Jizzaxda byudjet mablagʻlari notoʻgʻri sarflangan

    Jamoat ishlariga vaqtinchalik jalb qilingan fuqarolarga belgilangandan ko'ra ortiqcha kunlarga xaq to'lanishi, fuqarolarga oylik ish haqlari avans shaklda berilmasdan  bir yo'la oylik ish haqi sifatida to'lab berilib Mehnat kodeksi talablari buzilishi kabi holatlar aniqlangan.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ajratilgan davlat byudjeti mablagʻlarining toʻgʻri va samarali sarflanishini Jizzax viloyatida nazorat-tahlil tartibida oʻrganish” yakunlariga bagʻishlangan yigʻilish videokonferens aloqa shaklida oʻtkazildi. Tadbirda deputatlar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi hamda bandlik bosh boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etish joiz, oʻrganishda asosiy eʼtibor Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratilishi hamda Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlarining maqsadli sarflanishiga qaratilgan.

    Taʼkidlanganidek, mamlakatimiz aholisini ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish, ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash, kasbga oʻqitish, ishsiz fuqarolarga subsidiya mablagʻlarini ajratish yoʻnalishlarida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi tomonidan katta miqdorda mablagʻlar ajratilmoqda. Xususan, 2020-yil davomida Jizzax viloyatining 13 ta tuman (shahar)laridan jami 49 685 nafar ish bilan band boʻlmagan fuqarolari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilinib, ularga jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan 36172,6 mln. soʻm ish haqi toʻlab berilgan.

    Shuningdek, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2020-yilda 2848 nafar fuqaroga ajratilgan subsidiyalar miqdori 4442.0 mln. soʻmni tashkil etgan. Shundan 1678.1 mln soʻmi 1127 nafar ayollarga, 1145.0 mln soʻmi esa 781 nafar yoshlarga ajratilgan.

    Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarda istiqomat qiluvchi ishsiz fuqarolarga yengil tipdagi issiqxonalar qurishi, tomorqasida ekish uchun urugʻ, koʻchatlar xarid qilish va sugʻorish vositalarini harid qilish uchun jami 2362 nafar ishsiz fuqarolarga 4227,5 mln. soʻm miqdorida subsidiya mablagʻlari ajratilgan.

    Tadbirda qayd etilganidek, nazorat-tahlil davomida ishchi guruhi tomonidan ishsiz fuqarolarni jamoat ishlariga jalb qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinganda ijobiy ishlar bilan birga ayrim xato va kamchiliklar borligi ham aniqlandi. Xususan, jamoat ishlariga vaqtinchalik jalb qilingan fuqarolarga belgilangandan koʻra ortiqcha kunlarga haq toʻlanishi, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan olingan asosiy vositalar, mayda asbob-uskunalar va anjomlarni ijaraga berish talablari ijrosini amalga oshirmaganligi, fuqarolarga oylik ish haqlari avans shaklda berilmasdan, bir yoʻla oylik ish haqi sifatida toʻlab berilib Mehnat kodeksi talablari buzilganligi kabi holatlar aniqlangan.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunda yengil tipdagi issiqxona qurish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha subsidiya ajratish belgilangan boʻlsada, oʻrganish oʻtkazilgan Yangiobod va Baxmal tumanlari Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan yengil tipdagi issiqxona qurish uchun faqatgina bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida subsidiya mablagʻlari ajratib kelingan. Shu bilan birga, yengil konstruksiyali issiqxonalardan samarali foydalanish mehnat inspektorlari tomonidan nazorat qilinmagani, jamoat ishlarini monitoring qilish hajmi ortganligi, lekin bu borada hali ham eski tartibda ish olib borilayotganligi deputatlarning tanqidiga sabab boʻldi.

    Deputatlar qayd etganidek, bu kabi holatlar byudjet mablagʻlarini talon-taroj qilishga sharoit yaratmoqda. Shu nuqtayi nazardan, 2021-yil 20-apreldagi “Davlat mablagʻlari hisobidan band boʻlmagan aholiga berilayotgan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa toʻlovlarning maqsadli va samarali ishlatilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori aynan shunday noqonuniy ishlarni, shuningdek byudjet mablagʻlarini maqsadli sarflanishi ustidan monitoring va nazoratni taʼminlashga, ijtimoiy kontraktga imzo qoʻygan fuqarolarning esa masʼuliyatini yana-da oshirishga xizmat qilishi ishtirokchilar tomonidan eʼtirof etildi.