Jamoat xavfsizligini taʼminlashda profilatika inspektorining roli qanday?

    Fikr 20 Aprel 2021 4930

    Huquqbuzarliklar profilaktikasini jinoyatchilikka qarshi kurashishning bosh yoʻnalishiga aylantirish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yana-da takomillashtirish boʻyicha puxta oʻylangan va izchil harakatlarni davom ettirish zarurati oshib bormoqda.

    Jahonda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishning taʼsirchan tizimini yaratish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarga qonunga hurmat va qonun buzilishining har qanday koʻrinishiga murosasizlik munosabatini singdirish, profilaktik ishlarni muvofiqlashtirish, huquqbuzarliklar profilaktikasining zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha qonunchilik normalari va ularni qoʻllash amaliyoti bilan bogʻliq muammolarning ilmiy yechimini topish dolzarb hisoblanadi.

    Shuningdek, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish tizimini takomillashtirish istiqbollarini tadqiq etish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Oʻtgan davr mobaynida respublikamizda huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu boradagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi yaxlit normativ-huquqiy baza shakllandi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimining samarali faoliyati natijasida mamlakatda huquq-tartibot mustahkamlanib, kriminogen vaziyat sezilarli darajada yaxshilandi. Bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini tashkil etish uslublarini tubdan oʻzgartirish, qonun buzilishi holatlarini fosh etish va choralar koʻrish emas, balki mazkur holatlarning barvaqt oldini olish va profilaktikasini taʼminlashni, ushbu idoralarning eng asosiy vazifasiga aylantirish, huquqbuzarliklarning umumiy profilaktikasi chora-tadbirlarining samarali tizimini joriy etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi subyektlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni keng yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Hozirgi kunda profilaktik chora tadbirlarin amalga oshirishda profilaktika inspektorlarining roli kengayib, ular mamuriy hududda mahalla raisi va uning oʻrinbosarlari bilan birgalikda, har bir koʻcha, har bir xonadonga birma-bir kirib, fuqarolarning ijtimoiy ahvolini oʻrganish, taklif va tavsiyalarini berishlari muhim masalalardan biri hisoblanishi lozim.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil
    26-martdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6196-sonli Farmoni qabul qilingan boʻlib, ushbu farmonda ichki ishlar organlari tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan normalar oʻz aksini topganligini koʻriishmiz mumkin.

    Shuningdek, ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari bosqichma-bosqich tashkil etilishi, bunda:

    - mahalla huquq-tartibot maskani hududdagi jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy quyi boʻgʻini hisoblanishi;

    - mahalla huquq-tartibot maskani negizida hududdagi ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari hamda Milliy gvardiya va boshqa davlat organlarining muvofiqlashtirilgan faoliyati tashkil etilishi;

    - mahalla huquq-tartibot maskani tomonidan jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil etish va muvofiqlashtirish vazifasi profilaktika inspektoriga yuklanishi belgilab qoʻyildi.

    Taʼkidlash joizki, yurtimizda huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, jamoatchilik bilan aloqalarni yana-da mustahkamlash borasidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarildi. Profilaktika inspektorlari faoliyati tizimini tubdan isloh qilishning huquqiy asoslari takomillashtirildi, tizim xodimlariga yangi vazifalar yuklatildi va xizmat olib borish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilmoqda.

    Dilfuza Abdullayeva,

    Toshkent davlat yuridik universitetining

    Ixtisoslashtirilgan filiali

    Xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri