Daʼvogar B.Qodirovning javobgarlar – Joʻrayevlarga nisbatan “otalik faktini belgilash”ga doir fuqarolik nizosi boʻyicha sud jarayoni boshlanganidan to hal qiluv qaroriga qabul qilingunicha keragidan ortiq muhokamalar boʻldi.
Ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalar sud qarori qabul qilinganidan keyin ham davom etib, ensani qotiradigan darajaga yetdiki, bu haqda ikki ogʻiz gap aytishning oʻzi ortiqcha, aslida.
Biroq suddan keyin taraflar va ularga xayrixohlar oʻrtasidagi “virtual musohabalarda” ishni birinchi bosqich sudida koʻrib chiqqan sudya shaʼniga nomaʼqul va asossiz taʼnalar aytish holatlari ham uchramoqda. Xususan, bloger J.Hamrayev ijtimoiy tarmoq orqali chiqishida daʼvogar “qoʻli uzun ekani” haqidagi gapini eslatib, goʻyoki “...uning uzun qoʻllari sudyagacha yetib borgani”ni ochiq iddao qilgan. Bundan tashqari sudya tomonidan marhum sanʼatkor vafoti sanasini notoʻgʻri aytilgani-yu sud qarorini oʻqish paytidagi biroz hayajonini “bu ne koʻrgulik?!” deb, vaziyatni boʻrttirishga uringani koʻrinadi. Eng yomoni, uning iddaolari ish boʻyicha javobgar tarafning ijtimoiy tarmoqdagi sahifa va kanallarida tarqatilayotgani natijasida sudyaning xolisligi borasida turli shubhalar ehtimolini paydo qilmoqda.
Bir necha oy davom etgan protsess, bu davrda tarmoqlardagi adoqsiz muhokamalar, ularda hatto tor doirada aytilishi mumkin boʻlmagan gaplar baralla aytilib, keng ommada turli qarashlar shakllantirishga qaratilgan harakatlar sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo qilib boʻlgandi. Shunday vaziyatda keng jamoatchilik eʼtiboridagi fuqarolik nizosini koʻrib chiqish aytishga oson. Shu maʼnoda sudyaning bir necha kameralar qarshisida qaror oʻqishi jarayonida bitta sanani notoʻgʻri aytishi yoki undagi biroz hayajonga tushunish bilan munosabatda boʻlish mumkin. Ammo, Sudyalar oliy kengashi, kimningdir goʻyoki “uzun qoʻllari sudyagacha yetib borgan”iga oid taʼna va iddaolarga huquqiy baho berishga ehtiyoj mavjud, deb hisoblaydi hamda bu borada vakolati doirasida lozim choralar koʻriladi.
Yakunda alohida taʼkid etiladiki, ushbu bayonot qabul qilingan sud qarori boʻyicha Kengash nuqtayi nazari hisoblanmaydi. Shuningdek, undan (sud qaroridan) norozi tarafning yuqori sud instansiyasiga shikoyat berishiga ham moneʼlik qilmaydi, deyiladi Sudyalar oliy kengashi bayonotida.