Jahon banki yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun 380 million dollar miqdorida kredit ajratilishini ma’qulladi

    Investitsiyalar 29 Iyun 2021 519

    Jahon Banki direktorlar Kengashi magistral elektr tarmoq podstansiyalarini modernizatsiya qilish va tizim faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun 380 million dollar miqdorida kredit ajratilishini ma’qulladi.

    2021-yil 25-iyunda Vashington shahrida Jahon banki Ijrochi direktorlari Kengashi tomonidan «Elektr energetikasi sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish» loyihasi tasdiqlandi. Loyihada O‘zbekistonning millionlab iste'molchilari, ishlab chiqarish korxonalari, yirik sanoat va klaster majmualari elektr ta'minoti ishonchliligini oshirish maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning barqaror faoliyati rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

    Loyiha Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining (XTA) 380 million dollar hisobidagi krediti va «Barqaror qayta tiklanadigan energiya xatarlarini kamaytirish tashabbusi» dasturi doirasida Yashil Iqlim Fondi (YIF) tomonidan ajratiladigan 43 million dollar hisobidagi kredit bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘zbekiston hukumati ushbu moliyalashtirishni juda past foizli stavkalar hamda uzoq muddatli — 40 yilgacha qaytarish sharti bilan olishi nazarda tutilgan. Shuningdek, YIF mazkur loyiha faoliyatini qoplash uchun 4 million dollar miqdorida grant mablag‘lari ajratadi.

    O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 2030-yilga kelib 100 teravatt/soatdan oshishi kutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, 2018-yildagi 61 TVt/soatdan sezilarli darajada o‘sish degani. Mamlakatda 250 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish va taqsimlash tarmoqlari mavjud bo‘lib, ularning aksariyati O‘zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar qurilgan bo‘lib, samarali ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan. Tabiiyki, eskirgan infratuzilma elektr energiyasining yuqori ko‘rsatkichli texnologik sarflari hamda turli nosozliklarga sabab bo‘ladi. Bu yo‘qotishlar sof ishlab chiqarish — generatsiyaning taxminan 20 foizini tashkil etib, elektr energiyasi ta'minotidagi nosozliklar butun mamlakat bo‘ylab iqtisodiy faoliyat va fuqarolar farovonligiga putur yetkazadi.

    «Ushbu yangi transformatsion loyiha Hukumatning elektr energetikasi sohasining samarali ishlashi va o‘sishidagi to‘siqlarni bartaraf etish maqsadini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa «O‘zbekiston MET» AJni zamonaviy, shu bilan birga, tijorat tomonidan boshqariladigan kompaniyaga aylantirish va elektr energiyasini uzatish milliy tizimini modernizatsiya qilish uchun shart-sharoit yaratadi. Ushbu chora-tadbirlar taxminan 32 million iste’molchini ishonchli elektr ta’minoti bilan ta’minlaydi va eng muhimi, qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi yirik loyihalarni tarmoqqa birlashtirishga imkon beradi» – deya ta'kidlaydi Jahon bankining O‘zbekistondagi menejeri Marko Mantovanelli.

    Loyiha «O‘zbekiston MET» AJning ustuvor investitsiya dasturining bir qismini moliyalashtirish orqali eskirgan energiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishga yordam beradi. Boshqa tadbirlar bilan bir qatorda loyiha doirasiga 22 ta eskirgan yuqori kuchlanishli podstansiyalarni yangilash va kengaytirish hamda O‘zbekistonning 11 mintaqasida yangi 500 kV kuchlanishli podstansiya va u bilan bog‘liq elektr uzatish tarmoqlarini qurish kiradi.

    Loyiha zamonaviy raqamli va telekommunikatsiya texnologiyalari hamda elektr energiyasini uzatish tizimini monitoring qilish, boshqarish va ishlash jarayonini takomillashtirish bo‘yicha yechimlarni joriy etadi. Sobiq Ittifoq davrida foydalanishga topshirilgan, eskirgan tizimlarning o‘rnini bosuvchi «O‘zbekiston MET» AJ markaziy va mintaqaviy dispetcherlik markazlari uchun yangi Dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish (SCADA) va Energiya boshqaruv tizimini (EMC) o‘rnatishni o‘z ichiga oladi.

    Kompaniyaning elektr energiyasi sohasidagi strategik rolini hisobga olgan holda, loyiha «O‘zbekiston MET» AJning biznes jarayonlari, moliyaviy, operatsion va tijoriy ko‘rsatkichlari, raqamlashtirish hamda institutsional salohiyatini rivojlantirish orqali transformatsiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Bu kompaniyaning faoliyati va rejalashtirish funksiyalari korporativ boshqaruv va qaror qabul qilish jarayonlari hamda kiberxavfsizlikni boshqarish bo‘yicha tadbirlarni qamrab oladi.

    Loyiha xususiy sektor tomonidan ishlab chiqariladigan qayta tiklanuvchi energiyani integratsiyalashtirish uchun uzatish tarmog‘ining imkoniyatlarini yaxshilash orqali mamlakatni «toza energiya»ga o‘tishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bu hukumatning elektr energiyasini karbonsizlashtirish bo‘yicha rejalariga hissa qo‘shadi. Loyiha 1 500 MVt qayta tiklanadigan energiyaning elektr tarmog‘iga qo‘shilishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa karbon dioksidi chiqindilarining yanada kamayishiga olib keladi. Shuningdek, mamlakatning qayta tiklanadigan energetika sohasiga xususiy sarmoyalarni jalb qilishga yordam beradi.

    Loyiha bozor tamoyillari asosida operatsiyalarni joriy etish bo‘yicha dastlabki qadamlarni qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekistondagi raqobatbardosh elektr energiyasi bozoriga o‘tish uchun asos yaratadi. Shuningdek, bu O‘zbekistonni Afg‘oniston, Qozog‘iston va Tojikistonning elektr tizimlari bilan bog‘laydigan elektr uzatish infratuzilmasini tiklash va kengaytirish orqali Markaziy Osiyoda mintaqaviy elektr savdosining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi, deb xabar beradi Energetika vazirligi «O‘zbekiston MET» AJ ma’lumotiga tayanib.

    Loyiha yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy salohiyatini rivojlantirish trast fondining 350 000 dollarlik granti va Osiyo bilan bog‘lanish va savdo dasturining 500 000 dollarlik granti asosida tayyorlangan. Bu haqda Jahon banki boshchiligidagi Energetika sektorini boshqarishga ko‘maklashish dasturi tomonidan moliyalashtirilgan «Energetika sektori strategiyasini tayyorlashni qo‘llab-quvvatlash» dasturiy texnik yordami tomonidan ma’lum qilingan edi.