotin-qizlar bilan ishlash va

    targ'ibot guruhlarini muvofiqlashtirish bo'limi boshlig'i:

    — Sharqda “Oila — tabiatning shoh asari” deyiladi. Uning mustahkamligi jamiyatning asosiy poydevori. Oxirgi olti-etti yilda bu borada ko'plab huquqiy-normativ hujjatlar, qonunlar, farmon va qarorlar, “yo'l xarita”lari qabul qilindi. eng muhimi, ularning ijrosi bo'yicha katta mablag' ham ajratilmoqda. Ijrochilari, muddatlari ham aniq-tiniq belgilangan.

    Oila va xotin-qizlar qo'mitasi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari, Din ishlari bo'yicha qo'mita bilan hamkorlikda O'zbekistonning har bir hududida ota-onalarning vazifalari, oilaning ma'naviy-axloqiy muhiti, sog'lom turmush tarzini ta'minlash mezonlari asosida targ'ibot-tashviqot, tushuntirish ishlari olib borilyapti. er-xotin munosabatidagi darzlarni butlash, qaynonalik maqomi, bandlik masalalarini ichiga olgan dasturlar doirasida qiladigan ishlarimiz hali ko'p. Davlatimiz rahbari ham uchrashuvlarda qaynona va kelin munosabatlariga alohida urg'u berib, “bu masalada yumshoqroq bo'linglar, kelinni ham o'z qizingizdek ko'rishni o'rganinglar”, deb ta'kidladi. Ko'pni ko'rgan yoshi ulug' onaxonlar bilan uchrashib, oilalar buzilishi bizning millatimiz uchun azal-azaldan uyat sanalgani, oilalarni mustahkamlashga asosan, qaynonalar mas'ulligi haqida alohida uqtiradi.

    Qur'oni Karimning Niso surasida ham ayolni, onani, qiz farzandlarni hamisha ­e'zozlash, ardoqlash ta'kidlangan. Ota-onasi bag'rida voyaga etgan qizlarni turmushga berish qadriyatlarimizning eng go'zali sanaladi. Shuning uchun ham qiz uzatayotganlar to'ydan so'ng qo'llarini duoga ochib, “Borgan joyingda toshday qot, bolam”, deya tilak bildiradi. Ammo ular aytganichalik tosh bo'lish oson ish emas hozirgi davrda.

    Aslida, qars ikki qo'ldan chiqadi. Bu borada nafaqat qaynona, kelin-kuyov, shu bilan birga, yon-atrofdagilar — mahalla, qo'ni-qo'shnida ham gap ko'p. Agar oilaning barcha a'zolari ahil bo'lsa, bir-birini tushunib yashasa ajralish ostonaga yaqin ham kelolmaydi.

    Ta'kidlash joizki, xiyonat, uchinchi shaxs­ning aralashuvi, rashk, moddiy muammolar, zararli odatlar, yoshlarning oilaga tayyor emasligi, oilaviy qadriyatlarning to'g'ri shakllanmagani, ijtimoiy tarmoqlardan noto'g'ri foydalanish, turli yot g'oyalarga berilish, o'zbekona kiyinish madaniyatiga rioya etmaslik kabi salbiy holatlar bugun ko'plab yosh oilalarni boshi berk ko'chalarga boshlayapti.

    Qarindoshlar o'rtasidagi nikohning oldini olish bo'yicha individual ishlash das­turi doirasida ish olib boryapmiz. Natijada jar yoqasiga kelib qolgan qanchadan-qancha oilalarni yarashtirishga erishib, ajralish­larning oldi olinayotir. eng muhimi, hali voyaga etmagan yuzlab, minglab bolalar ota-­onasi bag'riga qaytyapti. Ammo hali qilinadigan ishlarimiz ko'p.

    Bugun aholi o'rtasida erta nikoh, erta tug'uruq, yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikohlar natijasida nogiron bolalar tug'ilish ko'rsatkichlarining oshib borishi har birimizni ogohlikka, hamkorlikka chorlashi lozim. Bo'lajak kelin-kuyovlarning tibbiy ko'rigi masalasini qayta ko'rib chiqish, keng jamoatchilik, oilalar bilan ishlashni mahallabay, oilabay tashkil etish bilangina bu borada amaliy natijalarga erishimiz mumkin.

    Oilaga e'tibor o'zligimizga e'tibordir


    Bolaligimizda “ajralish”, degan so'zning ma'nosini tushunish tugul uning nima ekanini ham anglab etmasdik. Chunki ajralishlar yo'q hisobi edi. endi-chi, hali maktabga chiqmagan bolakaylar ham bu so'zning zalvarli yukidan aziyat chekyapti. Bir vaqtlar urush davrining qahatchiliklarida o'zbek oilalari to'kin yashashga sharoiti bo'lmasa-da, nafaqat o'zining, balki o'zga millat farzandlarini ham bag'riga olib, o'z bolasiday voyaga etkazgan. Bugun-chi, yurtimiz tinch, dasturxonimiz to'kin, uyimiz, mashinamiz bor, kiyimlarimiz po'rim-u, ammo negadir ko'nglimiz tor. Ba'zilarimiz sal noshukr, sirkamiz suv ko'tarmaydigan darajada xudbin bo'lib borayotgandaymiz. O'zimizni, tinchimizni, halovatimizni o'ylaydigan bo'lib qolgandaymiz.

    Bugun zamon o'zgardi, deysizmi? To'g'ri, zamon o'zgardi, zamon bilan birga o'zimiz ham. Lekin imonimiz, vijdonimiz o'zimizda-ku? Nega etti mahallaga eshittirib karnay-surnay navolari ostida ostonasi tillodan uy seniki deya, kelin tushirgan qaynonalar ikki, uch yilga bormay kelini va nevaralarini uyidan haydayapti. O'zini, onasining so'zini ikki qilmaydiganday ko'rsatayotgan yigitlarning ko'pchiligi aslida, onasining “Boshqatdan yoshginasiga uylantiraman” degan gapi xumorida yuribdi. “Sizsiz yashay olmayman” deya turmushga chiqqan ba'zi kelinchaklar na qaynona, na er hurmatini joyiga qo'ymayapti.

    Keling, shu o'rinda ­tafakkurimizni teranroq qilib fikr yuritaylik-chi, ajralish­larni ko'paytirib, bolalarni etim qilib qaerga qarab ketyapmiz? Qiynalganda suyanadigan, yiqilganda tirgak bo'ladigan, shodligimizga oshno, g'amimizga sherik bo'lgan oilamiz borligiga shukr etaylik va ko'z qorachig'idek asrashga harakat qilaylik.

    Xulosani Prezidentimizning “Oilaga e'tibor o'zligimizga e'tibordir. Oilani saqlab qolmasak, biz o'zligimizni yo'qotamiz”, degan so'zlari bilan yakunlashni ixtiyor etdik. Zero, oila jon ozug'imiz va jon tomirimizdir!

    Gulichehra DURDIEVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri