Italiyada saqlanayotgan Oʻzbekistonga oid durdonalar yurtimizda namoyish etiladi

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolarining Italiya boʻylab xizmat safari davom etmoqda. Mamlakatning bir qator shaharlaridagi muzey va kutubxonalardan Oʻzbekiston madaniy merosiga oid nodir durdonalar oʻrganilmoqda.

    Qoraxoniylar davriga oid kumush idish topildi

    Hayʼat vakillari Rim shahridagi Aaron xususiy kolleksiyasiga borishdi. Mazkur kolleksiyaga oʻtgan asrning 70-yillarida taniqli kolleksioner Armando Tagliokosso tomonidan asos solingan boʻlib, u Musulmon Sharqiga tegishli boʻlgan xalq amaliy sanʼati namunalarini oʻz ichiga oladi.

    “Kolleksiyamizda hozirgi Eron, Hindiston, Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyoga tegishli boʻlgan 100 dan ortiq nodir eksponatlar saqlanadi, — deydi Aaron kolleksiyasi kuratori Veronika Pristini. — Ular orasida bevosita Oʻzbekistogn madaniy merosiga aloqador boʻlgan bir qator tarixiy buyumlar ham bor va ular kolleksiyamizning eng nodir eksponatlari qatoridan joy olgan”.

    Mazkur kolleksiyada XI asr oʻrtalarida hozirgi Karmana hududlarida, Qoraxoniylar davriga tegishli boʻlgan kumush idish ham saqlanadi. Mazkur idish gardishida arab tilida kufiy xatida “ushbu mulk moʻminlar amirining yaqin doʻsti Toʻgʻrul Qoraxoqonga tegishli” degan mazmundagi bitiklar oʻyib yozilgan. Shuningdek, kolleksiyadan somoniylar davrida mansub boʻlgan ming yillik sopol buyumlar, Xorazmshohlar davrida ishlangan oltin lagan va boshqa ashyolar saqlanmoqda

    Ibn Sinoning Bolonyadagi “izlari“

    13-fevral kuni delegatsiya vakillari Bolonya universiteti kutubxonasida boʻlib, bu yerdagi nodir qoʻlyozmalar bilan tanishdilar. Delegatsiya aʼzolarini Bolonya universiteti kutubxonasi prezidenti, professor Franchesko Chitti, bosh koordinator Maria Torrichelli, nodir manbalar boʻlimi boshligʻi Jovanna Flamma va boshqa mutaxassislar kutib olishdi.

    Bolonya shahrida 1088-yilda ochilgan bu oliy taʼlim dargohi dunyodagm eng qadimiy universitet hisoblanadi. Uning kutubxonasi ham salkam 300-yillik tarixga ega. Ular orasida Sharq kitobat sanʼatiga tegishli boʻlgan koʻplab arab va fors tillaridagi manbalar, xususan 200 ga yaqin turkiy tildagi qoʻlyozmalar ham saqlanadi.

    Kutubxona mutasaddilari bilan uchrashuv paytida Delegatsiya aʼzolari keyingi yillarda mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan madaniy merosimizni oʻrganish va asrash, Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar hayoti va faoliyatini targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar haqida maʼlumot berdi.

    Kutubxonada buyuk alloma Abu Ali ibn Sino qalamiga mansub “Tib qonunlari” asarining ikkita qadimiy qoʻlyozmasi saqlanadi. Mazkur qoʻlyozmalar XIV-XV asrlarda koʻchirilgan. Shuningdek, qoʻlyozmalarga mohir rassomlar tomonidan bir qancha miniatyuralar ishlangan. Qoʻlyozmalarda Fransiya Milliy kutubxonasi muhrini ham koʻrish mumkin.

    “Bir paytlar bu kitoblar Fransiya imperatori Napoleon Bonapart tomonidan Parijga olib ketilgan, — dedi kutubxonaning nodir manbalar boʻlimi boshligʻi Jovanna Flamma. — 1885-yilda italiyalik maʼrifatparvarlarning saʼy harakatlari natijasida bu durdonalar yana Bolonyaga olib kelingan. Bu esa Yevropada Ibn Sino asarlari qanchalik qadr-qimmatga, muhim ahamiyatga ega boʻlganini koʻrsatadi.

    Ibn Sinoning ushbu asari Yevropada kitob nashr qilish texnologiyasi paydo boʻlganidan soʻng “Injil”dan keyin nashr qilingan ikkinchi manba hisoblanadi. Aynan shu asarning Yevropa tillariga tarjima qilinishi va koʻplab nusxalarda nashr qilinishi keyinchalik Koʻhnga qitʼada vabo, oʻlat singari mudhish epidemiyalarga qarshi kurashda qoʻl kelgan, minglab insonlar hayoti saqlab qolingan.

    Uffitsidagi Amir Temur tasviri

    Kutubxonada XVII asr boshlarida koʻchirilgan, Abdurahmon as-Sufiyning “Kitabi sivaril kavokib as-sabita” (Qoʻzgʻalmas yulduzlar tasvirlari haqidagi kitob) asari nusxasi saqlanadi. Maʼlumki bu asar as-Sufiy tomonidan X asrda, Somoniylar davrida yaratilgan boʻlib, Mirzo Ulugʻbek topshirigʻiga asosan 1434-yilda Samarqandda qayta koʻchirilgan.

    Tadbir davomida mazkur kutubxona fondidagi nodir manbalar, ushbu maʼrifat maskanining xalqaro aloqalari haqida soʻz yuritildi. Kelgusida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlarini ushbu qoʻlyozmalarni chuqurroq oʻrganish uchun yuborishga kelishib olindi.

    Shu kunning oʻzida delegatsiyamiz vakillari Florensiya shahridagi Uffitsi galereyasida boʻlib, bu yerda saqlanayotgan sanʼat durdonalari bilan tanishishdi. 1581-yilda ochilgan ushbu galereya Italiyadagi eng yirik sanʼat muzeyi nomini olgan. Bu yerda Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo singari buyuk rassomlarning bebaho asarlari saqlanadi. Mazkur sanʼat asarlari orasida Sohibqiron Amir Temur qiyofasi aks etgan tarixiy portret borligi hayʼat vakillarining eʼtiborini tortdi.

    Vatikan kutubxonasidagi xazinalar

    14-fevral kuni delegatsiya aʼzolari Vatikan Apolstol kutubxonasiga tashrif buyurishdi. Mazkur kutubxonaga 1447-yilda Rim Papasi Nikolay V tomonidan asos solingan boʻlib, uning fondi 1 500 000 dan ortiq bosma va yozma asarlarni oʻz ichiga oladi. Bu yerda shuningdek, 50 mingdan ortiq lotin, grek, arab, fors, gruzin, yahudiy va turkiy tillardagi qoʻlyozmalar saqlanadi.

    Oʻzbekistonlik mehmonlarni Vatikan davlati Kutubxona va arxiv ishlari boshqarmasi rahbari Don Angelo Zani, Apostol kutubxonasi boshligʻi Mauro Mantovani, kutubxona rahbari oʻrinbosari Timoti Yans va boshqalar kutib olishdi.

    Uchrashuv chogʻida Vatikan davlati tarixi, kutubxona fondi va undagi nodir manbalar, kutubxonada olib borilayotgan tadqiqotlar haqida soʻzlab berildi.

    Delegatsiya aʼzolari Markaz faoliyati haqida toʻxtalib, bu muassasa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining gʻoyasi asosida bunyod etilayotganini qayd etdi. Shundan soʻng kutubxona mutasaddilari oʻzbekistonlik mehmonlarni kutubxona fondidagi nodir manbalar, qoʻlyozmalar, xaritalar va hujjatlar bilan tanishtirishdi. Kelgusida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishib olindi.

    Sezar vatanida Bobur yodi

    Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub “Boburnoma” asarining italyan tilidagi nashri taqdimotiga bagʻishlangan tadbirlar Rim shahrida ham davom etdi. Shunday tadbirlardan biri Karlo Nallino nomidagi Sharqshunoslik institutida oʻtkazildi.

    Tadbirda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Oʻzbekistonning Italiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Abat Fayzullayev, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Italiya sharqshunoslik instituti Prezidenti professor Klaudio Lo Jakono, sharqshunos olim, professor Mikolo Bernardini, Sandro Teti Editore nashriyoti rahbari Sandro Teti, Sapiyenza universiteti professori Fabio Grassi va boshqalar soʻzga chiqib, “Boburnoma”ning nashr etilishi va ikki davlat oʻrtasidagi adabiy, maʼrifiy aloqalarning oʻrni haqida gapirdi.

    Tadbirda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori bugun Yangi Oʻzbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan madaniy merosni asrab-avaylashga va targʻib etishga katta etibor qaratilayotganini taʼkidlab, yaratilgan shart-sharoitlar va bugungi tadbir uchun davlat rahbariga ishtirokchilar nomidan minnatdorlik bildirdi.

    Italiyadagi muzey va kutubxonalarda oʻtgan uchrashuvlar chogʻida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsisi markazining joriy yilda oʻtkazilishi koʻzda tutilgan ochilish marosimida ushbu nodir qoʻlyozmalar va tarixiy durdonalar koʻrgazmasini tashkil etish boʻyicha kelishib olindi.


    Hamkorlik materiali