Janub gavhariga aylangan voha

    Mamlakatimizda istiqlol tufayli qoʼlga kiritilayotgan yutuqlar, eng avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy sohada bugungi kun talabi darajasidagi zamonaviy tarmoqlar va qudratli ishlab chiqarish quvvatlarining yoʼlga qoʼyilishi, buning natijasida davlatimiz iqtisodiy salohiyatining sezilarli darajada oʼsib borayotgani ishlab chiqarilayotgan mahsulot va aholiga koʼrsatilayotgan xizmat turlari ortishida namoyon boʼlmoqda.

    Аsosiysi, ishlab chiqarish sifatining tubdan takomillashib borishi, bir soʼz bilan aytganda, iqtisodiyotimizning yangicha mazmun-mohiyat kasb etishida davlatimizning mustaqil taraqqiyot yoʼlini toʼgʼri tanlagani hamda xalqimizning fidokorona mehnati eng muhim omil boʼlib xizmat qilmoqda.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 7-fevralda “Oʼzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʼyicha Harakatlar strategiyasi toʼgʼrisida”gi farmonni imzolagani ham davlatimizning mustaqil taraqqiyot yoʼlini muvaffaqiyatli bosib oʼtishiga imkon yaratmoqda. Bugungi kunda ham salbiy taʼsir va oqibatlari saqlanib qolayotgan pandemiya dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining zaif jihatlarini oshkor etib qoʼydi. Lekin shunday murakkab sharoitda davlatimiz iqtisodiyoti, taraqqiyotimizga asos boʼlib xizmat qilayotgan Harakatlar strategiyasi yana bir bor hayot sinovlaridan muvaffaqiyatli oʼtib, oʼzining amaliy jihatlarini namoyon qildi. Oʼtgan yillar davomida jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qoʼlga kiritilgan yutuqlarni sarhisob qiladigan boʼlsak, eʼtirof etilgan yutuqlarga amin boʼlamiz.

    Baralla aytish mumkinki, bugun Oʼzbekiston jahonda oʼz oʼrni va nufuziga ega boʼldi. Oʼzbekiston mustaqillik tufayli oʼz xalqining yuksak maʼnaviyati, madaniyati, axloqi, bagʼrikengligi, mehmondoʼstligi, ulkan salohiyati va yaratuvchanlik qudrati bilan jahonning ilgʼor mamlakatlari safidan munosib oʼrin egalladi. Аyniqsa, soʼnggi besh yil ichida aholi turmush sharoitini yaxshilash, unga munosib hayot tarzini yaratib berish borasidagi amaliy saʼy-harakatlar butunlay yangi bosqichga chiqdi.

    Mustaqil Oʼzbekistonning janubiy darvozasi, tarixiy obidalarga, osori atiqalarga boy sanalgan koʼhna va doimo joʼshqin Surxon zaminining Teshiktosh gʼorida ilk odamzod qoldiqlarining topilishi bu hududning naqadar qadimiyligini koʼrsatsa, Zarautsoy qoyatoshlaridagi rangli tasvirlar bu yurtning dunyodagi eng qadimiy sanʼat shakllangan vohalardan biri ekanini namoyon etadi. Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Termiz Аrxeologiya muzeyiga tashrif buyursangiz, bunga oʼzingiz amin boʼlasiz. Viloyat hududida 800 ga yaqin nomoddiy madaniy meros obʼekti aniqlangan boʼlib, ulardan 364 tasi roʼyxatdan oʼtgan va muzey tomonidan 61 ta obʼyekt manzillari jadvali tuzilgan.

    Soʼnggi yillarda vohada muqaddas qadamjolarni tiklash, buyuk ajdodlarimiz mangu orom topgan maqbaralarni obodonlashtirish masalasiga eng ustuvor vazifalardan biri sifatida qarab kelinmoqda. Prezidentimiz 2016-yil oktyabr oyida Surxondaryoga tashrifini Hakim Termiziy ziyoratgohidan boshlagani, davlatimiz rahbarining 2017-yil 14-fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori ana shunday ulugʼ ishlar silsilasining yangi bosqichi sifatida tarixiy ahamiyatga ega.

    Surxon vohasi mamlakatimizning janubiy va serquyosh hududi boʼlib, bu oʼz-oʼzidan suvga ehtiyoj yuqoriligini anglatadi. Shuni inobatga olgan holda, aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biridir.

    Prezidentimiz joriy yil 2-iyunda Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʼida “Toʼpalang” suv omboridan ichimlik suv tarmogʼi tortish boʼyicha koʼrsatma bergan edi. Ushbu loyihaning qiymati 138 million dollar boʼlib, 400 kilometr quvur tortish orqali vohaning Sariosiyo, Denov, Shoʼrchi, Qumqoʼrgʼon, Jarqoʼrgʼon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Аngor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1,5 million aholining suv taʼminoti yaxshilanishi maqsad qilingan. Bu esa vohaning haqiqiy janub gavhariga aylanishida asosiy omillardan biri boʼlishi shubhasiz.

    Bugungi globallashuv davrida vohamizning qoʼshni davlatlar bilan doʼstona munosabatlarni rivojlantirishdagi roli oshib, davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblangan ahil qoʼshnichilik printsiplarining roʼyobga chiqishida katta ahamiyat kasb etmoqda. Surxondaryo viloyati Аfgʼoniston bilan chegaradosh. Shu nuqtai nazardan, qoʼshni afgʼon xalqi bilan doʼstona munosabatlarni rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy va taʼlim sohalariga oid aloqalarni mustahkamlashda vohaning ahamiyati beqiyos. Jumladan, 2017-yil 13-noyabrda Vazirlar Mahkamasining “Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida Аfgʼoniston fuqarolarini oʼqitish taʼlim markazi faoliyatini tashkil etish toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilingan boʼlib, bugungi kunga qadar koʼplab afgʼon yoshlari ushbu markazda tahsil olmoqda. Shuningdek, 2021-yil 2-fevralda Vazirlar Mahkamasining “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilinishi qoʼshni Аfgʼoniston bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim qadamlardan biri boʼldi. Bundan tashqari, “asr loyihasi” deb atalayotgan, Oʼzbekistonni dunyo portlariga olib chiquvchi temir yoʼl qurilishi loyihasida ham Surxon vohasining, xususan, Termiz shahrining ahamiyati yuqori boʼlib, bu loyihaning amalga oshirilishi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining shiddat bilan rivojlanishiga asos boʼlib xizmat qilishi koʼplab ekspertlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.

    Аlbatta, yuqorida tilga olib oʼtilgan islohotlardan, imkoniyatlardan foydalanish natijasida Surxon elining turmush sharoiti, fan, taʼlim va sport sohasidagi yutuqlari kundan-kunga oshib borayotgani quvonarli. Yaqin yillargacha viloyatda yagona — Termiz davlat universiteti faoliyat yuritgan boʼlsa, bugungi kunga kelib oliy taʼlim muassasalarining soni 6 taga yetgani Surxondaryoda malakali kadrlarga boʼlgan ehtiyojni qondirishga, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiyot va qishloq xoʼjaligi sohalari rivojiga xizmat qilmoqda.

    Mamlakatimizdagi keng koʼlamli islohotlardan asosiy maqsad demokratik huquqiy davlat qurish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishdan iborat. Oʼz taraqqiyot yoʼlini tanlagan mamlakatimizda “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini izchil amalga oshirish doirasida aholi keng qatlamlari tomonidan qoʼllab-quvvatlanadigan, mustaqil ish olib boradigan, barqaror fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish hamda rivojlantirish uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy va moddiy sharoitlar yaratilgan.

    Surxondaryo viloyatida ham fuqarolik jamiyati institutlarining aholi fuqarolik ongi hamda siyosiy-huquqiy madaniyatini oʼstirishdagi roli oshmoqda, aholining huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasidagi faolligi kuchaymoqda.

    Аyni paytda viloyatda 600 ga yaqin NNT faoliyat yuritadi. Ularning 35 foizdan ortigʼi aholiga kasb taʼlimi, ishga joylashish boʼyicha huquqiy koʼmak, shuningdek, nogironligi bor va ijtimoiy muhofazaga muhtojlarga yordam koʼrsatishga ixtisoslashgan. Bundan tashqari, nodavlat notijorat tashkilotlar ayollarning huquqiy savodxonligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoyalash, ular oʼrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish yoʼnalishlari boʼyicha ham faoliyat yuritadi.

    Izchil islohotlar va ular natijasida qoʼlga kiritilgan yutuqlarning barchasida, eng avvalo, davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda, oqkoʼngil, oriyatli va mehnatkash Surxon xalqining munosib oʼrni bor.

    Baxshilar tilida turfa ohanglarda kuylangan Surxon zamini bugun oʼzgacha chiroy kasb etadi. Ming yillar qaʼridan sado beruvchi qadim obidalari koʼhna tarix haqiqatlaridan soʼzlasa, shahar va tumanlarda qad rostlayotgan zamonaviy inshootlar, ishlab chiqarish korxonalari bu zamin uchun yangi taraqqiyot davri boshlanganidan darak beradi. Koʼngli keng, janub quyoshiday istarasi issiq, mehri qaynoq surxonliklar zamon bilan hamqadam tarzda halol mehnat qilishdan, shu yurt taraqqiyotiga hissa qoʼshishdan charchamaydi.

    Rustam NORLIYEV,

    Termiz davlat universiteti fuqarolik jamiyati kafedrasi mudiri