"Jinlar bazmi" teatr sahnasida

    Koronavirus pandemiyasi tufayli o'zining 51 mavsumini muddatidan avval yakunlashga majbur bo'lgan teatr joriy yilning 15 oktyabr` kuni o'zining 52 mavsumini yozuvchi Xurshid Do'stmuhammadning “YOlg'iz” qissasi asosida sahnalashtirilgan “Jinlar bazmi” spektakli bilan ochdi.

    1968 yilda “Yosh gvardiya” teatri sifatida mustaqil faoliyat boshlagan O'zbekiston davlat drama teatri yuksak ijodiy salohiyati bilan respublikada munosib o'rin tutadi. O'zbekistonning o'sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov rahnamoligida tashkil etilgan mazkur teatrning bosh rejissyori etib ergash Masafaev tayinlangan edi. Ayni paytda teatr direktori lavozimida Bahrom Usmonov, bosh rejissyor vazifasida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi Olimjon Salimov faoliyat olib bormoqda.

    Spektakl avvalida teatr ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlangan tantanali tadbirda teatrning ustoz san'atkorlari qatorida taniqli teatr arboblari Turg'un Beknazarov, Mirza Azizovlar ham tomoshabinlarga o'zlarining iliq fikrlarini bildirdilar. Shuningdek, mavsum ochilishida madaniyat xodimlari, ulug' san'atkorlar ham ishtirok etdi.

    O'zbekkino milliy agentligi rahbari o'rinbosari, adabiyotshunos Shuhrat Rizaev

    mazkur teatr go'yoki ellik ikkinchi emas, yuzinchi mavsumini ochayotganini aytar ekan, teatr ijodkorlarining o'ziga xos tajribasi, mahoratini alohida e'tirof etdi.

    Bu e'tirof nechog'li asosli ekaniga esa “Jinlar bazmi” spektaklini tomosha qilgan har bir tomoshabinning o'zi guvoh bo'ldi, desam xato bo'lmaydi. Asar davomida millatparvar jadidlar Abdulla Avloniy, Mahmudxo'ja Behbudiylarning teatrning ta'sir kuchi haqidagi fikrlari, uning jonli hayot ekani, u oyna misol o'zimizni o'zimizga namoyon qilishi qanchalar to'g'ri ekanini chuqur his etdim. Adiblar xiyobonidagi Qodiriy haykali qarshisida uning ruhini shod etayotgan yosh avlod avvalo ushbu spektaklni ko'rmog'i, yozuvchining ayanchli taqdiriga jonli guvoh bo'lmog'i g'oyat muhimligini angladim.

    Spektakldagi to'g'rilik ustida boshi ketsa voh demaslikka qaror qilgan do'stini sotgan bevafolar — Vose', Tojiboy, Oshqin, Qodiriy tili bilan aytganda misoli alvasti, jinlar har qaysi zamonda ham ezgu ishlar ildiziga bolta uradi. Agidulindek (tergovchi) shuhratparastlar esa ignadan tuya yasab, obro' orttirish payida, o'zlarining “daho”lariga qulluqda bo'ladi. Shundaylarga nisbatan nafrat, Julqunboydek xalqning mard o'g'lonlariga kuchli muhabbatni aynan teatr uyg'otar ekan, bu dargohga yoshlarimizni keng jalb etishimiz kerak. Sahnani, tomoshabinni sog'ingan teatr jamoasining asosiy maqsadi ham shu aslida. Kelajagimiz vorislarini adabiyotga yaqinlashtirish, shu orqali buyuk ajdodlarga hurmat hissini shakllantirishda jonli ijroning o'rni beqiyos. Zero, teatrning bu galgi mavsumi romanchiligimiz asoschisi tavalludining 125 yilligiga bag'ishlangan bu noyob sahna asari bilan ochilishi ham bejiz emas.

    Munojat MO'MINOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri