– Jamoat joyida nima qilyapsiz? Darhol biz bilan yuring, – deb bittasi qoʻltigʻimdan tutdi.
– Nima gap, tinchlikmi?
– Borganda bilasiz, gapni koʻpaytirmang, – dedi ikkinchisi.
– Qayoqqa, nimalar boʻlyapti oʻzi, tushuntirib bering.
– Nega telefondan foydalanmayapsiz, kitob oʻqiganingiz nimasi? Qarang, hamma telefon tityapti, siz esa... kap-katta odam uyalmaysizmi?
Atrofga boqsam, avtobus salonidagi yoʻlovchining hammasi, kimdir oʻtirib, kimdir tik turib qoʻlidagi telefondan koʻz uzmay ketyapti. Har qancha qarshilik koʻrsatmay, meni sudrab, qandaydir baland binoga olib kirib ketishdi. Liftda 45- yoki 50-qavatga koʻtarildik, chamamda. Bir xonaga kiritib, oʻrtadagi kursiga oʻtqazishdi. Boyagi ikkovi qarshimda joylashdi. Chiroq koʻtargani yaqinroq kelib, koʻzimga tikildi.
— Oxirgi paytda sizdaqalar koʻpayib ketdi. Nega telefon ishlatmaysiz, kitob oʻqishga balo bormi? Axir butun dunyo telefonga muk tushganda nega siz hammadan ajralib turishingiz kerak?
Uning gaplaridan lol boʻlib, angrayib turaverdim. Aniqrogʻi, hech nimani tushunmayotgandim. Ikkinchisi davom etdi:
— Bu odam — oramizdagi dushman. U na mamlakat iqtisodiyotini, na tibbiyotini oʻylaydi. Tintuv oʻtkazib, qoʻlidagi kitobiga qoʻshib, uyidagilarini ham musodara qilish kerak. Oʻzini telefon va noutbuklar omborida jazo oʻtashga joʻnatish lozim.
— Oʻlay agar, tushuntirib gapiringlar. Nima gunoh qildim oʻzi? Nima yomonligim tegdi sizlarga?
— Oʻzingizni goʻllikka solmang. Kuppa kunduz kuni qoʻlda chiroq tutib, koʻcha kezish, XXI asrda ham sizga oʻxshab zamonaviy uyali aloqa vositasidan foydalanmaydiganlarni qidirib yurish bizga ham havas emas. Kulmang, buning nimasi kulgili? Qaysi vijdon bilan telefon tutmaysiz?
Istehzoli kulib oʻtirganimni shunda bilibman. Bular hazillashyaptimi?
— Qanaqa vijdon? Telefon tutmasligimga vijdonning nima aloqasi bor?
— Judayam borda. Siz va sizga oʻxshaganlar telefon tutmaydi. Demak, telefon sotib olmaydi. Natijada mamlakat iqtisodiyotiga tushum tushmaydi. Monitorga tikilib, koʻz nuringizni toʻkmaysiz. Miyangiz toʻqimalari zararlanmaydi. Eshitish organlaringiz ham meʼyorida ishlaydi. Uzoq muddatli suhbatga kirishmaganingiz uchun quloq, quloq pardasi, yon toʻqimalar va miyaning qoʻshni sohalarida harorat oshishi kuzatilmaydi.
Gapni sherigi ilib ketdi:
— Har xil boʻlmagʻur xabarlar oʻqib, qon bosimingiz oshmaydi. Natijada oradan 15 20-yil oʻtsa ham kasal boʻlmay, soppa-sogʻ yashayverasiz. Yaʼni shifokorga bormaysiz. Holbuki, uning ham bola-chaqasi bor, bemorlar toʻlagan pul bilan oilasini boqishi kerak. Demak, siz tibbiyotning, umuman, jarayonning oqsashiga xizmat qilyapsiz. Boz ustiga, pensiyaga chiqib, uzoq umr koʻrasiz. Davlat sizga shu vaqt davomida nafaqa toʻlashi kerak. Nima, gʻaznaning tubi yoʻqmi?
Narigisi davom etdi:
— Telefoningiz yoʻq, demak, siz yurgan yoʻlingizda, koʻcha-koʻyda qoʻshiq tinglamaysiz, qisqa lavhalar tomosha qilmaysiz, turli oʻyinlar oʻynamaysiz. Natijada gigabaytu megabaytlar ishlatmaysiz. Aloqa kompaniyalari esa bundan zarar koʻraveradi. Demak, siz madaniy saviyasi past odamsiz, jamiyat hayotidan uzilib qolgansiz, raqamli texnologiyalar rivojiga, tarmoqning daromad topishiga hissa qoʻshgingiz kelmaydi. Bularning hammasidan ixtiyoriy boʻyin tovlaysiz. Sezyapsizmi, sizga qoʻyilayotgan ayblovlar oʻta jiddiy!
— Bas qiling, boshim ogʻrib ketdi, — dedim nimanidir sal tushungandek boʻlib.
— Ogʻriydida. Axir miyangiz boʻlmagʻur narsalar bilan chalgʻimasa, oldi-qochdi vayn va roliklar diydangizni qotirmagan boʻlsa, sizning boshingiz ogʻrimay, bizniki ogʻrisinmi? Hoynahoy, qarindoshlaringizdan ham tez-tez xabar olib tursangiz keraka? Xasta odamdan hol soʻrash, yaqinlarni yaxshi kunlarda yoʻqlab qoʻyish kabilarni ham oflayn bajarasiz. Vaholanki, hozir davr shiddati bu ishni telefon orqali onlayn bajarish mumkinligini eng qulay yoʻl sifatida namoyon qilgan. Telefoningiz boʻlganida edi, bitta sms yozib yoki ovozli xabar yuborardingiz. Bundan iqtisod qilgan vaqtingizni esa maza qilib yolgʻon-yashiq gaplaru mish-mishlar, turli-tuman ur-sur xabarlarni koʻrishga sarflagan boʻlardingiz.
Ikkinchisi salkam jazavaga tushib davom ettirdi:
— Siz chamasi koʻp kitob oʻqib, olimlar uzoq vaqt oʻtkazgan tadqiqotlardan xabar topgansiz. Mobil telefondan taraladigan elektr magnit nurlanishi butun tanaga taʼsir qilishi, ayniqsa, baʼzi sabablarga koʻra, immuniteti zaif odamlar va bolalarga zararli ekanini bilib qolgansiz. Yana dunyoda har 16 insondan bittasi mobil aloqa nurlanishi qurboniga aylanayotganini ham oʻqigansiz. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti uyali telefonlar zarariga oid hisobotida insonlarning saraton kasaliga chalinishida mobil telefonlar taʼsiri kuchli ekanini taʼkidlagan edi. Indamasa, bu xabarlarni boshqalarga ulashishga ham tayyorsiz. Shuning uchun telefoningiz yoʻq. Lekin bilib qoʻying. Biz bunga shundoq qarab tura olmaymiz.
— Sizlar kimsizlar?
— Biz kunduzi chiroq yoqib boʻlsa ham siz kabilarni aniqlaydigan maʼnaviy tahdid shirkati vakillarimiz. Maqsadimiz — sizga oʻxshaganlarni oʻz safimizga qoʻshib olish. Aks holda, hoziroq jazo oʻtash uchun raqamli texnologiyalar omboriga ravona boʻlasiz. Ikkoviyam oʻrnidan turib, vajohat bilan ustimga bostirib kela boshladi...
* * *
Seskanib, koʻzimni ochsam, qora terga botibman... Hartugul, bularning hammasi tushim boʻlib chiqdi. Darhol qoʻlimni yostigʻim ostiga choʻzdim, telefonimni olib, soatiga qarasam, allaqachon UYGʻONISH VAQTI boʻlibdi. Tong otmoqda ekan.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston“ muxbiri
(maqola gazetaning 2025-yil 11-aprel 74-sonida chop etilgan)