баннер
27 Apr 2025
01:39

    Bilim olmaslik uchun bahona yoʻq

    Fikr 10 Aprel 2025 247

    Bugungi davr oʻqish va oʻrganish talabini qoʻymoqda

    Iqtidorli yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, bandligini taʼminlash, intilishlariga sharoit yaratish davlatimizning ustuvor siyosatiga aylangan. Oʻtgan sakkiz yil mobaynida yosh tadbirkorlar soni uch karra koʻpayib, ular biznes vakillarining salkam 40 foizini tashkil etayotgani, ishsiz yoshlar ikki karra kamaygani yuqoridagi gapning yaqqol isbotidir.

    Oʻz sohalarida muvaffaqiyatga erishayotganlar safi esa tobora kengaymoqda. Hozirgi vaqtda dunyodagi nufuzli universitetlarda 1500 dan ziyod oʻzbek talabasi tahsil olmoqda. Avvalgi 25 yil ichida davlat hisobidan 800 yigit-qiz xorijga oʻqishga ketgan boʻlsa, birgina “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali soʻng­gi yetti yilda 2300 hamyurtimiz shunday imkoniyatga ega boʻldi. Ilmiy darajali yosh olimlar soni 4 mingdan oshdi. Mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylandi.

    Ulgʻayib kelayotgan avlodning ilm egallashga ishtiyoqini oshirish uchun yoshlar bilan ishlash tizimi takomillashmoqda. Prezidentimizning joriy yil 26-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan yoshlarga yangi imkoniyatlar taqdim etiladigan boʻldi. Farmonga koʻra, endi reytingi yuqori xalqaro universitetlarda ilmiy daraja olgan, 35 yoshgacha boʻlgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib va sovrindor boʻlganlar uchun bir martalik pul mukofoti miqdori 5 karra oshiriladi. Energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot yoʻnalishlarida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi kvotalari koʻpaytiriladi. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilar oʻrtasida muhandislik olimpiadalari va tanlovlar oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Gʻolib boʻlgan bitiruvchi yoshlar texnika oliygohlariga grant asosida oʻqishga kiradi. Harbiy bilim yurtlarining namunali tinglovchilari uchun “Oliy bosh qoʻmondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi.

    Har bir davr yoshlarining bilim darajasi, dunyoqarashi, oʻy-fikri, maʼnaviy qiyofasiga qarab oʻsha jamiyatning ertangi kunini tasavvur etish mumkin. Shu bois, mamlakatimizda yoshlar taʼlimiga oid bunday ishlar yuzasidan faol, ziyoli yoshlarning fikri bilan qiziqdik.

    “Oʻqituvchilik ortidan milliarderga aylandim!”

    — Toʻqqiz-oʻn yil oldin kimdir menga hali shunday davr keladi, imkoniyatlarning koʻpligidan qaysi biridan foydalanganim qulayroq deb ikkilanib qolasan, deganida aniq ishonmasdim. Oʻzingiz ham guvohi boʻlib turibsiz, bugungi katta siljish­lar niyat qilganimizdan-da koʻprogʻini taqdim etyapti, — deydi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning kimyo fani boʻyicha oʻquvchilarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlash guruhi rahbari, oʻqituvchi Mohira Boltayeva. — Dastlab oʻqituvchilar dala ishlari, qogʻozbozlik, ortiqcha tadbiru majlislarda qatnashish majburiyatidan ozod etildi, soʻng oylik daromadi oshirildi, maoshning yana ham koʻtarilishi muallimning talabchanligi, kasbiy rivojlanishiga bogʻlandi.

    Oldin faqat nufuzli xalqaro sport musobaqalarida oʻrin olganlar munosib kutib olinardi, taqdirlanardi. Ilm-fanda yutuq bilan kelganlarga esa, afsuski, faqat maqtov yorligʻi topshirilardi. Bugun xalqaro fan olimpiadalarida faxrli oʻrin egallaganlarni katta tantana bilan kutib, oʻsha tantanadan-da kattaroq miqdorda pul mukofotlari berilishiga oʻrganib ham qoldik. Asosiysi, bu jarayon davom etyapti. Shu yilning 1-iyunidan xalqaro fan olimpiadalari gʻolib va sovrindorlariga toʻlanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravar oshirilishi, ochigʻi, ilm oʻrganmaslik uchun bahona qoldirmayapti.

    Mana, ilmning etagidan mahkam tutganlarga qarata “hozir uning oshigʻi olchi”, deydigan kunlar keldi. Endi moddiy taraflama erkinlikka chiqish, koʻproq pul topish uchun eʼtiqodi va ilmi sust, tinimsiz qimirlaydigan jagʻi va uncha ham yarashmaydigan qiliqlari bilan tanilgan vaynerlarga “shogird tushish”ga ehtiyoj qolmadi.

    Menda oʻtgan nufuzli xalqaro fan olimpiadalaridan jamgʻarilgan jami pul miqdori salkam bir milliard soʻmga yaqin boʻlgani, menimcha, koʻplab yoshlarda ilmga nisbatan qarashni, munosabatni oʻzgartirib yubordi. Endi baʼzilar oʻqituvchilikka non topishning soʻnggi chorasi, kun kechirishning arzon yoʻli deb qaramaydi. Shuning oʻziga qanchalar xursandman. Toʻgʻrisini aytsam, ustozlik qilib milliarderga aylanishning faxri ham, zavqi ham boshqacha boʻlar ekan. Vij­donim oldida toza ekanimni, ota-onam va yaqinlarimni, eng muhimi, oʻzimni rozi qilayotganimni angladim. Maqtanayotgandek boʻlishim mumkin, biroq gaplarim samimiy.

    Yaqin-yaqingacha kimyo nimaga kerak, degan savolni deyarli har kuni oʻzimga berardim. Bu ogʻir edi. Har tong shu soʻrov qarshisida kalovlanib qolmaslik uchun bahona izlardim. Men tanlagan fan goʻyoki eng tushunarsiz va keraksiz, bu yoʻnalish bilan ertaga na oilamni va na oʻzimni boqa olaman deb xavotirlanardim. Biroq toʻplangan tajribalar va erishilgan yutuqlar davomida savolni boshqacha qoʻyishim kerakligini tushundim: kimyo oʻzi nima? U insonga qanchalik muhim? Biror narsaning nimaligi haqida aniq tasavvurga ega boʻlmasam, u nima uchun kerakligi xususida qanday fikr yuritish mumkin axir, toʻgʻrimi? Xoʻsh, kimyo oʻzi nima?

    Ushbu soʻrovni internetga yozsangiz, bir necha soniyada turli taʼriflar bilan minglab havolalar chiqib keladi. Mana, shulardan biri: “Kimyo — tabiiy fanning eng muhim va keng sohalaridan biri boʻlib, moddalarni, shuningdek, ularning tarkibi va tuzilishini, xususiyatlarini oʻrganadigan fan”.

    Biroq bu izohlar nihoyatda quruq, hisdan xoli. Hayron boʻlmang, men fanda hissiyot boʻlishi kerak deb hisoblayman. Hissiyot boʻlmasa, biror fanga mehr qoʻyolmaysiz — kimyoni, darsliklar hidini, turli minerallar, metallar qotishmasi, xullas, hamma-hammasini sevmaganimda bugun oʻqituvchi boʻlmas, ehtimol, hayotim bu qadar yaxshi tarafga oʻzgarmagan boʻlardi. Shu sababdan kimyo men uchun hamma narsa. Kimyoni hayotim mazmuniga aylantirayotgan bugungi taʼlimimizdagi imkoniyatlar uchun esa odam borini berib ishlagisi keladi.

    “Hozir dangasaning ham, shoshqaloqning ham davri emas”

    — Yaqinda hamkasbim shu yil yoz oyi­ning ilk kunidan boshlab xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblariga toʻlanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdori 5 baravar oshirilishi haqidagi yangilikni oʻquvchilarimga aytib, faollikni yanayam kuchaytirish lozimligini tayinlayotganiga koʻzim tushdi. Bolalarning xabardan keyingi holatini ancha vaqt kuzatdim: aksariyatida ortiqcha faollik oshib ketdi, goʻyo pulni hozir oladigandek behalovat boʻlib, xayollari buzildi, diqqatni jamlashga qiynalib qolgach, ularga bu yaratilayotgan sharoitlarning navbatdagisi ekanini, muhimi, eʼtiborni kelayotgan xalqaro fan olimpiadalaridan uzmaslikni, medallar sonini oshirsak, bundan-da katta mukofotlar bilan taqdirlanishimizni astoydil tushuntirdim. Moddiy ragʻbat, albatta, juda yaxshi, ammo uni asosiy maqsadga aylantirib, bor gʻayratni shunga sarflashga chiranish oxir-oqibat zoʻriqqan bolaning imkoniyati boʻlinib, maydalashib ketishiga sabab boʻladi. Oʻquvchilarim har narsaning birinchi salbiy tomonlarini tez qabul qiladigan yoshda, ham nihoyatda qiziquvchan — chalgʻishlarini istamayman, maqsad qoʻydikmi, undan bir zum ogʻishmay intilishda davom etishimiz kerak, bizdan talab etilayotgani aslida shu, — deydi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning biologiya fani boʻyicha oʻquvchilarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlash guruhi rahbari, oʻqituvchi Husen Egamov. — Shundoq ham oxirgi yillar atrofimizda tinmay nimadir oʻrganish kerakligini uqtiruvchilar, har doim zamon bilan hamnafasdek koʻrinadigan blogerlar, har bir kunining yangi yutuqlar va tajribalar bilan toʻla ekanini koʻrsatish orqali harakatga chorlovchi besavod “motivatorlar” odamlarda biror foydali narsadan chetda qolish qoʻrquvini kuchaytirib yubordi. Natijada faollik imitatsiyasi, degan holatga tushganlar soni oshib ketdi.

    Faollik imitatsiyasida faoliyatingiz qaysidir maqsadga xizmat qilmaydi, maqsadingiz yolgʻiz faol boʻlish, boʻsh oʻtirmaslik boʻladi. Yaʼni harakatsiz boʻlishni qabul qilolmaysiz, boʻsh oʻtirmaslik uchungina harakatda boʻlasiz. Bu holni, ayniqsa, koʻplab tengqurlarimda uchrataman. Faollikning foydali jihatlariga shubham yoʻq. Ammo faollik imitatsiyasi boshqa narsa. Unda koʻpincha energiyamiz, vaqtimiz, imkoniyatlarimizni zavq bilan emas, balki xavotirni bostirish uchun sarflaymiz. Ammo bu xavotir nimaiki qilmang, kamaymaydi, chunki sizdan zoʻrroq tuyuladiganlar doim topiladi. Natijada oʻzimizni qiynashga va bizga xos boʻlmagan qandaydir qahramon obrazini yasashga xizmat qiladigan erishib boʻlmas maqsadlar qoʻyamiz. Masalan, yiliga yuzta kitob oʻqish, uch oyda yangi til oʻrganish, yigirma yoshgacha avtoulovli boʻlish va hokazo...

    Bir oz chalgʻib ketdim, aytmoqchimanki, shosha-pisha kimdadir koʻrgan maqsadlarni oʻzlashtirishimiz, bizga mos kelmaydigan hayotdan andoza olishga urinishimiz toʻgʻri emas. Aslida, kimlar biz uchun namuna boʻla olishini bugun xal­qaro maydonlarda ilmi, zakiyligi bilan gʻolib boʻlayotgan, chet eldagi nufuzli oliygohlarda taʼlim olayotgan, professor boʻlib faoliyat yuritayotgan, ilm-fan inqilobi uchun katta-kichik kashfiyotlar qilayotgan hamyurtlarimiz isbotlab beryapti. Bugun shoshqaloqlikning ham, dangasalikning ham davri emas, balki mulohaza bilan ish koʻrib, oʻz tafakkuri va shijoati bilan yuksalish payti.

    Umuman, eʼtibor bering-a, ezgu maqsadning birortasida shoshma-shosharlik, pala-partishlikni koʻrmaysiz: yangi biologik tajribalar sokinlik, xotirjamlik talab etadi. Yangi farmon va qonunlar aniqlikda qabul qilinadi. Islohotlar izchillik bilan yoʻlga qoʻyiladi. Kelgusi yuksak marralarga ham qadam-baqadam chiqiladi. Tartib, tahlil, intizom va shijoat taraqqiyotga tezroq eltuvchi sifatlar ekan, xom-xatala ish qilishdan nima foyda?

    Aynan ilm-fan insoniyat sivilizatsiyasini yetaklab boradigan kuch ekanini hech kim inkor etolmaydi. Tarixning qaysidir bosqichida muayyan tamaddun oʻz zamonasining eng buyugi boʻlgan boʻlsa, bunga hech bir istisnosiz ravishda faqat va faqat ilm-fan borasida boshqalardan ilgʻor boʻlgani evaziga erishgan. Biz ham erishamiz. Ilm targʻibotidagi sobit­qadamlik va jurʼat darajasini pasaytirmasak bas.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Azizbek YUSUPOV yozib oldi

    Telegram kanalimiz
    Text to speech