Ana shu yirik hodisa markazida yangi Oʻzbekiston turgani, mamlakatimizdagi tub islohotlar sabab Markaziy Osiyo ruhi paydo boʻlgani alohida eʼtiborga molik voqelikdir. Ayni paytda ushbu tarixiy voqealarni tahlil qilish, uning zamiridagi hayotiy haqiqatlarni anglash zarur. Zero, yirik masshtabdagi bunday oʻzgarishlar bizga barqaror va farovon hayotdan mujda bermoqda. Bunday jamiyatni faol fuqarolik pozitsiyasiga ega shaxslar yaratadi.
Bugun esa biz Markaziy Osiyo, xususan, yurtimiz kelajagini belgilab beradigan tarixiy voqealarga birma-bir toʻxtalib, imkon qadar uning mohiyatini anglashga urinsak.
AHILLIK BARAKA KELTIRAR
BIRINCHI VOQELIK. Xoʻjand sammitida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi chegara bilan bogʻliq asriy masala toʻla-toʻkis hal etildi.
Bitta gap bilan ifoda etilgan ushbu voqea zamirida soʻnggi yetti-sakkiz yildagi izchil islohotlar, yangi Oʻzbekistonning oʻzaro ishonch va doʻstona hamkorlikka asoslangan tashqi siyosati yotibdi. Biz dunyoga, avvalo qoʻshnilarimizga mehr darvozasini keng ochdik. Hazrat Bobur Mirzoning: “Kim neni izlasa, topqay begumon”, degan hikmati hayotiy haqiqat ekani yana bir bor tasdigʻini topdi. Dunyo ham bizga quchogʻini ochdi. Oʻtgan vaqt mobaynida Markaziy Osiyo xalqlari bir-birini tushunishni, masalani qoʻlni bigiz qilib emas, koʻksimizga qoʻyib, ajdodlarimiz kabi kengashib hal etish zarur ekanini angladik.
Hayot hikmatlarga toʻla. Yaxshi niyat bilan yerga qadalgan urugʻ yillar oʻtib ulkan daraxtga aylanadi. Uning soyasidan bahra olasiz, mevasini oilangiz, yaqinlar bilan baham koʻrasiz. Ammo doim ham osmonga suyanch boʻlgan daraxt kaftingizga sigʻadigan mitti urugʻ boʻlgani haqida oʻylab koʻrmaysiz.
Oʻsish va oʻzgarishlar doim mana shunday kichik urugʻlarni qadash kabi oddiy ishlardan boshlanadi. Yangi Oʻzbekistondagi ilk oʻzgarishlarni ham shu yoʻsin ifoda etish mumkin. Yaqin tarixda Markaziy Osiyo davlatlari orasida simtoʻsiqlar tortilgan, minalar oʻrnatilgan edi.
Azaldan qardosh, qoʻshni boʻlgan xalqlar bir-biriga begonaday viza rejimini joriy qilgan, bu nafaqat oddiy aholi, balki mamlakatlarning iqtisodiy oʻsishiga ham toʻsiq boʻlayotgandi. Qoʻshnilar bir-biri bilan yoqa olishishgacha borgani ham achchiq haqiqat. Ana shunday murakkab vaziyatni yumshatish oson emasdi. Mintaqadagi bu holat oʻnglanishiga koʻpchilik ishonmas edi. Shukrki, oqqan daryo oqmay qolmas ekan. Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar ajdodlar merosiga mos ravishda rivoj topdi. Yangilanishlar teng huquqiy asosga ega ishonchli doʻstlik zamiriga qurilmoqda. Bunday hayotbaxsh epkin butun mintaqaga tarqaldi. Dastlab viza rejimi bekor qilindi.
Birgina shu tarixiy qaror millionlab odamlarning taqdirini oʻzgartirib yuborgani ayni haqiqat. Yaqin qarindoshi holidan bexabar yashayotgan, simtoʻsiq ortidan shundoq koʻrinib turgan ota uyiga bora olmay, toʻy va azalardan mosuvo boʻlganlar qancha edi. Viza rejimi bekor boʻlishi oddiy odamlarning ana shunday ogʻriqli dardiga malham boʻldi. Shukrona sabab qoʻllar el-yurt tinchligi, farovonligini soʻrab koʻkka choʻzildi. Duo — xayr-baraka demak!
Savdo-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy aloqalar tubdan qayta koʻrib chiqildi. Hamkorlikning yangi va tubdan isloh etilgan dasturi ishga tushdi. Kechagina bir qarich yer sabab tugʻilgan bahslarga barham berildi. Xalqimizning “Ayrilmas qoʻshningga uyatli soʻz aytma”, degan hikmatiga amal qildik. Natijada bahsli yerlar borasida maqbul kelishuvlarga erishib yagona mintaqa, bir butun jamiyatga aylanish maqsadi qaror topdi. Zero, faqat shu orqali keskin iqtisodiy oʻsish va kafolatli barqarorlikka erishish mumkin. Bu yoʻlda oʻzimiz oʻzgarmasak, chetdan kelib hech kim biz uchun yaxshilik qilib bermasligini teran angladik.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oldidan “Euronews”ga bergan intervyusida bu borada shunday fikr bildirdi: “...Afsuski, Markaziy Osiyo ham bunday holatlardan mustasno boʻlmagan. Turli davrlarda bu yerda qurolli toʻqnashuvlar sodir boʻlgan, chegara masalalari, suv-energetika muammolari, transport va aloqa sohasidagi murakkabliklar, xavfsizlikka oid tahdidlar vaziyatni ogʻirlashtirgan. Bu esa uzoq davom eta olmasdi. Ixtiloflar kuchaydi, kelishmovchiliklar chuqurlashdi va yuzaga kelayotgan murakkab vaziyat mintaqaning xavfsizligiga jiddiy tahdid sola boshladi.
Biz ana shunday real holatni anglab yetib, strategik qaror qabul qildik: Markaziy Osiyoda konstruktiv, yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan va oʻzaro manfaatli munosabatlarni bosqichma-bosqich barpo etish. Bu yondashuvning zamirida oʻzaro ishonch va hurmat, umumiy manfaatlarni hisobga olish va tan olish yotadi”.
Ana shu konstruktiv, yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan hamkorligimiz samara bera boshladi. Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston Davlat chegarasini delimitatsiya qilish va uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi shartnomalar imzolandi. Mintaqamizning barqarorlik, izchil taraqqiyotining timsoli sifatida Doʻstlik stelasi oʻrnatildi.
Xalqimizda “Baraka — inoqlikda”, degan maqol bor. Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi iliq munosabatlar rivojlanib borgani sari mintaqa, xususan, yurtimizga baraka yogʻilyapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Fikrimizni aniq faktlar bilan asoslasak. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Qirgʻiziston va Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi oʻn karradan ziyodga oshgan. Mazkur hajmning deyarli yarmi chegaraoldi hududlarga toʻgʻri keladi. Bu bevosita keyingi yillardagi oʻzgarishlar, nafaqat mamlakatlar, balki maʼlum viloyat, tuman doirasida savdo-iqtisodiy aloqalar yoʻlga qoʻyilganining samarasidir.
Hamkorligimiz yangi bosqichga chiqqan ekan, demak bundan keyin ishlarni oʻshanga munosib tashkil etish zarur. Shu bois, Xoʻjand sammiti chogʻida mamlakatlar yetakchilari chegaralardagi bojxona punktlarini kompleks modernizatsiya qilish va kengaytirish, qulay, zamonaviy savdo va logistika infratuzilmasini shakllantirish borasida fikr almashdi. Uch tomonlama savdo maydonchasini tashkil etish, sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining doimiy faoliyat koʻrsatadigan koʻrgazma-yarmarkasini yoʻlga qoʻyish masalasini oʻrganish taklif etildi.
Umuman, bunday yirik masshtabdagi oʻzgarishlar tadbirkorlarga keng yoʻl ochdi. Bugun Oʻzbekiston ishbilarmonlari qoʻshni mamlakatlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishda faol qatnashmoqda. Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni jadal davom ettirishda qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari kapitalini bosqichma-bosqich oshirishga tayyor ekanimiz aytildi. Bu bevosita mamlakatlar oʻrtasida transport, logistika aloqalarini yana rivojlantirish talabini qoʻyadi. Mazkur yoʻnalishda ham mamlakatlarimiz kelishuvlarga erishdi.
Shu kabi koʻplab faktorlar sabab bugun dunyo ahli Markaziy Osiyo ruhi haqida soʻzlamoqda. Mintaqamiz bilan hisoblashish kerakligini tushunib yetyapti. Markaziy Osiyoga iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy imkoniyatlarga ega barqaror hudud, degan qarash shakllanyapti. Buning amaliy qiyofasi biz quyida fikr bildirmoqchi boʻlgan tarixiy voqelikda toʻla-toʻkis aks etdi.
UYGʻOQ QALBLAR KENGASHI
IKKINCHI VOQELIK. Koʻhna va navqiron Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti boʻlib oʻtdi.
Amir Temurning shunday hikmatli soʻzi bor: “Kengash ikki turli boʻlur: biri — til uchida aytilgani, ikkinchisi — yurakdan chiqqani. Til uchida aytilganini shunchaki eshitardim. Yurakdan aytilgan maslahatni esa qalbim qulogʻiga quyardim va dilimga joylardim”.
Xuddi shuningdek, Samarqanddagi “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti uygʻoq qalblar kengashi boʻldi. Nega uygʻoq qalblar, deya taʼkidlayapmiz?! Sababi oddiy. Bugun dunyo qiyofasi, geosiyosiy jarayonlar tubdan oʻzgardi. Qutblarni aniqlash, kechayotgan jarayonlar oqibatini prognoz qilish murakkablashdi. Mudofaa qudrati ham, iqtisodiy barqarorlik ham toʻla kafolat boʻla olmasligini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Bunday vaziyatdagi yagona toʻgʻri yoʻl doʻstlik, ishonchli hamkorlikdir. Shu maʼnoda, ikki mintaqaning hamkorligi tarixiy voqea boʻldi.
“Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti koʻpqirrali kelishuvlarga zamin yaratdi. “Samarqand ruhi”, degan tarixiy haqiqat sabab bu sammitning istiqboli baland boʻlishiga ishonchimiz komil.
Ajdodlarimiz chuqur hayotiy kuzatishlar evaziga dunyo iqtisodiy munosabatlar orqali obod boʻladi, degan. Bilamizki, azaldan karvon yoʻlidagi shahar aholisi farovon yashagan. Ilm-fanda ilgʻor boʻlgan. Negaki, oʻz davrining onlayn darsxonasi ham, sunʼiy intellektga oʻxshash zamonaviy bilimdoni ham karvonlar bilan qoʻshilib kelgan. Xuddi oʻsha tijorat ahli yangi ilm-fan va madaniyatni olib yana ortiga qaytgan. Hozirgi Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududida oʻshanday karvon yoʻllariga asos solingan. Ajdodlarimiz shu yoʻl orqali dunyo xalqlariga ilm-maʼrifat ulashgan. Fikrimizni tarixiy fakt bilan asoslasak.
Tarixchi doʻstlarimiz taʼkidlashicha, Bronza davrida “Lojuvard yoʻli” deb atalgan savdo yoʻli boʻlgan ekan. Uning bir tarmogʻi Badaxshon, Baqtriya va Margʻiyona hududlarini Xorazm, Sugʻd, Markaziy Qozogʻiston va Ural bilan bogʻlagan. Yana bir tarmogʻi esa Baqtriya va Margʻiyonadan Mesopotamiya bilan tutashgan. Bu yoʻl Pomir togʻlaridan boshlanib, Eron, Old Osiyo, Misr orqali oʻtgan. Shu tariqa, qadimgi Sharq va Markaziy Osiyo oʻrtasida iqtisodiy, madaniy aloqalar oʻrnatilgan. Xuddi shu davrda Markaziy Osiyoda Zardushtiylik taʼlimoti paydo boʻldi. U bizning hududda rivojlandi, katta taʼlimot darajasiga yetdi. Eng nodir qoʻlyozma “Avesto” vujudga keldi.
Buyuk ipak yoʻli paydo boʻlgach, Markaziy Osiyo uzoq muddatli va baland istiqbolga ega taraqqiyotga erishdi. Ajdodlarimiz Islom taʼlimotining insonparvarlik gʻoyalarini ilmiy asos bilan ochib berdi. Dunyo ilm-fani va falsafasiga ulkan hissa qoʻshdi. Buning tasdigʻi oʻlaroq Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk alloma va mutafakkirlarimiz nomini eslashning oʻzi kifoya. Demoqchimizki, yurtimiz hamisha sivilizatsiya oʻchogʻi boʻlgan. Oʻlkamiz barcha zamonlarda unumdor tuproq kabi ilm-fan xirmoniga moʻl hosil qoʻshgan. Bizgacha qanday taʼlimot, ilm-fan yoki madaniyat yetib kelsa, u albatta, ajdodlarimiz zehni ila mukammal darajada rivojlangan va dunyo ahliga taqdim etilgan.
Bunda Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan Samarqand shahrining alohida oʻrni bor. Bu qadim shahar asrlar davomida sivilizatsiyalar muloqoti hamda Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi diplomatiya, savdo va madaniy almashuvlarning muhim markazi edi. Xususan, Amir Temur Yevropa hukmdorlari bilan erkin va xavfsiz savdoni taʼminlash maqsadida faol aloqalar oʻrnatdi. Biz bugun bunday savdo aloqalarini oʻzaro ishonchga asoslangan strategik sheriklik deb ataymiz.
Temur bobomiz davridagi tinchlik qiymati boshiga oltin toʻla savat koʻtargan kishi karvon yoʻlini xatarsiz bosib oʻtishi bilan ifoda etiladi. Uning hayotiy natijasi ham bizga yaxshi ayon. Amir Temur davrida farovon va barqaror davlatchilik vujudga keldi. Barcha soha — ilm-fan, iqtisod, hunarmandchilik, bunyodkorlik, adabiyot va sanʼat birdek rivojlandi.
“Tarixan shakllangan tushunchaga koʻra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va boʻlinmas boʻlib koʻrinadi”, degan purmaʼno soʻz zamirida ana shunday hayotiy haqiqatlar bor.
Taraqqiyot oʻzini takrorlaydigan xususiyatga ega. Uni uzoq yashaydigan ulkan daraxtga oʻxshatish mumkin. Garchi zamonlar toʻfoni bu daraxtni yer bilan yakson qilganday koʻrinsa-da, u takror-takror koʻkka boʻy choʻzaveradi. Bu Samarqand sammiti misolida yana bir bor tasdigʻini topdi. Dunyoda oʻxshashi yoʻq ushbu noyob hamkorlik platformasi ikki mintaqaning tarixiy aloqalari qayta tiklangani va porloq kelajagidan shohidlik berayotir. Vaholanki, bundan sakkiz yil oldin Oʻzbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki munosabatlari toʻxtab yotgan edi. Yurtimizdagi ijobiy oʻzgarishlar sabab bugun bankning eng yirik benefitsiarlaridan biriga aylandik.
Soʻnggi yetti yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Yevropa Ittifoqi bilan oʻzaro tovar aylanmasi hajmi bir necha barobar oʻsib, 54 milliard yevroga yetdi. Samarqanddagi sammit doirasida koʻpqirrali munosabatlar yangi bosqichga chiqdi. Siyosiy muloqotlarni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlar va investitsiyalar, koʻp tomonlama hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslari koʻrib chiqildi. Sammit yakunlari boʻyicha Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida strategik sheriklik oʻrnatish haqida tarixiy qaror qabul qilindi.
Xuddi qadimda boʻlganiday koʻpqirrali hamkorlikning yangi bosqichiga asos solindi. Qadimda ham tijorat ahli investitsiya kiritgan. Hunarmandlarga, ishlab chiqaruvchilarga avvaldan pul berib mahsulot olgan. Bugun ham tarmoqlarga sarmoya kiritish borasidagi hamkorlikni kengaytirish va tovar ayirboshlashni koʻpaytirish haqidagi ezgu tashabbuslar ilgari surildi. Ajdodlarimiz eng soʻnggi texnologiyalarni, bilimlarni karvon yoʻllari orqali oʻzlashtirgan, dedik. Ikki mintaqa oʻrtasidagi yangi aloqalarda innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy salohiyatga xizmat qiladigan kelishuvlar haqida soʻz bordi. Amaliy qadamlar tashlandi.
Texnik taraqqiyot davri oʻz zamoniga mos yangicha oldi-berdilarni ham kun tartibiga chiqarmoqda. Bu “yashil” energetika eksportidir. 2024-yilda Boku shahrida oʻtkazilgan BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasida bu borada jiddiy qadam tashlangan edi. Shunga koʻra, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon Yevropaga “yashil” energiya yoʻlagi loyihasini ishga tushirish borasida kelishuvga erishdi. “Yashil” energetikada mintaqamiz katta salohiyatga ega. Undan oqilona foydalanishda Yevropaning zamonaviy texnik imkoniyati ham qoʻl keladi, nazarimizda. Demak, har ikki tomonga birdek foydali, ishonchli kelishuvga asos bor. Mazkur yoʻnalish ekspertlar tomonidan zamonaviy geoiqtisodiy hamkorlik, deya taʼriflanmoqda. Shuning oʻziyoq ortga qaytmas tus olgan oʻzgarishlar butkul yangi qiyofa kasb etib borayotganini koʻrsatadi.
Yana bir muhim jihat, logistika yoʻnalishidagi hamkorlik haqida toʻxtalish kerak. Mahsulotlarni, sanoat va qishloq xoʻjaligining tayyor tovarlarini Yevropa bozoriga yetkazib berish uchun samarali transport yoʻlaklari mavjud emas. Shu maʼnoda, Transkaspiy transport yoʻlagini kengaytirish va undan foydalanish uchun muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar va qulay sharoitlarni ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. Shu maqsadda Yevroittifoq shafeligida ushbu yoʻnalishda joylashgan mamlakatlar transport vazirlarining uchrashuvini chaqirib, oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish taklif qilindi.
Taraqqiyot takrorlanuvchi xususiyatga ega, degani aynan shu boʻladi. Nazarimda ushbu logistik kelishuv Buyuk ipak yoʻlining zamonaviy muqobili boʻlib xizmat qiladi. Bu eksportchilarimiz salohiyatini oshiradi. Mintaqalar oʻrtasidagi asriy aloqalarni yanada mustahkamlaydi. Quvonarlisi shundaki, YETTB prognozlariga koʻra, joriy yilda mintaqaviy yalpi ichki mahsulot hajmi 6 foizgacha oshadi. Bu boshqa mintaqalardagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan sezilarli darajada yuqori demak. Mamlakatlarimizda yetakchi milliy taʼlim muassasalarining filiallari ochilmoqda. Xorijlik sayyohlar uchun yagona Markaziy Osiyo vizasi loyihasi ilgari surilmoqda. Bularning barchasi Markaziy Osiyo murakkab geosiyosiy jarayonlar vaqtida xalqaro maydonda yangicha nigoh va formatda oʻzini koʻrsata boshlaganidan dalolat.
XALQNI ROZI QILISHNING OʻZBEKCHA MODELI
UCHINCHI VOQELIK. Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlash zarur, oʻz safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoqning Assambleyasi ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida boʻlib oʻtdi. Ekspertlar uning yubiley Assambleyasi Toshkentda oʻtkazilganida ham ramziy maʼno borligini taʼkidladi.
Prezidentimiz oʻz nutqida Assambleya ishtirokchilariga murojaat qilib: “Sizlar — bamisoli xalqlarni bir-biriga bogʻlovchi mustahkam doʻstlik koʻprigisiz. Sizlar — odamlarning dardu tashvishi va muammolarini eng quyi tizimdan boshlab, kerak boʻlsa, mintaqaviy va xalqaro miqyosga olib chiqishga, ularga samarali yechim topishga qodir boʻlgan qudratli kuchsizlar.
Albatta, sizlar oʻz xalqlaringizning xohish-irodasini namoyon etib, milliy taraqqiyot modellarini ishlab chiqishda, zamonaviy xavf-xatarlarga munosib javob berishda katta rol oʻynamoqdasiz”, dedi.
Anjumanning har bir ishtirokchisi ortida turgan saylovchilarni hisobga olsangiz juda katta raqam paydo boʻladi. Bu, bir oz badiiyat bilan aytganda, dunyo aholisining deyarli yarmi biz bilan hamfikr ekanini koʻrsatadi. Zero, anjumanda 140 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Yana bir muhim jihat, Oʻzbekiston tashabbusi bilan Assambleya “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida oʻtkazildi. Shu orqali dunyoning turli mintaqa va mamlakatlaridan kelgan xalq vakillari yangi Oʻzbekiston siyosatining ustuvor yoʻnalishlari boʻlgan jihatlarga befarq emasligini tasdiqladi. Mazkur tadbir faqatgina parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi yuqori boʻlgan mamlakatlardagina oʻtkaziladi. Shuning oʻziyoq yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning xalqaro miqyosdagi yana bir ulkan eʼtirofidir.
Assambleyaning asosiy mavzusi doirasida butun dunyo parlamentlari aholini ijtimoiy himoya qilish, kambagʻallikni qisqartirish, huquq ustuvorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Shuningdek, Parlamentlararo Ittifoqning qoʻmitalari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash, ilm-fan va texnologiya, yoshlar masalalariga bagʻishlangan turli tadbirlar tashkil etildi. Buni juda uzoq tahlil qilish mumkin. Ammo vaqtingizni olmaslik uchun mazkur anjumanga qisqa izoh bersak.
Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, parlament vakillari oʻz xalqining xohish-irodasini namoyon etib, milliy taraqqiyot modellarini ishlab chiqishda, zamonaviy xavf-xatarlarga munosib javob berishda katta rol oʻynamoqda. Yaʼni anjumanda shaxslar, hudud yoki mamlakatlar emas, balki millionlab oddiy odamlarning xohish-istaklari ustuvorlik kasb etdi. Bu toʻla-toʻkis yangi Oʻzbekiston tanlagan yoʻlga mos keladi.
Inson qadri uchun boshlangan islohotlarimiz Bosh qomusimizda ijtimoiy davlat tamoyili bilan mustahkamlandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning muallifi xalqimiz boʻldi.
Toma-toma koʻl boʻladi, deyishadi. Yurtimizdagi yangilanishlar dastlab xalqimizda ertangi kunga ishonchni mustahkamladi. Islohotlar koʻlami xalqaro miqyosga chiqib, Markaziy Osiyo ruhini paydo qildi. Oʻsha oʻsish, rivojlanish evaziga mintaqalararo hamkorlik, degan qadimiy aloqalarning zamonaviy qiyofasi vujudga keldi. Natija shunday boʻldi-ki, bu kabi islohotlarga dunyo xalqlarining farovonligi, siyosiy tafakkurning samarali targʻibotchilari boʻlgan parlament vakillari nafaqat ishonch bildirdi, balki, xalqni rozi qilishning oʻzbekcha modelini oʻrganish, oʻzlashtirish kerakligini tan oldi.
YANGI OʻZBEKISTONNING “YASHIL” TASHABBUSLARI
TOʻRTINCHI VOQELIK. Samarqand xalqaro iqlim forumi va uning doirasida Orol madaniyat sammiti boʻlib oʻtdi.
Bugun ekologik masalalar global darajaga chiqdi. Ilmiy tadqiqotlar yaqin kelajakdagi xatarlardan ogohlantirmoqda. Shunday vaziyatda barcha bir yoqadan bosh chiqarib, amaliy ishlarga oʻtishi shart. Shu bois, Prezidentimiz forum ishtirokchilariga qarata, “Atrof-muhitni asrab-avaylashda masʼuliyat barchamizning zimmamizda. Bu kun tartibimizdagi eng muhim masaladir”, dedi.
Agar yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarish, islohotlarning eng muhim bitta jihatini aytish zarur boʻlsa, mavjud masalalarga natijador, hayotiy yechim berilayotganiga urgʻu bergan boʻlardik. Buni birgina Orol misolida ham koʻrib turibmiz. Yurtimizdagi ilk oʻzgarishlar davridayoq asriy muammoga eng yaxshi yechim topildi. Oʻsha vaqtning oʻzida amaliy harakatlar boshlandi. Orolboʻyining 2 million gektardan ortiq choʻl hududlarida qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar ekildi.
Biz maqolamiz avvalida yurtimizda boshlangan oʻzgarishlar asta-sekin quloch yozib, xalqaro maydonga chiqayotganini aytgan edik. Yangi Oʻzbekistonning “yashil” tashabbuslari ham xuddi shunday qiyofa kasb etmoqda. Prezidentimiz forumda ajoyib gʻoyani ilgari surib, “Har yili Navroʻz bayrami arafasida daraxt ekish boʻyicha “Markaziy Osiyoning yashil belbogʻi” mintaqaviy aksiyasini oʻtkazishni taklif etaman”, dedi.
Hazrat Alisher Navoiy besh asr avval:
“Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,
Yor oʻlung bir-biringizgaki, erur yorligʻ ish”, deya xitob qilgan edi. Bugun ushbu chaqiriq yangi Oʻzbekiston minbarida zamonaviy ohanglarda bot-bot takrorlanmoqda.
Orol madaniyat sammiti mintaqani sanʼat, madaniyat, dizayn va ilm-fan orqali ijtimoiy va ekologik jihatdan oʻzgartirishga qaratilgan yangi loyiha hisoblanadi. U Orol dengizi ekotizimini asrab-avaylash, mahalliy madaniyatni xalqaro maydonda ommalashtirish boʻyicha yangi strategiyalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Shuning oʻzi ham alohida mavzu va tahlil talab etadi.
Umuman, keyingi ikki hafta Markaziy Osiyo, xususan, yangi Oʻzbekiston ruhi xalqaro mediaolamning bosh mavzusi boʻldi. Butun dunyo nigohi bizga qaratildi. Ular yuqorida sanab oʻtgan yirik hodisalarni tahlil va talqin qilib bordi. Bu zamonaviy dunyoda Markaziy Osiyo hal qiluvchi kuchga aylanib borayotganini koʻrsatadi. Mazkur jarayonda yangi Oʻzbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev tashabbuskor ekani, oʻzgarishlar markazida turgani bizda faxr uygʻotadi. Shu bilan birga, barchamizning oldimizga Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarga munosib, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega shaxslar boʻlish talabini qoʻyadi.
Salim DONIYOROV