Oʻzbekiston delegatsiyasi safar davomida Inchxon erkin iqtisodiy zonasi (IFEZ), “Pangyo Techno Valley” sanoat zonasini rivojlantirish boʻlimi, shuningdek, “Gyeonggi Bio Center” biomarkazini rivojlanish guruhi rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazdi.
“Pangyo Techno Valley” sanoat zonasi Koreya Respublikasi hukumati tashabbusi bilan 2005-yilda 662 000 m² maydonda tashkil etilgan. Bugungi kunda biotexnologik zonada AKT, biotexnologiyalar va nanotexnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha faoliyat yurituvchi 1622 ta kompaniya mavjud.
“Gyeonggi Bio Center” biomarkazi Kyongido viloyati rahbariyati tashabbusi bilan 32 000 m² maydonda 2007-yilda tashkil etilgan. Ushbu markaz biotexnologiyalar sohasidagi investitsiya va startap loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda markazda 24 ta korxona faoliyat koʻrsatyapti. Ularda 50 ming ishchining bandligi taʼminlangan. Markazda 14 ta startap loyiha amalga oshirilmoqda.
Muloqotlar chogʻida mazkur ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarining yaratilish tarixi haqida delegatsiya aʼzolariga batafsil soʻzlab berildi. Qayd etilishicha, ularga Janubiy Koreya hukumati tomonidan subsidiya ajratiladi.
Muzokaralar doirasida tomonlar hamkorlikning koʻplab istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qildilar. Xususan, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining ilmiy-tadqiqot institutlari, Oʻzbekistondagi farmatsevtika yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari hamda “Toshkent Farma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish klasteri va “Gyeonggi Bio Center” biomarkazi oʻrtasida tajriba va kadrlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Janubiy Koreya tomoni Oʻzbekiston bilan ilmiy-tadqiqot yoʻnalishidagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirgan holda Koreya Respublikasi biotexnologiya markazlarida oʻzbekistonlik olimlarning malaka oshirishlarini tashkil etish uchun amaliy yordam berishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA .