Haqiqatan, ishkomlari bor, boʻlganida ham uylarning tomidan-da baland. Salqingina uzumzor yoʻlni koʻcha ham degingiz kelmaydi. Agar mashinalar yurmasa, xuddi fayzli uyning sahniday, havas qilgulik. Qani endi Jiydazor, Tutzor, Bodomzor, Olmazor, Oʻrikzor otli koʻchalarning hammasi ham oʻz nomiga monand boʻlsa. Balki, bir paytlar shunday mevalarga boy boʻlgani uchun ular ayni nom bilan atalgandir.
Masalan, poytaxtimizning Beshqayragʻoch koʻchasi boʻylab har bir xonadonning roʻparasiga mevali koʻchatlar ekilgan, goʻyo yoʻl boʻyida uzun bogʻ hosil boʻlgan. Keyingi paytda negadir bu koʻchada ham daraxtlar anchayin kamayib qolganini koʻramiz. Otchopar bozoriga ketaverishdagi Mevazor koʻchasi ham avval turfa mevali daraxtlar bilan fayzli edi. Ishdan horib kelayotganingizda avtobus oynasidan bu koʻcha shunday goʻzal koʻrinardiki, bahri dilingiz ochilib, charchogʻingiz chiqqanday boʻlardi. Bahorda chappar gullagan, yozda gʻarq pishgan, kuzda turfa boʻyoqda tovlanadigan daraxtlarning koʻpi kesib tashlandi. Mayli, keksayib qolgandir. Biroq koʻchaning avvalgi fayzini, tarovatini tiklash uchun yana nihol ekish kerak emasmi? Daraxtzor koʻchalar yoʻl boʻyiga fayz berishi barobarida eng aziz neʼmat — kislorod manbai-ku. Axir kislorodsiz yashay olamizmi? Birgina 2019-yilgi pandemiya buni shundoqqina koʻrsatib qoʻydi.
Oʻrni kelganida bir ibratli voqeani eslash joiz. 78 yoshli otaxonga shifoxonada 24 soat davomida kislorod moslamasini ulab qoʻyishganida ahvoli yaxshilana boshlaydi. Muolajalardan soʻng unga toʻlov cheki berilganida chetga qarab yigʻlab yuboradi. Shifokor qariyaga buning uchun qaygʻurmasligini aytadi. U esa “Men toʻlov uchun yigʻlayotganim yoʻq. Buni toʻlashga pulim yetadi. Lekin 24 soatli kislorod uchun shuncha toʻlovni koʻrib, 78 yildan buyon Yaratganning havosidan bir soʻm toʻlovsiz nafas olayotganimni oʻylayapman. Buning uchun men unga qancha qarz ekanimni bilasizmi?” deydi.
Daraxtlar bizga beminnat kislorod beradi. U pulga chaqilsa bormi! Daraxtlarni kesib, ildizigacha pullashni biladigan kimsalar ularning ekologik ahamiyati topgan pulidan necha barobar qimmatga tushishini his qilganida edi...
Yashil hududlarda sayr qilish stressni kamaytiradi, qon bosimini normallashtiradi va ruhiy holatni yaxshilaydi. Shu maʼnoda, daraxt ekish va ularni himoya qilish har bir insonning ekologik masʼuliyatidir. Koʻchalarga daraxt ekishni majburiyat emas, ezgu harakat deb bilishimiz zarur. Yuqorida havas qilganimiz — mevazor, ishkomli koʻchalar koʻpaysa, ham olma, oʻrik, uzumdek darmondorilar serob boʻladi, ham daromad keltirayotgani uchun koʻchalarimizga mehrimiz ortadi.
Andijonning Buloqboshisida tonnalab uzum koʻchalardagi ishkomdan toʻgʻri eksportga yoʻnaltirilmoqda. Viloyatning chekka va chegara hududi — Qoʻrgʻontepa tumanida ham ishkomli koʻchalar paydo boʻlayotgani quvonarli. Bundan 2 yil avval tumandagi “Uchqun” MFYda 2 ta koʻchaga tok ekilgan. Shu kunlarda unga qoʻshni Maʼmurobod mahallasida ham 2 kilometrdan ziyod joyga ishkom oʻrnatilyapti. Maʼmurobod mahallasidagi hokim yordamchisi Abzalbek Arabboyevning aytishicha, tok koʻchatlarining yangi, xususan, “Avatar”, “Andijon qora” navlari ekilmoqda. Mahallaning 3 ta koʻchasi uzumzor, bitta koʻcha esa olchazorga aylanadi. Hashar yoʻli bilan 1200 tup gilos koʻchati ekilgan Vodiy gavhari koʻchasining 2-3 yildan keyingi koʻrinishi koʻz oldimizga keldi. Ayniqsa, bahorda juda goʻzal manzara hosil boʻladi. Ishkomli koʻchalar ham undan qolishmaydi.
Aslida, barcha mevalarning oʻziga xos xususiyati, xaridori bor. Shu maʼnoda, koʻchalarimizni mevali daraxtlar, hatto oddiy tol, terak bilan boyitsak ham oʻzimiz-da boyib boramiz. Masalan, Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi archazorlar, qrim qaragʻayi, kashtan, chinor ekilgan koʻchalar hududning havosi shifobaxshligini taʼminlab kelyapti. Togʻning toza havosiga uygʻun sof kisloroddan nafas olish uchun minglab bemorlar keladi. Buning ortidan hudud iqtisodiyoti rivojlanadi. Shuni tushunib yetar ekanmiz, “Yashil makon” umummilliy harakati doirasidagi ishlar koʻr-koʻrona boʻlmasligi kerakligini anglaymiz. Falon mablagʻ evaziga yerga qadalayotgan daraxtlarning har biri, albatta, yashashini istaymiz. Xayriyatki, daraxtlarning qurib qolishi yildan yilga kamaymoqda. Bunda doimiy nazorat-reyd tadbirlari muhim omil boʻlyapti. Saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, 2024-yilda 600 mingga yaqin daraxt kesilishining oldi olindi. Hududlardagi daraxt ekish ishlariga rahbarlarning oʻzi bosh-qosh boʻlayotgani quvonarli.
Buxoro shahrining I.Karimov koʻchasi boʻylab oʻtgan asosiy yoʻlning 1 kilometrga yaqin qismiga sadaqayragʻoch, shumtol, qaragʻay kabi 500 tupga yaqin manzarali daraxt koʻchati oʻtqazildi. Endigi maqsad ochiq maydonlar boʻylab oʻrindiqlar, tungi yoritish chiroqlarini oʻrnatish. Shunda bu yerlar aholi gavjum joyga aylanadi. Bu orqali savdo va xizmat koʻrsatish ham rivojlanadi.
Qoraqalpogʻistondagi 17 ta mahallada ham qayragʻoch va shumtol kabi manzarali daraxtlar ekilib, yashil hudud kengaytirilmoqda. Qoraqalpogʻiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi mutasaddilarining aytishicha, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida rejalashtirilgan 8 million 750 ming tup koʻchatning barchasi ekib boʻlindi.
2024-yilning 21-oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koʻchat ekish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish imkoniyatlari koʻrsatilgan edi. Bu borada katta kuch mahallalar ekani, shu bois, “mahalla yettiligi” vakillari oʻziga biriktirilgan koʻchalarda 100 tupdan jami 6 million dona manzarali daraxt oʻstirishi, boshqa koʻchalar, boʻsh maydonlar va koʻp qavatli uylar atrofida esa 3 million tup koʻchat ekilishi belgilangan.
Avtomobil yoʻllari boʻyiga koʻchat ekilishi, yoʻl yoqasidagi 2 ming kilometr joy 10 ming fuqaro va tadbirkorga boʻlib berilib, yashil maydonlar kengaytirilishi koʻzda tutilgan. Shu yil 1-mart kunidan boshlab ekilayotgan daraxtlar “Yashil makon” elektron platformasiga kiritib borilmoqda. Sinov tariqasida ishga tushirilgan platforma har bir daraxtning unib-oʻsishini nazorat qilib borishga imkon beradi. Bularning barchasi “Yashil makon” umummilliy harakatini tom maʼnoda kelajak poydevoriga aylantirish uchun xizmat qiladi. Ha, global muammo — ekologik masalalar yechimi mahallalarda hal etilmoqda.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri