Videokonferensiyada 25 kishi ishtirok etdi. Jumladan, “Turkistonliklar madaniy va ijtimoiy hamkorlik jamiyati” raisi Akbar Yassa, O‘zbekistonning Adana shahridagi faxriy konsuli Ilker Medeniy, “Turkistonliklar madaniy va ijtimoiy hamkorlik jamiyati”ning Adana shahridagi raisi Osman Beg, Bursa viloyati O‘smong‘oziy tumani hokimi o‘rinbosari Djem Kurshad Xasanoglu hamda o‘zbek diasporasi vakillari qatnashdilar.
Tadbirni Bosh konsul Amirsaid Aʼzamxo‘jayev kirish so‘zi bilan ochib, tilning insoniyat rivojidagi o‘rni, xususan, o‘zbek tilining turkiy tillar ichida naqadar boy va latofatli ekanligiga eʼtibor qaratdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba davlat tili – o‘zbek tilida nutq so‘zlagani va bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun turkiy tilli xalqlar tomonidan munosib qarshilanganini alohida taʼkidlandi.
“Turkistonliklar madaniy va ijtimoiy hamkorlik jamiyati” raisi Akbar Yassa o‘z nutqida «til nafaqat aloqa vositasi, balki millat tarixi, madaniyati va xotirasi hamdir. U o‘tmishni bugungi kunga, bugunni esa kelajakka yetkazib beruvchi vositadir”, dedi.
Xitoydan Bolqon mintaqasigacha bo‘lgan jug‘rofiy kenglikda shonli tarix yozib, boy madaniy meros qoldirgan turkiy millatlarning bugungi kunda borligi ham aynan tilimizga bevosita bog‘liqdir. Shu bois uni qadrlash, saqlash va yana-da rivojlantirish barchamizning muqaddas burchimiz ekanligi taʼkidlandi. Bu kabi loyihalar orqali ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirishda o‘zbek tili va madaniyatimiz bunga mustahkam ko‘prik bo‘lishi qayd qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning «turk dunyosida» tutgan o‘rni va ahamiyati, Markaziy Osiyoda yuritayotgan yaxshi qo‘shnichilik siyosati to‘g‘risida ham atroflicha fikr yuritildi.
Ayni paytda o‘zbek tilini o‘rganishni istaydigan yangi guruh ham shakllangan bo‘lib, uning ishtirokchilari uchun darslarni yana-da takomillashtirilgan dastur asosida olib borish rejalashtirilgan.