Islom sivilizatsiyasi markazi italyan oynalari va billur buyumlari bilan bezatiladi

    Islom sivilizatsiyasi – bu islom dinini qabul qilgan xalqlarning moddiy va maʼnaviy madaniyati sohasida insoniyat jamiyatining rivojlanishida erishilgan yutuqlar majmuidir.

    Oʻzbek va Markaziy Osiyoning boshqa xalqlarining buyuk ajdodlari betakror asarlari va yutuqlari bilan islom falsafasi, madaniyati, ilmi va taʼlimining shakllanishi va rivojlanishida, musulmon sivilizatsiyasining asoslarini yaratishda butun insoniyat tarixiga bebaho hissa qoʻshgan.

    Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon dunyosi uchun katta madaniy va maʼrifiy ahamiyatga ega noyob bino barpo etish maqsadida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi boshlab yuborilgan.

    Ushbu markaz oʻzbek xalqining buyuk ilmiy va madaniy merosini oʻrganish bilan bir qatorda, uni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylaydi, muammoli asrimizda eng muhim vazifa boʻlgan islomning asl- tinchlikni sevuvchi, insonparvar, ijodiy mohiyatini targʻib qiladi.

    ISM tuzilmasiga muzey va koʻrgazma zallari, kutubxona va arxiv, kompyuter va axborot texnologiyalari xonalari, qoʻlyozmalar, xattotlik boʻlimlari, islomiy merosni saqlash, tadqiqotlar va ishlanmalar, xalqaro hamkorlik va chet tillarni oʻrganish boʻlimi, qoʻlyozmalarni tiklash laboratoriyasi kiradi.

    Markaz dunyoda eng katta qadimiy qoʻlyozmalar, litografik kitoblar, tarixiy hujjatlar, Oʻzbekistonda va chet ellarda saqlanadigan din va taʼlimga oid nashrlar, shuningdek, 100 mingdan oshiq kitob va qoʻlyozmani jamlagan kutubxonaga ega boʻladi.

    Markazni yaratish jarayonida ilgʻor xalqaro tajribadan foydalanish muhimligini inobatga olgan holda, Oʻzbekistonning Rimdagi elchixonasi ushbu sohaga keng bilim, amaliy tajriba va texnik imkoniyatlarga ega yetakchi Italiya kompaniyalarini loyihada ishtirok etishga jalb qilish boʻyicha ish olib bordi.

    Xususan, Italiya va Yevropaning “iDogi” (venetsiya shisha va billurlaridan yirik mahsulotlarni ishlab chiqarish), “Margraf” (tabiiy marmar ishlab chiqarish va oʻrnatish), “Lasvit” (shisha va yoritish buyumlari), GTArchitects (arxitektura va interyer dizayni) va Novello Giardini (landshaft dizayni) kabi kompaniyalari bilan hamkorlikda ish olib boriladi. Ularning vakillari bir necha marotaba Oʻzbekistonga tashrif buyurgan va dunyoda oʻxshashi boʻlmagan ISM kompleksini yaratishga qaratilgan eksklyuziv takliflarni taqdim etishgan.

    Karantin cheklovlarini inobatga olgan holda va ushbu loyiha boʻyicha muloqotni davom ettirish uchun mamlakatimizning Rimdagi diplomatik vakolatxonasi Iatliyaning “iDogi” kompaniyasi bilan Oʻzbekiston qurilish vazirligi, Toshkent shahar maʼmuriyati, ISM direksiyasi va “Trest 12” qurilish kompaniyasi rahbarlari va mutaxassislari ishtirokida videokonferensiya oʻtkazildi.

    Konferensiya davomida “iDogi” bosh direktori Domeniko Kaminiti va maxsus loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha menejer Silviya Formentin kompaniyaning batafsil taqdimotini tayyor mahsulotlarning eng yaxshi namunalari galereyasida virtual tashrif buyurish bilan bir qatorda kompaniyaning ISM boʻyicha takliflarini taqdim etdilar.

    “IDogi” 1968-yilda Venetsiya (Italiya) shahrida tashkil etilgan. U badiiy qandillar, favvoralar, balustradlar, qoʻlda ishlangan Murano(Venetsiya) oynasidan stol va stullar, shuningdek, qadimiy anʼanalarga muvofiq, billur ishlab chiqaradi.

    Suyuq oynaga solingan va yarim qimmatbaho toshlar bilan qoplangan oltin bargli mahsulot ishlab chiqarishning noyob usullaridan foydalanadi. Kompaniya AQSH, Buyuk Britaniya, Quvayt, BAA, Qatar, KSA va Rossiyani oʻz ichiga olgan dunyodagi koʻplab taniqli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

    “iDogi” asl Usmon Qurʼonini, shuningdek, markaziy zallardagi avizolarni joylashtirish uchun ISM da billur pavilyon yaratishni taklif qilmoqda. Pavilyon va avizalar eksklyuziv dizayni boʻyicha xuddi shu uslubda billurdan, sharqona naqshli venetsiya oynasidan, malaxit va lapis lazuli bilan bezatiladi.

    “iDogi” rahbari D. Kaminiti 2019-yil oktyabr oyida Oʻzbekistonga kelgan. Uning soʻzlariga koʻra, Venetsiya va Oʻzbekiston uzoq tarixiy aloqalarga ega. Kaminiti taʼkidlaganidek, XIII asrda taniqli venetsiyalik savdogar va sayyoh Mark Polo oʻzining “Dunyoning rang-barangligi toʻgʻrisida” nomli kitobida oʻzbek shaharlari va odamlari haqidagi taassurotlarini bayon etgan.

    Mark Polo va boshqa venetsiyalik savdogarlarning yuklari Buyuk Ipak yoʻli boʻylab tashilgan. “Biz oʻzbek xalqining madaniy merosiga katta hurmat bilan qaraymiz. Bu bizni ulugʻvor tarixiy loyihada ishtirok etishga ruhlantirdi”, dedi D. Kaminiti.

    Oʻz navbatida ISM direksiyasi vakillari “iDogi” dizaynerlari va meʼmorlarida katta taassurot qoldirgan Markazning tuzilishi va faoliyatining asosiy yoʻnalishlari haqida batafsil taqdimot qildilar.

    Konferensiyada ishtirok etgan Xalqaro aloqalarni rivojlantirish institutining ilmiy maslahatchisi, akademik Tursunali Qoʻziyev shunday dedi: “Oʻzbekiston islom dini dunyosida shon-sharaf keltirgan koʻplab olimlar va dinshunoslarning vatani hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish milliy gʻoyasini asosoli ravishda ilgari surdi.

    Markaz oʻzining ulugʻvorligi, goʻzalligi va mazmuni bilan oʻzbek xalqi va butun islom olamining faxriga aylanadi. Shunisi ishonarliki, Italiyaning yetakchi kompaniyalari koʻp asrlik madaniy anʼanalarni saqlab qolish va ularni zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirishda yetakchi boʻlgan loyihada ishtirok etishga zoʻr qiziqish bildirmoqda.”

    Onlayn uchrashuv ishtirokchilari Toshkentda barpo etilayotgan ISM uchun “iDogi” mahsulotlarining badiiy uslubi, ranglari va parametrlarini birgalikda koʻrib chiqish va kelishish uchun maʼlumot va materiallar almashishni kelishib oldilar. Oʻzbekiston va Italiyada karantin cheklovlari olib tashlanganidan soʻng respublikaga jalb qilingan tashkilotlar va italiya kompaniyasi vakillari delegatsiyalarining tashriflari almashinuvi boʻlib oʻtadi, deb yozadi “Dunyo” axborot agentligi.