Kiygan kostyum shimimiz va taqqan galstugimizga qarasa, oʻsha oltmishinchi qavatda dunyo taqdiriga taʼsir koʻrsatayotgan odamlarga oʻxshaymiz. Tafakkurimizga qarasa, changlazorlarda yugurib yurgan odamlarga oʻxshaymiz”. Erkin akaning bu gaplaridan qattiq taʼsirlangan edim.

Keyingi paytlarda meni bir narsa qattiq tashvishga soladi. Bizning yaqin tariximizda millatning millat boʻlishi uchun kurashgan, kecha-yu kunduz ter toʻkib mehnat qilgan, milliy xazinalarimizni mustabid davr suronlaridan omon saqlab qolish uchun mashaqqat chekkan shunday moʻtabar olimlarimiz borki, ularni tanimaymiz. Men hozir uchta olimning ismi sharifini keltiraman: Porsoxon Shamsiyev, Solih Mutallibov, Qayum Karimov! (Shukrki, bunday olimlarimiz koʻp) Ayting-chi, shu uch olimni hozirda milllatimizning necha foizi biladi yo taniydi? Oʻn foizi desam, oshirib yuborgan boʻlaman, shekilli. Balki besh foizi bilar... Bunga ham shubha bor. Endi alam qiladiganini aytay. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda bemaʼni gaplari, tuturuqsiz qoʻshiqlari, bachkana qiliqlari bilan ot chiqarayotgan yoki ogʻziga kelganni vaysab, jilpanglab yurgan baʼzi estrada xonandalarini aholimizning necha foizi biladi. Olmish-yetmish foizi desam, kamaytmagan boʻlarman. Men bu oʻrinda yaxshi qoʻshiqlari bilan el eʼtiboriga tushgan isteʼdodli estrada xonandalarini nazarda tutayotganim yoʻq, aynan bachkanalik va bemaʼnilikni targʻib qilayotgan saviyasiz xonandalar haqida gapiryapman.

Doʻppini boshdan olib bir oʻylab koʻring. Vatan va millatga bularning qay biridan foyda? Elning millat va xalq boʻlishi uchun kurashgan oʻsha olimlardanmi yo elning olomon boʻlishi uchun xizmat qilayotganlardanmi? Vatan avlodlariga maʼrifat va ilm keltirganlar qayda-yu, avlodlarni bachkanalik va bemaʼnilik botqogʻiga sudrayotganlar qayda? Suv keltirgan azizmi yo koʻza sindirgan? Bugungi kunimizning 16 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan yoshlaridan Porsoxon Shamsiyevni bilasizmi deb soʻrovnoma oʻtkazib koʻring-chi? Keyin esa, eng saviyasiz bir estrada xonandasining nomini keltirib soʻrovnoma oʻtkazing. Javoblarda sharmandali holga duch kelishingiz ikki karra ikkiday aniq. Bu holni siz qanday baholaysiz, aziz zamondosh? Nega shundaymiz? Oʻzbekcha qilib aytganda, “Qachon odam boʻlamiz?!” Elga nimadan foyda-yu, nimadan zarar ekanligini, millat faxri kimlaru, millat qurti kimlar ekanligini qachon ajratamiz?

Alisher Navoiyning 1958-yilda nashr etilgan “Xamsa”sini tez-tez varaqlab turaman. Och mallarang muqovali kichik bir jomadonday keladigan (30smX22sm) 88,9 bosma toboq, jami 853(!) sahifadan iborat kitob. Bu kitobni bugun mamlakatda barmoq bilan sanarli odam biladigan Porsoxon Shamsiyev tayyorlagan. U kishi kitob boshida nashr haqida yozganda shunday deganlar: “Biz “Xamsa”ni nashrga tayyorlashda koʻpdan buyon ishlanmoqda boʻlgan “Xamsa” dostonlari tanqidiy matnlarini asos qilib oldik. Shu bilan birga, tanqidiy matnlarning asosi boʻlgan Abdujamil Kotib va Sultonali Mashhadiy nusxalaridan hamda XVI asrning yana bir nodir nusxasidan toʻla foydalanishga harakat qildik.”

Shundan keyin “Xamsa”ning ayni shu mukammal nusxasi “navoiyshunoslikning barq urib rivojlanishiga xizmat qildi”.

Yaqinda Alisher Navoiyning 580-yilligini oʻtkazish toʻgʻrisida Prezident Qarori eʼlon qilinganida, umrini Navoiy ijodini oʻrganishga bagʻishlagan Porsoxon Shamsiyevday zahmatkash olimlarimizning nurli siymolari beixtiyor hazrat Navoiy siymosi yonida koʻz oldimizda gavdalandi. Bu ezgu ishlardan ularning ruhlari shod boʻladi.

“Xamsa”ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratish nima ekanini har qalay tasavvurimga sigʻdira olaman. Bu togʻni teshib suv yoʻlini ochish bilan barobar. Pista chaqish emas. Homidxon Islomiy domla birgina “Nasoyim ul muhabbat”ning tanqidiy matni ustida 25 yil ishlagani tanqidiy matn mehnati qanchalar mashaqqatli ekanini dalillaydi.

“Xamsa”ning ilmiy-tanqidiy matni shu darajada katta ish ediki, uncha-muncha havoyi daʼvogarlarning belini sindirib yuborardi. Shuning uchun ham manaman degan davr mahmadonalari bu ishni zimmasiga ololmagan, yaqiniga ham yoʻlay olmagan. Porsoxon Shamsiyev esa, 52000 misralik, 853 sahifalik “Xamsa”ni tanqidiy matnlari, tarixiy nusxalari asosida mukammal nashrga tayyorlagan. Bu mehnatning qanday mehnat ekanini dap etsa, daʼvo qiladigan, quruq iddaodan nariga oʻtolmaydigan chalamullalar tasavvuriga sigʻdira olmaydi. Baʼzi adabiyot olimiman va shoirman deganlar 853 sahifadan 100 betini oʻqishga ham oʻzida kuch topolmaydi. Holbuki, Porsoxon domla bu kitobning har soʻziga koʻz nuri, qalb qoʻrini toʻkkan. Domlaning bundan tashqari qancha xizmatlari va ishlari bor. Quyidagi faktlarga shunchaki oʻtkinchi nazar bilan emas, vijdon bilan bir diqqat qiling: Porsoxon Shamsiyev Alisher Navoiyning 15 tomligi uchun “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Mahbub ul-qulub”, “Munshaot”, “Vaqfiya”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Nazm ul-javohir”, “Arbain” kabi asarlari va yuqorida taʼkidlab oʻtganimiz – “Xamsa”ning hamma dostonlarini nashrga tayyorlab bergan edi. Shuningdek, Qozon davlat universiteti qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan 1568-yilda Hirotda Mahmud kotib tomonidan koʻchirilgan Navoiyning “Ilk devoni”ni ham aniqlagan va ilmiy tavsifini bergan. Olim 1487-88 yillarda Hirotda Abduljamil tomonidan tuzilgan Navoiyning ikkinchi rasmiy devoni “Navodir un-nihoya”ning qadimgi nusxasini topgan va uni Sulton Ali Mashhadiy koʻchirgan shu devon qoʻlyozmasi bilan qiyoslab, asosiy tafovutlarni qayd qilib chiqqan.

Hayratlanarli ishlar, hayratlanarli mehnat, muhimi, hayratlanarli natija! Lekin biz hayratlanmaymiz. Ha, boʻlsa boʻlgandir-da, ishi boʻlgandan keyin qiladi-da, deb qoʻyamiz-u, yana allaqanday mayda-chuydalar izidan chopishda davom etamiz.

Keyingi yillarda men deyarli har kuni, hech boʻlmaganda, ikki kunning birida Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” kitobini varaqlayman. 1960-1963-yillarda nashr etilgan bu kitob hamrohimga, yoʻldoshimga, suhbatdoshimga aylangan. Men eng yaqin doʻstimdan koʻra ham shu kitob bilan koʻproq gurunglashaman. “Devonu lugʻotit turk” 3 jildlik, indeksi bilan qoʻshib hisoblaganda 4 jildlik kitob. Birinchi jildning oʻzi 499 bet. Har jild boshida kichik shriftda bir yozuv keladi: Tarjimon va nashrga tayyorlovchi filologiya fanlari kandidati S.M. MUTALLIBOV. Qarangki, oʻsha nashrda hatto Mutallibovning ismi ham toʻliq berilmagan, faqat S deb koʻrsatilgan. Turkiy dunyoning mislsiz xazinasi “Devonu lugʻotit turk”ni tarjima qilish va nashrga tayyorlash juda ogʻir, juda murakkab ish. Bu nihoyatda katta bilim va tajribani talab etardi. Millatimiz va tilimizning ming yilliklaridan xabardor odamgina bu ishga qoʻl urishi mumkin edi. Boshqalarning jurʼati ham, bardoshi ham yetmaydi. Solih Mutallibov bu tarixiy ishni muvaffaqiyat bilan bajargan. Bundan tashqari Solih Mutallibovning qancha ilmiy, ijodiy ishlari bor.

Yusuf Xos Hojibning 1971-yilda “Fan” nashriyotida chop etilgan “Qutadgʻu bilig” kitobi 964 bet. Nashrga tayyorlovchi filologiya fanlari nomzodi Qayum Karimov. Oddiygina fan kandidatining qilgan ishlari manaman degan akademikning ishlaridan kam emas. Professor Hamidulla Dadaboyev gurunglarimizning birida: “Men Qayum Karimovning qadimgi turkiy soʻzlar lugʻatining qoʻlyozmasini koʻrganman. Naqd 60 bosma toboq edi! Afsuski, shunday katta ish qayerlardadir yoʻq boʻlib ketdi”, – degan edi.

Bu odamlar sovet otini minib, choptirib mazlum millat xazinalarini toptab oʻtishmagan. Minbarlarda ogʻiz koʻpirtirib maddohlarcha shovqin-suron koʻtarishmagan, mehnat qilishgan, xalqni xalq sifatida tutib turgan ustunlarni asrab qolish uchun dard va matonat bilan kurashganlar. Bular qatorida Hodi Zarif, Hamid Sulaymon, Muzayyana Alaviya, Qutbiddinxon Muhiddinov, Alibek Rustamov kabi ulugʻ olimlarimiz bor edilar.

Bizni kechiring, azizlar. Sizlar ilm va maʼrifat zahmatkashlari edingiz. Mustabid tuzum xalqlar tarixini goʻrga tiqayotgan bir davrda “Xamsa”ni, “Devonu lugʻotit turk”ni, “Qutadgʻu bilig” kabi millat xazinalarini asrab qolish, millat ruhini saqlab qolish uchun joningizni berib harakat qildingiz. Igna bilan quduq qazdingiz, tesha bilan togʻni teshib oʻtdingiz. Koʻplaringiz dilda armon, koʻzda yoshlar bilan ketdingiz. Biz esa sizlarni eslashga erinamiz. Bizni kechiring, azizlar. Sizlarning nomingizni har bir oʻzbek bilishini va ruhingizga ehtirom koʻrsatishini chin yuragimdan istayman. Siz shunga munosibsiz. Yuqoridagi achchiq gaplarim ham shundan.

Yurtimizdagi yoshlarning katta qismi shu kunlarda Afrikadami, Avstraliyadami biror estrada qoʻshiqchisi paydo boʻlib qolsa, darrov tanib, bilib oladi, kechgacha butun tarjimayi holigacha yodlab oladi, hatto suratlarini koʻtarib yurishadi. Ammo, moʻtabar olimlarimizning ismlarini bilishni-da istashmaydi. Yoshlar 12 yoshdan 25 yoshgacha oʻta qaltis davrdan oʻtadilar. Ular bu davrda kimlardan ibrat olsa, shularga oʻxshab shakllanadilar. Yoshlarni xotirasiz avlod sifatida shakllanishdan Xudoning oʻzi asrasin.

Bitta haqiqiy olimni yetishtirish uchun millatning qancha qoni ketadi, qancha teri toʻkiladi. Qon va terni litralarda oʻlchab boʻlmaydi. Bu olimlar hazilakam odamlar emas edi. Baʼzan ularning suratlariga qarab oʻyga tolaman. Porsoxon domla, Qayum Karimov domla... naqadar xokisor chehralar. Shunday ulugʻ ishlarni qilishib, yana tortinib, qimtinib turishadi. Shayxzoda aytganiday: “Ee, zamon ogʻir edi”.

Eski yozuvni bilganlari uchun ham baloga qolganlar bor. Kitob koʻrgani uchun NKVD itlariga talanganlar bor. Shunga qaramay, ular oʻz vazifalarini sidqidildan, muhabbat bilan ado etdilar. Zulm tegirmoni boshida aylanib tursa-da, ular Navoiy yo Koshgʻariyni qoʻyib, mukofot tilanib, siylovlar soʻrab, ilmiy kommunizmu, ateizm sari yuz burmadilar. Men Hamid Sulaymon uyida u kishining rafiqasi olima Fozila Sulaymonova bilan gurunglashganimda, opa bir gapni aytgan edi: “Hamid Sulaymon qamalib ketishidan oldin Gʻarb adabiyoti bilan shugʻullanar edi. Qamoqdan qaytgach, butunlay oʻzgarib keldi va menga aytdiki: “Fozila, umrimdan qancha qolgan boʻlsa, buyogʻini faqat Navoiyga bagʻishlayman. Men uyogʻda shunga qaror qildim!” Darhaqiqat, Hamid Sulaymon shundan keyin butun faoliyatini faqat Navoiy ijodi va qadimiy qoʻlyozmalarga bagʻishlagan va shundan barakat topgan.

Meni yana oʻsha savol qiynaydi: Porsoxon Shamsiyev, Solih Mutallibov, Qayum Karimov! Ayting-chi, shu uch olimni hozirda milllatimizning necha foizi biladi yo taniydi? Besh foizi bilarmikin?..

Shunday ibrat maktablari boʻla turib, yengil-yelpi narsalarga, bachkana qiliqlarga, koʻpik hoyu havaslarga mahliyolik nechun? Millat ustunlarining ustun ekanligini bilmay, shu ustunga qoʻnib qagʻillab oʻtirgan alaqanday qargʻalarga mahliyo boʻlib yurish maʼrifatdan emas. Buni hammamiz, ayniqsa, yoshlarimiz toʻgʻri anglashi kerak.

Meni yana oʻsha savol qiynaydi. Jiddiy va alamli savol...

Eshqobil Shukur,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir.