Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida jahon miqyosidagi raqobatga bardosh bera oladigan milliy taʼlim tizimini yaratish va uni kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda.
Bugungi modernizatsiya jarayonlari, islohot va oʻzgarishlar natijadorligi maktab taʼlimiga, yangi avlod kadrlarini yetishtirish masalasiga borib taqaladi. Davlatimiz rahbari tomonidan taʼlim tizimiga umumxalq ishi, deb qaralishi belgilandi. Taʼlim sohasidagi muammolar, ularni hal etish, taʼlim sifatini oshirishga oid vazifalar belgilab olindi.
Oʻtgan yil 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali marosimda Prezidentimiz tarixga nazar solib, IX-XII asrlarda yurtimiz hududida Birinchi, XV asrda Ikkinchi Renessans porlaganini taʼkidlab, “Koʻpchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan oʻylayman: mamlakatimizda Uchinchi Renessansni XX asrda maʼrifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi.
Ular “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas”, degan hadisi sharifni hayotiy eʼtiqod deb bildilar, milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, maʼrifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin, deya taʼkidladi. Darhaqiqat, XX asr boshlarida mustamlaka sharoitida, hukmron siyosiy mafkura doirasida qoloqlikdan qutulishning yagona yoʻli — madaniy yoʻnalish orqali taraqqiy etish mumkinligini tushungan milliy maʼrifatparvarlarimiz, eng avvalo, madaniy va maishiy hayotdagi qoloqlikni tugatish, milliy ongni isloh etishda anʼanaviy madaniyatni dunyo madaniyati tizimida qayta koʻrib chiqish zaruriyatini olib chiqdilar.
Ularning aksariyati oʻz asarlarida Turkiston xalqi madaniyatini rivojlantirish, maʼrifatga chaqirish, Vatan taqdiri va uning istiqboli uchun qaygʻurish kabi muammolarni koʻtarib chiqqan edilar. Jadid bobolarimiz Turkiston aholisining ijtimoiy-siyosiy fikr doirasini kengaytirish, xalqning dunyoqarashida madaniy-maʼrifiy oʻzgarishlar yasashning muhim omili sifatida maktab islohotini birinchi zaruriyat deb belgilab olgan edi. “Millatning taraqqiysi aning avval muntazam maktablaridan boshlanur.
Agarda biz dinimizni, millatimizni yaxshi koʻrub, muhofaza qilmoqchi boʻlsak, avval saodat eshigi boʻlgan maktabimizni zamongʻa muvofiq isloh qilish kerak”, deb yozgan edi Hoji Muin Shukrullo. Haqiqatan ham, maktablar islohi masalasi jadid bobolarimizning keng va qamrovli munozaralariga sabab boʻldi. Turkiston maktablari qanday boʻlishi kerak, ular qaysi yoʻnalishda rivojlanishi zarur, degan masalalar millatparvarlarning diqqat markazida boʻldi.
Millatning madaniy taraqqiyotini ziyolilar boshqa xalqlar taraqqiyoti bilan qiyoslashga harakat qilib, ularning yutuqlari sabablarini aniqlashga, namuna olishga daʼvat etganlar. “Ibtidoiy maktablarimizning tartibsizligi yoxud taraqqiyning yoʻli” maqolasi muallifi Niyoziy Rajabzoda oʻlkadagi boshlangʻich maktablarning zamon talabiga javob bera olmayotganini, Angliya, Germaniya mamlakatlari ilm-fan taraqqiysi natijasida “yer yuzining boyliklarini oʻzlariga qoratub olibdurlar, ilm-maʼrifatdan mahrum boʻlgan millat esa sanʼat va hunar sohibi boʻlgan millatlarning oyogʻi ostida ezilurga majbur boʻladurlar”, deb qayd etgan edi.
“Agarda har millatning istiqbolini bilmak xohlansa, ul millatni bolalarigʻa nazar va... alarning sihatlariga va husni tarbiya va taʼlimlarigʻa” katta eʼtibor zarurligi Abdusalom Azimiyning “Taʼlim va tarbiya” maqolasining bosh mavzusi boʻlgan. N.Yovishevning “Hozirgi madrasamizda oʻquv” maqolasida XX asr boshlaridagi Turkiston oliy oʻquv dargohlari va mudarrislari haqida tanqidiy soʻz borib, ular Ulugʻbek, Navoiy kabi allomalar davridagi madrasa va mudarrislar bilan qiyoslanadi.
Qadimda Sharq mamlakatlari, xususan, Movarounnahrdagi madrasalarda yirik faylasuflar, oʻtkir hakimlar, mutafakkirlar, jumladan, Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi jahonshumul olimlar dars oʻqitishgani, dunyoviy bilimlarga katta ahamiyat berilgani, lekin bunday xayrli anʼanalar yoʻq boʻlib ketgani alam va iztirob bilan bayon qilinadi.
Mahmud Badayliy oʻz maqolasida Turkiston yoshlarining Ovrupaning ilgʻor fan-texnikasini oʻrganish oʻrniga, ularning yaramas odatlarini juda tezlikda oʻzlashtirayotganidan afsuslangan. Fargʻonalik taraqqiyparvar Saidahmad Vasliy oʻzining “Taraqqiyot yoʻli” maqolasida Turkistonni Yevropa bilan qiyoslaydi, mamlakatdagi tanazzul va ilgʻor mamlakatlardagi yuksalish sabablarini tahlil qiladi. Uningcha, “ilgarilab ketgan xalqlar tajribasini joriy etish milliylikni yaxlitligicha saqlab qolgan holda amalga oshirilmogʻi lozim” va “taraqqiy deganlari din ilmi hamda hunar birla boʻlur”.
“Maorifdan, funun va madaniyatdan mahrum qolgan xalq jaholat panjalarining orasida ezilur”, deb yozadi Abdulla Avloniy. Milliy taraqqiyot muammosini inson tarbiyasi bilan uzviy bogʻliqlikda talqin qilgan Xolid Sayyid “Tarbiyat ilmu aʼzamdur” maqolasida millat ravnaqi, yurt taqdiri komil insonlar qoʻlidadir, taraqqiy odamlarni tarbiyalamoq, ilm hunarga oʻrgatmoq orqaligina paydo boʻladi, degan mazmunga urgʻu beradi.
Tarbiyaning qudrati haqida u yozadi: “Yerda bir qobiliyat, yaʼni koʻkartirmoq qobiliyati bordur. Lekin bu qobiliyat, agar yer yaxshi tarbiya qilinmasa, maydonga chiqmas yoki chiqsa ham maqsadga muvofiq chiqmas. Haydalmagan, chopilmagan bir yerga ekin ekilsa koʻkarmas, giyoh koʻkarsa ham samara bermas”. “Adab va tarbiya” maqolasi muallifi Muhammad Said insonning “komil boʻlmogʻi uchun yetti narsa, yaʼni ilm, nomus, vij- don, saʼy-harakat, gʻayrat, tarbiyat va taʼlim lozimligi”, bularni shakllantirishda ota-ona hamda muallim birdek masʼul ekani haqida fikr bildiradi.
Milliy taraqqiyparvarlarimizning orzusi turkistonliklarni tanazzuldan chiqarish, ilgʻor xalqlar qatori jahon madaniyati tizimidan joy olish, oʻz madaniyatini dunyo ommasiga tanitishdan iborat edi. Ularning madaniy taraqqiyot va tanazzul haqidagi fikrlari bevosita ilm-fan, maktab, maorif, taʼlim-tarbiya masalalari bilan chambarchas ravishda tahlil etilgan. Ular bu sohada milliy xususiyatlarni saqlab qolgan holda Sharq va Gʻarb madaniyatini taraqqiy ettirishga intilganlar va oʻz faoliyatlari davomida mamlakatda taraqqiyot, yuksalish, rivojlanish uchun ilm-fan, maorifni eng birinchi zaruriyat deb bilganlar.
Chunki jadidlar xorij mamlakatlariga qilgan sayohatlari davomida Gʻarb va Sharq mamlakatlari oʻrtasida tafovutni angladilar va taraqqiyot yoʻlining eng birinchi yoʻnalishi ilm-fan va texnika zaruriyati ekanini xalqqa tushuntirishga harakat qildilar. Ming afsuski, jadid bobolarimiz oʻz oldiga qoʻygan ezgu maqsadlarni amalga oshirishga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yoʻl bermadi. Ular uchun maorif, ilm-fanning taraqqiyoti, milliy yuksalish orzu-armon boʻlib qoldi.
Bugungi kun Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib belgilangan ekan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Buyuk ajdodlarimizning orzulari ushaladigan davr keldi. Ularning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim. Avvalambor, milliy taʼlim tizimini ana shunday ruh bilan sugʻorishimiz kerak”.
Nodira MUSTAFOYEVA,
OʻzFA Ijtimoiy gumanitar fanlar boʻlimi rahbari,
tarix fanlari doktori